Ijodkorni qalam tanitar (Odil Hotamov va Ashurali Jo‘rayev suhbati) (2016)

Odil HOTAMOV: – Bundan salkam 45 yil oldin ijodkor bo‘lish niyatida bir chemodan kitob bilan Toshkentga ketgan o‘spirin Ashuralini bugun sochlariga oq tushgan Ashur­ali Jo‘rayev qanday eslaydi?

Ashurali JO‘RAEV: – Maktabni tugatib, otamdan duo olib osmonday beg‘ubor orzular va cheksiz quvonchlar bilan savolda aytilganidek “bir chemodan kitob bilan” Toshkentga – “yozuvchi, jurnalist bo‘laman”, deb o‘qishga jo‘nadim. Navoiy vokzalidan chipta olib, do‘stlarim bilan “Buxoro – Toshkent” poyezdida poytaxtga kelganimni hamon o‘zgacha sog‘inch bilan eslayman. Poyezdning imillab yurishidan zerikib ketganman. Poyezd imillagani sari yuragim toshib ketavergan. Chunki Toshkentni ko‘rishga juda oshiqqanman.

Poyezd erta tongda kelar ekan. Undan bir dunyo odam tushganini ko‘rib hayron qolganman. Agar butun Jaloyir qishlog‘ining odamlari poyezdga chiqsa, bemalol sig‘arkan-ku, deb o‘ylaganman.

Bu go‘zal va samimiyat to‘la shaharni ko‘rib, cheksiz hayajon va hayratga tushganman. Toshkentga bo‘lgan mehr-muhabbatim hamon jo‘sh urib turadi. O‘zimni go‘yo Toshkentga kecha kelganday his qilaman. Navoiyga ketsam Toshkentni, Toshkentda esa Navoiyni sog‘inaman. Salkam qirq besh yildan buyon men ovora, temir yo‘l ovora, ­poyezd ovora. Sog‘inch to‘la vagonlar goh meni Navoiyga, goh Toshkentga olib keladi. Ba’zan umrimning anchagina shirin damlari, bebaho lahzalari temir yo‘llarda to‘kilib qolayotganday tuyuladi. Bu uchun taqdirga ham shukrona aytaman, ham ba’zan iztirob chekaman. Vagonda qolib ketgan hislarimga alvidolar aytaman…

Olloh hayotda menga faqat yaxshi insonlarni ro‘baro‘ qildi. Samimiy va ishonchli do‘stlar orttirdim. Ustoz shoir aytganidek, “Hayot mendan ayamadi ne’matlarini…”

O‘n yillik sarson-sargardonlikdan so‘ng o‘zim sevgan kasb bo‘yicha ish topdim. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ishlagan yillarim juda samarali va barakali bo‘ldi. Qalamga mehrim, yuragim, butun vujudim va borlig‘im bilan yopishdim. Ijodkor sifatida tanildim, uch-to‘rtta kitobim chop etildi. Asta-sekin orzularim ushala boshladi. Hayotimda jiddiy o‘zgarish yasagan bir ibratli voqea hech qachon xotiramdan o‘chmaydi. Gazetada ishlab yurgan kezlarim ijodkorlar davrasida mashhur shoir Abdulla Oripov bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib qoldim. O‘tirish yarimlab, davradagilar tamaki chekkani chiqqanlarida davra to‘rida o‘tirgan ulug‘ ustoz meni imlab yonlariga chaqirdilar. Men davraning bir chekkasida hayajonga tushib o‘tirgan edim. Abdulla akaning yoniga qimtinib, tortinib bordim.

– Qayerliksan, uka – deb so‘radilar ustoz.

– Buxoroning Navoiysidanman, – dedim.

– Seni kim tarbiya qilgan, uka, – yana so‘radilar u kishi.

– Bobom bilan buvim, – dedim sekin.

– Ular hayotmi?

– Bobom olamdan o‘tganlar, buvim bor, – dedim.

– Seni “Adabiyot” gazetasida chiqayotgan narsalaringga ko‘zim tushyapti. Yaxshi. Qalaming o‘tkir. Shunday yozavergin. Lekin davrada o‘tirganday hamisha kamtarin bo‘lgin. Yaxshi narsalar yozib, yaxshi kitoblar chiqargin. Shunda ham kamtarin va oddiy bo‘lgin. Samimiyligingni yo‘qotma, uka!

