Genomika va bioinformatika markazi direktori, biologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Abdurahmonov bilan jurnalist Qulman Ochilov suhbati
Xonadagi jihozlar ham egasining o‘zi kabi juda oddiy, saksondan ortiq xodim xizmat qiladigan zamonaviy ilmiy markaz direktorining kabinetiga unchalik o‘xshamaydi: odmi ish stoli, suyanchig‘iga oq jild qoplangan uch-to‘rt kursiyu kitob-jurnallar terib qo‘yilgan shkaf. Qandaydir kimyoviy dorining hidi anqib turibdi. Xona laboratoriyalar bilan yonma-yon joylashgan.
Ikki soatga mo‘ljallangan gurungimiz besh soatcha davom etdi. U o‘rni kelganida jo‘shib, ba’zan kuyinib, ba’zan o‘ylanib, lekin samimiy gapiradi. Ko‘p o‘qigani, dunyo ko‘rgani, muqoyasayu mulohaza qilishni yoqtirishi sezilib turibdi. Shu bois mavzu qamrovi kutganimizdan keng bo‘ldi: yaratish zavqi, ilm zahmati, madaniyat, ma’rifat, ta’lim-tarbiya, insoniy burch, olimlik mas’uliyati…
Tabiiyki, suhbat avvalida o‘zbek olimlari yaratgan “Porloq-1”, “Porloq-2”, “Porloq-3”, “Porloq-4” paxta navlaridan so‘z ochildi. Ushbu kashfiyot xalqaro ilmiy jamoatchilik, to‘qimachilik sanoati va ommaviy axborot vositalarida shov-shuv bo‘ldi. “Poshsho paxta” degan nom va e’tirofga sazovor bo‘lgan yangi navlarga paxta ekadigan mamlakatlar katta qiziqish bildirdi.
Paxtachilik bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi – ICACga g‘o‘za parvarishi va paxta savdosi bilan shug‘ullanadigan qirqdan ortiq mamlakat, jumladan, O‘zbekiston ham a’zo. Mazkur tashkilot jahon mamlakatlarida paxta selektsiyasi borasida olib borilayotgan yirik tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlangan “Yil tadqiqotchisi” xalqaro tanlovini o‘tkazib keladi. 2013 yilda ushbu xalqaro e’tirofga g‘o‘za genomini chuqur tadqiq etishdagi fundamental izlanishlari uchun “poshsho paxta”ni yaratgan olim va mutaxassislar guruhi rahbari Ibrohim Abdurahmonov sazovor bo‘ldi.
Bu – paxta ilmi borasida yosh o‘zbek olimi erishgan yutuqlarning xalqaro miqyosdagi ilk e’tirofi emas. U 2010 yili Jahon fanlar akademiyasining (TWAS) qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mukofotini ham qo‘lga kiritgan.
– Domla, mamlakatimiz olimlarining paxtachilik sohasida erishayotgan yutuqlari barchamizni quvontiradi. Bunday kashfiyotlar iqtisodiyotimizning jadal rivojlanishini ta’minlash, mamlakatimiz eksport salohiyatini, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Siz rahbarlik qilayotgan Markaz jamoasi yangi paxta navlarini yaratish borasida erishayotgan yutuqlarning bosh omili nimada?
– Sho‘ro davrida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ekstensiv rivojlanish ustun edi. Ya’ni faqat miqdor ketidan quvilib, sifat masalasi e’tibordan chetda qolardi. Minglab gektar yerga suv chiqarilib, paxta ekildi, lekin yalpi hosil miqdori oshsa-da, o‘rtacha hosildorlik muttasil kamayib bordi. Qanchadan-qancha ekin maydonlarini sho‘r bosib, Oroldek ulkan dengiz quriy boshladi.
Vatanimiz mustaqillikka erishgach, Prezidentimiz Islom Karimov bu boradagi eskicha qarashlarga butunlay barham berish va qishloq xo‘jaligida, jumladan, paxtachilikda sifat ko‘rsatkichlariga ustuvor e’tibor qaratish vazifasini qo‘ydi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi qoshida Genomika va bioinformatika markazi tashkil etilgani ham bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda nisbatan yangi soha – g‘o‘za genlari injeneriyasi va genomikasi yo‘nalishida maxsus ilmiy tadqiqotlar olib borish, mutaxassislar tayyorlashga katta miqdorda mablag‘ ajratilib, keng imkoniyatlar yaratildi.
