Amerikada chiqadigan “Eskvayr” jurnali o‘zining 1935 yil oktyabr sonida E.Xemingueyning “Maestro” bilan muloqot” asarini e’lon qildi. Unda mashhur yozuvchi yosh qalamkashlarga, garchi hazil tariqasida, lekin foydadan xoli bo‘lmagan qimmatli maslahatlar beradi. Adibning Ki-Uestda va Kubadalik payti yozilgan maktublarida “maestro” so‘zi bot-bot uchrab turadi. Xo‘sh, “maestro” kim o‘zi? Bu adabiy qahramon emas, balki dongdor yozuvchi bilan rosa bir yil birga yashab, uning saboqlaridan oziq olgan real shaxs edi.
Birda Minneapolis dorilfununi jurnalistika fakultetining 22 yoshli bitiruvchisi Arnold Samuelson mahalliy “Tribyun” gazetasida amaliyot kursini o‘tarkan, Florida shtatiga, Xeminguey huzuriga bormoqchi bo‘ladi. O‘zining qadrdon Michigan shtatidan Floridagacha qariyb ikki ming kilometrli masofani yo‘lovchi ulovlarda bosib o‘tgan muxbir Xemingueyning uyini izlab topadi. Bir kuni tongda u to‘g‘ri yozuvchinikiga kirib boradi va dabdurustdan undan yozuvchilik borasida ta’lim berishini iltimos qiladi.
Shunisi ajablanarliki, Xeminguey kutilmagan mehmonning “kamtarona” iltimosiga ro‘yxushlik bildiradi: undan orzulari, kelajakdagi rejalari haqida batafsil so‘rab-surishtiradi. So‘ngra, baholiqudrat ko‘maklashishga va’da berib, yigitdan o‘zining mashhur “Pilar” yaxtasiga soqchilik qilishini so‘raydi va kuniga bir dollardan unga moyana ham tayinlaydi. Tirishqoq muxbir darrov rozi bo‘ladi va bir yil mobaynida o‘z vazifasini astoydil bajarib keladi. Ular deyarli har kuni baliq oviga chiqishar, ishdan bo‘sh paytlari u “Ota”ga skripkada kuylar chalib berardi. Shu bois uni hamma “maestro” deb chiqarar edi.
Ular ko‘pincha ochiq dengizda yolg‘iz qolishardi, shunda turmush haqida, odamlar va baliq ovi to‘g‘risida suhbat qurishardi, ammo “maestro”ni hammadan ham “ota”ning yozuvchilik xususidagi qarashlari qiziqtirardi. Sohilga qaytgach, u ustozining o‘gitlarini paydar-pay qog‘ozga tushirib borardi. “Maestro” qissa va hikoyalarini tahririyatlarga yo‘llar, lekin ular chop etilmasdan qolib ketaverar edi. Baribir intiluvchan yigitning mehnatlari zoye ketmadi – “Motor-boating” ovchilar jurnali uning hikoyasini bosib chiqaradi. Sevinchini yashirolmagan ustoz: “Endi seni ham yozuvchi desa bo‘ladi, maestro”, – deb qo‘yadi.
Oradan bir necha yil o‘tib, A.Samuelson o‘zining “Darbadarlar Meksikasi” romanini e’lon qiladi. 1955 yilda “Eskvayr” jurnali uning “Bitta – bu juda ko‘p degani” hikoyasini chop etgach, kutilmaganda ustozidan quyidagi mazmunda telegramma oladi: “Eskvayr”da bosilib chiqqan asaringizdan bag‘oyat mamnunman. Siz bilan faxrlanaman. Ezgu tilaklar bilan Ernest”.
Biroq Arnold Samuelsonning shu yillar davomida Xeminguey haqida, buyuk ustozi bilan Ki-Uestda va Kubada birga o‘tkazgan damlari to‘g‘risida kitob yozish bilan mashg‘ul bo‘lganligini hech kim bilmas edi. Faqat oradan to‘rt yil o‘tib, Samuelsonning vafotidan keyingina, qizi Diana otasining stoli ustidan “Ernest Xeminguey bilan yonma-yon” nomli kattagina qo‘lyozmani topib oladi. U 1984 yili AQShda kitob bo‘lib chiqdi. Quyida buyuk yozuvchining yosh muxbir bilan yozuvchilik mahorati xususidagi ayrim muloqotlari ilk bor e’lon qilinmoqda.