Ustozning ushbu bebaho o‘gitlari hamon hayot va ijod yo‘llarimni mash’aladay yoritib keladi…

Bugun ham o‘sha sabr-toqatli, mehribon, haqsizlik oldida bo‘yin egib turmaydigan sharttago‘y, andak hazilkash, andak kuyunchak Ashurali Jo‘rayev bilan hamon birgaman. U bilan murosa qilib yashayman. U endi ancha bosilib, ancha sabrli bo‘lib qolgan. Axir uning ham sochlariga oq tushib, hayotga donishmand ko‘zi bilan qaraydigan vaqtlar keldi-da!..

– Ustozingiz – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminov bilan qanday tanishgansiz?

– Agar tanishuv jarayoni va voqealarni batafsil gapirib bersam, qiziqarli bir kitob bo‘ladi. Xudo xohlasa, shunday kitobni yozish niyatim bor…

Maktabda 8-sinfda o‘qib yurganimda Navoiy tumani “Kommunizm uchun” (hozirgi Karmana tumani “Karmana ovozi”) gazetasining tilga tushgan taniqli muxbiri edim. Gazeta xodimi – ustoz jurnalist Narzulla Tilavov bir kuni: “Seni Buxoro viloyat gazetasida bo‘ladigan yosh muxbirlar anjumaniga olib boraman”, – deb qoldi. Ikkalamiz “Qaydasan, Buxoro?” deb yo‘lga tushdik. Lekin Buxoroga borgunimizcha kech bo‘ldi. Anjuman o‘tib ketibdi. Shunda Narzulla aka:

– Xafa bo‘lma, seni Ne’mat Aminov degan zo‘r yozuvchinikiga olib boraman, tanishib olasan, – dedi.

Kutilmaganda sharros yomg‘ir yog‘di. Bir mashina yollab, Ne’mat akaning uylarini zo‘rg‘a topib bordik. Borsak, Ne’mat Aminov Moskvaga – hajvchilar anjumaniga ketgan ekan. Kechqurun ukalari Bolta aka, ertalab otalari usta Amin bobo Nurullaboy o‘g‘illari bilan tanishdim. Bu tabarruk zotning muborak duolarini oldim. Va bu hikmat to‘la duolar bir umr menga yo‘ldosh bo‘lib qolishini va bir umr qo‘llab-quvvatlab yurishini, usta boboning yana qancha-qancha qutlug‘ duolariga sazovor bo‘lishimni o‘shanda bilmaganman. Bobomiz ulug‘ rus adibi Lev Tolstoyga o‘xshab ketardi. Donishmandlikda ham mashhur yozuvchidan qolishmasdi…

– Ko‘p yaxshi, odobli bolaykansan, akang kelganida yana Buxoroga kelgin, o‘zim seni tanishtirib qo‘yaman, – dedilar bobomiz va qaytishimizda yana mehr bilan uzoq duolar qildilar.

Taqdir Ne’mat akani ham 1973 yili Toshkentga yetakladi. U kishi Buxoro viloyat radioeshittirish qo‘mitasi Bosh muharrirligidan “Mushtum” jurnali mas’ul kotibi vazifasiga ishga keldilar. O‘shanda ustoz bilan ilk bor “Mushtum” jurnali joylashgan Navoiy ko‘chasi 30-uyda tanishganman. Bu tanishuv bir umrlik ustoz-shogirdlikka aylandi. Tug‘ishgan aka-ukaday bir-birimizga juda mehribon bo‘ldik. U kishi menga “undoq yuring, bundoq yuring”, deb yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmaganlar. Aksincha Ne’mat akaning yurish-turishi, gap-so‘zlari, yozishlari menga hamisha IBRAT bo‘lgan. Ustozning har bir xatti-harakatida namuna bo‘lish fazilati bor edi.

Shunday ulug‘ inson, mashhur adib va bebaho ustozim borligidan hamisha faxr­lanaman va taqdirimga qayta-qayta shukronalar aytaman. Umrimning oxirigacha ustoz ruhlariga duolar qilaman: iloyo, Olloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin!..