Tarmoqqa yangicha munosabat natijasida paxta maydoni hajmi qisqargani holda o‘rtacha hosildorlik oshib, tolaning sifat ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilanmoqda. O‘zbek paxtasiga bo‘lgan talab jahon bozorida muttasil ortib borayotir. Buni har yili kuzda Toshkentda o‘tkaziladigan Xalqaro paxta va to‘qimachilik yarmarkasining xorijlik ishtirokchilari safi tobora kengayib borayotganidan ham bilish mumkin. Misol uchun, 2005 yili o‘tkazilgan ilk yarmarkada o‘ttiz mamlakatdan bir yuz yetmishga yaqin treyderlik va to‘qimachilik kompaniyasi vakillari qatnashgan bo‘lsa, 2013 yilgi yarmarkada dunyoning qirq davlatidan paxta va to‘qimachilik sohasi kompaniyalarining mingdan ziyod vakili ishtirok etdi. Ushbu yirik xalqaro yarmarkada O‘zbekistonda yetishtirilgan 680 ming tonnadan ortiq paxta tolasini xarid qilish bo‘yicha ahdlashuvlarga erishildi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining savdosi bo‘yicha esa umumiy qiymati bir milliard AQSh dollaridan ziyod shartnomalar imzolandi.
– 2013 yildan “Porloq” turkumidagi yangi navlar mamlakatimizdagi yigirmadan ortiq fermer xo‘jaligiga qarashli olti yuz gektardan ziyod maydonda ekilib, kutilgan samara bera boshladi. Yangi navlarning qanday afzalliklari bor?
– Fikrimni iloji boricha soddaroq tushuntirishga harakat qilaman. Paxtaning yuzlab navlarni o‘z ichiga olgan o‘rta tolali va ipak tolali turlari mavjud. Birinchisi (G.hirsutum) dunyo mamlakatlarida keng tarqalgan, har yili millionlab gektar maydonga ekiladi. Ikkinchisi (G.barbadense) asosan Nil daryosi sohillarida yetishtirilgani uchun “Misrpaxtasi”degan nom bilan ham mashhur.
Gapni shunisidan boshlaylik. Tolasi o‘z nomi bilan ipakdek muloyim, silliq, ingichka, uzun. Jahondagi barcha yengil sanoat korxonalari shunday paxtani orzu qiladi.
O‘rta tolali paxtaning sifat va mikroneyr ko‘rsatkichlari esa, boya aytganimizdek, ipak paxtaga nisbatan past. Tolasi – dag‘alroq, yo‘g‘onroq, kaltaroq, mo‘rtroq…
– Unda nega aksar mamlakatlarda o‘rta tolali paxta ekiladi? Yengil sanoat vakillari ham, treyderlar ham asosan o‘rta tolali paxtaga talabgor…
– O‘rta tolali paxtaning tannarxi nisbatan ancha arzon, shuning uchun xaridorgir. Ipak paxtani yetishtirish esa g‘oyat serxarajat va serzahmat ish. Ipak tolali paxta pishib yetilishi uchun ikki yuz kundan ko‘proq vaqt kerak. Bu olti yarim oy degani! Mo‘l suv, muttasil parvarish zarur. Hosili esa kam. Paxtasini terib olish undan-da qiyin. Eslasangiz, bir vaqtlar o‘zimizda ham, jumladan, Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida ipak paxta ekilgan, biroq kutilgan iqtisodiy samarani bermagani uchun bunday tashvishdan voz kechilgan edi.
Ipak paxtadan tayyorlangan mahsulotlarni xarid qilishga hammaning ham qurbi yetmaydi – qimmat. Deylik, o‘rta tolali paxtadan tikilgan futbolka taxminan o‘n ming so‘mga tushsa, ipak paxtaniki besh yuz ming so‘mgacha yetadi. Boshqacha aytganda, hech kim yetti kunlik qo‘zichoqni yetti yashar tuyaning puliga olmaydi. Sayyoramizda paxta ekish yo‘lga qo‘yilganidan buyon o‘tgan ming yillar mobaynida dehqonu olim, mutaxassisu xaridorni o‘ylantirib kelayotgan ushbu muammoga haligacha to‘liq yechim topilgani yo‘q. Biz erishgan natijalar ham o‘rta tolali paxta sifatini yanada oshirish orqali uni ipak paxtaga yaqinlashtirishdan iboratdir.
Ilmning tabiati, kashfiyot jarayoni qiziq. Fanda kichik bir muammoni hal etish uchun goho yuzlab olim, ilmiy tadqiqot institutlari, xalqaro ilmiy markazlar yillab bosh qotiradi, bahslashadi, tajriba o‘tkazadi va… uddasidan chiqolmaydi.
Muammoning yechimini topolmay boshi xum bo‘lib ketgan allomalardan biri ozgina tin olmoq ilinjida o‘zini daraxt soyasiga oladi va ittifoqo shoxdan uzilib tushgan olma uning peshonasini g‘urra qiladi. Ayni damda alloma shuurida go‘yo chaqmoq chaqnaydi: “Topdim! – deb hayqiradi u. – Topdim-a!”