– Bir o‘tirishda haddan ziyod yozib yubormaslik – yozuvchilik faoliyatining ustivor qoidasidir. Botiningizda yig‘ilib qolgan kechinmalarning barini birvarakayiga to‘kib solmang. Ertangi kunga ham qoldiring. Yozuvchilikda eng muhimi – vaqtida yozishdan to‘xtay bilish. Qo‘lingiz kelib qolishini zinhor kutib o‘tirmang. Agar hammasi xamirdan qil sug‘urganday silliq ketayotgan va siz hikoyangizni qiziq joyiga kelib qolgansiz-u, u yog‘i nima bo‘lishini oldindan bilganday, – xuddi shu yerda o‘zingizga dam bering. Qog‘oz va qalamni chetga surib qo‘yib, u haqda boshqa o‘ylamang; hali pishmagan asar shuuringizda maromiga yetsin.
Kechasi miriqib uxlab olgach, ertasiga o‘zingizni tiniqqan his etsangiz, yozganlaringizni boshqatdan ko‘chirib chiqing. Qo‘lyozmaning kechagi qiziq joyidan boshlab, davomi qanday kechishini bilganingiz holda, diqqatni tortadigan joyga yetguncha qog‘oz qoralayvering. Ishni aynan shu yo‘sinda tugatganingizdan keyin, hikoyangizning maroqli va ajib lahzalarga boy chiqqanligiga ishonch hosil qilasiz.
Har kuni asarning avval-boshiga qaytib, uni yangitdan ko‘chirib chiqing. Salmog‘i xiyla oshgach, qo‘lga yana qalam tutish oldidan qissaning keyingi 1-2 faslini diqqat bilan o‘qib chiqing va ularni boshqatdan oq qog‘ozga tushiring. Haftada kam deganda bir marta qo‘lyozmaning muqaddimasiga qayting va barini bir boshdan yozib chiqing. O‘shanda sizda yaxlit asar paydo bo‘ladi. Qissa bitgach, sizningcha, uning matnidan olib tashlanishi kerak bo‘lgan so‘z va iboralarni qidirib toping. Eng asosiysi – aynan nimalarning keraksizligini anglab yetishda. Matndagi o‘rinsiz jumla va gaplardan voz kechishingizga qarab, iqtidoringiz nechog‘lik o‘sgani haqida fikr yuritish mumkin. Modomiki, qissangizdan, boshqa asarlarda baland nuqta hisoblanadigan epizodni tushirib qoldira olsangiz, ishonchingiz komil bo‘laversin: siz to‘g‘ri yo‘ldasiz…
Yozuvchilik ko‘tara savdo, og‘ir qo‘l mehnatidan iborat ish ekan, deb ko‘p ham ruhingizni tushiravermang. Bu – bor gap, lekin iloj qancha. Men “Alvido, qurol!”ning birinchi qismini salkam 50 marta ko‘chirib chiqqanman. Buning uchun katta sabr-toqat kerak. Ha, aytganday, o‘zing bilmagan narsaga zinhor qo‘l urmaslik lozim. Mutlaqo xayolot bilan bog‘liq narsalar poeziyaga daxldor. Qalamga olganingiz – joy, siz ta’rifini keltirgan odamlarni yaqindan bilishingiz lozim, aks holda asaringiz allaqanday bo‘shliqda osilib qoladi. So‘ng, yozish barobarida o‘ylab topaverasiz. Aytaylik, qissaning bir ulushini yozib tugatdingiz, ertaga nimalar haqida yozishni bilsangiz-da, indin, yana ikki kundan keyin yozilajak narsalardan mutlaqo bexabarsiz. Qissa nihoyasiga yetguncha ijod shu zaylda davom etaveradi.
– Ijod qilishga kirisharkansiz, miyangizda uning aniq belgilangan syujeti yo‘qligiga qaramasdan, qalam tutyapman deb o‘ylaysizmi?
– Eng yaxshi hikoyalarimni xuddi shu uslubda yaratganman. Agarda ko‘nglingizda hikoyaga arzigulik ajabtovur syujet bo‘lsa, darrov yozishni boshlang. Uni bir o‘tirishda qog‘ozga tushirasiz. Ammo-lekin eng zo‘r asar bir kunda emas, haftalar, oylar davomida bunyodga keladi. Bu anchayin mushkul, biroq nainki o‘zingiz, balki o‘quvchingiz uchun ham xiyla maroqli ish. Modomiki mashqlaringizdan biron jo‘yali narsa chiqishini o‘zingiz bilmas ekansiz, buni kitobxon qayerdan ham bilsin.
