Bugungi adabiy jarayonda tanqidning o‘rni, mavqei, ta’siri haqida ijodkorlar, adabiyotshunos va tadqiqotchilarda turli xil fikr-mulohazalar mavjud. Ayrimlar munaqqidlarni sustkashlikda ayblasa, adabiy-badiiy nashrlarni, tanqidchilikka doir chop etilayotgan kitoblar, to‘plamlarni o‘qib, kuzatib borayotganlar bu sohada jiddiy ishlar amalga oshirilayotgani, ijod jarayonida tanqidning faolligini e’tirof etishadi. Aslida har ikkala qarashda ham jon bor. Negaki, bugungi ijod jarayonining zalvori, nashr etilayotgan asarlar soni, salmog‘i adabiy tanqid oldiga tezkor, hozirjavob va yanada faol bo‘lish talabini qo‘ymoqda. Qolaversa, badiiy tafakkurda sodir bo‘lgan evrilishlar ham jiddiy adabiy hodisalarni jahon adabiyoti kontekstida, umuminsoniy, umummadaniy mezonlar orasida tahlil va talqin qilishni taqozo etayotir…
Istiqlol adabiyoti — yangi davrning yangilanayotgan badiiyati tanqidchilik oldiga, tanqidchilik zimmasiga qo‘yayotgan vazifalar, dolzarb fikr-xulosalar, shubhasiz, adabiy-badiiy tafakkurning rivojiga, o‘sish-o‘zgarishlar, pirovard natijada, ulkan ijodiy yutuqlarga omil bo‘ladi. Shu maqsadni ko‘zlab tahririyatimiz tanqidchilikning bugungi darajasi, yutuq va kamchiliklari, muammolari muhokamasiga bag‘ishlangan turkum chiqishlarni rejalashtirgan. Ushbu sonda ayni mavzuda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik kengashi raisi, taniqli olim Suvon MELIning fikr-mulohazalari bilan tanishasiz.
— Bugungi ijodiy jarayonda adabiy tanqidning mavqei, o‘rni, ta’sir kuchi qanday?
— Savolga bevosita javob berishdan oldin, ruxsatingiz bilan, zaruriy bir kirish qilsam. Adabiy tanqid o‘z-o‘zicha suveren, mustaqil hodisa emas. Nomidanoq ayonki, u badiiy adabiyotga chambarchas bog‘liq, unga esh hodisa. Bog‘liqlikning ham turi ko‘p. Adabiy tanqid va badiiy adabiyotning bog‘liqligi sabab-oqibat, ya’ni biri ikkinchisidan qat’iy kelib chiqadigan emas, balki funktsional. Boshqacha aytganda bog‘liqlik erkli o‘zgaruvchan miqdor, argumentning o‘zgarishiga qarab o‘zgarib turadigan, bog‘liq, tobe o‘zgaruvchan miqdor sifatidagi aloqadorlikka mos keladi. Ya’ni ilk dastak badiiy adabiyot emas, balki ijtimoiy voqelikdir. Undan so‘ng badiiy adabiyot, undan so‘ng adabiy tanqid. Agar biz ushbu ikki hodisa, ijtimoiy voqelik va unga mos ravishda badiiy adabiyotning keskin o‘zgarganini qayd etmas va bu o‘zgarishlar mohiyatiga nazar tashlamas ekanmiz, adabiy tanqidning bugungi ahvoliga to‘g‘ri va ob’ektiv baho bera olmaymiz.
Ba’zan argument va funktsiya o‘rin almashishi mumkin, ya’ni jiddiy tanqidiy tafakkur bo‘lg‘usi katta adabiyot uchun yo‘l ochib berishi mumkin.
Mustaqillik o‘zbek xalqi tarixida mutlaq yangi davrni boshlab berdi. Nazarimda ushbu mutlaq yangilik badiiy adabiyot tomonidan qalban to‘liq his etilmayotir, Istiqlol ruhi va viqoriga mos Katta adabiyot yaratilmayotir. Men bu bilan adabiyotimizdagi qator yutuqlarni kamsitmoqchi emasman. Lekin mustaqil O‘zbekistonning dadil odimlarini tan olgan jahon o‘zbek adabiyotini biz kutgan darajada e’tirof etgan emas.