Shu yo‘sinda Yerning tortish kuchi haqidagi qonun yaratiladi. Isaak Nyutonning bu kashfiyoti keyinchalik insoniyatning samolyot yasab havoga ko‘tarilishiyu qit’alararo raketalar uchirish, fazoi muallaqni har tomonlama o‘rganish, Oyga parvoz etishgacha – ko‘plab olamshumul yangiliklarga xamirturush bo‘ldi.
Kimdir bemahalda bezovta bo‘lgan tovuqlardan xabar olay deb yarim tunda parrandachilik fermasining chirog‘ini yoqib, sillasi qurigunicha “aybdor”ni qidiradi va… topolmaydi. Lekin choshgohda qarasa, tovuqlar odatdagidek bittadan emas, ikkitadan tuxum qo‘yganini ko‘radi.
Shu tariqa yorug‘likning mahsuldorlikka ijobiy ta’siriga oid nazariya amalda o‘z tasdig‘ini topadi.
– Ko‘sakqurti – paxtaning o‘zi kabi qadimiy. Dehqonlar asrlar osha bu baloga qarshi ne-ne chora-tadbirlarni o‘ylab topmagan, vositalarni qo‘llamagan! Ammo ekinlarni almashlab ekishdan to o‘nlab turdagi kimyoviy moddalarni ishlatishgacha bo‘lgan xilma-xil tavsiyayu vositalarning foydasi oz-u, atrof-muhitga zarari ko‘p bo‘ldi. Ko‘sakqurtini paxta maydonlaridan butunlay “haydabchiqarish” oson kechmadi. Kasallik nafaqat tajribali dehqonu fermerlar, balki qilni qirq yorgan paxtashunoslarning ham tinka-madorini quritdi.
“Tabiatda hamma jonzot o‘z kushandasi bilan yaratilgan, – deb qoldi bir kuni ustozimiz, akademik Abdusattor Abdukarimov. – Ko‘sak qurtiga qarshi kurashda endi biologik vositalarni sinab ko‘rsak-chi?”
Shunday qilib, tadqiqotchilar qatori kamina kabi talabalar ham “topgan-tutgani” – daraxt yaprog‘iyu mevasi, no‘xatu loviya, moshu guruchgacha olib kelib, boqimanda qurtlar og‘ziga tuta boshladik.
Men o‘shanda O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetida o‘qir, ayni choqda, Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida laborant bo‘lib ishlar edim. Bir shanba tushlikda qovun yeb, urug‘ini mechkay qurtlar oldiga tashladik. Xoh ishoning, xoh ishonmang, ishtahasi ochilgan paytda ko‘sak qurti qoramolni ham changida qoldirib ketadi. Paykalga qoramol oralasa haydab chiqarish oson, ko‘sak qurti dorigan maydondan esa judo bo‘ldim deyavering – g‘o‘zaga qiron keltiradi gazanda… Xullas, qurtlarga qovun urug‘i berib, uy-uyimizga ketdik. Ertasi kuni qarasak, hammasining oyog‘i osmonda – o‘lib yotibdi. “Darvoqe!” deb peshonamizga urdik: xalq tabobatida oshqovoq urug‘i gijja kasalligiga davo sifatida qo‘llanadi-ku! Ko‘sak qurtining kushandasi dunyodagi eng totli ne’matlardan biri – qovun urug‘i ekani xayolimizga kelmaganini qarang! Shunday qilib, qovun urug‘idan ko‘sak qurtiga qarshi kurashda qo‘l keladigan biologik modda ajratib oldik va bu ilm sohasidagi ilk muvaffaqiyatlarimdan biri bo‘ldi.
Yangi tolali paxtaning yaratilishi ham, bir qarashda, ana shunday oddiy. Deylik, ipak tolali va o‘rta tolali paxta urug‘ini chatishtirish, genlarini klonlash yoki g‘o‘zasini payvandlash orqali maqsadga osongina erishish mumkindek. Shunday qilingan ham. Bunday usullar jahon selektsiyasida bir emas, yuz, ming martalab sinab ko‘rilgan desam, mubolag‘aga yo‘ymang. Dastlabki natijalar ham yomon bo‘lmagan. Ammo vaqt o‘tishi bilan yangi navlar pand bergan – g‘o‘zaning keyingi avlodlari “buzilib ketgan”, yo ipak tolali g‘o‘zaning (kechpishar va kamhosil), yo o‘rta tolali g‘o‘zaning (tolasi dag‘al) xossasiyu hissasi osha boshlagan. Urinish, izlanishlar qumga singgan suvday besamar ketgan.
– Endi-chi, “poshsho paxta” g‘o‘zasi ham pand bermasmikan, ishqilib?