Keng jamoatchilik va tanqidchilar o‘rtasida e’tirof etilgan barcha ajoyib asarlarni mutolaa qilib borish kerak, chunki siz yozgan qissa yoki hikoya oldingilarnikiga o‘xshab qolsa, tabiiyki, ular sizga hech narsa bermaydi. Siz ulardan-da behroq va teranroq yozishingiz zarur.
Aytgancha, qaysi adiblarni sevib o‘qiysiz?
– Stivenson, Toro… Hammasini birdaniga aytib berolmayman-ku…
– “Urush va tinchlik”ni o‘qiganmisiz?
– Yo‘q.
– Judayam yaxshi roman. Albatta o‘qib chiqing. Hozir men xonamga o‘tib, birinchi navbatda o‘qib chiqishingiz shart bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini tuzib beraman.
Bir qarashda bir narsa deya olmayman-u, lekin jiddiy odam ko‘rinasiz… Sermulohazalik – ijodkor ahlining asosiy xislati. Qalami o‘tkir yozuvchining dovrug‘i olamni tutadi. Shuningdek, tasavvurga va ifodalilikka boyligi bilan bu mashg‘ulot yuksak san’at cho‘qqisi hamdir. Kishida salohiyat ham bo‘lishi shart. Axir ba’zilar umuman yoza olmaydi. Ba’zan uquvingiz yo‘qligini sezib qolsangiz, qanday ish tutgan bo‘lardingiz?
– Qaydam? Kishi o‘zida qobiliyat bor yoki yo‘qligini fahmlashi mumkinmi?
– Aslo. Iqtidor kutilmaganda yashindek yarq etib chaqnashi uchun yozuvchi tinmay yozishiga to‘g‘ri keladi. Zero, iste’dodingiz bo‘lsa, ertami-kechmi u albatta o‘zini namoyon etadi. Garchi yozuvchilik barqaror daromad manbai bo‘lmasa-da, sizga muntazam ijod qilib turishni maslahat beraman.
– Tasavvur haqida nimalar deya olasiz? Basharti yozuvchida fantaziya bo‘lmasa ham bo‘laveradimi?
– Ijod qilish jarayonida tasavvuringizni boyitib boring.
– Kishining o‘zi azaldan noshud bo‘lsa-chi?
– Ba’zan shunday ham bo‘lib turadi.
– O‘tgan yili men bir qancha shtatlarni darbadar kezdim, og‘ir yuk ulovlarini boshqardim. Sargardonlik ijodkor uchun yaxshi tajriba maktabi vazifasini o‘tashi mumkin deysizmi?
– Ha, o‘taydi. Bu mening ham boshimdan kechgan. Hozir esa oilamga tugal bog‘lanib qolganman. Bundan tashqari, o‘z shaxsiyatingni o‘rganmoqchi, yurish-turishingni kuzatmoqchi bo‘lsang, faqat yo‘l yurishdan ish chiqmaydi. Biron joyda xiyla vaqt qo‘nim topib, hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘rishing, o‘zligingni anglab yetishing lozim. Oddiy shart-sharoitlardan ham mahrum daydilarning bu qo‘nalg‘alaridan material to‘play bilish kerak. “Geklberri Finning sarguzashtlari”ni o‘qiganmisiz?
– Judayam ilgari.
– Yana o‘qib chiqing. Bu Amerika adibi qalamiga mansub eng ajoyib roman. Amerika adabiyotining ibtidosi bu. Stiven Kreynning “Moviyrang mehmonxona” romanini o‘qiganingiz bormi?
– O‘qiganim yo‘q.
– Mana sizga har bir yozuvchi mutolaa qilishi shart asarlar ro‘yxati. Bular bo‘lg‘usi qalamkash o‘zlashtirishi zarur majburiy ta’limning bir qismidir.
