O‘zbekiston SSR Orolni asrash jamoatchilik komissiyasining raisi Pirmat Shermuhamedov bilan suhbat
B. Karimov: — Bugun — XX asr oxiriga kelib inson tabiat bilan o‘zining uyg‘unligini his qilmay qo‘ydi. Taajjub, omoch bilan yer haydab yurganida u tabiatni ko‘proq muhofaza qilganu, keyinchalik zavod-fabrikalardan o‘rlagan tutun million yillik osmon rangini xiralashtirib bo‘lganda tabiatni asrashda yakdil fikrga kelolmay turibdi. Bugun ekologik tarbiyaga e’tiborni qaratish tinchlikni asrashday katta muammo bo‘lib turibdi. Aholini, xususan yoshlarni ekologik tarbiyalash, savodxonliklarini oshirish uchun nima qilish kerak?
P. Shermuhamedov: — Naql qiladilarki, bir ayol olti oylik chaqalog‘ini huzuriga olib kelib, tarbiya bobida undan maslahat so‘raganida donishmand uning olti oyga kechikkanini afsus bilan ma’lum qilibdi. O‘ylaymanki, bugungi yoshlarni ekologik tarbiyalash uchun ham biz kechikib bo‘ldik.
Ekologik tarbiyani bog‘cha yoshidan boshlash kerak. Yaponiyada bolalar maktabga borguncha bir yil faqat va faqat tabiat bilan tanishtiriladi. Ular qushlar, parrandalarning turlari bilan tanishtiriladi. «Tabiat ichida yashamagan odamdan hech qachon tabiatga mehr kutib bo‘lmaydi» deb hisoblashadi yaponlar. Menga qolsa birinchi sinfdayoq birinchi darsni ekologik tarbiyadan boshlagan, maktab programmasiga ekologiya darslarini qat’iy kirgizgan bo‘lar edim.
Tasavvur qiling, olti yoshli bolakaylar, qizaloqlar ko‘llar, dengizu-daryolar, qushlar, nabotot olamini tomosha qilib shu asno tabiatga mehr o‘rganadilar. Keyinchalik bolalar ulg‘ayib, ba’zilari amal kursisiga minganida ham olti yoshlarida ko‘rganlari hech yoddan chiqmaydi. Hozir tabiatga nopisand munosabatda bo‘layotgan amaldorlardan birontasi na hayvonot, na nabotot olamini yaxshi biladi…
B. K: — Yaqinda Rossiyadagi shaharlardan birida yoshlar havoni haddan tashqari ifloslantirayotgan korxonani yopishni talab qilib namoyishga chiqishibdi. Bu haqda Markaziy matbuotda maqola e’lon qilindi.
Shahar komsomol komiteti rahbarlik qilgan ushbu namoyishning natijasi samarali bo‘ldi. Yoshlarning haqli talablari qondirilib korxona yopib qo‘yildi. Bu borada respublikamiz yoshlari ancha passiv. Men bu bilan ularni namoyishga chorlaganim yo‘q, balki tabiat muhofazasi borasida hamma birday izchillik bilan kurash olib borishi kerak, demoqchiman. Bunga asos ham bor. Zero, ma’lumotlarga ko‘ra respublikamizning 20 ta shahrida havoning ifloslik darajasi sanitariya talablariga mutlaqo javob bermas ekan. Nega bizdagi komsomol komitetlari bu jihatdan markaziy shaharlardagi komsomol tashkilotlaridan ibrat ololmaydilar. Axir xalq uchun ezgu maqsadlar yo‘lida yoshlarning birlashishi kerak-ku! Demak, respublikamiz yoshlari ekologik muhofaza borasida orqada ekanlarda tengdoshlaridan?..
P. Sh: — Yaqinda biz bir guruh ijodkorlar Toshkent shahridagi maktabda bo‘lganimizda o‘quvchilarning birontasi ham Orol dengizi qayerda joylashgani-yu, uning bugungi ayanchli ahvoli haqida zarracha tasavvurga ega emasliklarini ko‘rib afsuslandik. Siz esa ekologik muhofaza darajasini taqqoslayapsiz, yoshlarning ijtimoiy faolligi sustligidan noliyapsiz. Poytaxt o‘quvchilarining ahvoli shu bo‘lsa, bilmadim, qishloqlarimizdagi erta-kech turli yumushlardan qo‘li, xayoli bo‘shamaydigan yoshlarning fikrlash darajasi qanday ekan?..
