— Hazrat, bugun Islomiy uyg‘onish to‘g‘risida gapirish mumkinmi?
— Bismillahir rohmanir rohim. Albatta. Faqat umumjamiyat diniy uyg‘onishi zamirida. Menimcha diniy jonlanish borasida boshqa dinlarga qaraganda nasroniylarda harakat kuchliroq. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra xristianlar bugungacha 10 mingdan oshiq cherkovlarni davlatdan qaytarib olishgan. Boshqa din vakillari esa 2 ming atrofidagi o‘z binolariga qayta egalik qilmoqda. Avvalo Parvardigorning inoyati bilan qayta qurish bergan erkinlik tufayli musulmonlar ham o‘z faoliyatlarida bir qancha ijobiy o‘zgarishga erishmoqda. Masjid va madrasalar qurishyapti, ota-bobolardan qolgan tarixiy – ilohiy kitoblarni o‘qib o‘rganishmoqda. Mamlakatimiz tarixida birinchi marotaba bu yil bir ming besh yuz kishi Makka mukarramada haj safarida bo‘ldilar. Bu musulmon olamida katta taassurot qoldirdi. Saudiya Arabistonining podshohi Faxd binni Abdulaziz janoblari tuhfa sifatida bir million dona Qur’oni Karim yubordilar. Yana bir erishgan qulayligimiz Dushanba shahrida Oliy Islom ma’hadi ochdik.
— O‘lkamizdagi siyosiy-diniy ahvolni qanday baholaysiz?
— Astraxan shahrida yuzaga kelgan musulmon uyg‘onish partiyasi ta’sirida Islom partiyasini tuzishga urinishlar bo‘lmoqda. Bu harakat ishtirokchilari Turkiston Islom partiyasini barpo qilmoqchilar. Biz dindorlar albatta bunday urinishlarga qarshimiz. Chunki Islomga nisbatan «partiya» so‘zining ishlatilishi nojoiz tushuncha. U 1400 yildan buyen hech qanday «partiya» bo‘lmasdan yashab kelyapti. Chunki bizning Qur’oni Karimdek muqaddas dasturimiz va sunnati nabaviyadek o‘z hayot yo‘limiz bor. Bundan tashqari Islom har qanday partiyadan yuqoridir. Chunki har qanday ko‘rinishdagi partiyalarning programmasi, dasturini olib qaraydigan bo‘lsak, uni u yoki bu partiyalarning bir guruh a’zolari ishlab chiqishgan. Islom dasturini esa o‘n sakkiz ming olamni yaratgan Parvardigor tuzib bergan. Shuning o‘ziyoq Islom mavqei qay darajada ekanligini belgilab beradi.
— Bugun Islomning o‘z ichidan tug‘ilayotgan xavf-xatar to‘g‘risida gap-so‘zlar chiqyapti. Masalan, vahhobiylar bilan ahli sunna va jamoa o‘rtasida.
— Ha, ayrim g‘arazli shaxslar Islomni musulmonlarning o‘z qo‘li bilan parokanda qilmoqchi. Ularni ishi va maqsadi bizga juda yaxshi ma’lum. Ana shu, soyalar ig‘vosiga uchgan, guruhlar diniy boshqarma faoliyatiga qarshi chiqishlarni uyushtirishmoqda. Xayriyatki, ular o‘rtaga qo‘yayotgan talablar asossizdir.
… Bu harakatlar eng avvalo hokimiyat uchun bo‘lmoqda. Ig‘volarni uyushtirayotganlarga faqat bir narsa kerak. Bu ham bo‘lsa muftiyni olib o‘rniga o‘z odamini qo‘yish. Afsuski ular xato yo‘lni tanlashgan. Bu musulmonlar o‘rtasiga ixtilof solishdan boshqa narsa emas. Aynan shu maqsadda harakat qilayotganlarni ayrim partiya va sovet tashkilotlarining rahbarlari qo‘llayotganligi kishini hayratga soladi. Bunday «rahbarlar» Moskva va boshqa joylardan turib ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishyapti.
— Hozirgi Islomiy jonlanish xorijdagilarni, asosan vatandoshlarning e’tiborini o‘ziga jalb etayotganligi, qolaversa, Islomni yanada kuchaytirish borasida qandaydir kuchlar to‘planayotganligi xususida ko‘proq gapirishmoqda.
— Bunday gap-so‘zlar asosizdir. Qayta qurish tufayli Islomga erkinlik berildi va u jonlanmoqda, deb qaraydigan bo‘lsak, bizga qayta qurishdan oldin ham xorijiy mehmonlar ko‘p kelishgan. Ular (muxbirlar, islomshunoslar va boshqalar) o‘lkamizning musulmonlar gavjum yashaydigan dahalarida bo‘lishgan. Ana o‘shalar o‘z yurtiga borgach, faqat Islom sotsializmga qarshi kuch sifatida jonlanishi mumkin, degan gap-so‘zlar tarqatishdi. Go‘yoki ularning fikricha Eron va Afg‘oniston bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan sho‘ro musulmonlari O‘rta Osiyodagi sho‘ro hokimiyatiga qarshi bosh ko‘tarishadi. Bu haqda juda ko‘p yozishyapti. Afsuski, na faqat xorijdagi, balki o‘zimizdagi, Moskvadagi islomshunoslar ham aynan shu kayfiyatdadir. Bular hali ta’kidlaganimdek, asossiz uydirmalar.
Hozirgi fojiamizdan yana biri – o‘zini musulmon sanagan yuzlab kishilar Islomning asl mohiyatini bilishmaydi. Go‘yo ular uchun besh vaqt namoz o‘qish bilan musulmonchilik egallanadi. Nimani xohlasa qilish mumkin. Musulmonlar partiyasini tuzamiz, deyayotganlar ham shu guruhdagilar.
