Uzoq vaqt, hatto qayta qurishning ilk bosqichida ham jumhuriyatimizda bir qolipdagi fikrlash hukmron mavqega ega edi. Keyingi bir-ikki yil ichida har qalay ko‘pchilik o‘zining yuragida necha zamonlardan beri saqlab kelayotgan dard-kasofatlariyu ezgu-niyatlarini to‘kib solishga jur’at etmoqda. Vaqt nuqtai nazaridan olib qaraganda, fikrlar o‘sishi shu qadar tezobki, kechagi jasoratli gap bugun oddiy tuyulayotir. Kecha amalga oshishi mumkin bo‘lgan ishlar bugun ro‘yobga chiqmoqda. O‘zbekiston SSR Oliy kengashi deputatlarining so‘nggi anjumanida Mustaqillik bayonnomasining (deklaratsiya) qabul qilinishi, iyun oyidagi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston jumhuriyatlari rahbarlarining Olmaotadagi uchrashuvidan keyin xalqimizning dardiga mustajob bo‘lganday bo‘ldi. Taniqli jamoat dastlab Olmaotada bo‘lgan uchrashuv haqida ketdi.
E. Vohidov. Olmaota uchrashuvi har tomonlama muhim ahamiyatga molikdir. Tili yaqin, dili yaqin, yerlari bir-biriga tutash, bir daryodan suv ichib, to‘yu ma’rakasi quvonchi va kulfati bir bo‘lib kelgan o‘zbegu qozoq, turkmanu tojik, qirg‘izu qoraqalpoq xalqlari 1924 yildagi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston jumhuriyatlarining chegaralanishi bilan bir-biridan sun’iy tarzda ajratildi. Ulug‘ davlatchilik shovinizmining beshafqat boltasi ming yillardan buyon sayqal topgan qon-qarindoshchilik daraxtining ildiziga bolta urdi. Ona Turkiston mayda-mayda bo‘laklarga ajratilib, bir-biri bilan bevosita markaz orqali aloqa qila boshladi. Shu kungacha bir-birlariga ola qarash nimaligini bilmagan og‘aynilar, «seniki-meniki» deya arzimagan narsalar ustida tortisha boshladi. Yer-suv talashish u yoqda tursin, hatto o‘tmishdagi daholarni ham tinch qo‘yishmadi. Millatlar o‘rtasiga nifoq solib, ularni o‘z izmiga bo‘ysundirish — Stalin siyosatining ko‘zlagan maqsadi edi. Bir-biri bilan tomorqasi tutash qo‘shnilar o‘z qondosh tillarida so‘ylashish o‘rniga o‘ris tilida so‘zlashga o‘tishdi. O‘rtada mehr-oqibat, hurmat-e’tibor ko‘tarildi. Olmaotadagi yig‘in shu ma’noda muhimki, jumhuriyatlar kelajakda o‘z taqdirlarini o‘zi belgilashsa ular yakka-yakka holda ko‘zlangan muddaoga erisha olmasligi aniq. Negaki, ularning iqtisodiyoti qaysidir jihatlari bilan bir-biriga bog‘liq. Ittifoq doirasidagi ahvolimizning o‘zi shunaqa. Maboda hudud xalqlari birlashgudek bo‘lishsa, unga hech qanday kuch tahdid sololmaydi. Axir bu zaminda qanchadan-qancha qazilma boyliklar bor. Bu tuproqda xamma turdagi noz-ne’matlar yetishtiriladi. Uzoq bir jumhuriyatning fabrikasini paxta bilan ta’minlab, ulardan go‘sht olish o‘rniga Qozog‘iston bilan aloqa qilsak ma’qul emasmi? Ham yaqin, ham qulay.
Muxbir. Erkin aka, ezgu ishning kechi yo‘q deyishadi-yu, ammo Olmaota uchrashuvi baribir kechikib bo‘ldi. Ehtimol, u biroz ilgariroq o‘tganda O‘shdagi fojia sodir bo‘lmasdi.
E. V. Juda, juda kech. O‘shdagi fojianing asl mohiyati ham, umuman millatlar orasidagi nifoqning ildizi xam shovinizmga borib taqaladi. Bu bir tomondan, millatning o‘zligini unutish, tarixdan uzilib qolishi bo‘lsa, ikkinchisi o‘zga millatlarga nopisandlikdir. Bugungi kutilmagan fojialarning bosh sababini shundan qidirish kerak.
M. Gapingizga yuz foiz qo‘shilgan xolda bir fikrni qistirib o‘tmoqchiman. Ro‘y berayotgan milliy nizolardan kimlardir manfaatdor degan gaplar bo‘layapti. Nahotki shu rost?
