Matnazar Abdulhakim: “Ogahiy o‘z taxallusini Navoiy ijodidan kelib chiqib tanlagan” (2009)

— Matnazar og‘a, suhbatimiz avvalida Ogahiy bobomizning taxallusi haqida fikrlashsak. Ulug‘ bobomiz tanlagan taxallus zamirida «ogohlik» mazmuni yotgani sir emas. Shoir bizni nimadan ogoh etayotir?..
— Hazrat Ogahiyning ulkan merosiga sarhad bo‘ladigan mashhur e’tirofi bor:

Ogahiy, kim topg‘ay erdi sozi nazmingdin navo,
Bahra gar yo‘qdir Navoiyning navosidin sango.

Ogahiy hazratlari hatto taxallus tanlaganida ham mana shu hikmatga sodiq qolgan, ya’ni o‘z taxallusini Navoiy bobomiz ijodiy merosidan kelib chiqib tanlagan. Alisher Navoiyning «Xamsa»sida shunday misralar mavjud:

Erursan shoh, agar ogohsen sen,
Agar ogohsen sen, shohsen sen.

Toj-taxt egasi bo‘lib, o‘z g‘ofilliklari oqibatida birovning qo‘lida o‘yinchoq bo‘lganlar qadimda ko‘p o‘tgan. Demak, Ogahiy bobomizning taxalluslari ham g‘azallariga uzukka ko‘zdek yarashib turgan — saltanat sohiblarini ogohlikka da’vat qilib turgan, sergaklikka chorlagan. Ogohlik tushunchasining qamrovi kengdir. Ko‘ryapsizmi, Ogahiy bobomiz o‘zining taxallusi bilanoq qay darajada ma’rifatparvarlik qilayotganligini, o‘z she’rxonlarini, ular shohmi, gadomi, bundan qat’i nazar, kamolotga undayotganligini anglash lozim. Shuning uchun ham zamondoshlari Ogahiyni «ogohlarning ogohi», deb alqaganlar.

— Ogahiy she’riyatini, u zotning turkiyda bitgan g‘azallarini mutoala qilayotib, Siz bu mumtoz she’riyatda Ogahiyning o‘tmishdoshlari bo‘lmish ulug‘ turkiygo‘y shoirlarning qay bir an’analarini kuzatdingiz?
— Bu savol dasta-dasta risolalarga mavzu bo‘larlikdir. Shoirning o‘z e’tirofini tasdiqlash uchun shuni aytishim mumkinki, Ogahiy nazmiy ijodining bir bayti ham, Navoiy iborasi bilan aytganda, Alisher Navoiy baytidan xoli emasdir. Navoiy hazratlarining misralari esingizdami: «Navoiy baytiga boqsang, emasdir alarning baytidan bir bayti xoli». Keling, misollarga murojaat qilamiz.

Navoiy:
Gar ermas nesi qoti’ qatl uchun har ko‘z bilan qoshing,
Nechun, bas, zohir etmish har biri sod ustida bir nun?

Ogahiy:
Mushkin qoshining hay’ati ul chashmi jallod ustina,
Qatlim uchun nas keltirur nun eltibon sod ustina.