Xorijdagi musulmonlar xususidagi xabarlarga kelsak, Gulbiddin Hikmatyor va Ahmadshoh Mas’ud hamda muhandis Bashirlar haqida bizning ro‘znomalarimiz ko‘p yozishdi. Go‘yoki ular chegara orqali Tojikistonga kerakli adabiyotlar jo‘natishganmish.
Yaqinda men Afg‘on urushida qo‘lga olingan harbiy asirlarni (vatandoshlarimiz)ni qutqarish maqsadida safar qilgan guruh bilan Pokistonda bo‘ldim. Gulbiddin Hikmatyor bilan uchrashdim. U kishi bilan quyidagi savol-javob tariqasida suhbatlashdik:
— Gulbiddin! Keling, ochiq gaplashaylik, bizdagi matbuotlarning yozishicha, siz boshliq guruhlar, hokimiyat tepasiga kelishgach, O‘rta Osiyodagi musulmonlarni sho‘ro hokimiyatiga qarshi oyoqqa turg‘azarmishsizlar?
— Nimalar deyapsiz? Biz O‘rta Osiyo musulmonlarini o‘z ustozimiz deb bilamiz. Chunki Islom dini bizlarga sizlar orqali yetib kelgan. Biz sizlarni hurmat qilamiz. Qolaversa, bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, xarobaga aylangan hozirgi Afg‘onistonni qayta tiklash uchun kamida 40 yil kerak bo‘ladi. Hokimiyatni olgan taqdirimizda ham, og‘ir ahvolni boshimizdan kechira turib, qudratli bir davlatga qarshi kurashmaymiz.
— Hozir mamlakatimizda millatlararo nizolar juda tanglashgan bir ahvolda. Ana shunday nozik masalalarni masjidlar ijobiy tomonga hal qilisha oladimi?
— Diniy boshqarma ham, masjidlarimiz ham Farg‘onada sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda, Parkentdagi janjalli voqealarda o‘z munosabatlarini bildirishdi. Boshqarmamiz xodimlari, masjidlarimizdagi imomlar mahalla-ko‘ylarda bo‘lishib kishilar bilan faol muloqotda bo‘ldilar. Janjalli masalalarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdilar. Nohaq qon to‘kish, odam o‘ldirish naqadar og‘ir gunoh ekani xalqqa tushuntirildi. Parvardigorga shukrlar bo‘lsinkim, odamlar bizni tinglashdi.
— Ko‘pchilik dinni millatchilik homiysi deb tushunishadi.
— Yo‘q! Aslo unday emas. Ba’zi guruhlar aynan shunday tushuncha bilan bizning qo‘llab-quvvatlashimizga umid qildilar. Ularga din har qanday millatchilik tushunchasidan ustun ekanligini aytdik. Chunki Islom hech qachon millat ajratishni maslahat bermaydi. Muhammad sallollohu alayhi vasallamga va Allohning birligiga iymon keltirgan musulmon toki Iso alayhissalomni tan olmaguncha musulmon bo‘lmaydi. Qur’onga ishonib, Injil yoki Tavrotni rad etish ham musulmonchilikda yo‘q. Har bir mo‘min Bibi Maryamni ham hurmat bilan tilga olishi kerak. Bu haqda Qur’oni Karimda butun boshli surai karima bor.
Albatta inqilobdan keyingi yillar kishilarni o‘z dinidan, o‘z payg‘ambarlari tarixidan, ularning ko‘rsatmalaridan yiroqlashtirdi. Hozir odamlar o‘z dinini juda yuzaki biladilar. Ularga ko‘proq tushuntirish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish lozim.
— Siz diniy arbob bo‘lishingiz bilan birga, mamlakat xalq noibisiz. Vazifalar bir-biriga halal bermaydimi?
— Agar men xalq noibi bo‘lmaganimda ko‘plab diniy muammolar muammoligicha qolaverardi. Meni saylagan kishilar talabini hal etish uchun ba’zan Kremlgacha borishga to‘g‘ri keldi. Mamlakatimiz prezidenti Mixail Sergeevich va Oliy hokimiyat raisi Anatoliy Lukyanovlar bilan uchrashib, musulmonlarning haqli talablarini tushuntirdim. Kishilar ko‘plab masjidlar madrasalar, qurishni talab etishayotganligy, hajga boruvchilar sonini oshirish lozimligi, Qur’on so‘rashayotganligini aytdim. Xayriyatki, ular to‘g‘ri tushunishdi. Tegishli yordam ko‘rsatishdi.
— Mamlakat Oliy Kengashi yig‘inlarida ishtirok etayotgan O‘rta Osiyolik noiblar «sukut saqlovchilar» degan nom olishyapti. Sizning ham ma’ruzalaringizni ko‘rmayapmiz. Buni qanday tushunish mumkin?
— Menimcha noiblar faoliyati ularning hadeb so‘zga chiqishida emas. O‘zingiz o‘ylang. Hozir qaysi o‘lka noiblari ko‘p so‘zga chiqishyapti. Albatta moskvaliklar, leningradliklar. U yerlardagi saylovchilarning yashash sharoiti qanday? Bizning «Sukut saqlovchi» noiblarimiz so‘zga chiqmasa-da tegishli masalalarni hal etishyapti. Masalan paxta to‘g‘risidagi tortishuvlar hal bo‘ldi. Uning narxi oshirildi. Va boshqa masalalar ham tegishli vazirliklar bilan hal etilyapti.
Menimcha, bugungi og‘ir sharoitdan faqat sabr-bardosh, bir-birini tushunish bilan chiqish mumkin. Ana shundagina, inshoolloh hayotimiz o‘z iziga tushib ketadi.
«Komsomolskaya pravda», 8 dekabr, 1990 yil.