Dunyoga mashhur aktyor, tom ma’nodagi kinematograf Charli Chaplin shaxsiga bugungi davr nigohi bilan nazar solinsa, kichik jussali yirik siymo, xossasi noyoblik bilan belgilanuvchi, vaqt hukmi zaha yetkazolmas bir bebaho daho namoyon bo‘ladi. U yaratgan obrazlar zamon silsilasida nafaqat san’atdagi yangilanish, betakrorlik timsoli, shuningdek, mumtozlik maqomiga munosibligicha qolmoqda.
1966 yilda amerikalik jurnalist Richard Merimenning Charli Chaplin bilan qilgan suhbatida bu buyuk san’atkorning ijodiy qarashlari, ilhom manbai nima ekanligini chaplincha lo‘ndalik va oddiylik bilan oshkor etilgan. Mazkur suhbat turli sabablarga ko‘ra, o‘ttiz yil mobaynida ommaga e’lon qilinmagan. Suhbatni o‘qib, o‘z daholigidan bexabar dahoning sodda va samimiy olamiga yana bir bor tashrif buyurasiz, degan umiddamiz.
Richard Merimen: Suhbatimiz faqat va faqat ijodiy faoliyatingizga bag‘ishlanadi. Ish jarayonlaringiz qanday kechishini biroz yoritsam degandim…
Charli Chaplin: Buni ikki og‘iz so‘z bilan shunday ta’riflash mumkin: men ishimga befarq emasman. Nima bilanki shug‘ullansam, hech biriga loqayd qarolmayman. Mabodo qo‘limdan ko‘proq boshqa ish qilish kelganida, o‘sha ish bilan shug‘ullanar edim. Lekin boshqa ish qo‘limdan kelmaydi.
RM: Suhbatimiz avvalida daydi obrazining qanday qilib dunyoga kelganini so‘zlab bersangiz.
ChCh: Hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldi. Operator mendan qandaydir kulgili grim o‘ylab topishimni so‘radi, xayolimga esa biron-bir jo‘yali narsa kelmasdi. Shunda kiyimxonaga yo‘l olib, o‘ylay boshladim: tasavvurimizdagidan biroz boshqacharoq, qandaydir teskari obraz yaratilsachi, deylik, qopdayin shim, tor palto, katta boshiga kichikkina shlyapa qo‘ndirgan odam. Qiynalgan, ammo shunga qaramay, jentlmen. O‘shanda bu obrazning yuzi qanday qiyofada bo‘lishi kerakligini hali bilmasdim, lekin u, albatta, qayg‘uli va jiddiy bo‘lishi zarur edi. Undagi komizmni berkitish istagida kalta mo‘ylovni o‘ylab topdim. U personaj xarakterini ko‘rsatish uchun emas, bor-yo‘g‘i ayrim tentakliklarini bildirib turishga mo‘ljallangandi. Kalta mo‘ylov yuz ifodamni ochiq ko‘rsatishga xalaqit bermasdi.
RM: O‘zingizni bu qiyofada ilk bor ko‘rib, qanday fikrga kelgansiz?
ChCh: Fikrim yomon emasdi. Favqulodda hayajon bo‘lmagan, toki kamera qarshisiga chiqmagunimcha. Kadrga kirayotib, shunga mos kiyimda bo‘lganim uchun bu menga yaxshi turtki bergan. O‘zimni juda yaxshi his qilganman, shundanmi, qahramon o‘z-o‘zidan jonlana boshlagan. “Meyblning g‘aroyib vaziyatdagi ahvoli” filmidagi sahna mehmonxona foyesida kechadi, o‘tkinchi daydi u yerda bahuzur o‘tirib, biroz dam olish imkoniga ega bo‘lish uchun o‘zini mehmonlardan biri qilib ko‘rsatishga urinadi. Atrofdagilarning barchasi uni shubha bilan kuzatishardi, men esa odatda aynan mehmonxonadagilar bajaradigan ishlarni qilishga intilardim: qaydlar daftarini ko‘zdan kechirardim, tamaki tutatib, yonimdan o‘tib ketayotgan odamlarga razm solardim. Keyin birdan tupdonga qoqilib ketaman. Bu men ijro etgan birinchi kulgili epizod edi. Shu tariqa personaj dunyoga kelgan. Nazarimda, yomon chiqmadi. Biroq keyinchalik ijro etgan personajlarim har doim ham komedik epizodlarda ayni shu usuldan foydalanishmagan.