– Yo‘q. Lekin, shoir aytganidek, “g‘isht ustiga g‘isht qo‘yish uchun ham fursat kerak”. Biz bu boradagi uzoq yillik tajriba va sinovlar jarayonida boshqacharoq yo‘lni tanladik. Markazimiz jamoasi AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti hamda Texas universiteti mutaxassislari bilan hamkorlikda gen-nokaut texnologiyasini yaratdi. Batafsilroq aytganda, g‘o‘za genomidagi avloddan avlodga o‘tadigan genlar aniqlanib, zamonaviy tezkor assotsiativ xaritalash usuli kashf etildi. Natijada g‘o‘zadagi genlardan foydalanishning yangi imkoniyatlari ochilib, zamonaviy gen-nokaut va markerlarga asoslangan selektsiya usullari ishlab chiqildi. Bu butkul yangicha xususiyatlarga ega “Porloq” va “Ravnaq” g‘o‘za navlari turkumini yaratish sari yo‘l ochdi.
Gen-nokaut (inglizcha gene knockout), ilmiy tilda aytganda, RNK interferentsiyasi – molekulyar genetika usuli organizmdagi muayyan genlar faolligini to‘xtatib qo‘yish imkonini beradi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarining biologik ko‘rsatkichlari – hosildorlik, ertapisharlik, zararkunanda va hasharotlarga chidamlilikning namoyon bo‘lishida ishtirok etuvchi genlarning tarkibi hamda funktsiyasi aniqlangandan so‘ng muayyan gen faoliyatini kuchaytirish yoki, aksincha, susaytirish, hatto to‘xtatish mumkin. Masalan, o‘simlikning yetilish jarayonini sekinlashtiruvchi genlar faoliyatini susaytirib yoki butunlay to‘xtatib, ertapisharlikka erishish imkoniyati mavjud.
Bir vaqtlar matbuotda o‘qiganim bor: adiblarimizdan biri hozir xalqaro istilohda bo‘lgan yunoncha “gen” atamasini turkiycha “qon” so‘zining o‘zgargan shakli, deb izohlagan edi. Bu taxminda ham asos yo‘q emas. Harholda “qon suradi”, “suyak suradi” degan o‘zbekona iboralar mavjud-ku. Zero, gen irsiyatga borib taqaladi. Organizmdagi har bir genning o‘z vazifasi bor. Gen-nokaut texnologiyasida ana shu vazifalarga qarab ish tutiladi. Bizning innovatsion g‘oyamiz ham shunga asoslangan. Ba’zi o‘simliklar soyada tezroq o‘sadi, barvaqt yetiladi, ertaroq gullaydi va ko‘proq hosil beradi. Fanda “soyalash sindromi” deb atalgan ushbu mexanizm zamirida molekulyar soatlarni (vaqtni) boshqaruvchi asosan qizil va to‘qqizil nurlarga moyilligi baland retseptor genlar faolligi mujassam. Soyada o‘sayotgan o‘simlik vegetatsiya davri oxirlab, kuz kelayotganidan “xavotirga tushadi”. Butun ichki imkoniyatlarini ishga solib, gullashga va o‘zidan tezroq avlod qoldirishga oshiqadi. Masalan, rivojlanayotgan g‘o‘za qorong‘i joyga qo‘yilsa, poyasi ham, tolasi ham tez o‘sa boshlaydi.
Boya aytganimiz – tovuqlarni eslang: tunda chiroq yoqilgach, ular tong otib qolganidan “tashvishga tushib”, shosha-pisha tuxum qo‘ygan. Chiroq o‘chirilgach, ertalabgacha dam olib, tongda yana tuxumlagan.
Bular, ta’kidlanganidek, yorug‘likning hosildorlikka va mahsuldorlikka ijobiy ta’siriga misollardir.
Ushbu nazariyani texnologiyaga aylantirish uchun Genomika va bioinformatika markazida 2009-13 yillar mobaynida bir necha xalqaro va mahalliy fundamental loyihalar amalga oshirildi. Vazifasi qizil, och qizil yorug‘lik nurlarini “yutish”dan iborat g‘o‘za genlari oilasi jahonda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda klonlandi va tavsiflandi. Keyingi bosqichlarda esa g‘o‘za genlari faolligini susaytirib, (boksdagi kabi nokaut qilib) qo‘yishga oid innovatsiyaviy g‘oya laboratoriyada muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.
– Gen-nokaut texnologiyasi haqida batafsilroq gapirib bersangiz.
