Jeyms Joysning asarlari o‘ziga xos uslubi va matndagi boshqotirmalari, adabiy murakkabligi bilan boshqa adiblar ijodidan keskin farq qiladi. Uning ijodi yuzasidan bahs-munozaralar salkam yuz yildan buyon to‘xtovsiz davom etayotgani sababi ham shunda. Tanqidchi va adabiyotshunoslar uning asarlarini turli yo‘nalishlarda tahlil qilib, aksar hollarda bir-biriga butunlay qarama-qarshi xulosalar chiqarishayotir. Aslida, bu ham Jeyms Joysning noyob iste’dod egasi, ulug‘ yozuvchi ekaniga yana bir dalildir. Buyuklarning fikri, dunyoqarashi va orzu-umidlari bilan tanishish har doim maroqli. Ularning mahorati va hayotiy tajribasi bilan yaqindan tanishish asarlarini yanada teranroq anglashga, tushunishga yordam beradi. Shularni e’tiborga olib, biz ulug‘ adib bilan suhbatlardan birini hamda uning sevib o‘qigan yozuvchilari haqidagi fikrlarini jurnalxonlarimizga havola etmoqdamiz. Mazkur suhbat adib ijodini o‘rganishga bag‘ishlab chop etilayotgan “James Joyce Broadsheet”, “James Joyce Literary Supplement”, “James Joyce Quarterly”, “Joyce Studies Annual” kabi jurnallardagi ma’lumotlar asosida jurnalist Mariya Gladbix tomonidan tayyorlangan.
O‘ylaymizki, adibning eng mashhur asari “Uliss” haqidagi dunyo olimlarining e’tiroflari va adibning adabiyot haqidagi o‘tkir mulohazalari jurnalxonlar uchun qiziqarli bo‘ladi.
– Janob Joys, Sizni ko‘rib turganimdan baxtiyorman. Tug‘ilgan yurtingiz, unib-o‘sgan oilangiz va ota-onangiz haqida gapirib bersangiz?
– Kamina Irlandiya poytaxtidan janubroqdagi Ratgar shaharchasida tavallud topganman (2 fevral, 1882 yil). Otam Dublinda otning qashqasiday tanig‘liq odamlardan biri edi. Ishga mas’uliyatsizligi tufayli tez-tez kasbi-korini o‘zgartirardi. Shuning uchun oilamiz bilan shaharning u chekkasidan bu chekkasiga ko‘chib yurganmiz. Otam shinavanda odam bo‘lib, ulfatlar davrasini yoqtirardi. Biroq mayxo‘rlikdan tiyila olmagani bois obro‘-e’tiborini yo‘qotib qo‘ygandi. Onam bechora o‘n besh bola tug‘ib, afsuski, shulardan o‘ntasini voyaga yetkazgan uy bekasi edi. Mening shaxsiyatimga onamning fidokorligi, sabr-toqatidan ancha narsa o‘tgan. Oilada ikkinchi farzand bo‘lganim uchun men onamni yaxshi tushunardim.
– Irlandiyadagi eng yaxshi maktablardan biri Klongouz Vudda ta’lim olgansiz. Ammo otasining cho‘ntagida hemiri yo‘q bolaga u yerda o‘qishga yo‘l bo‘lsin…
– Otam har doim bankrot bo‘lib yurgan. Biroq uning qo‘lidagi bor puli mening Klongouz Vudda o‘qishni boshlashim uchun kifoya qilgan. Bu maktabda ko‘p fanlarga qiziqqan bo‘lsam-da, asosan til va adabiyotni chuqur o‘rganishga intilganman. Lekin oradan biroz vaqt o‘tib, otamning puli tugadi va men boshqa maktabga qatnashga majbur bo‘ldim. Oilamiz o‘shandan keyin tanazzuldan chiqa olmadi.
– Serfarzand oilasini qulay, farovon hayot bilan ta’minlamagani uchun otangizdan ranjiganmisiz?
– Men bolaligimda ham, o‘smirligimda ham mas’uliyatsiz va irodasiz emas edim. Hozir ham. Doim qadr-qimmatimni bilganman. Ezgulik va hamdardlik tuyg‘ularini yaxshi his qilaman. O‘sha paytlar oilani boqish uchun oxirgi tangasini sarflayotgan onamga rahmim kelardi. Otamga nisbatan nafaqat menda, balki aka-ukalarim va opa-singillarimda ham achinish va nafratga o‘xshash qorishiq tuyg‘u bor. Asarlarimdagi qahramonlarning ayrim jihatlarini aynan otamdan olib yozganman.
– Adabiyotga qiziqish qanday boshlangan? Ijod charxpalagi o‘z-o‘zidan aylanib ketmagandir?