– Birinchi kitobingiz – “Toshbaqalar poygasi” o‘ttiz yoshingizda 60 ming nusxada chop etilgan. Nima deb o‘ylaysiz: bu kechmi yo…

– Menimcha, o‘z vaqtida chiqqan bu kitob meni ozmi-ko‘pmi o‘quvchilarga tanitdi. Muxlislar orttirdim. Adabiyotshunoslar tiliga tushdim. Eng muhimi, kitobimni otam rahmatli ko‘rib, qo‘llariga olib juda sevinganlar. Tanish-bilishlarga maqtanganlar. Ukalarimga o‘qitib, eshitganlar. Va menga alohida mehr bilan “rahmat” aytganlar. Bu samimiy “rahmat”ni har safar yangi kitobim chiqqanida sog‘inch bilan eslayman. Xudoga shukr, yangi kitoblar bosilyapti, lekin “rahmat” aytib, sevintiradigan otam, onajonim yo‘q…

– O‘tgan asrning 80 yillari o‘rtalarida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi sahifalarida e’lon qilingan “Hamqishloqlarga maktublar” turkum maqolalaringiz ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi. Navoiyda bo‘lgan ijodiy uchrashuvlardan birida mashhur adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov bu maqolalarga yaxshi baho berib shunday degan edi: “Qishloqlarimiz dardini, fojiasini aytishning dadil va o‘ziga xos shakli topilgani bois o‘quvchilarga yoqayapti, ularni chuqur mushohadaga undayapti, muammolar ildizini ochib berayapti…”.

Siz uni keyinchalik “Jaloyirga maktublar” nomi bilan e’lon qildingiz. Bu jasoratli maktublarni hozir ham hamqishloqlaringiz yaxshi eslashadi…

– O‘sha maktublarni o‘qigan bir yozuvchi do‘stim yarim hazil, yarim chin bilan: “Jaloyir qachon obod bo‘ladi, Ashurboy?” derdi menga. Aslida ushbu maktublarda qalamga olingan jiddiy voqealar, hamqishloqlar dilidagi og‘riqlar, yechim kutayotgan dolzarb muammolar faqat Jaloyirga emas, balki sobiq sho‘ro davridagi ko‘pgina qishloqlar hayotiga bevosita tegishli edi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Qishloqlardagi og‘ir hayot manzaralari bir xil edi. Qishloq ahlining dardi bir-biriga o‘xshardi. Qishloqlar muammolari egizak edi.

Chunki, har bir maktub e’lon qilingandan so‘ng tahririyatga respublikaning barcha qishloqlaridan quchoq-quchoq xat oqib kelardi. Konvertdagi xatlar shunchaki aks sado emas, balki o‘sha davrdagi qishloq fig‘onlari, nolalari bitilgan o‘tli satrlar edi. Ozgina maqtanish bo‘lsa-da, aytay, tahririyatga kelgan xatlarni ko‘pincha Bosh muharririmiz – mashhur adib Odil Yoqubov erinmay o‘qirdilar. Va jiddiy maktublarni “Kuyunchak gazetxonlardan xatlar” rukni uchun maxsus tanlab berardilar.

Bu “maktublar” izsiz ketgani yo‘q. Sho‘ro davrining ayrim byurokrat va tepsa tebranmas amaldorlarini sergak torttirdi. Ularni qishloqlarda sodir bo‘layotgan ayrim fojialardan ogoh etdi. Qishloqlardagi insonlar ham yaxshi yashashni istaydilar, obodlikni xohlaydilar, ularning ham toza suv ichgilari keladi, degan fikr-mulohazalar ilgari surilgan. Lekin qalamga olingan mavzular faqat qog‘ozlarda qolib ketdi, desak unchalik to‘g‘ri bo‘lmas. Yana bir lekini shundaki, ba’zi o‘tkir muammolar yechimini topolmagani ham rost!

Mustaqillik tufayli yurtimiz chiroy ochib, obod bo‘layotir. Jumladan, qishloqla­rimiz ham. Bugungi obod va ko‘rkam qishloqlarni ko‘rib ko‘z quvonadi, dil yayraydi. Shu kunlarda kundan-kunga obod bo‘layotgan, farovonlikda shaharlardan qolishmaydigan zamonaviy qishloqlar haqida yangi maktublar yozishni rejalashtirganman.

– Adabiyot maydoniga qadam qo‘yganingizdan afsuslangan paytingiz bo‘lganmi?

– Adabiyot maydoni g‘alati, o‘ziga xos makon. Bunda mard ham, nomard ham bor. Botir ham, qo‘rqoq ham uchraydi. Ko‘pkarida uloqni olgan g‘olib chavandozni hamma olqishlaydi. Lekin adabiyot maydonida uloqni olsangiz yo baloga qolasiz, yo dushman orttirasiz.