O‘zgarishsiz saqlab qolishni istagan yagona narsam – bu daydining kiyinishi ham emas, balki uning xasta oyoqlari edi. U harchand tinib-tinchimas va serg‘alva bo‘lmasin, oyoqlari mudom toliqib, shishib yurardi. Tovonlarim o‘lchami kulgili darajada kichkina bo‘lgani bois, eskirgan bir juft katta poyabzal so‘radim va o‘sha oyoq kiyimi yurishimga kulgili tus bag‘ishladi.
RM: Sizningcha, daydi obrazini bugungi kunda ham yaratish mumkinmi?
ChCh: Zamonamizda daydining o‘z o‘rnini topib ketishi amrimahol, menimcha. U davrlardan buyon bizning dunyo anchayin tartibga kelib qoldi. Ammo baxtliroq joyga aylandi, deb sira o‘ylamayman. Soch o‘stirib, kalta kiyimlarda yurgan yigitlarni uchratganim bor, fikrimcha, ularning aksariyati daydi bo‘lishni xohlagan bo‘lardi. Endi esa burungi kamtarlikdan asar ham yo‘q. Ular kamtarlik nimaligini tasavvur ham qilisholmaydi, bu tushuncha o‘ziga xos sarqitga aylandi. Kamtarlik, soddalik o‘zga davrniki. Mana shuning uchun ham bugun daydiga o‘xshash obrazni yarata olmagan bo‘lardim. Bunga yana bir sabab, shubhasiz, ovozdir. Ochig‘i, daydining ovozi qanday bo‘lishi kerakligini tasavvur ham qilolmayman. Shu bois, ekrandan ketishiga to‘g‘ri keldi.
RM: Uni bunchalik ko‘zga yaqin qilgan jihat nimada?
ChCh: Daydida olijanob qashshoqlik bor edi. Vaholanki, har qanday suv sotuvchisi ham bashang kiyinishni xohlaydi. Personajimning menga ma’qul tomoni – uning har ishda sinchkovligi va nozik didga egaligidir. Ko‘zga yaqinligiga kelsak, bu meni ko‘p ham qiziqtirmagan. Daydi – botinimdagi men ifodalashni istagan qiyofa edi. Tomoshabinlarning unga munosabati men uchun muhim bo‘lsa-da, hech qachon ularga bevosita suyanmaganman. Chunki auditoriya film suratga olinayotgan paytda emas, u yakunlagandan so‘ng paydo bo‘ladi. Men ba’zan ruhiyatimning o‘zida kuzatiladigan ma’lum kulgi uslubiga har doim murojaat qilganman. Bu chindan ham ajoyib.
RM: Kulgili holatlarning izchillik kasb etishi-chi? Bu o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladimi yoki ma’lum jarayonlar natijasimi?
ChCh: Bunda hech qanday jarayon yo‘q. Eng qiziqarli g‘oyalar bevosita vaziyatdan kelib chiqadi. Agar yaxshi bir kulgili vaziyat tug‘ilib qolsa, u yangidan-yangi to‘ldirishlar bilan boyib borishi mumkin. Xuddi “Muz maydoni” filmidagi epizodlar ketma-ketligi kabi. Men shunchaki bir poy konkini oyoqqa ildirib, uchib ko‘rdim, holbuki, butun auditoriyaning yiqilib tushishimga ishonchi komil edi. Men esa qoyilmaqom tarzda bir oyoqlab konki uchishda davom etardim. Tomoshabinlar daydidan sira ham bunaqasini kutishmagandi. Yoki “Osoyishta ko‘cha”dagi fonarli ustun bilan bog‘liq epizodni olaylik. U mening politsiyachi bo‘lib, bezorini biryoqlik qilishga urinayotgan vaziyatimdan kelib chiqqan. Uning boshiga to‘qmoq bilan to‘xtovsiz tushirardim. Go‘yoki qo‘rqinchli tushga o‘xshaydi. Bezori hech narsa bo‘lmaganday, yengini shimarib, men tomon yaqinlashib kelardi. Keyin dast ko‘tarib, qayta yerga qo‘yadi. Shunda xayolimga bir fikr keldi: agar u shunchalik bahodirona kuchga ega ekan, demak, fonarli ustunni ham ag‘dara oladi. Men esa o‘sha payt ortidan sakrab chiqib, gazlangan fonarni to‘g‘ri uning boshiga kiydirishim mumkin.
