“TV faqat vaqtingizni emas, o‘zingizni ham jismi joningiz bilan qo‘shib, to‘lig‘ingizcha yutib yuboradi. Lekin kimdir bu sharafli yumushni qilishi kerak, faqat yozuvchi emas…”
Adib bilan so‘nggi intervyu
Ahmad A’zam tahririyat va nashriyotlarda ishladi. TVda samarali faoliyat yuritdi, mualliflik ko‘rsatuvlari chiqdi, yoshlarga rahbarlik qildi. Kitoblari chop etildi. Katta yozuvchiga aylandi.
Ahmad aka bilan tez-tez telefonlashib turardik. Suhbat mavzusi, asosan, adabiyot haqida bo‘lardi. U kishini so‘nggi bor ko‘rganimda esa ancha tobi yo‘q edi. O‘shanda uylarida bir soatcha suhbat qurdik.
Quyida o‘qiydiganingiz esa, birmuncha vaqt avvalroq “Zarafshon” gazetasi iltimosiga ko‘ra uyushtirilgan. Aftidan, bu Ahmad A’zamning so‘nggi intervyusi. Chunki mazkur suhbatdan so‘ng u kishining boshqa birorta musohabasiga ko‘zim tushmadi.
– Ahmad aka, eng avvalo, bolalik yillaringiz, Samarqandda kechgan damlaringiz haqida suhbatlashsak…
– Bolaligim qishloqda, G‘azirada kechgan. Qilgan katta sayohatim Buxoroga borish bo‘lgan. Otam rahmatli G‘ijduvonga bir borib, ellik uchinchi yili bo‘lsa kerak, Xo‘jai Jahon avlodidan oltmish yillarcha burun uzilishib ketgan amakilarining oilalarini topib, ko‘rishib, rishtalarni qayta bog‘lab qaytganlar. Kichkina edim, otamning bobo-bobokalonimiz Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniyga qanday avlod ekanimiz, shajaramiz Buxoroi sharifdagi bir amakimiznikida saqlanishi haqida aytib bergan gaplarini miyamga quyib olganman. O‘n to‘qqizinchi asr oxirlarida Vafoxo‘ja bobom amir bilan ixtilof tufayli, balki amir bu avlod nufuzini cheklash payiga tushganmi, ishqilib, G‘ijduvonni tark etib, G‘aziraga, shu yerda xoki yotgan ulug‘ alloma, yassaviya-jahriya tariqati piri Hazrat Azizon Shayx Xudoydodi Valiy ruhini qora tortib kelgan.
Nimaga Buxorodan Samarqandgacha yo‘lda, Samarqandning o‘zida ne-ne aziz-avliyolar makonida to‘xtamay, bu yerga kelganlarini keyinroq otam ham oltmish uch yoshlarida, sira safarlarda yurmaydigan odam, birdan Turkistonga otlanib, Xoja Ahmad Yassaviy ziyoratini o‘tab kelganlarida angladim. Bu ham bobom tariqat sharti ekanini tushundim. O‘sha, bola paytim otam hangoma berganlarida, men poygakda gap poylayman, mulgib qolib, qulog‘imga “G‘ijduvon”, “G‘ishduvon” degan gaplar eshitilib, sergak tortdim. Ko‘zim yumuq, qulog‘im ding. Otam o‘tirganlarga, bu bilmasin, degandek, past tovushda erta sahar jo‘nashni tayinladilar. Poylab yotganman shekilli, sezib qoldim: tong g‘ira-shirasida akam “polutorka”sini haydab keldi, otam, bir amakim, akamning shopir jo‘rasi, qarasam, birga jo‘nashmoqchi, “Men ham boraman”, deb ergashdim, otam qaytardilar, akam urishib berdi, oyim ichkariga sudradilar, men baqirib yig‘lab turib oldim. Shunda otam oyimga: “E-e, arillatma-e shuni, yursa-yursin. Kiyim-piyimini ber”, dedilar. Arillab yopishganimga qaraganda, uzog‘i bilan besh-olti yashar bo‘lgan bo‘lsam kerak.
Shu bilan sayohat-safarga ilinib qolganman. Shu safarda ilk marta shaharu qishloqlardan o‘tib, kengliklarni ko‘rdim. G‘ijduvondagi ko‘p qarindosh-urug‘nikida mehmon bo‘ldik, Buxoroga bordik. Arkni tomosha qildik. Shularning hammasi xotiramda bir umr mixlanib, Xo‘jai Jahon – Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy avlodidanman, degan surur bo‘lib qoldi ko‘nglimda.
