Qo‘chqor Norqobil: “Yozuvchi faqat o‘zini, o‘z dunyosini yozadi”

Yozuvchi va dramaturg Qo‘chqor Norqobil bilan suhbat

– Bolalik – inson umrining eng beg‘ubor, musaffo davri. Yozuvchi Qo‘chqor Norqobilning bolaligi qanday kechgan?

– Hamma narsa sof edi. Hatto hayot ham. Dun­yoga bola nigohi bilan qaraganmiz-da. Bolalik – qitmirlikdan olis, borliqni borligicha ko‘radigan beg‘ubor davr. O‘sha paytda hamma narsaning o‘z ismi bo‘lgan. Qalbga turmushning kir-changlari hali kirib ulgurmagan. Xudoga yaqin palla – bolalik. Haqiqiy inson bo‘lib yashash qiyin. Faqat bolalik paytingdagina ro‘yi rost odam bo‘larkansan. Uyalmasdan aytaman, ulg‘ayganing sayin aynib borasan, yo‘q men aynimayman, desang ham atrofdagi aynishlarning g‘ubori uradi, shu muhit havosidan nafas olasan, shu holatning ta’mini sezasan. Odam bolalikda ulg‘ayishni orzu qilsa, ulg‘ayganda esa o‘zni asrab qolishga urinarkan, bolalikka qaytishni orzu qilarkan. Boshqalarni bilmadim, men shunday o‘ylayman, chunki o‘zim shunga intilayotganimni his qilayapman.

Bolaligim mehnat ichida kechdi. Ish, ish, ish… Qishloqning tashvishlari bolalikni tan olmaydi. Hozir yaxshi. Bizning bolaligimiz og‘ir kechdi. Daladan beri kelmasdik. Eslasam titrab ketaman, yuragim orqaga tortadi, yosh bola bo‘la turib shu ishlarning bariga qanday ulgurdim, qanday chidadim, deb. Uyda mol ko‘p edi, o‘t tashib ularni boqish mening zimmamda edi. Bir kunda uch marta – ertalab, tushlikda, kechqurun daladan o‘t o‘rib kelishim kerak. Eshakka xurjunni ortib, eshak ustida mulgillab o‘tga jo‘nayotgan, o‘tdan qaytayotgan, terlab pishib ketgan bolakayni ko‘z oldingizga keltiring. Uydan uch-to‘rt chaqirim keladigan olis paxta dalalaridan o‘t o‘rib, ulkan xurjunni to‘lg‘azardik, xurjun to‘lgan bilan mol to‘ymaydi. Uch oy yozgi ta’til shunday o‘tardi. Erta bahordan kolxoz (o‘sha paytlar shunday deyilardi)ning ishi boshlanardi. Ariq qazi, go‘ng chiqar, tok ko‘chati qada – normani bajar, g‘o‘za chopig‘i, yagana, dalani begona o‘tdan tozalash va hokazo… Xullas, mening bolaligim o‘zim tergan o‘tlar kabi dalada “ko‘kardi”.

– Siz Ernest Hemingueyni o‘zingizga ma’naviy ustoz deb bilasiz. Bu “Bosinqirash” nomli hikoyangizda ham seziladi. Heminguey adabiy shaxsiyati sizning hayot va ijodingizda qanday o‘rin tutadi?