– Avval laboratoriya, keyin dala sharoitida o‘tkazilgan sinovlar gen-nokaut texnologiyasi yordamida olingan g‘o‘zalarning rivojlanishi bir xil sharoitda o‘stirilgan g‘o‘zalarga nisbatan jadallashgani, ildizi ikki-uch barobar uzayganini ko‘rsatdi. Mazkur texnologiya asosida yetishtirilgan g‘o‘zalar o‘n kungacha erta gulladi, shonaladi, hosil tugdi, odatdagidan 10 millimetrgacha uzun tola berdi. Tolasining sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanib, hosildorligi 20 foiz oshdi. Ushbu texnologiya asosida olingan g‘o‘zaning qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va sovuqqa chidamliligi ham amaldagi navlarga nisbatan yuqori ekani ta’kidlanmoqda. Bu ham bejiz emas. Biz tavsiflab bergan yorug‘lik retseptori genlari o‘simliklarning (faqat g‘o‘zaning emas) qurg‘oqchilik va sho‘rxoklikka chidamliligini oshiradi.
Ayni choqda, g‘o‘zaning rivojlanish (senesens) jarayoni tezlashgani bois hosili jadal yetiladi, chanog‘i tez ochiladi, barglari ham duvva to‘kiladi.
Shunday qilib, o‘zbek olimlari yaratgan ushbu yangi turkum navlar deyarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Misr paxtasiga yaqinlashib, “yangi tolali paxta” deb ataldi. Yangi texnologiyaga xalqaro patent olindi. Jahonning eng nufuzli ilmiy nashrlaridan biri – “Nature Communications” jurnalida olimlarimiz kashf etgan gen-nokaut texnologiyasi haqida batafsil maqola chop etildi. Mutaxassislarning fikricha, gen-nokaut texnologiyasi jahon paxta sanoatiga millionlab dollar foyda keltirishi va xalqaro bozorni tobora keng egallayotgan sun’iy tola ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatda paxtakor fermerlarga juda asqatishi mumkin.
– Aybga buyurmaysiz, domla, geni o‘zgartirilgan mahsulotlar haqida gap ketganda, odatda, salomatlik va ekologiyaga oid xavotirli savollar paydo bo‘ladi. Bu haqda nima deya olasiz?
– Gapingizda jon bor. Lekin gen-nokaut texnologiyasi va “poshsho paxta” haqida so‘z yuritilganda bunday tashvishlarga aslo o‘rin yo‘q. Ushbu texnologiya ham, “Porloq” turkumidagi yangi navlar ham ekologik jihatdan xavfsiz. Negaki, “Porloq”da jahonning ayrim mamlakatlarida yaratilgan biotexnologik (transgen) g‘o‘zalardan farqli o‘laroq, hech qanday “begona” gen ishlatilmagan. G‘o‘zaning o‘zidagi ayrim genlar susaytirilgan, xolos. Xalqona aytganda, sopi pichoqning o‘zidan chiqarilgan.
– Lekin har qanday kashfiyotning ham o‘ziga xos kamchiligi bo‘ladi-da…
– To‘g‘ri. “Porloq” turkumidagi navlar ham kamchilikdan xoli emas. Ularning chigiti yirik, seryog‘, tolasi 5-10 millimetr uzun. Ta’bir joiz bo‘lsa, chigitining “sochi” uzun, lekin sal siyrakroq. Bu ham tabiiy. Sababi – paxta ilmida tola uzunligi bilan vazni o‘rtasida o‘zaro teskari bog‘lanish mavjud. Masalan, ipak tolali paxtada tolaning umumiy miqdori juda past. Zero, ipak tola o‘rta tolaga nisbatan yengil bo‘ladi.
– Mazkur loyiha amerikalik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilgani haqida gapirdingiz…
– Bunday yirik, serzahmat va serxarajat loyiha keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni taqozo etishi tabiiy. Amerikalik hamkorlarimiz ajratgan grantlar asosida bir qator loyihalar amalga oshirildi, jumladan, o‘n nafar yosh olim Texas universiteti, AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti laboratoriyalarida malaka oshirdi. Xalqaro nashrlarda paxtachilik bo‘yicha o‘nlab ilmiy maqolalar e’lon qilindi. Bunday samarali hamkorlik Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlar bilan ham yo‘lga qo‘yilgan.
– Gen-nokaut texnologiyasi boshqa o‘simliklarda ham sinab ko‘rilsa kerak?
– Albatta. Markazimiz olimlari gen-nokaut texnologiyasini boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari, jumladan, kartoshka yetishtirishda ham qo‘llash borasida tadqiqotlarni davom ettirayotir. Izlanishlarimiz kutilgan samara berib, kartoshka ildizi ikki-uch barobar uzaysa, hosildorlik keskin oshadi.
– Ushbu kashfiyotning iqtisodiy samaradorligini xomcho‘t qilish imkoni bormi?