G‘alamis, iste’dodsiz, hasadgo‘ylarni ko‘rganda bir afsuslansam, haqiqiy iste’dod egalarining ozor chekkanlarini ko‘rib, og‘ir voqealarga guvoh bo‘lib, yanada afsuslangan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Mustaqillik davriga kelib, bunday illatlar barham topib borayotganidan quvonaman. Adabiyotning har qanday qalang‘i-qasang‘ilardan, iste’dodsiz kimsalardan tozalanib, poklanib borayotgani har jihatdan yaxshi. Bunday adabiyotning nurli kelajagiga ishonsa bo‘ladi. Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” degan so‘zlari biz ijodkorlarning haqiqiy shiorimizga aylangan.

– “Mushtum” jurnalida ishlagan yillaringiz hayotingiz va ijodingizga qanday ta’sir ko‘rsatgan?

– “Mushtum” men uchun yana bir katta maktab bo‘ldi. Birinchidan, ustozim Ne’mat Aminovning ishini qo‘limdan kelguncha davom ettirdim. Ikkinchidan, kulgi olamini teran anglash, kulgi ham yuksak ma’naviy tarbiya ekanligini tushuntirish, mag‘zi to‘q kulgini jurnal sahifalariga olib chiqishga harakat qildik. Quruq, yengil, bachkana, sayoz kulgidan qochdik. “Mushtum” hech qachon qo‘llarini cho‘ntagiga solib, tomoshabin bo‘lib turgan nashr emas. Jamiyatda buyruqbozlar, poraxo‘rlar, yulg‘ichlar, g‘alamislar, qalloblar, muttahamlar bor ekan, “Mushtum” hamisha kurashga shay turishi kerak.

– Ashurali, yuqoridagi savolni davom ettirsak; bugungi qiziqchilik san’atiga munosabatingiz? Ayrim davralarda “Samimiy va beg‘ubor kulgini Hojiboy Tojiboyev o‘zi bilan olib ketdi”, degan fikrlarga qanday qaraysiz?

– Hozir bizda haqiqiy qiziqchidan ko‘ra, masxarabozlar bemaza qovunning urug‘iday ko‘paydi. Masxarabozlar ichida esa, bachkana va hayosizlari urchib ketdi. Uyati yo‘q odamdan qiziqchi chiqmaydi. Hayosiz kimsa samimiy kulgi yaratolmaydi.

Hozir yengil-elpi kulgining bozori ancha chaqqon. Eng arzoni, bachkana va behayo kulgi bo‘lib qoldi. Kulgi katta ma’naviy tarbiya vositasi ekanligini unutmasligimiz kerak.

Kulgi san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan taniqli san’atkor, haqiqiy kulgi ustasi Hojiboy Tojiboyev haqidagi fikrlarga to‘la qo‘shilaman. Uning sahna madaniyati, ijro yo‘li o‘ziga xos bo‘lib, betakror edi. Ayrim qiziqchi ukalarimiz Hojiboy Tojiboyevning shogirdiman, deb da’vo qilishyapti. Lekin hayotlik paytida Hojiboy aka ularni shogirdim, deganmi?.. Yolg‘on gap nimaga kerak? Shuni unutmaslik kerakki, o‘zbek kulgisi ildizi mustahkam barhayot kulgilardan hisoblanadi. Bachkana va hayosiz kulgi xalqimiz tabiatiga begonaligicha qolaveradi…

– Kuzatishimizcha, haqiqiy o‘tkir publitsistikaga bo‘lgan ehtiyoj va talab aslo susaygani yo‘q. Shunday ekan, Sizni bugungi publitsistikaning ahvoli qoniqtiradimi?