B. K: — Yoshlarimiz ekologik tarbiya borasida ittifoqdagi tengdoshlaridan ancha orqadalar. Xo‘jalik yumushlari bilan band bo‘lib qolganliklaridan ular kam kitob o‘qiydilar. Paxta monokulturasi yoshlarning yetarli bilim olishlariga mone’lik qilayotganligi endi-endi aytilyapti. Meni boshqa bir fikr o‘ylantiradi. Bugun biz Stalin siyosatining barcha kirdikorlaridan ogoh bo‘lyapmiz. Bu albatta to‘g‘ri, lekin muhimi undan tegishli saboq chiqara olyapmizmi?..
Stalin dehqonlarga nisbatan zo‘ravonlik siyosatini o‘tkazgan. Xususan, respublikamizda 30-yillarda juda ko‘p o‘rtahol dehqonlar nohaq quloq qilinganlar. Respublikamizdan quloq qnlnngan juda ko‘p dehqonlar Ukraina va boshqa qator respublikalarga surgun qilinib o‘sha yerda paxta yetishtirishgan. «Kuloqlar» bahona jahon paxtachilik tarixida birinchi marta sug‘orilmaydigan yerlarda paxtadan yuqori hosil olingan. (Darvoqe, Ukraina SSR Xerson oblast Skadovsk rayoni markazida o‘sha «quloqlar» — o‘zbek paxtakorlari sharafiga yodgorlik ham o‘rnatilgan). Bugunga kelib bu tarixiy tajriba unutildi. Negaki u «quloqlar tajribasi» hisoblanadi-da.
Aytmoqchimanki, Stalinning kirdikorlarini fosh qilish bilan birga hali-hamon ma’lum sohalarda davom etib kelayotgan stalincha ish uslubidan voz kechishimiz kerak.
P. Sh: — Baxtiyor, siz bir yerda yanglishdingiz. 30-yillarda quloq qilingan dehqonlar Ukrainada sug‘orilmaydigan yerlarda «oq oltin» yetishtirgan birinchi paxtakorlar emas. Tarixiy hujjatlarning guvohlik berishicha, Ukraina janubida va Shimoliy Kavkazda XVII asrdayoq paxta yetishtirila boshlangan. Asrimizning boshlarida VASXNIL akademigi V. G. Rotmistrov Nikolayev — Kishinyov — Melitopol yo‘nalishi bo‘yicha paxta yetishtirish imkoni bo‘lgan shimoliy chegarani belgilab bergan. O‘sha yillarda hosildorlik bu o‘lkalarda gektariga 17 tsentnerni tashkil qilgan. Agrotexnika rivojlanmagan davr uchun bu juda yuqori hosil sanalishini shundan ham bilish mumkinki, O‘rta Osiyoda 40-yillarning boshida ham hosildorlik 10 tsentnerdan oshmagan.
Stalin davrida regionlarni ixtisoslashtirishday noto‘g‘ri siyosatga qo‘l urildi.
O‘sha siyosat tufayli O‘zbekiston faqat paxta, Ukraina faqat g‘alla, boshqa regionlar ham ma’lum bir mahsulot yetishtirish uchun ixtisoslashtirildi. Bu ahvol hali-hamon davom etib kelmoqda. Natijada O‘zbekistonda yetishtiriladigan paxta Ukraina va RSFSRga temir yo‘lga qancha sarf-harajatlar qilib qayta ishlash uchun olib ketiladi. Aksincha, O‘zbekistonning o‘zida yetishtirish mumkin bo‘lgan kartoshka Rossiyadan keltiriladi. Ikki o‘rtada qancha odam, mablag‘ bekor-behuda sarf bo‘lyapti. Uning o‘rniga Ukrainaning janubida va Shimoliy Kavkazda paxta yetishtirish yo‘lga qo‘yilsa Orol dengizini tiklashga real imkon ochilardi.