– Ernest Heminguey asarlarida uning shaxsiyati alohida bo‘y cho‘zib turadi. U nima haqida yozmasin, eng avvalo, o‘zini yozadi, o‘z dunyosini taftish qiladi, kerak bo‘lsa, o‘zini beayov fosh etadi. Sipoyichilikni yomon ko‘radi u. Heminguey nimani yozishni yaxshi biladi, lekin nimani yozmaslikni ham chuqur his qiladi. Yozuvchi uchun eng muhim jihat – shu. Buni hammamiz ham fahmlayvermaymiz. Yozuvchi yolg‘on yozmasligi kerak, o‘quvchi oldida yuzi yorug‘ bo‘lgan adib adabiyotning chin ma’nodagi farzandiga aylanadi. Hemingueyda iste’dod va mardlik, irodani saqlash, hamda oldinga intilish tuyg‘ulari hamisha barq urib turgan. Buni uning asarlarini sinchiklab, his qilib o‘qigan o‘quvchi yaxshi tushunib yetadi. U behudaga aytmagan-ku “Insonni yengib bo‘lmaydi…”, deb. Buyuk adibning barcha asarlarida o‘z qiyofasini yo‘qotmagan insonni hech bir kuch yengib, yanchib o‘tolmasligiga ishora bor. Ernest Heminguey adabiy shaxsiyati menga hayotni jon-jonimdan sevishimda, turmushning mayda-chuyda tashvishlaridan balandroq turib, har qanday ipirisqining oldida uvalanib ketmasligimda muhim tayanchlarning biri bo‘lib qoladi. Adib asarlari menga haqiqatni yozish azobi oldida chidash lozimligini o‘rgatdi. Urush girdobida porlagan muhabbat yog‘dusi, urush botqog‘ida porillab ochilgan atirgul, hamma narsa qo‘ldan ketganda ham oldinda muhabbat borligiga ishonch tuyg‘usini tuygan ulug‘ adibning qalb harorati hamisha meni maftun etadi. U zimistonda ham nurni, muhabbatni ko‘ra olgan. Ayol sevgisi, chin muhabbatni har qanday dahshatli manzaralar o‘pqonida ham asrab qololgan.

– “Daryo ortidagi yig‘i” qissangiz katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Ayting-chi, urush ishtirokchisi sifatida urush xotiralarini qayta boshdan eslab, asar yozish ijodkorga og‘irlik qilmaydimi? Umuman, ijodingizning mehvarini tashkil qilgan urush maydoni, urush qahramonlari mavzusini har safar qalamga olganda ruhiyatingizda qanday to‘lg‘oqlar, azoblar sodir bo‘ladi?

– Men o‘sha qissani urushdan qaytib kelgan yilim yoza boshladim. Keyin qo‘lim bormadi. Bir yil qayrilib qaramadim, dastlabki qo‘lyozma chala qolib ketdi. Nimadir yuragimda cho‘kib yotardi, yuragimga og‘irlik qilardi. Sezib qoldim; asarning ritmini, ohangini topolmay qiynalayotgan ekanman. Ko‘rgan-bilganlarimni boricha, ro‘yi rost, yashirmasdan qog‘ozga to‘kkim kelardi. Lekin bu osonmas edi. Hemingueyning urush dahshatlarini yozish osonmas, chunki haqiqatni yozishning o‘zi azob, degan gapining ma’nosini tushunganday bo‘ldim. Bu paytda o‘g‘lim tug‘ildi. Yigirma uch yoshda edim. Ro‘zg‘or tashvishi ham yelkamni bosib turardi. Yozish oldidagi to‘lg‘oq yuki yuragimni ezadi, turmush qiyinchiliklari yelkamda zil-zambil yuk. Men ikkala yukni ham ko‘tarishga majbur edim. Yurakda yuk, yelkamda yuk, qo‘limda bir yashar o‘g‘lim… ko‘ksimni xontaxtaga tiragan ko‘yi qalam tebrataman. Ha, bir qo‘limda mana shu o‘g‘limni olvolib, tizzamga o‘tirg‘izib tinimsiz yozaman, bosh ko‘tarmayman; chunki, men yozish ritmiga tushgan edim, asarning ritmini topgandim. Shu sababdan ham menga hech narsa xalal bermasdi. Mana bugun kuch-quvvatga to‘lgan norg‘ul, yigirma yetti yoshdagi o‘g‘limga qarab o‘sha kunlarni eslasam yuragim to‘liqadi. “O‘g‘lim Javohir, “Daryo ortidagi yig‘i” degan ilk qissamni biz ikkovimiz yozganmiz…”, degim keladi.