– Og‘iz to‘ldirib qoniqtiradi, desam biroz mubolag‘a qilgan bo‘laman. Lekin qoniqtirmaydi desam ham adolatdan bo‘lmas… Adabiyot va jurnalistikada janrlar o‘quvchi talabidan kelib chiqib rivojlanadi. Masalan, bugun adabiyotda detektiv janri ancha ilgarilab ketdi. Jiddiy proza biroz dam olyapti. She’riyatda biz tushunmaydigan modern uslubi g‘imirlab qoldi. Bilgan ham, bilmagan ham uch qator yozadi. Bilmadim, to‘rtinchisini kim yozarkin?.. Publitsistika esa o‘zining sharafli vazifasini bajarib, to‘xtovsiz rivojlanishda. Masalan, bugun tarixiy, ma’naviy-ma’rifiy, tinchlik, mustaqillik va Vatan mavzularini qamrab olgan publitsistika dadil ilgarilab boryapti. Bu bugungi zamon talabi. Va bizga aynan shunday publitsistika kerak va zarur…

– Donishmandlar vaqtni oliy hakam deb bilishgan va uni to‘g‘ri taqsimlash lozimligini aytishgan. Shu ma’noda Ashurali Jo‘rayev vaqtdan qanday foydalanadi? Bo‘sh vaqt tushunchasiga ham izoh bersangiz?

– Men uchun ham og‘ir, ham og‘riqli savol bu. Vaqtdan unumli foydalanaman, deb maqtanolmayman. Hayotim vaqt masalasida biroz pala-partish. Lekin bo‘sh vaqtimni so‘zsiz, albatta, kitob yoki gazeta-jurnal o‘qishga sarflayman. Juda bo‘lmasa televizor ko‘raman. Lekin bu matoh haqiqiy vaqt o‘g‘risi. Uning qarshisida ko‘p o‘tirib bo‘lmaydi. Ko‘pincha biror bir foydali ish qilishga intilaman. Ko‘proq yozganlarimni tahrir qilaman. Vaqtni qizg‘anish barobarida ulfatlar va do‘stlarni ham yolg‘iz qoldirmayman. Ba’zan bo‘sh vaqtimiz ziyofat dasturxonlari atrofida ham o‘tadi. Ertalabki oshlarni aytmasa ham bo‘ladi. Taassufki, vaqt masalasida ibratli – tejamkor emasman…

Sizningcha yaqin do‘st kim?

– Sotmaydigan, mehribon, yaxshi-yomon kunlaringda yoningda turadigan do‘st! Chin do‘stlikning yuki og‘ir. Uni bir umr ko‘tarib yurish oson emas. Ayniqsa, manfaatlar to‘qnashuvi kuchaygan davrda do‘stlikning qadr-qimmati yanada mustahkamlanib, qadri oshib boraveradi.

– “Sahifaga sig‘magan satrlar” kitobingiz bilan tanishgan xotin-qizlar Sizdan xafa bo‘lishmaganmi?

– Kitob nashriyotda chop etilayotganida bir musahhih opamiz: “Ayollarni yomon ko‘rasizmi”, deb so‘ragan. Ayollar haqidagi ayrim iboralar, qaydlar aynan hayotdan olinganligini aytganimda, u o‘ylab turib fikrimga qo‘shilgan. Ayol doi­mo “ochilib” turadigan sun’iy gul emas. Aksincha, gulzorda o‘sadigan ta­biiy gulga o‘xshaydi. Shunday ekan, ba’zan tabiiy gul atrofida tikon yoki begona o‘tlar ham o‘sadi. Agar ularni o‘z vaqtida yulib tashlasangiz, gul yanada chiroy ochadi. Ayrim ayollarda uchraydigan illatlar ham o‘sha begona o‘tlarni eslatadi. Ehtimol ayol ham ayrim injiqliklari, tiliga “erk” berish odatlari, jizzakiligi bilan ham erkaklarni hushyorlikka chaqirib turar. Kitobda yozilgan iborada aytilganidek: “Xotinni qanchalik tarbiya qilma, urishma, tanbeh berma, maqtama, baribir, u oxir-oqibat xotin bo‘ladi”. Hozircha kitobni o‘qigan ayollar ichida nimalar degan bo‘lsa degandir, lekin yuzimga qarab hech narsa deyishmagan, faqat maqtashgan, xolos.

“Konvert odam” qissangizni o‘z o‘quvchilari bor. Ayting-chi, bu asarni yozish fikri qachon va qanday paydo bo‘lgan?