Boshimda bu panoh – Hazrat Azizon shayx Xudoydodi Valiy, har sahar otam aytgan azon bilan uyg‘onaman, o‘zim salobatli, bosiq, jahoniy mazmun ruh qarovi ostida ertayu kech mehnatu kitob bilan, tongdan qaro shomgacha ish, keyin kerosinchiroq yorug‘ida o‘qish bilan o‘saman, shu xira yorug‘ ham bu yog‘iga yo‘limni yorishtirdimi, deyman. Pirlar madadkor bo‘lib, katta yo‘lga kitob kiftida chiqib olgandekman.
– Bir paytlar G‘afur G‘ulom “SamDU qopqasida bir qizni ko‘rdim”, deb yozgan edi. Bu dargoh shu tariqa tillarda doston edi. Siz Samarqand davlat universitetida tahsil olgansiz. Ijodga qiziqish o‘sha paytlarda yuz berganmi?
– Samarqandga hujjat topshirishga ilk kelganimda o‘n oltidan o‘n yettiga o‘tgan, o‘zining soyasidan ham hurkadigan o‘spirin edim. Fakultet foyesida, hujjat topshiradigan joyda “skorosshivatel”ni ko‘kragimga mahkam bosib olganman, xuddi bu hujjatlarimni birov: “E-e, san bolaga kim qo‘yibdi universitetni! Ol bu yoqqa”, deb “a’lo”ga to‘la attestatimni tortib olib, shu bilan o‘rnimga o‘zi kirib oladigandek. Keyin, hujjat jildini qo‘ltiqlagan yoshi kattalar ham ko‘p edi, ayrimlari xotin-bola-chaqasini ham ergashtirib olgan: birato‘lasi shaharni qidirtirib ketadi. Bularning orasida meni hali yoshing kichkina deb qaytarib yuborishadi, degan xavotir ham bor.
Lekin universitetga kirishim… ko‘kragimda quvonch chaqmoq bo‘lib chaqnagan. Yo‘q, bu quvonch ifodasiga so‘z yo‘q! Zo‘r bo‘lgan lekin! Darslar! Bunaqalarini maktabda ko‘rmaganman. Domlalar – shunaqa salobatli, ko‘rkam odamlar! Yigirma kuncha o‘qib, paxtaga ketdik. Paxtaning ichidan, mehnatning tagidan chiqib kelmadimmi, yetmish kilomi normani do‘ndirib tashlayman; barak yonida hosili yig‘ishtirilib, qolgan mayda boshu shingillari shira boylab yotgan uzumzor, tarvuz paxtaning ichida dumalab yotadi, kechqurunlari gulxan tegrasida g‘azalxonlik, xullas, qishloq bolasiga bayram! Bir g‘azalxon qizimiz bir g‘azalxon akamiz bilan qo‘yib bersa tonggacha mushoira aytishadi, bezor bo‘lib ketamiz. Chapak chalib to‘xtatib, navbatni shoira qizlarimizga olib beramiz. O‘rtaga chiqib she’r o‘qiganlarga juda havasim keladi, nimaga men shunaqa emasman, deb ichim kuyadi. Maktabda o‘zim havasakka she’r yozganman, lekin o‘rtaga chiqishning mas’uliyatini shu terimda chuqurroq anglaganman, shekilli. Shundan boshlangandir yozuv-chizuvning mas’uliyati…
– Bugun sizni Samarqand bilan qavm-qarindoshlar, ijodkorlar, bolalik va kamolot haqidagi xotiralardan tashqari yana nimalar bog‘lab turadi?
– Sog‘inch! Samarqandni sog‘inaman, bolalikni sog‘inaman. Borib, Samarqandni kezib, bu sog‘inchni bosib bo‘lmaydi, talabalik davrimdagi Samarqandni ko‘rgim keladi. Qirq yildan bu yog‘iga Samarqand o‘zgardi, qayta qurilib, go‘zal bo‘lib ketdi. Uning bugunini ko‘rganimda ham o‘sha qirq yil oldingi xotira-sog‘inchlar yopirilib kelaveradi. Bu savolingiz javobi, yozsa, gazetaga sig‘maydi, shu qadar teran. Bolalik mavzuiga unda-bunda teginishga jur’at qilganman, yaqinda bir “Quroq” degan qissa bostirdim.
– Ahmad A’zam stsenariy muallifi bo‘lgan “O‘zi uylanmagan sovchi” seriali qayta-qayta efirga uzatilmoqda. Shu nomdagi kitob ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Gurung-roman tarixi haqida bilmoqchi edik. Mabodo bosh qahramonda sizdagi xislatlar mujassam emasmi?