Albatta, urush xotiralari xotiradagina emas, qalbga cho‘kib, qalbda og‘riq berarkan. Men bu darddan o‘la-o‘lgunimcha qutulolmasam kerak. Tabiiyki, urush haqida nainki yozish, balki eslashning o‘zi ham yurakka “jahannam” vahmini soladi. Urushda bo‘lgan odam hech qachon urushdan qaytib kelmaydi, bir umr urush ichida qolib yashaydi. Birov bu azobni sirtiga chiqarmaydi, birov esa ko‘tarolmaydi. “Daryo ortidagi yig‘i” qahramonlari real odamlar, bor odamlar, mening quroldosh­larim. Biz ular bilan ne ko‘rguliklarni ko‘rmadik. Dahshatning o‘zginasi: tepangdan bir o‘q uchib o‘tsa ichingdan qirindi o‘tadi, a’zoyi badaningni tit­roq qoplab, ich-ichingdan muzlab ketasan. Ha, birgina o‘q uchsa… Raketayu snaryadlarni, portlashlarni qo‘yaveraylik. Shunday musibatlarga chidagan ayrim do‘stlarim urushdan so‘ng tinch zamonning arzimas muammolariga dosh berolmay qolishdi. Men bu holatni yaxshi tushunaman, dahshatli azoblar girdobida azob-uqubatlarga duchlashaverib, ularning tinkasi qurigan, asablari tamom bo‘lgan. Osoyish osmon ostida orom olay desa arzimagan tashvishlar holi-joniga tegavergach, shundog‘am tamom bo‘lib turgan asab chiday olmay portlaydi-da. Urushdan so‘ng bir do‘stim aqldan ozdi. Biri esa qirq yoshga to‘lib-to‘lmay qand kasaliga yo‘liqdi, o‘lib ketdi. Bir do‘stim giyohvand bo‘lib qoldi. Men bilan bir mashinada jang qilgan, BMP-2 (Piyodalarning jangovar mashinasi) mexanigi Rinat degan do‘stim o‘zini osib qo‘ydi. Rinat haqida ko‘p yozganman. Axir ikkimiz ham bitta mashinaning ichida edik, jonimiz bir edi. Shunday qiyomat-qoyimning ichidan tirik chiqqan Rinatning tinch zamonda o‘z joniga qasd qilganini eshitib yurak bag‘rim ezilib ketgan. Uning uyiga borganimda norasida farzandlarining mungli ko‘zlariga qarab o‘zimni tutib turolmadim, o‘kirib yig‘ladim; bu dunyoning notanti, bevafo va nomard ekanligi uchun yig‘ladim, shunda tepamda Rinat qarab turganday bo‘ldi, men Rinatning siymosini ko‘rdim, og‘ir jang­lardan so‘ng bunchalik ahvolga tushmagandim, vaholanki, men urushda yig‘lamagan edim.

Urush mavzusida havas qilib yozishmaydi. Aytdim-ku, yozuvchi qachonlardir o‘z hayotida sodir bo‘lgan o‘sha mudhish voqeadan qutulolmayotgani uchun ham dardini qog‘ozga to‘kadi. Bu juda og‘riqli holat. Tushunmagan odamga buni tushuntirib berolmayman, aniqroq aytganda, urush ko‘rmagan odamga bu holat mutloqa begona. Begona bo‘lgani ham yaxshi. Hech kim urush ko‘rmasin. Men shunchaki yozmayman, balki yozganlarim ichida yashayman.

– “Qordagi lola” hikoyangizdagi Irina obrazining hayotiy asosi bormi? Yoki siz dunyo adabiyotidagi urush maydonidan xotira – muhab­bat mavzusini rivojlantirishga harakat qilganmisiz?