Ogahiy hazratlari an’analarga sodiq qolgan holda, Navoiy bobomizdan tafovutli fikrlaydi. Birinchi baytda Alisher Navoiy lirik qahramon tarafidan ma’shuqaga shart qo‘yadi. Ya’ni ma’shuqa «Zulfu ruxsor ila» oshiqni «komiga» yetkazishi kerak, shundan keyingina u duoyi xayrini ma’shuqasiga ravo ko‘radi.
To‘g‘ri, hazrat Navoiy bu ishni badiiy ijod maqsadlaridan kelib chiqib amalga oshiradi. Zulfu yuzni Laylatul-qadr oqshomiga, Navro‘zga qiyoslash uchun ana shu shartni g‘azalga aralashtiradi. Ogahiyda esa bu shart yo‘q, ya’ni oshiqning tilagi mutlaqo xolis. Ikkinchi baytda esa, Ogahiy hazratlari she’rga «chashmi jallod» obrazini qo‘shadi. «Ustina» radifi ham Alisher Navoiy merosida mavjuddir. Jallod bilan «Sod»larning qofiya qilib tanlanishi Ogahiyning taqlidchi emasligini, balki Alisher Navoiy ta’sirida original g‘azal yaratganligini ko‘rsatadi. Har ikkala g‘azalda Ogahiyning Navoiy baytlaridan mutlaqo farqli bir tarzda fikr rivojiga erishganligi fikrimizni yana ham tasdiqlaydi… Ogahiyning o‘zigacha bo‘lgan turkiy she’riyatdan, ayniqsa, Navoiy she’riyatidan bahravarligi xususida shu va shunga o‘xshagan misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bu, takror aytaman, alohida bir ilmiy mavzu. Bunday misollar Ogahiyni kamsitib qo‘ymaydi. Chunki, ta’kidlab o‘tganimizdek, o‘z navbatida Navoiy hazratlari ham, shuningdek, har bir shoir ham o‘z salaflaridan ana shu tarzda ne’matlanganlar va ne’matlanadilar.

— Ogahiy haqida gap yetsa, u hazrati oliyga Navoiydan keyingi ulug‘ turkiygo‘y shoir rutbasini berishadi. Bunday taqqoslash ikki ulug‘ ummonni bo‘y-basti bilan qiyoslashga o‘xshaydi. Sizning bu borada qarashingiz qanday?
— Ummonlarni qiyoslashingiz menga ko‘proq ma’qul bo‘ldi. Ummonlarning kattasi, ummonlarning nisbatan kichikrog‘i bo‘ladi, biroq baribir ular ummon. Men bir muxlis sifatida Alisher Navoiydek behudud ummon shovullab turgan zaminda Ogahiy ummonining to‘lqin tovushlari ham quloqqa baralla eshitilayotganidan, ko‘zga yaqqol tashlanayotganidan mamnunman.

— Matnazar og‘a, ko‘pchilik Ogahiy bobomizning she’riyati, asosan, turkiyda bitgan asarlaridan xabardor. Ma’lumki, u kishi forsiyda ham bir-biridan go‘zal asarlar yaratganlar. Bu nazmiy boylik ko‘lami haqida so‘ramoqchi edim.
— Forsiy she’riyat azaldan ahli basharni o‘zining, siz aytmoqchi, «ko‘lami» bilan hayratga solib keladi. Bu she’riyatning badiiy-ma’naviy ko‘lami keng. Ayni paytda, mintaqaviy ko‘lamlar ham mavjud bo‘lganki, Xorazm diyoridagi forsiynavislik ham ana shunday, mazkur o‘lkaga mosdir. Ushbu hududiy ko‘lam faqat jo‘g‘rofiy bo‘lib qolmasdan, davrlar jihatidan ham «yangi va yangi, xilma-xil». Deylik, hatto Jaloliddin Manguberdi ham, o‘zi turkiy xalqning vakili bo‘lishiga qaramasdan, forsiyda ruboiylar bitganligi ma’lum. Shayx Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud … va nihoyat Shermuhammad Munis, Muhammad Rizo Ogahiy, Komil Xorazmiy, Rojiy, Ahmad Tabibiy singari ulug‘larimizning qay darajada vatanparvar, to‘g‘rirog‘i, millatparvar bo‘lganliklarini yana bir sinoat orqali ta’kidllab o‘tay. Bu ijodkorlar mansub bo‘lgan tabaqa forsiydan tarjimalarga muhtoj emas edi. Ular u yoki bu darajada fors tilini bilar, forsiy asarlarni asliyatda o‘qir, shuning uchun tarjimalarga deyarli muhtoj emas edilar. Demak, forsiydan turkiyga bo‘lgan badiiy tarjimalarga, oddiy xalq, turkiyzabon millatimizgina muhtoj edi. Bu azizlarning sa’y-harakatlari o‘z xalqining forsiy adabiyotdan bahramand bo‘lishlariga qaratilgan edi. Demak, markazida Ogahiy hazratlari turgan azizlar anjumanining o‘z xalqiga mehr izhori mana shu tarjimalar edi. Ana, endi shu jihatdan kelib chiqib, forsiy adabiyotning mana shu azizlar nazaridagi ahamiyatini aniqlashga yetib keldik. Bu adabiyot, bu she’riyat, ular nazarida, ularning o‘zlari tomonidan tarjima qilinib, o‘z xalqiga arg‘umon qilishga arziydigan darajada buyuk edi.