Biroq harakatlarim zamirida jon talvasasi, degan tushuncha ham bor edi. Shunday g‘amnok kunlar ham bo‘lardiki, qancha urinmaylik, hech vaqo chiqmasdi va bu hol kishini battar ezib tashlardi. Odamlar yuziga tabassum ulasha oladigan nimadir o‘ylab topishim kerak edi. Bunga esa faqatgina kulgili vaziyatlar orqali erishiladi. Deylik, masxarabozlikka xos qandaydir narsa yaratish yoki kutilmagan holatga uchrash mumkin, biroq, avvalo, vaziyatning o‘zi kulgili bo‘lishi shart.
RM: Bu epizodlar ortida real shaxslar yashiringanmi yoki ularning barchasi xayolotingiz mahsulimi?
ChCh: Yo‘q, biz o‘z dunyomizni yaratganmiz. Mening dunyom – bu Kaliforniyadagi studiya. Xayolimga biror g‘oya yoki shunchaki syujet lavhasi kelib qolib, barisi o‘z-o‘zidan yurishib ketgan lahzalar hayotimdagi eng baxtiyor onlar bo‘lgan, ajoyib tuyg‘u edi u. Menga shuning o‘zi yetarli edi. Kaliforniya oqshomlari anchayin kimsasiz, ayniqsa, Gollivudda. Shunga qaramay, o‘z kulgi olamingni yaratish g‘aroyib edi. Bu olam butunlay o‘zgacha, odatdagidan tamoman farqli. Buning ustiga, qiziqarli. Mana, sen o‘tiribsan, yarim kun tayyorgarlik ko‘rding, endi esa suratga olishga kirishasan – vassalom.
RM: Realizm komediyaning tarkibiy qismi hisoblanadimi?
ChCh: Shubhasiz. O‘ylashimcha, haqiqiylik absurd vaziyatlarga ham mutlaqo real yondashishga majbur qiladi. Tomoshabinlar ham buni biladi, shu ruhiyatni his etadi. U shunchalar haqiqiy va bir vaqtning o‘zida shunchalar absurdki, tomoshabinni quvontirmay qo‘ymaydi.
RM: Uning bir uchi filmlaringizda ko‘p uchraydigan shafqatsizlikka borib taqaladi.
ChCh: Shafqatsizlik – komediyaning muhim mezonlaridan biri. Bizga to‘g‘ridek ko‘rinuvchi narsalar aslida tentaklikdir, agar shuni yetarlicha ta’sirli namoyish etolsangiz, tomoshabinlarga manzur kelishi kerak. Chunki ular bu narsalarda hayotning ustidan qah-qah otilganini ko‘radi va g‘amdan kuyinib o‘lmaslik va ko‘zyoshi to‘kmaslik uchun o‘zlari ham unga qo‘shilib hayotning ustidan kulishga tushadilar. Bir qariya banan po‘stlog‘iga toyinib, yiqilib tushsa, kulgimiz kelmaydi. Lekin agar bu hol yaxshigina kiyingan, g‘ururi baland tuppa-tuzuk jentlmen bilan sodir bo‘lsa, kulgimiz qistaydi. Uyalish va xijolat tortish bilan bog‘liq vaziyatlar, ayniqsa, ularga yumor bilan yondashilsa, qiziqarli chiqadi. Masalan, masxaraboz bilan nihoyatda g‘aroyib voqealar yuz berishini bemalol kutishimiz mumkin. Biroq bir kimsa restoranga ming bir xayol bilan kirib kelsa-yu, uning shimida kattagina yirtiq shundoq ko‘rinib tursa – bu endi kulgili bo‘lishi aniq.
RM: Komediyalaringiz qisman holat komediyasi hisoblanadi. Ular aqlni charxlamaydi, kulgi esa ayni ekranda kechayotgan jarayonlardan tug‘iladi.
ChCh: Men hamisha o‘zaro bog‘liq hodisalar ma’lum voqelikni yuzaga keltiradi, deb bilganman. Bu bilyard stolidagi soqqalar joylashuvini yodga soladi. Har bir soqqa – o‘zicha hodisot. Bunda eng muhimi ularning bir-biriga daxldorligidir. Birlashibgina ular uchburchakni hosil qiladi. Mazkur obraz faoliyatimda juda muhim o‘ringa ega.
RM: Hodisalarni jadal tarzda bir-biriga bog‘lab, voqealar sur’atini kuchaytirishni yoqtirasiz. Bu hol Siz uchun qanchalik xos deb o‘ylaysiz?