– Dublin universitetida o‘qiyotgan chog‘larimda Henrik Ibsen ijodi haqida esse yozdim (u sevimli yozuvchim). Keyinchalik “Biz o‘lganlar uyg‘onganimizda” pesasiga “Ibsenning yangi dramasi” degan taqriz ham qoraladim. Londondagi “Ikki haftalik sharh” jurnalida puxta-pishiqqina holda chop etildi. Tez orada adibdan minnatdorlik va maqtov xatini oldim (albatta, jurnaldan qalam haqini ham).
Shundan so‘ng “Olomonga tatabbu”, “Drama va hayot”, “Katilina” singari maqolalarim turli nashrlarda e’lon qilindi. Gauptmanning pesasini tarjima qildim va boshqa esselar deganday…
– O‘sha paytdayoq yozuvchi bo‘lishingizni tushunib yetganmidingiz?
– Yo‘g‘-ey, nimalar deyapsiz? Universitetni tamomlagach, tibbiyotni o‘rganish uchun Parijga bordim. Lekin tibbiyotga qiziqishim sekin-asta barham topdi. Men tez-tez Milliy kutubxonaga boradigan, she’rlar va kichik-kichik nasriy asarlar yozadigan bo‘ldim. Qo‘shimcha daromad ishlash maqsadida “Dublin Deyli Ekspress” nashri uchun kitoblarga taqrizlar yozib berdim. Bir yil davomida mazkur gazetada 23 ta maqolam e’lon qilinibdi. 1903 yil 13 avgustda onam vafot etdi. U meni umrining oxirigacha qo‘llab-quvvatlab turgandi. Shundan keyin yana hayotimda muammolar, tashvishlar, kelajakka ishonchsizlik boshlandi.
– Turmush o‘rtog‘ingiz Norani uchratish hayotingizda, haqiqatan ham, unutilmas kun bo‘lganmi? “Uliss” romanida uning nomini abadiylashtirdingiz. Yoshgina qiz sizni nimasi bilan rom etgan?
– 1904 yilning 10 iyunida Nora Barnaklni ko‘chada birinchi marta uchratdim. Uning otasi novvoy yordamchisi edi. Ro‘zg‘orini arang tebratardi. Noraning o‘zi “Fayns” mehmonxonasida oqsoch bo‘lib ishlardi. Men uylanishim mumkin bo‘lgan yagona ayol edi u! Juda orasta edi! Unga xat yozishni yoqtirardim. Ochig‘i, hech qachon so‘zni ayamaganman. Otam Barnakl familiyali (barnacle inglizchada yopishqoq degan ma’noni anglatadi) odamning qizi bilan uchrashayotganimni bilgach, “U seni hech qachon tashlab ketmaydi”, deb aytgan. Uning gapiga farishtalar omin degan ekan o‘shanda.
– Farzandlaringiz bormi?
– Albatta! Men juda g‘amxo‘r otaman.
– Adabiyotdagi keyingi ishlaringiz qanday kechdi?
– Men ko‘p va xo‘p ishlaganman. Gazeta uchun she’rlar, pamfletlar, maqolalar yozardim. Keyin hikoya, pesa va romanlar bitdim. 1906 yili Rimga ko‘chib ketdim, bu yerda bankning yozuv-chizuv ishlarini qiladigan xodim bo‘lib joylashdim. Ingliz tilidan dars berdim. 1907 yili “Marhumlar” hikoyasini yozdim. “Kamer musiqa” to‘plamimga kiritilgan. 1914 yilning 2 fevralidan boshlab amerikalik modernist shoir Ezra Paund yordami bilan “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili” romanimni e’lon qila boshladim. O‘sha paytda yozganlarimdan ayrimlarining taqdiri og‘ir kechgan. Chunki meni tsenzura umidsizlikka tushirib qo‘ygandi. 1909–1912 yillari “Dublinliklar” nomli hikoyalar to‘plamimni tayyorlaganim behuda ketdi. Irlandiyadagi nashriyot avvaliga men bilan shartnoma imzolab, keyin vaqtni ataylab cho‘zib, to‘plamni baribir nashr etmadi.
– Oxir-oqibat, “Dublinliklar” dunyo yuzini ko‘rdi-ku! O‘shanda noshirlarni qanday jin chalgan edi?
– Yangi kitobimni tsenzorlar o‘tkazishmadi. Xuddi yosh yozuvchilar kabi menga ham rad javobini berishdi. Ular kitobni tushunmagan, dadil va tanqidiy fikrlardan cho‘chigan bo‘lishi mumkin. Noshir esa jamoat bosimidan hayiqqan. To‘g‘ri-da, unga vatan xoini degan tamg‘ani bosuvchi hikoyalarni chop etishdan nima foyda? Kitobning chop etilgan barcha nusxalari yoqib yuborildi. Bundan qattiq iztirob chekdim…
Albatta, ancha vaqt o‘tib, boshqa nashriyotda kitobim 1250 nusxada chop etildi. Biroq bular ham baribir kitobni to‘liq bosishmadi. Hanuzgacha tanqidchilar adabiyot me’yorlari asosida asarlarimga baho bera olmayotganiga hayronman.