— Ikki tilda — zullisonayn shoir bo‘lish qiyin. Bu Navoiy hazratlaridan meros. Ogahiyning forsiy she’riyatidagi originallik — o‘xshashi yo‘qlik nimada ko‘rinadi?
— Meni kechiringu, ulardagi o‘xshashi yo‘qlik ulardagi o‘xshashlikda ko‘rinadi. Demoqchimanki, ijodlari haqida fikrlashayotganimiz xorazmlik shoirlar, Alisher Navoiydan tashqari, Mirzo Abdulqodir Bedil, Amiriy kabi shoirlarning g‘azallariga uyqash radif, qofiya hamda ohanglarda she’rlar bitganlar. Garchi uslublar mushtarak bo‘lsa-da, ular salaflardan bundayroq darajada fikrlamaydilar. Ularning she’rlari ham ustozlarnikidek fikrga boy, badiiy jihatdan mukammal… Ular go‘yo musobaqalashadilar. Bu musobaqada kibru havo emas, mukammallik bor, odob bor, saboq olish bor. Bevosita bu anjumanning yetakchisi Ogahiy hazratlari. Biroq forsiynavislikdagi hamsaboqlar hamnafasligi Xorazmda burnog‘i asrning ikkinchi yarmida forsiy tildagi adabiy muhit mavjud bo‘lgan, deyishga to‘la imkon beradi. Bu hol esa, e’tirofga molik, katta gap.

— Balki o‘rnimasdir, ammo so‘rashim joiz, ayrim shoirlarda zamonasozlik, ya’ni davr ruhini, ijtimoiy-iqtisodiy muhitni satrlarga solish rusum bo‘lgan. Ogahiy she’riyatida bu holni kuzatdingizmi?
— Ogahiyning «Ash’ori forsiy» turkumiga kirgan manzumalari dunyoviylikdan ko‘ra ilohiylikka «Ta’vizul-oshiqin»ga qaraganda yaqinroqdir. «Ta’vizul-oshiqinda» ilohiylik va dunyoviylik aralash holda kelsa, «Ash’ori forsiy»da mazkur ohanglardan bittasi, ya’ni ilohiylik ohangi yetakchilik qiladi. Albatta, ilohiylik ruhida tarbiya topgan inson ijtimoiy-siyosiy qarashlardan chetda qolmaydi. Sharq she’riyatida bu ikki jihat bir-birini inkor emas, balki taqozo qiladi. Odam ibodat qilarkan, hatto ibodat mobaynida ham dunyoviy tashvishlarini xotiradan faromush qila olmaydi, balki bu jihatlarga ilohiy kayfiyatdan kelib chiqib, munosabatda bo‘ladi, xolos.

— Ogahiy davlat arbobi nazaridan davrga, siyosatga baho berganmi? She’rlarida shu qarash bormi?
— Bu savolingizga, ijozat bersangiz, bir bayt bilan javob qilsam:

Ey, shoh, karam aylar chog‘i teng tut yamonu yaxshini,
Kim mehr nuri teng tushar vayronu obod ustina.