ChCh: To‘g‘risi, qanchalik xosligini o‘zim ham aniq bilmayman. Gohida sur’atni tushirib yuboradigan komiklarni ko‘rganman. Men esa vazmin qadamlar bilan davom etuvchi voqealardan ko‘ra, yuqori sur’atga ega jarayonlarda yaxshiroq ijro qilaman. Ohistalik bilan kechadigan harakatlarda qilayotgan ishimga nisbatan menda ishonch bo‘lmaydi.
Ammo har doim ham voqelikning o‘zi yetarli emas. Ekranda kechayotgan hamma narsa mushtarak yuksalib borishi kerak, aks holda, reallikni his etish yo‘qoladi. Qo‘lingizdagi mavzuni yanada pishiqroq qilishga tirishasiz, biroq ataydan shunga urg‘u berish shart emas. Siz qanday yo‘l tutish kerakligi, sa’y-harakatlarning tabiiy natijasi qanday bo‘lishini so‘rarsiz. Reallikka tayanib, ishontirishga asoslanmoqchi bo‘lsangiz, bu so‘roqlar tobora murakkablashib boraveradi. Muhimi, suyanishni istagan ana shu sifatlaringiz mantiqiy bo‘lsin, yo‘qsa, haminqadar komediya chiqadi-yu, hech kimni zavqlantira olmaydi.
RM: Ortiqcha hissiyotga berilish yoki siyqasi chiqqan ko‘rinishlar Sizni tashvishlantiradimi?
ChCh: Aynan pantomima nuqtai nazaridan – yo‘q. Bu narsa tashvishga solmaydi, shunchaki, uni chetlab o‘tishga harakat qilasiz. Siyqasi chiqqan ko‘rinishlardan qo‘rqmayman – axir butun hayotimizning o‘zi shulardan iborat. Masalan, qandaydir boshqacha tarzda uyqudan turolmaymiz-ku. Yashash va omonatni topshirish hammamizga xos, kuniga uch mahal ovqatlanamiz, kimgadir ko‘ngil qo‘yamiz va kimdandir hafsalamiz pir bo‘ladi. Siyqasi chiqqan eng ko‘p qoliplar sevgi voqealarida uchraydi va toki ularga nisbatan qiziqish so‘nmaguncha bu andozalar davom etaveradi.
RM: “Oltin talvasasi”da poyafzalni yeyish bilan bog‘liq epizod uchun qancha vaqt sarflangan?
ChCh: Bu epizodni taxminan ikki kun suratga olganmiz va shu ikki kun davomida sho‘rlik keksa aktyor Makk Sueynning ko‘ngli behuzur bo‘lib yurgan. Qizilmiyadan ishlangan poyafzallardan u nihoyatda ko‘p yeb qo‘ygandi. O‘shanda aktyor: “Jin urgur bu poyabzallarga ortiq toqat qilolmayman” degandi. Epizod g‘oyasi Donner guruhi (1846 yil Serra-Nevadada qor ko‘chkisiga uchragan karvon) haqida eshitib qolganimdan so‘ng tug‘ilgan. Ular konnibalizmga chalinib, oyoq kiyimlarini yeyishgan ekan. Shunda o‘ylanib qoldim: dimlangan botinkalar? Bundan qandaydir qiziqarli narsa chiqishi mumkin.
Men toki ochlikday oddiy vaziyatga to‘xtalmagunimcha, o‘sha voqeaga sabab qidiraverib, o‘zimni qo‘yarga joy topolmaganman. Vaziyat mantig‘iga javob topishing, uning yuzaga chiqishini, haqiqiyligini va ro‘y berish ehtimolini ko‘rishing bilan esa g‘oyalar birin-ketin yog‘ila boshlaydi. Poyafzal filmdagi eng ajoyib narsalardan biri bo‘ldi.
RM: Ovozga o‘tish jarayonida sizni qandaydir hadik yoki gumonsirashlar qurshaganmi?
ChCh: Bo‘lmasam-chi. Birinchi galda, menda tajriba bor edi, biroq akademik maktab ko‘rmaganman, bularning o‘rtasida katta tafovut mavjud. Iste’dod va tabiat tomonidan in’om etilgan aktyorlik mahoratiga egaligimni his qilardim. Gapirishdan ko‘ra pantomimani tasvirlash men uchun ancha osonroq. Artist bo‘lganim uchun suhbat jarayonida ko‘p narsalar havoga ko‘tarilishini yaxshi bilaman. Muvaffaqiyatning yarmini ta’minlaydigan benazir diktsiya va ovozga ega boshqa kishilardan o‘tib ketishim amrimahol edi.
RM: Ovozsiz kinematografiya ko‘rimlilikka shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan ovoz masalasi reallikka nisbatan qo‘shimcha talablarni taqozo etmadimi?