Stiven Kreyn – “Moviyrang mehmonxona”, “Ochiq kitob”
Gyustav Flober – “Bovari xonim”
Jeyms Joys – “Dublinliklar”
Stendal – “Qizil va qora”
Somerset Moem – “Bashariy ehtiroslar yuki”
Lev Tolstoy – “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina”
Tomas Mann – “Buddenbroklar”
Jorj Mur – “Idealizmning inkor etilishi”
“Ingliz she’riyatining Oksford kitobi”
F.M.Dostoyevskiy – “Aka-uka Karamazovlar”
Eduard Kammings – “Mahobatli xona”
Sharlotta Bronte – “Jen Eyr”
Genri Jeyms – “Amerikalik”.
Mabodo ushbu asarlarni o‘qimagan bo‘lsangiz, unda badiiy saviyangiz past ekan. Bu asarlar o‘zida yozuvchilik san’atining turli uslublarini mujassam etgan. Ularning ayrimlari sizni zeriktirsa, ba’zilari shunday mahorat bilan yozilganki, roman-navislik sizga, go‘yo erishib bo‘lmaydigan orzudek tuyuladi.
– Romanni boshlashdan avval uning syujetini rivojlantirish maqsadida, albatta, reja tuzib chiqish, hali yozilmagan asarni boblarga ajratish kerakligi to‘g‘risida o‘qiganman…
– Bekor gap! Basharti reja asosida yozadigan bo‘lsangiz, unda kitobxon sizni bir zumdayoq fosh etib qo‘yadi. Bayon usulingiz zo‘rma-zo‘raki chiqadi, fantaziyangiz qovushmay, g‘ayritabiiy ko‘rinadi. Ba’zan bularning bari nima bilan tugashi sizga oldindan ma’lumdek tuyuladi. Biroq qalamga qo‘l urganing hamon hammasi butunlay boshqacha tus oladi. Asarning fasli qayerda tugashini yosh ijodkorlar ham bilishadi. Men esa romanni yozib tugatmaguncha uni fasllarga ajratmayman.
– Yozuvchi o‘z faoliyatini gazeta va arzon-garov nashrlardan boshlashi kerak deyishadi…
– Mutlaqo noto‘g‘ri! Bu safsataga aslo ishonmang! Yozuvchi bo‘lishga ahd qildingmi, pul topishni muxbirlik yoki boshqa kasb-kordan axtarishing kerak. Darvoqe, mo‘may pul topish uchun yozuvchilik qilish shart emas. Agarda kundalik yoki haftalik nashrlar uchun har xil bo‘lmag‘ur narsalar yozish bilan o‘zingni ovora qilaversang, natijada hech qachon qalam tebratishni o‘rgana olmaysan. Buning uchun kishi bir muddat muxbirlik qilib ko‘rishi, barmoqlarini qavartib ishlashi zarur, chunki yaxshigina “chigil yozdi” mashg‘uloti – jurnalistika tilni mukammal egallash omili bo‘lib xizmat qiladi. Va yana har kuni mashq qilib turish lozim. Ko‘rgan-kechirganlarin-gizni oq qog‘ozga tushirib borishga, ularning jonli va yorqin bayon etishga erishmog‘ingiz darkor. Mopassanga shunday yozishni Flober maslahat beradi. Biron narsani, aytaylik, bandargohdagi yuk vagonini, dengiz bo‘g‘ozida guvranayotgan to‘fonni bezovta mavjlanayotgan dengiz suvlari-ni qalamga oling. Bularning bariga ruhiy taassurotlaringizni jo qilib yozing. Zero, mana shunday har kuni yozib borishni odat qilsangiz, ularni jon deb o‘qib chiqardim.
– Bir kunda nechta so‘z yoza olasiz?
– Har xil. Ba’zan bir o‘tirishda ancha-muncha qog‘oz qoralab tashlayman, gohida bir necha kunlab qo‘lim kelishmay qiynalib yuraman.
– Bernard Shou, yozuvchilikni bo‘yniga olgan kishi har kuni kam deganda mingtagacha so‘z yozib borishi kerak, deb ta’kidlaydi.
– Yo‘q, bu judayam ko‘plik qiladi. Bir kunda mingta so‘z bitish – bag‘oyat mushkul ish. Basharti shu zaylda ishlaydigan bo‘lsangiz, ko‘p o‘tmay iyig‘ingiz chiqib ketib, har xil bo‘lmag‘ur narsalarni yoza boshlaysiz. Bir kunda 500 ta so‘z yozganingizdayam, buncha ko‘p siyqa gap-so‘zlar “tizimi”ni kitobat etadigan noshirni topish judayam qiyin. Bir yuz sakson mingta so‘z – bu bir yilda ikkita roman degani.