— Endi ko‘pdan ko‘nglimni bezovta qilgan bir muammo haqida fikringizni bilmoqchiman. Biz Ogahiyni qay darajada o‘qiymiz, tushunamiz, bilamiz?
— Navoiyxonlik, ogahiyxonlik tadbirlarida ishtirok etib turishga to‘g‘ri keladi. Ba’zi bir tadbirlarda Navoiy yoki Ogahiy davri liboslarini boplab joyiga qo‘yishadi-yu, Alisher Navoiy yoki Muhammad Rizo Ogahiy davrining tafakkurini o‘zlashtirishga kelganda esa, sayozlik bilinib qoladi. Bu, deylik, skafandr kiyvolib, kosmonavtlikni da’vo qilishdek bir gap. Gap sallada emas, kallada ekanligini anglash vaqti yetdi allaqachonlar. To‘g‘ri, allomalarimizning tafakkur merosini o‘zlashtirishni ko‘pchiligimiz qoyilmaqom qilib o‘rniga qo‘ya olganimizcha yo‘q. Biroq bu tabarruk merosni ma’nan o‘zlashtirishga samimiy intiladigan zukko zamondoshlarimiz ko‘plab topiladi. Skafandr kiymasdan turib-ku kosmosga parvoz qilib bo‘lmaydi, biroq buzurglarimizning badiiy-ma’naviy merosi koinot emas, bu merosni, deylik, poyezda uzoq masofaga safarga chiqqanda ham o‘zlashtirishga imkon topiladi. Gap — ixlosda. «Yaxshi yozolmayotganligingni kechirish mumkin, biroq yaxshi yozishni istamaganligingni kechirish mumkin emas», deb yozgan edi Abdulla Qahhor «Yoshlar bilan suhbatda» kitobida. Shu iborani sal o‘zgartirib, «Mumtoz adabiyotni tushunmayotganligingni kechirish mumkin, biroq tushunishni istamayotganligingni mutlaqo tushunib bo‘lmaydi», deb bemalol aytsa bo‘ladi. Chunki u yoki bu buyuk siymoni tushunmaslik, ular yashab o‘tgan vaqtdan bir qancha asr o‘tgan bo‘lsa, shuncha asrni tushunmay qolish, degan gap. Bunchalik g‘aflatni ortmoqlab yashash ma’naviy jihatdan bukchayib yurish bilan barobardir. Raso bo‘lishimiz uchun tinimsiz, iloji boricha uzluksiz mutolaa qilishimiz kerak.

— Ogahiyning merosini tadqiqotchilarimiz kamida qirq jilddan iborat, deyishadi. Bu juda ulkan meros. Shuncha yozmoq, tarjima qilmoq uchun Ogahiyda imkon, vaqt, eng asosiysi, iqtidor bo‘lgan-da. So‘ramoqchi bo‘lganim: Ogahiy hazratlari buyuk salaflariga ergashib «Xamsa» yaratmoqni orzu qilmaganmi?
— Hazrati Jomiy: «Baxtimizga Alisher Navoiy o‘z «Xamsa»sini turkiyda yozgan», degan gapi quruq lutf emas. «Xamsa» yozishda turkiynavis shoirlar Navoiyning dahosidan hadiksiragan ko‘rinadilar. Masalan, Muhammad Fuzuliy o‘zining mo‘jizaviy «Layli va Majnun»idan nariga o‘ta olmagan. Ogahiy hazratlari bo‘lsa… Uning «Xamsa»ga atalgan kuchini, ehtimol, tarixiy asarlari, tarjimalari o‘z tasarrufiga olgandir. Xullas, «xamsa»navislik turkiy adabiyotda an’anaga aylanmagan.
— Sermazmun suhbatingiz uchun rahmat.

Ro‘zimboy Hasan suhbatlashdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 27-sonidan olindi.