Er ilmining donishmandi akademik Mirzaali Muhammadjonovning paxta yetishtirishni 4 million tonnaga tushirishni taklif etayotganligi bejiz emas. Akademikning bu fikrlariga quloq solsak, respublika, mamlakat ekonomikasi izdan chiqib ketadi, degan bahona o‘ylab topildi. Holbuki, mamlakatimizdagi eng yirik iqtisodchi olimlardan sanalmish akademik A. G. Aganbegyanning ham bu xususdagi fikrlari inobatga olinmagan.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining mashhur XVI Plenumi arafasida akademik A. G. Aganbegyan bir guruh olimlar bilan O‘zbekistonga kelib, respublikada yuz bergan iqtisodiy vaziyat bilan tanishgan. Bu olimlar konkret ilmiy hisob-kitoblar asosida besh million tonna paxtaning respublika uchun norealligini asoslab berishdi. Lekin ular ketishi bilan ayrim xodimlar Aganbegyan boshliq komissiya sha’niga ta’na toshlari otish bilan shug‘ullandilar.
Endi paxta monokulturasi tarafdorlaridan biri bo‘lmish — O‘zbekiston SSR Agrosanoat Davlat komitetining raisi I. X. Jo‘rabekovning «Pravda» Vostoka» gazetasining 1989 yil 11 mart sonida e’lon qilingan «Oq oltinning bahosi» deb nomlangan intervyusidagi quyidagi satrlarni ko‘rib chiqaylik.
«Shu kecha-kunduzda O‘zbekiston o‘zini meva-chevalar bilan to‘la ravishda ta’minlaydi», degan mas’uliyatsiz chaqiriqlar yangramoqda. To‘g‘ri, hech kimga sir emas, paxta tufayli xalq xo‘jaligining boshqa sohalari birmuncha orqada qoldi. Lekin shu narsani unutmaslik kerakki, bugungi kunga kelib bu sohalarda siljishlar bor. Xo‘sh, umumittifoq ministrligi Davlat paxta planini to‘rt million tonnaga tushirdi ham deylik. Agar shunday bo‘lsa nimani yutamizu nimani yutqizamiz? To‘g‘ri, paxta plani qisqartirilsa, yana 350 ming gektar yerda bog‘-rog‘larni, sabzavot ekinlarini barpo etish mumkin.
Keyin nima bo‘ladi?
Xo‘sh, bu yetishtirilgan meva-cheva va sabzavot mahsulotlarini qayerda saqlash mumkin? Axir meva-chevalarni, sabzavot mahsulotlarini asraydigan maxsus omborlarimiz yetishmayotganligi hech kimga sir emas-ku! Bas, shunday ekan, o‘z-o‘zidan tabiiy savol tug‘iladi. O‘zimiz yetishtirgan hosilni o‘zimiz asray olmas ekanmiz, demak bu mahsulotlarni boshqa respublikalarda sotishimizga to‘g‘ri keladi. Agar masala ana shu tarzda qo‘yilgan taqdirda ham qo‘shimcha tirkama yo‘llar, saralash punktlari, sovutgich xonalari qurishga to‘g‘ri keladi. Qurilish materiallari taqchilligi sezilib turgan hozirgi paytda bu xildagi tadbirlarni amalga oshirib bo‘lmasligi o‘z-o‘zidan ayonku!»
Masalani shu tarzda qo‘yish, menimcha paxta monokulturasini yechmaslik uchun oson yo‘l izlashning o‘zginasidir!
Demak, og‘ir vaziyatdan chiqib ketishning birdan bir chorasi paxta yetishtirish planini keskin kamaytirish, To‘g‘ri, paxta maydonlari birmuncha qisqartirilyapti, lekin plan hamon osmonda!
Paxta yetishtirish plani 4 million tonnaga tushirilsa paxtadan ozod qilingan yerlarda bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish mumkin. Bu ekinlarga suv sarfiyoti paxtaga nisbatan 4—5 baravar kamroqdir. Qolaversa, yana boshqa suv kam talab qiladigan ekinlar ekish, chorvachilikni rivojlantirishga imkon tug‘ilardi. O‘rta Osiyoda bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish orqali qanchadan-qancha ishsiz yurgan odamlarning tirikchiligi izga tushib ketardi.