– Mayli, ayrim raqamlarni keltirib o‘tay. Masalan, paxta tolasining 5 millimetr uzayishi jahon bozorida har kilosi narxini 22-25 tsentga, ingichkalik ko‘rsatkichining uch-to‘rt foiz yaxshilanishi esa yana 46 tsentgacha oshiradi. Tola qancha uzun, qancha ingichka, qancha silliq bo‘lsa, undan tayyorlanadigan mahsulot sifati ham, narxi ham ortib boraveradi. Endi ushbu raqamlarni millionlab tonna “oqoltin”ga ko‘paytiri bolavering!
Bularga chigit ekish, parvarish qilish, iqlim va tabiiy sharoit bilan bog‘liq noqulayliklar, hosilni yig‘ib olish uchun ketadigan boshqa ko‘plab tashvishu xarajatlarning kamayishini ham qo‘shing!
Dunyo bo‘yicha 34 million gektar yerga paxta ekiladi va uning tolasidan olinadigan yillik foyda o‘rta hisobda 27 milliard AQSh dollaridan oshadi. Demak, olimlarimiz yaratgan mazkur texnologiyaga xalqaro miqyosda litsenziya olinishi mamlakatimiz iqtisodiyotiga yaxshigina daromad keltirishi shubhasiz.
– Gap genlarga borib taqalgan ekan, yana bir savol tug‘iladi. Xalqaro ilmiy doiralarda sayyoramizda Odam Ato va Momo Havo avlodlarining paydo bo‘lishi haqida bahs ketsa, odatda, avval Afrika, Janubi-G‘arbiy Osiyo, Yevropa va shundan keyingina Markaziy Osiyo mintaqasi zikr etiladi. Emishki, odamzod dastavval Afrikada paydo bo‘lganu keyin aytilgan tartibda butun dunyoga yoyilgan. So‘nggi yillarda ba’zi mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijalari bunday qarashni shubha ostiga qo‘ymoqda…
– O‘rta Osiyoda odamzodning paydo bo‘lishi masalasida fanda uch xil qarash mavjud. Dastlabki qarashga (“melting point” – yetilish nuqtasiga) ko‘ra, Afrikadan Sharqqa – Hindikush tog‘lari va Xitoyga yo‘l olgan Homo sapiens (Odam Ato va Momo Havo avlodlari – ajdodlarimiz) Markaziy Osiyo hududiga kelib qolgan va uzoq muddat shu yerda turg‘un yashagan. Boshqacha qilib aytganda genlar “etilgan”. Keyin ularning bir qismi Sharqqa, bir qismi G‘arbga yo‘l olgan. Natijada, G‘arb va Sharq odam genofondi shakllangan.
Ikkinchi faraz – “aralashish” yoki “admixture” nazariyasiga muvofiq, Afrikadan chiqqan dastlabki odamlarning bir qismi Markaziy Osiyo hududini chetlab o‘tib, Sharqiy Osiyoda qo‘nim topgan. Bu qarashga ko‘ra, Markaziy Osiyo xalqlari tsivilizatsiya natijasida G‘arbdan Sharqqa hamda Sharqdan G‘arbga ko‘chish davrida elatlarning aralashuvidan shakllangan. Uchinchi taxmin – “duragaylashish zonasi” (“hybrid zone”) nazariyasiga ko‘ra, Markaziy Osiyo hududida eng qadim zamonda yevropoid irqi yashagan, G‘arb va Sharq migratsiyasi davrida ular o‘zaro chatishib ketgan. Ushbu uch nazariyadan fanda ko‘proq tan olinadigani – ikkinchisi. Lekin bu farazga qo‘shilish qiyin.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy tekshirish institutlarida, jumladan, markazimizda ham bu yo‘nalishda ba’zi tadqiqotlar olib borilgan va izlanishlar hozir ham davom ettirilmoqda.
Tadqiqotlarda biz O‘zbekistonning 12 viloyatida yashayotgan, kamida uch avlodi o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan 100 kishining genlarini tahlil qildik va quyidagi xulosaga keldik: 1) o‘zbeklar genofondi g‘oyat xilma-xil; 2) o‘rganilgan individlarning 53 foizi – yevropoid, 47 foizi – osiyo geniga ega; 3) o‘zbeklarda o‘rganilgan genlarning umumiy yoshi 50700 yildan oshadi; 4) o‘zbeklarning genetik jihatdan qadimiylik tarixi G‘arb va Sharq aholisi o‘rtasida – markaziy o‘rinda turadi.