– Bor. Qismimizda Liliya ismli ayol bor edi. U menimcha ofitserlar oshxonasida ishlardi. O‘n to‘qqiz yashar askarning, jang va zimiston ichida yurgan yigitning nigohi bilan qarasangiz Liliyaning nechog‘lik ilohiy ekanligini his qilasiz. Xullas, shu Liliyadagi bor haroratni men “Qordagi lola” hikoyamdagi Irinaga ko‘chirganman.

Urushdagi muhabbat nafaqat jasoratli, balki yoniq va samimiy bo‘ladi. Urushda odamni muhabbat asraydi, bu dunyoga shu tushuncha – ayol muhabbati nur berib turganini anglaganing sayin o‘zingda kuch topa boshlaysan. Muhabbat insonni har qanday balo-qazolardan asraydi.

– Ikki ijodkorning bir oilada yashashi qiyin emasmi? Yoki aksincha, bu ikki ijodkorning bir-birini tushunib yashashi uchun yengillik beradimi? Turmush o‘rtog‘ingiz Xosiyat Rustamova asarlaringizning birinchi o‘quvchisi bo‘lsa kerak?

– Bizga qiyin emas. Biz bir-birimizni tushunamiz. Agar “Yaxshi ko‘ramiz” desam bolalar tushunishlari mumkin, lekin nabiralar kulgi qilishlari tayin, xullas, men bu hayotdagi yaxshi-yomon kunlarimni Xosiyatsiz tasavvur etolmayman.

Asarlarimning ilk o‘quvchisi ham, tanqidchisi ham u. Chidayman, tan olaman, maqtasa xursand bo‘laman, yanada yaxshi yozishga botiniy rag‘bat tuyaman. Men rafiqamning iste’dodli shoira bo‘lish bilan birgalikda adabiyotni chuqur tahlil qilishi, past-baland asarni farqlay olishidan quvonaman.

– Ijodingizning keyingi bosqichida dramaturgiyaga murojaat qildingiz. “Zamindan olis ketma” va boshqa qator asarlaringiz sahnalashtirilib, muxlislar qalbiga yo‘l topdi. Ayting-chi, dramaturgiyada to‘plagan tajribalaringiz asosida “drama janri uchun”, “sahna asari uchun” eng muhim narsa nima?

– Dramada hamma narsa muhim. Chin dramaturg sahnada butun yer sharini joylashtiraman deb urinadi. Sahnaga olib chiqilayotgan yuk ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Inson qalbi, insonning dardini olib chiqib tomoshabin dunyoqarashida hayotning bir parchasini shakllantirish oson emas. Qarang-a, butun yer yuzi siqqan sahnaga, ortiqcha bo‘lsa, bittagina xas ham og‘irlik qiladi. Dramaturg uchun eng muhim narsa, u sahna qonuniyatini bilishi kerak. Iste’dodli adib bo‘lish mumkin, lekin sahna qoidasini bilmasa dramaga qo‘l urmagan ma’qul. Adashmaslik uchun mo‘ljalni to‘g‘ri olish zarur. Sahna – hayot maydoni, drama esa shu hayotdagi real voqelik aksidir. Sahna xatti-harakatni talab qiladi, personajlar o‘rtasidagi ziddiyatlar orqali ularning xarakteri to‘liq ochilishi, dialoglar orasidagi to‘qnashuv, dramaturg ilgari surayotgan g‘oyaning tomoshabinga yetib borishi, monologlar, turli ramziy sahna ko‘rinishlari, plastika usulining qo‘llanilishi, musiqa, dekoratsiya hamda ijrochilar egnidagi liboslar ham yaxshi asarga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos bo‘lishi kerak. Dramami, komediyami yoki tragediyami, qaysi janrda bo‘lishidan qat’i nazar, eng muhimi, asar tagli-tugli bo‘lishi lozim. Spektaklning muvaffaqiyati asarga bog‘liq, uning osmoniyam, yeriyam aslida shu – drama, yaxshi asar!