E. V. Biron bir dalil-isbotsiz bunday deyish noto‘g‘ri. Ammo kishini taajjublantiradigan joyi shuki, olis qit’aning kichik bir mamlakatidagi voqealarning miridan-sirigacha xabardor bo‘lgan, yerning tagida ilon qimirlasa bilishlarini pesh qiladigan Davlat xavfsizlik qo‘mitasi, qolaversa militsiya, partiya, sovet idoralari nima uchun yuz berayotgan fojialardan doim g‘aflatda qolishadi? Nima uchun fojianing asosiy aybdorlari xalq va davlat oldida javob bermaydi? O‘zaro qonli nizolarning oldini olish Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga taalluqli emasmi? Davlat xavfsizligini ta’minlash, xalq xavfsizligini ta’minlashning o‘zi emasmi? Farg‘ona yoki O‘shda bo‘lib o‘tgan fojialar birdaniga ro‘y bergan emasligi, ularga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani matbuotda necha marta yozildi. Menimcha, savollar shu tarzda qo‘yilgani ma’qul.
M. Erkin aka, Oliy kengashimiz oshkoralik qo‘mitasining raisi sifatida bizda oshkoralikning bugungi ahvoli to‘g‘risida nimalar deya olasiz? Oshkoralik qo‘mitasi tomonidan qanday ishlar qilindi?
E. V. O‘zbekistonda ilgarigiga nisbatan oshkoralik, o‘z fikrini erkin aytishda o‘zgarishlar bo‘ldi. Oliy kengashimizning sessiyalari oynai jahon orqali to‘la-to‘kis ko‘rsatilayotgani xam bunga misol. Ammo oshkoralikning ahvolini markaziy hududlar bilan solishtirib ko‘rsak, hali bizda yo‘q hisobi. Dastlab o‘z e’tirozimni ommaviy axborot vositalariga bildirmoqchiman. Otaxon gazetalarimiz «Sovet O‘zbekistoni», «Pravda Vostoka» gazetalari xamon eski qolipdan chiqolmayapti. Ommaviy-axborot vositalari ustidan partiya yakkahokimligini tugatish fursati keldi. Yaqinda oshkoralik qo‘mitasi Oliy kengashining gazetasi «Xalq so‘zi»ning tashkiliy tomonlari va nizomini ishlab chiqdi. Shuni aytishim mumkinki, bu gazeta har jihatdan partiya matbuotiga nisbatan mustaqil bo‘ladi. Shuningdek, jumhuriyatimiz matbuoti haqidagi qonun loyihasi ham oshkoralik qo‘mitasida ishlab chiqilmoqda. Qabul qilinadigan qonunlarda erkin fikr, oshkoralik, fikrlar turli xilligi, ustivor bo‘lmog‘i lozim. Toki ommaviy axborot vositalarida hech bir tashkilot, guruh yakkaxokimlik qilmasin.
M. Erkin aka, boshqariladigan bozor iqtisodiyoti deyapmiz, xususiy mulkchilik deyapmiz, ammo SSSR Vazirlar kengashining raisi N. Rijkovning SSSR Oliy kengashiga qilgan ma’ruzasida narx-navolarni ikki-uch barobar ko‘tarish haqida gap bo‘ldi. Narsalarni qimmatlashtirib durustroq natijaga erishishga ko‘zim yetmaydi.
E. V. Avvalo boshqariladigan bozor iqtisodiyoti haqida to‘xtalmoqchiman. Narx-navoni oshirish bu bozor iqtisodi degani emas. Bizda bozor iqtisodi hozir ham bor. Faqat nosog‘lom bozor, davlat monopoliyasiga aylangan bozor hamda chayqov bozori. Chet el ayollar tuflisi to omborxonadan magazinga, undan chayqovchiga o‘tguncha necha marta qo‘ldan-qo‘lga almashadi. Natijada xaridor buyumni haqiqiy bahosidan 4-5 marta qimmatiga sotib olishga majbur. Sog‘lom bozor siyosatiga o‘tilganda mehnat o‘zining qadr-qimmatini topadi. Xo‘jasizlik barham topadi. Dunyo mamlakatlaridan bu borada o‘rgansak arziydi, ularda hamma narsaning egasi bor. Biz inson mehnatini inson tasarruf qilmaydigan jamiyat quramiz, deb oxir-oqibat shunday bo‘ldiki, davlatning o‘zi ashaddiy quldorga aylanib qoldi. Odam bu mehnatidan manfaatdor bo‘lmay, aksincha qancha ko‘p mehnat qilsang, davlat shuncha yulib qolishga o‘tdi. Tasavvur qiling, bizda mehnatkash o‘z mehnati pirovard qimmatining bor-yo‘g‘i 25—30 foizini ish haqi sifatida oladi. Ilg‘or kapitalistik mamlakat ishchisi qilgan mehnatining 80 foizini olishi mumkin. Ishlash sharoiti, texnika darajasini solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, manzara