– Har qanday obraz, personajga yozuvchining ko‘rgani, eshitgani yo o‘z boshidan kechirgani, yoxud xayolidan o‘tkazgani asos bo‘ladi. Shu bois qahramonlar muallifdan uncha uzoqda bo‘lmaydi. Lekin yozilgan narsada har bir qilig‘i, xatti-harakati, gap so‘zlari, fe’l-atvoridan nusxa olingan bo‘lsa-da, bu aynan o‘sha qahramonning o‘zi bo‘lib chiqmaydi. U – qahramon haqidagi yozuvchining tasavvuri. Yozuvchi o‘zi haqida yozsa ham, masalan, avtobiografik asarida, o‘zini ancha-muncha badiiy ishlov bergan tarzda gavdalantiradi. “O‘zi uylanmagan sovchi”da, o‘z boshimdan o‘tkazgan voqea turtki bo‘lgan, lekin boshqa qahramon, personajlarning ham hayotdan ayrim jihatlari olingan bo‘lsa-da, qolgan jihatlari to‘qima. To‘rt-besh personaj boshdan-oyoq uydirma. Bu romanni teleserialga stsenariy sifatida boshladim, qarasam, dialoglar binoyidek chiqyapti, dialogga azaldan san’at deb qarayman, kuchimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim.
– “O‘zi uylanmagan sovchi” – hazil-mutoyiba, yumorga boy asar. Vaholanki, boshqa yozganlaringiz bir qadar “og‘ir”, jiddiy tarzda “kashf etilgan”.
– Yumor, o‘ylaymanki, shu haqda yozishyapti ham, hamma yozganlarimda bor. O‘quvchiga o‘zining zimistoni yetib ortadi, yozib uning ko‘nglini battar qora qilish – adabiyotning vazifasi emas. Badiiy asar jinday bo‘lsa-da yorug‘lik berishi kerak. Men buni ataylab qilmayman, tabiatim shunday. Hozir o‘ylasam, shukrki, faqat “O‘zi uylanmgan sovchi”da emas, hamma asarlarimda nimadir erkinlik, bemalollik, o‘zini Allohning ixtiyoriga topshirib, yaxshilik kutish umidi bor ekan.
– Ochig‘ini aytish kerak, agar hozir ham TVda ishlaganingizda bu kabi asarlar yozish uchun vaqtingiz bo‘lmasdi. Qolaversa, yangi kitoblaringiz ham chop etilmasdi. TV nafaqat tomoshabinning, balki unda ishlayotganlarning ham vaqt o‘g‘risi bo‘lsa kerak?
– Sakson oltinchi yildan ikki ming oltinchi yilgacha uch-to‘rt hikoyani istisno qilsam, yoza olmadim. Tobim bo‘lmay, ishdan bo‘shab, nafaqaga chiqqanimdan keyin ikki oycha, gapning rosti, qo‘lim yozishdan chiqib ketdi, endi kunlarimni qanday kech qilaman, deb ezilib yurdim. Bir zavq-shavqqa to‘la, lekin yozishga hech imkon qoldirmaydigan talotumning ichidan chiqqan edim. TV faqat vaqtingizni emas, o‘zingizni ham jismi joningiz bilan qo‘shib, to‘lig‘ingizcha yutib yuboradi. Lekin kimdir bu sharafli yumushni qilishi kerak, faqat yozuvchi emas.
– Ahmad aka, siz gazeta, jurnallarda ham faoliyat yuritgansiz. O‘tkir Hoshimov e’tirof etganidek, “gazeta yozuvchini toblaydi”mi yoki uni ma’lum ma’noda cheklab qo‘yadimi?
– To‘g‘ri, toblaydi. Ammo yozuvchini me’yorigacha. Undan ko‘pi iste’dodni hazm qilib yuboradi. Men talay tabiiy tug‘ma iste’dodlarni bilaman. Ularning bilim miqyoslariga havasim keladi. Katta shoir, yozuvchi, munaqqid bo‘lar edilar, ammo gazetaga fidoyilik, tahrirga shaydolik tufayli adabiy jarayonning markazida turib, ayni shu jarayondan chetda qolganlar. Tabiiyki, bundan jurnalist hamkasblarimiz istisno – jurnalistikada mahorat amali bilan o‘sib boraveradi. To‘rt-besh sohada qalam tebratishni iste’dod qirralari deymiz-u, lekin hamma qirraga birday kuch berilsa, bari birdek o‘rtacha bo‘lib qolishi mumkin.
– Muxlislarga keyingi yillarda chop etilgan kitoblaringiz haqida ma’lumot bersangiz.