Bugun Orolni saqlab qolishning yagona vositasi sifatida uni oqava, chiqindi suvlar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Ha, Orolni har qanday sharoitda to‘ldirish kerak. Biroq qanday suvlar bilan? O‘ta zaharli ximikatlar bilan to‘yingan suvlar bilanmi? Negadir bu haqda o‘ylamayapmiz. Holbuki, nainki Orolning, balki Orol bo‘yi aholisining taqdiri ayni shu muammoning qay tarzda bartaraf etilishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ko‘p yillardan buyon O‘rta Osiyo respublikalari va Qozog‘istonda o‘ta zaharli pestitsidlar ishlatilib kelinmoqda. Ular tirik organizmni haddan tashqari zaharlabgina qolmay, atrof-muhitni ham yomon ifloslantiradi. Faqat O‘zbekistonning o‘zidagina mamlakatimizda tayyorlanayotgan 70 dan ortiq turdagi zaharli ximikatlar ishlatilmoqda. Buyam yetmagandek, chet el firmalari bilan yangi, o‘ta zaharli preparatlar sotib olishga shartnomalar tuzilmoqda.
Akademik Muhammadjonovning shohidlik berishicha, ahvol shu tarzda ketaversa, yaqin o‘n yil ichida yerlarimiz butkul ishdan chiqadi. Hech kimga sir emas, yer allaqachon holdan toyib, ishdan chiqqan, suv resurslari ifloslanib bo‘lgan. Yangi zaharlar eski yaraga qanday ta’sir ko‘rsatishini kim bashorat qila oladi, ular zaharlash jarayonini mantiqiy nihoyasiga yetkazib qo‘ymasmikan?
Qisqa vaqt ichida yer, suv, havo zaharlanishi oqibatida million gektar yer ishdan chiqdi, yigirma mingdan ziyod odam o‘ldi, kasallar esa son-sanoqsizdir. Mutaxassislarning fikricha, har yili O‘rta Osiyo respublikalarida zaharli ximikatlarni ko‘p ishlatish oqibatida kasal, aqli zaif bolalar tug‘ilishi ko‘paymoqda. Vrachlarning ilmiy hisob-kitobiga ko‘ra, ayollarning ko‘pchiligining o‘ziga o‘t yoqishda ham zaharli ximikatlarning kishi psixikasiga ta’siri, roli katta ekan.
B. K: — Pirmat aka, 1987 yildan butifosni qo‘llash taqiqlandi, o‘tgan yili esa KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining Orolni saqlash bo‘yicha qarori chiqdi — demak bu sohalarda ham qayta qurish yuz beryapti, deyishimizga asos bormi?
P. Sh: — SSSR Sog‘liqni saqlash Ministrligining eng xavfli zaharlardan biri — butifosni qo‘llashni taqiqlash haqidagi qarori chiqdi. Biroq xursand bo‘lishga hali erta — boisi, butifos bo‘lmasa, o‘rniga undan qolishmaydigan o‘nlab boshqa zaharlar mavjud ekan. Ular hamon ishlatilyapti. KPSS Markaziy Komitetining va SSSR Ministrlar Sovetining Orolni asrash bo‘yicha chiqargan qarori albatta yaxshi bo‘ldi. Qarorni dengiz halokatining umumdavlat miqyosida his qilinishi, deb hisoblash mumkin. Lekin Orol fojiasi shu qadar kuchliki, uni bitta qaror bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. (Masalan, Baykalni asrash uchun KPSS Markaziy Komitetining 6 ta qarori chiqqan.) Orolni asrash bo‘yicha chiqqan qarorni birinchi bosqich sifatida qarash kerak. Sababi u hali ancha nomukammal bo‘lib, jamoatchilikning muhokamasisiz qabul qilingan. Avvalo unda Orolni halokat yoqasiga keltirib qo‘ygan sabab — paxta monokulturasi ekanligi ta’kidlandi-yu, lekin ayni shu muammoni qanday bartaraf etish konkret raqamlar tili bilan ifodalanmadi. Muammolar juda ko‘p. Shuning uchun yangi qaror qabul qilish joiz.
O‘rta Osiyoda 52 ta suv ombori bor. Shundan 46 tasi O‘zbekistonda. Yana 16 ta suv ombori qurilayotgan edi, yaqinda jamoatchilikning qarshiligi tufayli ulardan biri — So‘x suv ombori to‘xtatildi. Qurilayotgan suv omborlarining ko‘pi loyihalashtirishda ilmiy jihatdan asoslanmagan. Ularda o‘lib borayotgan Orol uchun qanday zarur bo‘lgan suvlar bekor-behuda parlanib, yerga singib ketyapti.