– Adabiyot tarixidan ma’lumki, Abdulla Qahhor bitta hikoyani 20 martalab qayta-qayta ko‘chirib, bir hikoyaning 20 xil variantini yaratgan. Sizda bu ijodiy jarayon qanday kechadi? Bitta hikoya ustida qancha vaqt ishlaysiz?

– Men hikoyani juda tez yozaman, umuman tez ishlayman. Boshlagan hikoyamni tugatmagunimcha o‘rnimdan turishim qiyin kechadi. Lekin… Lekin o‘sha hikoyani yillab yuragimda pishirib yuraman; vaqti-soati kelib qog‘ozga to‘kilishini kutaman. Balki menda shunday jarayon kechar, bilmadim. Men yozmagan kunlarim ham yozaman. Yuragim va xayolim yozish bilan band bo‘ladi. Mening nazarimda, hadeb bir hikoyani qayta-qayta ko‘chiraversak ham shirasi ketib qolishi mumkin. Yozish jarayonidagi ilohiy va ilhomiy holatda tushgan so‘z va g‘oya ustidan tarashlayvermaslik kerak. Asar yo‘qolib qolishi mumkin. Abdulla Qahhor me’yorni bilgan. So‘z ustida ko‘p ishlagan. Bu holat har bir ijodkorda har xil kechadi. Hikoyani yozib bo‘lgach, bir-ikki kun tortmaga tashlab qo‘ygan yaxshimikin, deb o‘ylayman. Issig‘ida ko‘p narsa o‘tib ketishi mumkin. Keyin qo‘lga olib ko‘zdan kechirsang, qayerda tezlashib, qayerda depsinib, qayerda chaynalganingni o‘zing sezib turasan. Men bugun o‘qisam, albatta, ertaga o‘sha hikoyani yana bir qo‘lga olaman.

Hamma hikoyalarimni juda tez yozganman, ularning bari yetilib kelib yuragimdan qog‘ozga tushgan. Ba’zida hikoyadagi voqelik rivoji boshqa tomonga qarab ketib qoladi, personajlarim o‘zicha menga bo‘ysunmay qoladi, ularni mahkam ushlab turishga ham to‘g‘ri keladi. Ana shunday paytlarda, ilhom hissiyoti olov urgan pallalarda o‘zim ham mazza qilaman; bu dunyoga bekorga kelmaganimni anglab, quvonaman. Agar hikoya shuncha paytdan beri o‘zim o‘ylab yurgan yechim bilan tugash o‘rniga boshqa tomonga tortib ketsa, bu tomon men o‘ylaganimdan ham yorug‘roq bo‘lsa, sevinaman, ikki barobar mazza qilaman…

– Talabalik yillarimizda “Xosiyatli dunyo” nomli she’rlar to‘plamingiz talabalar o‘rtasida, yoshlar orasida mashhur bo‘lib ketgan edi. O‘sha to‘p­lamdagi “Yostiq tagidagi tufli” nomli she’r hali ham yodimda. Aytingchi, Siz o‘zingizni avvalo, shoir sifatida his etasizmi yoki yozuvchi?

– Unutib bo‘larkanmi? O‘sha chog‘larni-ya? Yoshlik ekan-da, o‘t edim, olov edim. Sevgi shundog‘am yonib turgan olovga moy urdi, gurillab yondik, shundog‘am ich-ichiga sig‘may turgan dunyoni larzaga keltirdi. Sevish baxtmi yo baxtsizlikmi, men anglay olmay qolgandim. Men uchun hayot ostin-ustun bo‘lib ketuvdi o‘shanda. Muhabbat alangasi qalbimizga tilu zabon baxsh etgan edi. Ko‘z ko‘r, quloq kar… Faqat sevgi… faqat sevgi sari uchish kerak. Lekin bu jununvashlik yoshlikka juda mosu xos edi, yoshlikning mazmuni, hayotimizning mohiyati edi. Sizga taft bergan she’rlar o‘sha holatimizning mahsuli bo‘lgandir, ehtimol… Sevgi mashhur qildimi, she’rlar mashhur qildimi, har qalay, Talabalar shaharchasida, ayniqsa, she’riyatga moyil davralarda ancha tanilib qolgan edik. Bo‘lmasa qarang, “Yostiq tagidagi tufli” haqida ham she’r yozasanmi, deydigan odam yo‘q. Men prozada shoirlik naqadar qo‘l kelishini, shoir prozaga ham dramaturgiyaga ham el bo‘lib ketishi mumkinligini his qilgan va bu holatni boshidan kechirayotgan odamman.