yanada oydinlashadi. Davlat bir tomondan jamiyatni, halollikka, olijanoblikka chorlab, ikkinchi tomondan uni qon qaqshataverdi. Sog‘lom bozor iqtisodiyotining o‘tish jarayonida korxonalarni fuqarolarga sotish, xususiy mulkchilikka keng yo‘l ochish zarur. Manfaatdorlik hissi bo‘lmas ekan, ishimiz olg‘a siljimaydi. Jamiyatimiz hammani bir qolipda fikrlashga majbur qilishdan tashqari, hammani bir xil kun kechirishga majbur qildi. Och bo‘lsak xam, yalang‘och bo‘lsak ham tinch yuraylik. Hech vaqt besh qo‘l baravar emas. Kimdir oyoq-qo‘li chaqqon, tezroq ishlaydi, kimdir o‘rtacha, ikkovining mehnatini bir xil baholash aslo mumkin emas. Tabiat kimgadir birovning yo‘l-yo‘rig‘i bilan ishlash qobiliyatini, kimgadir boshqarish, ishbilarmonlik iqtidorini bergan. Bu — qonuniyat. Tabiatning qonunlari esa isbot talab qilmaydigan aksiomadek gap. Insoniyat shakllanishidan buyon kechgan barcha tuzumlarda amal qilingan xususiy mulkning sotsializm sharoitida yo‘qotilishi, odamlardan zavod-fabrikadan tortib tovug‘igacha tortib olinishi — fojianing boshi shunda.
M. Suhbat asnosida mustaqillik borasida ancha gaplashdik. Siz jumhuriyatimizning mustaqilligini qanday tasavvur qilasiz?
E. V. O‘zbekiston og‘ir iqtisodiy, ekologik, tushkun ijtimoiy ahvolda. Oddiy mehnatkashlarning hayotida hali sezilarli o‘zgarish bo‘lmadi. Aholining hech bir tabaqasi maqtovga arzirli xayot kechirmayapti. O‘zbeklarning 80 foizi qishloqda yashaydi. Ularning ko‘pchiligi nochorlikda tirikchilik o‘tkazayapti. Xalqimizning umumiy siyosiy-ijtimoiy darajasini ham shunga bog‘lash mumkin. El-ulusning ruhini faqat iqtisodiy tanglikni tugatish bilangina yaxshilash kifoya qilmaydi. Xalqqa xar tomonlama — xam ma’naviy, ham moddiy rag‘bat zarur. Mustaqillik to‘g‘risida bayonnoma (deklaratsiya) qabul qilindi. Bu yaxshi ish. Ammo hali bironta jasoratli ish qilishga botinolganimiz yo‘q. Qog‘ozdagi mustaqillik esa xalq ko‘nglini bexuda xotirjam qiladi, xolos. Ma’naviy mustaqillik avvalo iqtisodiy mustaqillik zaminida yaratiladi. Iqtisodiyoti qudratli bo‘lmagan davlat ma’naviy inqirozga mahkum. Shuningdek, ma’naviy jihatdan orqada qolish ham iqtisodiyotning oyog‘iga tushov. Siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy mustaqillikka intilish — jumhuriyat taraqqiyotida yangicha bosqichga o‘tilganidan darak beradi. Olmaotadagi uchrashuvdan kutilgan murod: agar ertami-indin mazkur hudud jumhuriyatlari o‘z mustaqilliklarini qo‘lga kiritsalar bir-birlarining yordamisiz hech narsaga erisholmasligi aniq. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, markaz orqali rejalashtirish oqibatida uzoq yillardan buyon har bir jumhuriyat ishlab chiqarishning ma’lum bir sohasida ixtisoslashgan.
M. O‘zbekiston iqtisodiyotining orqada qolishiga uning faqat xomashyo manbaiga aylanib qolganligini sabab qilib ko‘rsatish to‘g‘rimi?
E. V. Dunyoda shunday mamlakatlar borki, faqat bir turdagi mahsulot ishlab chiqarishlariga qaramay farovon yashashadi. Jumhuriyatimiz yolg‘iz paxtaning o‘zidangina katta daromad qilishi shubhasiz. Faqat paxtaning xarid narxi to‘g‘ri baholansa, mehnat sarfiyotiga sog‘lom nuqtai nazardan qaralsa, o‘zbek dehqonining ham kosasi oqarishi mumkin. Bug‘doyning narxi uch karra oshirilganda paxtaning narxi atigi 46 foizga ko‘tarilsa, bu kuppa-kunduzi qilingan yo‘lto‘sarlikdan boshqa narsa emas. Kelajakda jumhuriyatimizda paxta, pilla va boshqa maxsulotlarni qayta ishlaydigan pirovard maxsulot tayyorlaydigan korxonalarni ko‘paytirish zarur. Bu bir tomondan ortiqcha ishchi kuchlarini mehnatga jalb etsa, ikkinchi tomondan mehnat sarfiyotiga loyiq daromad olishga imkon tug‘diradi.