Mamlakatimiz aholisining kelib chiqishiga oid eng to‘g‘ri qarash, nazarimizda, “hybrid zone” nazariyasi bo‘lib, bugungi O‘zbekiston hududida G‘arb va Sharq migratsiyasidan oldin yevropoidlar yashagan va migratsiya davrida ular o‘zaro chatishib, duragaylashib ketgan. Tadqiqotlarimiz natijasida, ayniqsa, Surxondaryo viloyatidan olingan namunalardan topilgan inson tsivilizatsiyasidagi eng qadimiy genlar Markaziy Osiyodagi “hybrid zone” nazariyasiga ishonchni yanada oshiradi. Bunga ko‘ra, xududimizga G‘arb va Sharq migratsiyasidan oldin bizning xududimizda tarixiy shakllangan Yevropoid irqiga mansub ajdodlarimiz yashagan.
Bu boradagi ilmiy izlanishlarimiz natijalari xalqimiz genofondi tarkibini yanada chuqurroq o‘rganish, genom tarixi va evolyutsiyasini, jadal o‘zgarib borayotgan genom “mintaqalar”ni va uning tadrijiy yo‘nalishlarini kengroq aniqlash zarurligini ko‘rsatdi. Zero, ilmiy ma’lumotlardan tibbiyot va molekulyar farmakologiyada oqilona foydalanish xalqimiz salomatligini muhofaza qilish hamda xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
– Xalqaro ilmiy anjumanlarda ma’ruzalaringizni tinglaganlar bir holni mamnuniyat bilan e’tirof etishadi: o‘zbek tilida ham, inglizu rus zabonida ham qog‘ozga qaramay, barchaga tushunarli raso tilda, benuqson gapirar ekansiz. “Qishloqdan chiqqan bala” buncha narsani qachon o‘rganishga ulgurdi ekan, deb ko‘pchilikning havasi keladi…
– Gapim balandparvozroq tuyulsa-da, aytay: istiqlolimizning sharofati, yurtimizda yoshlar kamolotiga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor samarasidir bu! Ana shunday ulkan g‘amxo‘rlik bo‘lmaganida men kabi minglab yigit-qizlar, ayniqsa, chekka qishloqlardan chiqqan yoshlar xorijdagi nufuzli oliy ta’lim va ilmiy dargohlarda o‘qish, tajriba va malaka oshirish imkoniga ega bo‘larmidi? Yo‘q, albatta. Daraxt qurib-qaqshagan cho‘lda emas, saxovatli zaminda barq urib o‘sadi, meva beradi.
Ibrohim Abdurahmonov 1975 yili Namangan viloyatining Chust tumanidagi G‘ova qishlog‘ida tug‘ilgan. Oilada ulg‘aygan besh farzandning bari biolog. Bu – oila boshlig‘i, biologiya o‘qituvchisi Yo‘lchi Abdurahmonov tarbiyasining samarasi. 1992 yili Qarshi shahrida maktab o‘quvchilarining respublika olimpiadasida mashhur olim, akademik Abdusattor Abdukarimov bilan tanishuv Ibrohim Abdurahmonovning hayotida muhim ahamiyat kasb etdi. O‘shanda olimpiadada birinchi o‘rinni egallagan yigitchani akademik laboratoriyasiga ishga taklif qilgan edi. Maktabni oltin medal bilan tugatib, O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetiga o‘qishga kirgan talaba o‘sha yili laboratoriyada ish boshladi va hozirgacha u yerdan qadamini uzgani yo‘q.
– Taqdir meni ustozlardan siylagan, – deydi Ibrohim Abdurahmonov. -Abdusattor aka rahbarligida laboratoriyada muttasil tajriba orttirgan bo‘lsam, taniqli biolog va kimyogar olim G‘afurjon Mavlonovdan molekulyar biologiya sirlarini o‘rgandim.
1997 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan Texas Agrar-mexanika universiteti (AQSh) aspiranturasida tahsil oldim. Buni qarangki, Amerikada ham atoqli genetik olim, doktor Alan Pepper va haqli ravishda “AQSh paxtachiligining otasi” degan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan professor Kamol Elzik rahbarligida ilm o‘rgandim, tajriba oshirdim. Ana shunday nufuzli universitetlarda o‘qish va jahon fani darg‘alari qo‘lida saboq olish olim va inson sifatida shakllanishimda juda muhim omil bo‘ldi.
Ibrohim Abdurahmonov – AQShda chop etiladigan “International Journal of Plant Genomics”, “American Journal of Plant Sciences and Molecular breeding”, Ispaniyada chiqadigan “Journal of Integrated OMICs”, Buyuk Britaniyada nashr qilinadigan “International Journal of Plant Genomics” kabi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarning taxriyati a’zosi, Xalqaro g‘o‘za tadqiqotchilari uyushmasi boshqaruvi apparatining a’zosi. Bunday sharaf ham kamdan-kam olimga nasib etadi.
– Hozirgi zamonda umrini ilmga bag‘ishlashga ahd qilgan, olimlik unvoniga da’vogar odam qanday bo‘lishi kerak?