– Bugungi adabiy tanqidchilikdan ko‘nglingiz to‘layaptimi?

– Unchalikmas. Ayrim munaqqidlarimiz bo‘sh asarlarni maqtashadi. Uyalib ketaman. Yaxshi asar maqtalmaydi, his qilinadi. Yaxshi asar maqtovga muhtojlik sezmaydi, o‘quvchisini o‘zi topib oladi. Eng yomoni, ayrim adiblar munaqqidning yengidan kirib poychasidan chiqib ketadi: “Maqtang, iliq gap ayting, shuginaga nazar soling…” Bunday paytda munaqqid akamiz ham o‘z darvozasidan ataylab, o‘zi to‘p o‘tkazib yuborgan darvozabonga o‘xshab garangsib turadi. Mayli-da, har kimning vijdoni o‘ziga havola. Lekin, adabiyot bilan hazillashib bo‘lmaydi. Bugun adabiyot “hazilni tushunmaydigan” munaqqidning yo‘liga mushtoq bo‘lib turibdi.

– Asarlaringizda “yomg‘ir” obrazi ko‘p uchraydi…

– Yomg‘irni yaxshi ko‘raman. Yomg‘ir yog‘sa uyda o‘tirolmayman. Ko‘chaga chiqib ketaman. Ko‘nglimda allanechuk bir sog‘inch tuyaman. Kimni sog‘inayotganimni ham bilmayman. Qayoqlargadir ketib qolgim kelaveradi. Xullas, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qolaman.

Asarlarimda qahramonlarim holatini, kayfiyatini yomg‘irning “ezilishi” yoki yomg‘ir yog‘ishidagi o‘ychanlik, teranlik bilan bog‘lashga, yomg‘ir bahonasida ko‘nglimdagi tuyg‘ularni ham qog‘ozga tushirib qolishga urinaman. Yomg‘ir asarning ruhiyatiga ham ta’sir qiladi. Yomg‘ir menga asarda bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishim, uchun yordam beradi, faqatgina manzara emas, tirik personaj kabi asarni jonlantirib turadi.

– Yolg‘iz qolgan paytingizda yuragingiz nimani orziqib kutadi?

– Ko‘-o‘-o‘-p narsalarni. Lekin aytolmayman-da, aytish noqulay. Faqat xayol shunday imkonga ega.

– Bugun o‘tgan hayotingiz, ijodingizga nazar tashlab, nimalardan ko‘nglingiz to‘lib, nimalardan ko‘nglingiz to‘lmayotganligini his qilasiz?

– Muhabbat mavzusida lang‘illab yonib turgan qissa yozishni orzu qilaman. Xudo xohlasa, yozaman. Ko‘nglim to‘lmagan ishlar ko‘p. Nomardlarga ishongan, soddalik qilgan paytlarim uchun ancha yillar azob tortganman. Odamlarga yaxshilik qilgim keladi, rahmdilman. Shunga ko‘nglim to‘ladi. Hayot va tiriklik, borliqni ko‘rib turganingning o‘zi baxt. Shundan ko‘ngling to‘lsin, deyman o‘zimga. Qolgan dardlar – charxning hazili!

Marhabo Qo‘chqorova suhbatlashdi.

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son