M. Erkin aka, keyingi paytda chekka-chekkadan xalqimiz sha’niga noo‘rin ta’na toshlari otilganligining guvohi bo‘ldik. O‘ylab qolaman, nahotki xalqimiz shu haqoratlarga munosib bo‘lsa?
E. V. Bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizliklarni eslash har qancha og‘ir bo‘lmasin, voqelikdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Xalqimiz aybsiz aybdor qilindi, uning nomiga nomunosib tamg‘alar taqildi. Eng alam qiladigani, jumhuriyatimiz taraqqiyot darajasida «Uchinchi dunyo» mamlakatlaridan ham orqada qoldi. Kelgusida barcha jabhalarda tub burilish bo‘lmas ekan, yuqoridagidek gaplar barham topmaydi. Insoniy mehr-oqibat, diyonat, erk, imon-e’tiqod, qadr-qimmat toptalgan yurtdan fayz-baraka ketadi.
M. Siz «Erk» demokratik partiyasining faollaridan biri sifatida, KPSSning XXVIII s’ezdidan nimalarni kutgandingiz? Umidlaringiz oqlandimi?
E. V. Partiyaning navbatdagi s’ezdidan yolg‘iz men emas, butun mamlakat umidlanib katta o‘zgarishlarni kutgan edi. Afsuski, umidlarim ro‘yobga chiqmadi.
M. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan buyon bir yilga yaqin fursat o‘tdi. O‘zbekiston xalq deputatlari oliy kengashining anjumanlari o‘zbek tilida o‘tmoqda. Lekin ko‘pgina idoraviy ishlarda o‘zbek tilining o‘rni xamon sezilmaydi. Shu jihatdan qonun qabul qilinishidan qanchalik quvonmaylik, baribir uning ijrosidan ko‘ngil to‘lmayapti.
E. V. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani nechog‘li ijobiy ahamiyat kasb etmasin, qonun ijrosi to‘g‘risida qayg‘urmasak bizda hamma vaqt bo‘lganidek qog‘ozda qolib ketaveradi. Jumhuriyat oliy kengashining majlislari davlat tilida o‘tayotganligiga qaramasdan, kichkina bir korxonada mahalliy millat vakillari ko‘pchilikni tashkil etishsa-da, kundalik majlislar o‘ris tilida olib borilishi g‘oyatda achinarli. Bu borada ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi, deb xotirjam yurmasdan, faol harakatni davom ettirish kerak. Bu har birimizga, ayniqsa ziyolilarimizga bog‘liq.
M. Siz O‘zbekistonning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
E. V. El qatori men ham xalqimizning ertangi kuni yaxshi bo‘lishidan umidvorman. Bugun jumhuriyat ahlining fikri ham shunday. Iqtisodiy, siyosiy mustaqillik — hammamizning dasturilamalimiz shu bo‘lishi kerak. Buning uchun dastavval maorif, matbuot, adabiyot va san’at sohalarida tub burilishlar zarur. Moorif sohasida qilinadigan islohotlar bu ishlarning eng muhimi.
«Bir kolip»dagi fikrlashdan voz kechish, o‘z tariximizni, urf-odatlarimizni ta’lim-tarbiya sohasida tiklashimiz shart. Adabiyotda ham siyqa fikrlardan voz kechish, adabiy merosga bo‘lgan eskicha qarashlardan xoli bo‘lish kerak. Agar shu islohlarni ko‘ngildagidek amalga oshirolsak, milliy o‘zligimizni anglash jarayoni tezlashadi. Har bir kishining mustaqil fikrlay olishi bu yo‘ldagi muhim qadamdir.
M. Sizga eng so‘nggi savolim. Shuncha suhbatlashdigu, adabiyot haqida, she’riyat xaqida biron narsa demadingiz. Jamoat ishlaridan ortib ijodiy ishingiz bilan shug‘ullana olayapsizmi?
E. V. Jamoat yumushlari ko‘p vaqtimni olib qo‘yayotganiga qaramay ijodiy ish qilishga ham imkon topishga xarakat qilayapman. Ammo judayam vaqt tig‘iz. Shu yil nashriyotda to‘plamim chop etilmoqda. Yana yangi asarlar yozish niyatlarim bor. Sog‘-omon bo‘lsak bu yog‘ini ham ko‘raveramiz.
M. Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
E. V. Rahmat.
Suhbatni Abdumajid Azim olib bordi.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 9-son