Bekor-behuda sarflanayotgan suvlar haqida gap ketganda men quyidagi faktga e’tiborni qaratishni istardim. Neft-gaz quvurlarini parmalash sohasi bo‘yicha injener Erkin Yoqubov o‘z ish tajribasidan kelib chiqib quyidagi mulohazalarini kuyunib ma’lum qiladi.
«Hozir neft qatlamlaridan qancha neft olsak, shuncha miqdorda suv sarflanyapti. Masalan bizning «eski» — Andijon konlarida 400.000 tonna neft olish uchun 2,5 million tonnadan ortiq chuchuk suv sarf bo‘lyapti. Tiriklik manbai bo‘lmish chuchuk suvni nihoyati neftni haydash uchungina isrof qilish uvol. Ehtimol olimlarimiz chuchuk suv o‘rniga katta zavodlarning hozirgi kunda toza suv havzalariga tashlanayotgan va uni ifloslantirayotgan chiqindilarini ishlatishni o‘ylab topishar».
Injenerning chuchuk suvni behuda isrof qilmaslik haqida kuyunib yozgan bu mulohazalarini o‘qib men beixtiyor o‘yga tolaman.
Axir Orolbo‘yi regioni aholisi bugungi kunda ayniqsa ichimlik suvi yetishmasligidan azob chekib yotgan bo‘lsa-yu, buyoqda… Orolning Turkmaniston taraflarida tsellofan xaltachaga qo‘yilgan ichimlik suvining bir litrini aholiga bir tiyindan sotish endi, qancha mashaqqatlar bilan yo‘lga qo‘yildi. Qoraqalpog‘istonda hatto shunga ham erishib bo‘lmayapti.
Biz Orolni to‘ldirish uchun har qanday imkoniyatdan unumli foydalanishimiz zarur. Bunda yana bir jiddiy masalani tilga olib ketmaslik mumkin emas. Gap Amudaryoning har ikki qirg‘og‘ida qazilishi mo‘ljallangan kollektorlar haqida bormoqda. Bu kollektorlarga zahar-zaqqum aralashgan oqava suvlar to‘planadi va ular Orol dengizi tomon oqiziladi.
«Orol dengiziga qo‘shimcha suv yuborish uchun Sirdaryo va Amudaryo bo‘ylab kollektor-drenaj suvlariga qo‘shimcha kollektorlar bunyod etiladi», — deb yozadi O‘zbekiston SSR Melioratsiya va suv xo‘jaligi davlat komiteti raisi E. Tursunov «Dastlabki qadam» nomli maqolasida. («Sovet O‘zbekistoni», 11 mart 1989 yil). Bu sun’iy daryolarning uzunligi 1,5 ming kilometrga yetadi. Ular O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalari territoriyalari bo‘ylab o‘tadi. Sun’iy daryolar o‘zaniga barcha tashlama kollektorlar suvi burib yuboriladi. Amudaryo magistrali ikkala sohilida magistral kollektorlar barpo etildi. Kollektorlar yordamida hozirgi kunda qumlikka singib ketayotgan salkam 6 kubometr kollektor suvlari yig‘ib olinadi. Katta kollektor qurilgandan keyin esa yig‘ib olinadigan suv hajmi 10 kub-kilometrgacha yetkazilishi hisoblab qo‘yilgan».
Bu gaplar bilan tanishgan odamning hayratlanmasdan iloji yo‘q. Negaki ministr sun’iy daryolar: kollektorlar qurilishi xususida to‘lqinlanib so‘z yuritadi-yu, ammo ana shu kollektorlarga quyiladigan oqava suvlar tarkibi xususida lom-mim demaydi. Vaholanki, mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, oqava suvlar sostavi turli xil zaharli dorilar bilan to‘lib-toshib ketgan ekan.
Orolni tabiatning ajralmas bir bo‘lagi sifatida qarash kerak. Holbuki, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti bu xususda nomukammal qaror qabul qildi.