– “Uliss” unutilmas taassurot qoldirdi. Roman yetti yil davomida yozilib, “Litl revyu” jurnalida bir necha yil davomida peshma-pesh e’lon qilindi. Uning yuzaga chiqishi dunyoda adabiyot tushunchasiga munosabatni butkul o‘zgartirib yubordi. Gap kelganda, romaning yaratilishi xususida so‘zlab bersangiz…
– Minnatdorman. Maqtov eshitish doim maroqli. “Uliss” – ikkinchi romanim. Xiylagina semiz kitob. Uni 1914 yilning 1 martidan yoza boshladim, birinchi jahon urushi yillarida 20 000 soat vaqtim ketdi. Qahramonlarim —dublinlik yahudiy Leopold Blum va yosh yozuvchi Stiven Dedal hayoti bayonini tonggi soat sakkizdan tungi ikkigacha qoralaganman. Kitobdagi barcha voqealar Dublinda bo‘lib o‘tadi. Har bir epizodning o‘rni atroflicha ko‘rsatilgan. Shaharning har bir detali asarda shu daraja aniq bayon qilinganki, agar Dublin yer yuzidan yo‘qolib ketsa ham, kitobim orqali yana xuddi avvalgidek qayta tiklash mumkin. Romanda yozuvchilik mahoratim, hayotiy tajribam, bor adabiy usul va janrlardan to‘liq foydalanishni xohlaganman. Baribir bu asar mening dunyomdagi orzu va intilishlarimdan katta emas.
– Fikrimcha, asar hamma uchun emas. Har qanday odam uni mutolaa qilavermaydi. Hatto aql-zakovatli kishilar ham…
– Ehtimol, shundaydir. Asarda borliqning insoniyatgacha bo‘lgan davri va keyingi davrini ko‘rsatib berishni maqsad qilgandim. Men bu asar orqali adabiyotga, odamzotning kasb-koriga munosabatini o‘zgartirishni o‘yladim. Balki asarim fantastikdir. Nasrdagi eng og‘ir she’rdir! Afsuski, asarlarim xuddi odobnoma kitoblari misoli o‘rganilayapti. Eng yomoni, buni ko‘pchilik jiddiy qabul qiladi. Holbuki… Haqiqiy erkakcha gapni aytaymi? Bu asarimda birorta jiddiy misra yo‘q. Qahramonlar shunchaki vaysaqilar!
– “Uliss” bu – “Odisseya” so‘zining lotin tilidagi varianti. Asar nomi orqali maqsadimga erishaman, deb o‘ylaganmisiz? Yoki Homerning “Odisseya”si singari adabiyotda kamyob bo‘lgan epos yaratishni xohladingizmi?
– Albatta, men uchun Homer, Dante va Shekspir namuna bo‘lgan. Ular bilan ijodiy musobaqaga kirisha oldim, deb o‘ylayman. Biroq zamonaviy adabiyotning eposi faqat roman singari bir janr bo‘lishi mumkin edi, xolos. Romanning tuzilishidan kelib chiqib, “Odisseya”dan umumiy qolip olingan, deb hisoblasa bo‘ladi. Aylantirib hikoya qilib berish ham undan yuqqan bo‘lsa kerak. Ochig‘i, men aniqlik borasida unga ergashganman. “Uliss” Homerning “Odisseya”si bilan o‘zaro aloqador. Asardagi 18 voqeaning “Odisseya”da keltirilgan voqealar bilan o‘zaro ichki bog‘liqlik jihati bor. O‘zaro uyg‘unlik mazmunda, mavzuda va mohiyatda ham seziladi. Romandagi aksariyat qahramonlar Homer poemasining prototiplariga o‘xshaydi: Blum – Odissey, Stiven – Telemak, Molli Blum – Penelopa va hakazo. Taqqosni yana davom ettirsak, “o‘taketgan” nomutanosiblikni ham ko‘rish mumkin. Homer “Odisseya”ni boshqa davr va makonlarni kezib yaratgan. “Uliss” qahramoni esa kuni bo‘yi Dublin ko‘chalarida hech bir ish qilmay, sang‘ib yuradigan oddiy odam. Homerda Penelopa – ayolning vafodorlik timsoli. Molli Blumning ishi esa xiyonatkorlik. Aslida, “Odisseya” va “Uliss” bir-biriga sira o‘xshamaydi. Masalan, Odissey yunon, Blum esa yahudiy. Agar hammasini aytib bersam, asarning boqiyligi qolmaydi. Romanda shunchalik ko‘p jumboq va tilsimlar borki, ular hali olimlarning boshini yana yuz yillab og‘ritadi…
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 3-son