– Bu savolingizga katta hayotiy tajriba, boy ilmiy salohiyatga ega ustozlar javob bersa to‘g‘ri bo‘lardi. Ma’zur tuting-u, men o‘zimni hatto olimman deb aytishga tortinaman. Olimlik hamma zamonlarda ham yuksak nom, buyuk sharaf, ulkan mas’uliyat hisoblangan. Kishi professor, akademik unvoniga erishishi, yuzlab kitobu risolalar chop ettirishi, xalqaro tanlovlarda g‘olibu muzaffar bo‘lishi, o‘nlab shogirdlar tayyorlashi, lekin chinakam olimlik maqomiga yetolmasligi mumkin.
Fikrimni shunchaki, yo‘liga aytilayotgan soxta kamtarlik yo gapdonlikka yo‘ymang. Yaratganning go‘zal ismlaridan biri Olim emasmi?! Bu so‘zning zamirida g‘oyat zalvorli yuk mujassam: olim nafaqat keng bilim, yuksak insoniy fazilatlarga ega, el-yurtining eng ilg‘or farzandi ham bo‘lishi shart!
Tabiiyki, insonning hayotda o‘z o‘rnini topishi, diliga tukkan ezgu maqsadlariga erishishining yagona yo‘li – mehnatdir. Ilm o‘rganish igna bilan quduq qazishdek zahmatni talab etadi. Bolaligimizda otam – o‘rta maktabning biologiya o‘qituvchisi bot-bot aytar ediki, qadimda Sharqda uch kuchga – qilich, boylik va ko‘zguga ishonganlar. Shularning ichida eng afzali, inson o‘zligini anglab yetishining timsoli ko‘zgudir. Odamdan qilichu boylikni tortib olish mumkin, lekin uni egallagan bilimidan judo qilishning iloji yo‘q.
Hayotda oq-qorani taniy boshlagach kelgan xulosam shuki, qobiliyatsiz odamning o‘zi yo‘q. Har bir odamda ozdir-ko‘pdir Xudo ato qilgan iqtidor bor. Mamlakatimizda yoshlar salohiyatini har tomonlama namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Lekin bu imkoniyatlardan, afsuski, hamma ham samarali foydalana olmayotir. Sababi oddiy – o‘z kuchiyu iqtidoriga ishonmaslik, g‘ayrat-shijoatning yetishmasligi, maqsadning maydaligi. “Diplomni oldim, murodimga yetdim” qabilida ish tutish. Boshqacha aytganda, bizga shunisi ham bo‘laveradi, degan daqqiyunusdan qolgan aqidaga amal qilib, zamondan ortda qolish. O‘qib-o‘rganishga qo‘l siltash.
“Hayotda o‘z o‘rnimni topishim uchun nimalar qilishim kerak?” degan savolni o‘ziga qayta-qayta bergan Lev Tolstoy shunday xulosaga keladi: inson o‘z oldiga buyuk maqsad qo‘yib, unga erishish uchun kun sayin, soat sayin tinimsiz harakat qilishi, o‘qib-o‘rganishi, tirishib-tirmashishi, agar bu yo‘lda xatoga yo‘l qo‘yib, peshonasi qashqa bo‘lsa, avvalgidan ham kuchli ishtiyoq bilan olg‘a intilishi lozim.
Shu o‘rinda Markazimizda shijoatli yoshlar ko‘pligini alohida ta’kidlagim keladi. Aslida, buning ajablanarli joyi yo‘q. Zero, ilm, ijod, yaratish zavqi ko‘proq yoshlikka xos. Shveytsariyani yaxshi bilasiz. Tabiiy resurslari ko‘p emas. Hududining asosiy qismi tog‘u tosh, suvlikdan iborat. Lekin juda boy mamlakat, aholisi farovonlikda dunyoning oldi. Bank ishi, soatu shokolad deganda jahon ahli avvalo shu mamlakatni ko‘z oldiga keltiradi. Masalan, bunda kashf etilgan shokolad qaysi mamlakat, qaysi korxonada ishlab chiqarilmasin, olingan daromaddan Shveytsariyaga ulush to‘laydi. Mamlakat xalqini dunyoga tanitgan, boyitgan va boyitayotgan olamshumul kashfiyotlardan biri ana shu shirinlikdir.
Orzum – bizning ham o‘tkir intellektga asoslangan shunday milliy brendlarimiz ko‘payib, butun jahonni zabt etsa!
– Balki, yangi milliy brendlarimizdan birining nomi gen-nokaut texnologiyasi, “poshsho paxta” deb nisbat berilayotgan “Porloq” turkumidagi yangi navlar bo‘lar?
– Shoyad!
“Tafakkur” jurnali, 2014 yil 3-son.