Xullas, Orol xo‘jasizlik qurboni bo‘ldi. Sobiq moviy dengiz uzra endi oqcharloqlar parvoz qilmay qo‘ydi. Bundagi oxirgi baliqlar ham o‘n yil burun tutilgan. Orol bo‘yidagi Mo‘ynoq va Orol konserva kombinatlari Uzoq Sharq va Boltiqbo‘yidan keltirilayotgan baliqlar hisobigagina kun ko‘rmoqda. Hatto fasllar almashganda u qit’adan bu qit’aga uchib o‘tadigan qushlar ham bu yerda avvalgiday bir qo‘nib tin olishlarini bas qilgan. 29 yil davomida 640 km3 suv yo‘qotgan Orolda hozir shuning yarmigina keladigan 400 km3cha suv qolgan xolos. Dengiz sathi 13 metrga pasayib, 2,6 million gektar yer OROLQUM deb atash mumkin bo‘lgan sahroga aylandi. Har yili bu o‘lik sahrodan o‘n millionlab tonna sho‘r qumlar osmonga ko‘tarilib, buyog‘i Toshkent, u yog‘i hatto Farg‘ona vodiysigacha zarralari yetib bormoqda. Orolbo‘yi regioni aholisi ustiga yog‘ilayotgan bu sho‘r qumlar natijasida juda ko‘p go‘daklar ona sutidan bebahra qolmoqdalar. Sababi ona suti ular uchun zaharli bo‘lib qolgan. «Onaning oq suti bolasi uchun zaharga aylanishi insoniyatning yetti uxlab ham tushiga kirmagan fojia — bu!» (T. Qaipberganov). Agar Orol qurisa bu ayanchli qismat respublikamizning butun territoriyani o‘z domiga olmasligiga ishonch yo‘q. Zero, akademik Dubinin «Bugungi kunda biz O‘zbekiston aholisi ichida tug‘ma xastaliklar tobora ko‘payib borayotganligidan dalolat beradigan ma’lumotlarga egamiz» deb bejiz aytmadi.
Garchi Orol taqdirini hal qiladigan ko‘pgina amaldorlar allaqachon uning fotihasini o‘qib qo‘yishgan bo‘lsada, biroq endi uchdan bir qismigina qolgan dengizni asrab qolmasdan respublikaning kelajagini tasavvur qilib bo‘lmasligini tobora ko‘proq odamlar tushunib borayotganligi yaxshi. Orolni paxtaga qurbon qilgan ajdodning kelgusi avlod oldidagi burchi bu xatoni tuzatishdan iboratdir.
Shu o‘rinda yana bir fikrni aytib o‘tmoq joiz. Yaqinda matbuotda respublikamizdan «paxta ishi» uchun qamalgan sobiq amaldorlardan 40 million so‘m musodara qilinganligi aytildi. Orolni quritish hisobiga ishlangan bu pullarni Orol fondiga qaytarilsa to‘g‘ri bo‘lardi. Agar ekologiya haqidagi bor haqiqatni bugun baralla aytmasak, ertaga kech bo‘ladi. Biz shu paytgacha o‘lganidan keyingina davlat rahbarlarining haqiqiy basharasini elga oshkor qilib keldik. Fikrimizni ochiq va samimiy aytishga urinib ko‘raylik. Gap shundaki bizda rahbarlarni ular «narigi dunyoga ravona bo‘lganlaridan so‘ng»gina tanqid qila boshlaymiz. Bu endi to‘g‘risini aytsak hech bir risolaga tushmaydigan masaladir. To‘g‘ri, tanqid qilinmasin demaymiz, kelgusi avlod bu xatoni takrorlamasligi uchun ham tanqid qilish kerak. Lekin besh — olti yillar davomida butun gunohlarimiz, nuqsonlarimizni o‘lgan rahbarlarning «gardaniga yuklash» insofdan bo‘lmas. Shu o‘rinda Amerikada yashab o‘tgan prezidentlarning hayoti va faoliyati bilan tanishib o‘tish ibratlidir. AQSh prezidentlariga tirikligida yaxshi va yomon gaplar, hatto ta’nalar, goho haqoratomuz fikrlar bildiriladi. O‘lgandan keyin esa loy chaplashlarga butkul barham beriladi.
«O‘lgandan keyin»gina ekologiya haqidagi bor haqiqatni oshkor qilish ham mantiqli emas. Orolning ayanchli taqdiri ekologik tarbiya ayniqsa bizning regionimiz uchun naqadar muhimligini yaqqol tasdiqlaydi.
“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 7-son