– Ikki ming o‘n, o‘n birinchi yillari “O‘zi uylanmagan sovchi”, “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar”, “Hali hayot bor” kitoblarim chop etildi. Yigirma yil yoza olmaganlarim ko‘nglimda yig‘ilib qolgan ekan, shekilli-da! To‘rtinchi kitobni bosmaga topshirganman. Chiqishini kutyapman. Shu oylarda yozayotganim yana yarimta kitobga yetib qoldi. Lekin hozir ona tilimiz haqidagi maqolalar ustida o‘tiribman, bular ham, Xudo xohlasa, bir kichik kitob bo‘lar.
– Ahmad A’zamning bir kuni… Hozir u qanday o‘tmoqda?
– Odam hali bundan-da yaxshi kunlar keladi, degan umid bilan yashashi kerak. Men Allohning ko‘rsatgan har kuniga shukr qilaman.
– Qizingiz Hulkarning “Qish sonatasi” serialini o‘zbekchaga o‘girganini bilamiz. U hozir nimalar bilan band? Farzandlardan yana qaysi biri ota izidan yurdi?
– Qizim inglizchani yaxshi biladi. “Oshin” seriali tarjimasiga iqtisodiyot universitetida birinchi kursda o‘qiyotganda kirishgan edi. Film yaponcha, bizga kelgan montaj varaqlari inglizcha edi. Keyin koreyscha “Qish sonatasi”, “Yoz ifori” seriallarini ham inglizcha montaj varaqlaridan o‘girdi. Ammo o‘zi iqtisodchi, universitetni bitirib, o‘zimizdagi bir xorijiy bankda ishladi. Hozir esa ikki o‘g‘ilchasi, kuyovimiz Hamrojon bilan Londonda, bir invest-kompaniyada. O‘g‘lim Ulug‘bek ham “ingliz”. Qayerda ishlaydi, desangiz, hozir Ulan-Batorda, ta’tilga kelib, oilasi bilan Yangon (Myanmar – Birma)ga ketadi. U ham iqtisodchi, yozishga uquvi yaxshi, lekin bitta kasbni ushlagani ma’qul, meningcha. Ammo o‘g‘limning qizi, to‘qqiz yoshli Muazzam, yozuvchining nevarasi-da, o‘zicha hikoya, she’r mashq qiladi, menga internet – skaypdan o‘qib beradi. Men ham xursand, u ham. Darvoqe, uning oyisi – kelinimiz ham “ingliz”. Farzandlarimizni shu tarzda bolaligidan kitobga, ijodga oshno qilish lozim, ulg‘aygandan keyin qaysi kasbni tanlamasin, dunyobinligiga, baribir, ijod asos bo‘ladi.
– O‘zbek adabiyoti haqida. Isajon Sultonning “Baliq” hikoyasi xorijdagi mukofotga loyiq ko‘rilgani, Abduqayum Yo‘ldoshning “Puankare”si shov-shuvga aylangani… Yana nimalarni tilga olgan bo‘lardingiz?
– Adabiyotimizning bir jihatidan umidlanaman – bugungi kunga kelib tubdan yangilanishi boshlanyapti. Siz aytgan misollar, Sobir O‘nar, Luqmon Bo‘rixon, Ulug‘bek Hamdam asarlari… Nazar Eshonqulning “Go‘r o‘g‘li” romani katta adabiyotimizning rivoj yo‘nalishlarini belgilab beradi. O‘ylantirayotgan, ya’ni sokin shov-shuv bo‘layotgan asar! Adabiy til muammosi dolzarb bo‘lib turgan bugungi kunda ustoz adib Erkin A’zamning “Shovqin” romani bosilishi – har jihatdan o‘sib kelayotgan adabiy avlodga bir dars! Xudo umr bersa, bundan bu yog‘iga shov-shuv asarlarni ko‘p ko‘ramiz.
– Samarqandga oxirgi marta qachon borgansiz va nima maqsadda?
– Oladigan muolajam Toshkent bilan bog‘liq. Samarqandga besh yil borolmadim. Bultur yozda borib-kelishga, Xudoga shukr, yo‘l charchog‘iga chidadim. Valiybobo qabristonida yotgan padari buzrukvorim, volidai muhtarama onam qabrlari ziyoratini o‘tadim, boshlarida Qur’on tilovat qildim. Yelkamdagi yuk ozgina yengillashgandek bo‘ldi. Shu oddiy qishlog‘imizning oddiy ko‘rinishlarini yana bir ko‘rgim kelib yurar edi – ko‘rdim, ko‘kka burkangan bir tengsiz ma’vodek tuyuldi, ko‘nglimni ochib yubordi, “Quroq” ustida bir yarim yildan beri ishlayotgan edim, shunga ham yo‘l ochib berdi.
Anvar Namozov suhbatlashdi
(2013 y. aprel)