ChCh: Shubhasiz. Men har doim pantomimaning anchayin jozibaliroq va hammaga tushunarli (yaxshi postanovka bo‘lgan taqdirda) universal mazmunga egaligini ta’kidlab kelganman. So‘zdan foydalanishing bilan barisi ortiq darajada silliq bo‘lib qoladi. Ovozning o‘ziyoq ajoyib, u haddan ziyod oshkora, men esa san’atda u qadar ochiq bo‘lishni istamayman, aks holda, ma’lum chegara yuzaga kelishi mumkin. Harakat xuddi qush parvozidek tabiiy bo‘lgan bir paytda, chuqur illyuziya yaratish yoki unga erishish imkonini beruvchi ovozga ega odamlar barmoq bilan sanarlidir. Ko‘z qarashlarida hech qanday so‘z mavjud emas. Odamlar umidsizlikka tushganda sof yuz ifodasini yashira olmaydilar. Kinoda gapira boshlaganimdan so‘ng, shularning hammasini hisobga olishim kerak edi. So‘zamollik borasida juda ko‘p narsalarni yo‘qotganimni bilaman. Lekin u baribir ovozsiz davrdagi namoyishlar kabi ajoyib bo‘la olmaydi.
RM: Filmlaringiz orasida qaysi birini ko‘proq yoqtirasiz?
ChCh: Menimcha, “Katta shahar chiroqlari” bo‘lsa kerak. Film anchayin yaxlit, zo‘r ishlangan. Haqiqiy komediya.
RM: Haqiqatan film juda ham kuchli. Kartinada komediya va tragediyaning bir-biriga g‘oyat yaqinligi menda chuqur taassurot qoldirgan.
ChCh: Bu jihat meni unchalik qiziqtirmagan. Fikrimcha, filmning dilimga yaqinligi, undagi shaxsiyat bilan uyg‘un qandaydir sezgilardir. Bu tuyg‘u hamisha menga hamroh bo‘lgan, ma’lum ma’noda, u ikkinchi “men”imga aylandi. Ehtimol, bu meni qurshab turgan muhit bilan bog‘liqdir. Menimcha, odamlarga nisbatan hamdardlik va muhabbat hissi tuyilmasa, yumor ham yashay olmaydi.
RM: Balki gap azob-uqubatlarimizni yengillatishga intilishimizdadir?
ChCh: Yo‘q, o‘ylashimcha, hayot – anchayin yuksak tushuncha. Agar gap siz aytgan narsada bo‘lganda, o‘z joniga qasd qilishlar anchayin ko‘proq kuzatilardi. Odamlar yashashdan ko‘ra o‘limni afzal bilardi. Men esa hayotni ajoyib narsa deb tushunaman va har qanday holatda, hatto qayg‘uda ham, uni munosib yashab o‘tish kerak. Shaxsan men umrguzaronlikni tanlagan bo‘lardim. Bekor o‘tmaslik uchun tajriba to‘plardim. Nazarimda, yumor sog‘lom fikrni saqlab qolishimizga yordam beradi. Ortiqcha fojiaviylik sabr-kosamizni to‘ldirishi mumkin. Tragediya, shubhasiz, hayotning bir qismi, ammo bizga har qanday narsani yengib o‘tish va o‘zimizni himoya qilish uchun yordam beradigan vositalar ato etilgan. Tragediya hayotimizda katta o‘rin tutadi, yumor esa ta’kidlangan himoyani topishimiz uchun bizga yetkazilgan. Yumor universaldir, u ma’lum ma’noda, hamdardlikdan kelib chiqadi.
RM: Nima deb o‘ylaysiz, daholik degan tushuncha mavjudmi?
ChCh: Men hech qachon daho o‘zi kimligini bilmaganman. Fikrimcha, daho – bu iste’dodi bor va buni qalban his etadigan, lekin shu bilan birga, o‘z ishining ustasi bo‘la oladigan insondir. Har birimiz qaysidir ma’noda qobiliyatlimiz. Oddiy odam o‘ziga yarasha ish tanlashi kerak, dahoda esa bunday tanlov yo‘q. U boshqalarga xos bo‘lmagan o‘zgacha ishlar bilan shug‘ullanadi, biroq o‘sha ishni qoyilmaqom qilib bajaradi. Qo‘lidan ko‘p ish keladigan ko‘plab mahorat egalarini yanglish tarzda daho deb qabul qilishgan.
Rus tilidan Aziz Matyoqubov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 10-son