– Qaysi bir turtki bergan voqeani yoki hangomani aytay, Odil aka? Sobiq sho‘rodan qolgan poraxo‘rlik illatidan hamon batamom qutilaolmayapmiz. Masalan, qarindoshimizning ikki farzandini bog‘chaga konvert orqali joylaganini eshitib hayron qoldim. Nabiralardan biri dunyoga kelganidan xursand bo‘ldik. Keyin eshitsam, tug‘uruqxona vrachiga ham konvert berishgan ekan. Davralardan birida nufuzli qabristonlarga dafn etish ham konvert orqali bo‘layotgani afsus bilan gapirildi. Ko‘ryapsizki, konvertsiz ish bitmaydigan holga kelib qolyapmiz. Ushbu voqealarning hammasi yig‘ilib-yig‘ilib “Konvert odam” feleton-qissasini yozishga turtki bo‘ldi. Asarni o‘quvchilar yaxshi qabul qilganidan xursandman. Adabiyotshunos olimlarning e’tiboriga tushib, ijobiy bahoga sazovor bo‘ldi.

– Sizningcha har xil “…izm”lardan xoli hozirgi adabiy jarayonga yoshlar qanday kirib kelyapti?

– Adabiy jarayon buloqday qaynayapti, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan iste’dodli yoshlarni ko‘rib quvonamiz. Turtinib-surtinib yurganlarga andak yordam berging keladi. Tanish-bilish qilib, madadkor soyalarga “suyanib” yurganlari ham bor. Ba’zan telefon, ba’zan konvert bilan kirib kelayotganlar ham topiladi. Nima qilasiz endi?

Yoshlar unutmasliklari kerakki, adabiyot hamisha iste’dodlar maydoni bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Ijodkorni tanish-bilish emas, balki qalami tanitadi, yaxshi asari mashhur qiladi.

Bugungi yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib, yana yosh bo‘lging keladi. Lekin buni iloji yo‘q-da, aka? Istagim, ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanish kerak. G‘ayrat va shijoat bilan ijod qilish – iste’dodni ro‘yobga chiqaradi. Mustaqillik faqat adabiyot emas, balki barcha sohalardagi yosh iste’dodlarga keng imkoniyatlar va imtiyozlar berayotir. Ulardan unumli foydalanish kerak. Faqat sport va san’atda emas, balki adabiyotda ham haqiqiy chempionlar, g‘oliblar chiqishi kerak.

Yurak tubidagi ushalmagan orzu-armonlar, ko‘ngildan kechayotgan niyatlar…

– Inson hamisha yaxshi orzular bilan yashaydi. Amalga oshmagan orzular esa armon bo‘lib qolaveradi. Armonni ushaltirish esa, oson jarayon emas. Keling, yaxshisi armonlar haqida gaplashmaylik. Ba’zan kattaroq bir asar yozolmadim, deb armon qilamanu lekin bu orzuimdan voz kechganim yo‘q. Xudo xohlasa, ko‘ngilga tugib qo‘ygan yaxshi niyatlar bor…

Adabiyotimiz yanada katta adabiyot bo‘lishini, yozuvchilarimiz yanada katta ko‘chalardan, katta qalb bilan yurishlarini juda ham istayman. Kattalik va keng­lik bo‘lmas ekan, adabiyot tor ko‘chalardan qiynalib yurishga majbur bo‘ladi. Qachongacha ijodkor zoti bir-birining qadamini poylab o‘tadi? Mustaqil mamlakat ijodkorlariga bunday odatlar endi yarashmaydi. Mustaqil mamlakatni, mustaqil xalqni ulug‘lash sharafli vazifamizdir. Endi xalqimizga, uning adabiyoti va ijodkorlariga keng, yorug‘ va obod ko‘chalar yarashadi.

Ushbu niyatlarni bugun adabiyot deb atalmish beg‘ubor va pokiza olamga kirib kelayotgan iste’dodli yoshlarga ham tilayman. Shundagina adabiyot o‘quvchini o‘ziga ergashtiradi va ishontiradi. “Adabiyoti kuchli xalqni yengib bo‘lmaydi” degan iborani o‘qiganman. Va bu iboraga to‘liq qo‘shilaman.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 8-son

_______________________

Ashurali Jo‘rayev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist. 1956 yilda tug‘ilgan. Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutini (hozirgi San’at va madaniyat instituti) tamomlagan. “Yurak bo‘ronlari”, “Senga ko‘ngil bersam”, “Dil gavhari”, “Sahifaga sig‘magan satrlar”, “Maysalar uyg‘ongan tong” kabi kitoblari nashr etilgan.

Odil Hotamov  1950 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Uning “Umr shami”, “Nigohlar”, “Dala yo‘li”, “Nafas” kabi she’riy to‘plamlari hamda “Yuksakdagi daraxt” nasriy kitobi nashr etilgan.