– Nima bo‘lgandayam yozuvchilikka ishtiyoqim baland. Biroq har safar, qo‘limga qalam tutarkanman, o‘zimni behud va nochor his qila boshlayman.
– Bu hali hech narsa degani emas. Masalan, men har gal, yozishga o‘tirarkanman, loaqal ikki misra xat bitishgayam ojizdek sezaman o‘zimni. Yozuvchilik naqadar zahmatli ish. Bu kasblar orasida eng mushkuli! Agarda u oson bo‘lganida, unda hamma yozuvchilikni ixtiyor etarmidi… Kamdan-kam kishilarning qo‘lidan kelgani uchun ham ularga yaxshigina pul to‘lashadi. Shuning uchun yozgandayam zo‘r yozish kerak!
– Hikoyangiz o‘qishli chiqishi uchun nima qilish kerak?
– Anchayin kishilar qiziq bir voqeani oq qog‘ozga tushirib, uni ta’sirchan bayon eta oladilar. Hamma gap hadeganda ko‘zga tashlanavermaydigan osuda, jo‘n voqeani qiziqarli, sermazmun, hissiyotlarga boy qilib ifodalay bilishda.
– Eng yaxshi asarlaringiz shaxsiy hayotingizdan olib yozilganmi?
– Men ularni o‘ylab topganman. Voqea, hodisalarni bichib-to‘qish kerak. Shaxsiy hayotini kuzatgan o‘n kishingizdan atigi bittasining kechinmalarini qalamga olish mumkin. Masalan, biron tanishingizni yoshi, ism-familiyasi, nasl-nasabini o‘zgartirib, uni umrida ko‘rmagan mamlakat fuqarosi qilib, undan ishonarli personaj yaratish mumkin. Asar qahramoni uchun biron qiziqarli holat yaratib, voqea-hodisalarning jonli, to‘laqonli chiqishiga erishing. Agar o‘ylab topish, kashf etish hadisini egallab olgan bo‘lsangiz, ko‘nglingizga siqqanicha yozavering.
Miyangizga ajoyib bir fikr kelib, sizni bezovta qila boshlasa, darhol uni qog‘ozga tushiring. Bir o‘tirishda yaratiladigan asarlar aynan shunday yoziladi. Yodimda, birda ikkita hikoyani birdaniga yozib tashlaganman. Bittasini tamomlab, hech qanday charchoq his qilmadim va ikkinchisiniyam qotirib tashladim. Siz tayyor hikoyangizni 1-2 hafta chekkaga tashlab qo‘ying. Keyin, uni o‘qiyotganingizda, sizda muallifning emas, o‘quvchining tasavvuri uyg‘onadi…
– Mendayam yozuvchilik iqtidori shakllanarmikin?
– Buning uchun sizda barcha imkoniyatlar mavjud. Basharti har birimiz dovrug‘i olamni tutadigan buyuk yozuvchi bo‘lishdek ro‘yoga xomtamalikdan kechsakkina, orzu-umidlarimiz ushalishi mumkin. Men ibratli umr yo‘lini bosib o‘tgan insonga adabiyot eshiklarini ochib berdim. Uning nechog‘lik uslubda yozishi anchayin muhim emas, zero yaxshi asar yozgan bo‘lsa, u albatta o‘z noshirini topadi.
– Kishi o‘ziga to‘g‘ri yo‘l tanlaganligini idrok eta olishi mumkinmi?
– Botinida allanima buni unga eslatib turadi.
– Bilasizmi, men yakkash chiroyli so‘zlarga uchib yuraman…
– Bu – ko‘plarning qusuri. Keng kitobxonlar ommasi o‘rtasida dovrug‘ qozongan adabiyot hech qachon o‘z mavqeini yo‘qotmaydi. Sen o‘zing hamisha muloqotda bo‘lib kelgan odamlarning so‘z boyligidan o‘z lug‘atingni qidirib topishing lozim. Bu asrlar sinovidan o‘tgan kalomdir. Oddiy, jo‘n so‘zlar – so‘zlarning eng afzalidir.
Ruschadan Ilhom Hafizov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 6-son