Darvoqe, buyuk faylasuf Hegel qayd etganidek, faqat ruh haqiqiy tarixiy taraqqiyotning harakatlantiruvchisidir. Shunday ekan, chorak asr davomida ruh ham o‘zgardi. Istiqlolning ilk o‘n yilligida yozilgan Prezidentimizning “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida ta’kidlanganidek, “O‘zbek xalqi Ruhining tiklanishi, millat ma’naviy-axloqiy ideallarining shakllanishi chuqur milliylik bilan umuminsoniylik chambarchas bog‘liq bo‘lgan hodisadir” (143-bet). Yana shu asarda aytilgan Mustaqillik yillarida vujudga kelgan “Yagona ma’naviy-ruhiy negiz” yuksak badiiy asarlar vujudidan makon topishi lozim. Shunday bo‘lgan taqdirda jahonni lol qoldiradigan genial asarlar yaratilar balki.
Darhaqiqat, ijtimoiy voqelik va jamiyat o‘zgardi. Badiiy adabiyot ham o‘zgardi. Lekin badiiy adabiyotning o‘zgarishi hamisha ham maqbul tomonga bo‘ldi, deyish qiyin. Modernistik yo‘nalishdagi talay asarlar adabiyotimizni zamonamizning talab-ehtiyojlaridan, milliy zamindan yiroqlashtirdi. Dunyoning qaysi bir puchmog‘ida tug‘ilgan namunalar adabiy voqeligimizga kirib keldi. Ular adabiy-ma’rifiy jihatdan balki foydalidir, lekin bu yo‘l adabiyotimiz rivojida yetakchi bo‘la olmasligini vaqt ochiq-oydin ko‘rsatdi. Haqiqiy katta adabiyot ona-Vatan va unda yashayotgan xalq hayoti zaminida yaralishi shoyon haqiqatdir.
Yurtboshimizning “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasida aytilganidek, “Chinakam yozuvchi odamlarning dardu g‘ami bilan yashashi, xalq ichiga kirib borishi, o‘zi uchun ilhomni, yangi mavzularni shu hayotdan, unda bo‘layotgan o‘zgarishlardan olishi kerakligini barchamiz yaxshi bilamiz”. Adabiyot ushbu haqiqatni amaliy jihatdan va qalban anglashi, istiqlol davri o‘zbek voqeligida ro‘y berayotgan tub tarixiy o‘zgarishlar, undagi dialektik qarama-qarshiliklarni keng va har tomonlama, eng muhimi, badiiy yuksak tasvirlash yo‘liga o‘tishi zarur.
Ayrimlar adabiy tanqidning vazifasi chop etilayotgan badiiy mahsulotga baho berish, uning yaxshi-yomon jihatlarini ko‘rsatish, deb o‘ylashadi. Bu fikr faqat bir jihatdan o‘rinli. Haqiqiy adabiy tanqid joriy adabiyotda akslangan zamona ruhining badiiy talqinlarini kashf etishi kerak, deb o‘ylayman. Buyuk tanqidchi Belinskiy yozganidek, “San’at ham, tanqid ham — zamonaning ongidir. Ammo tanqid falsafiy jihatdan anglash, san’at esa bevosita anglashdir. Har ikkisining mazmuni bir; farqi faqat shakldadir. Tanqidning muhimligi ham mana shunda”.
Xullas, joriy adabiyotimiz zamonaviy mavzuga, o‘zbek voqeligiga yalpi tarzda yuz burmas ekan, adabiy tanqidning mavqei, o‘rni, ta’sir kuchi kamligicha qolaveradi.
— Adabiy gurunglarda ustoz munaqqidlar ko‘p eslanadi. Jumladan, Matyoqub Qo‘shjonovning “ochiq xat”lari, Ozod domlaning murosasiz, biroq xolis va adolatli chiqishlari, Norboy Xudoyberganovning oshkora, ayovsiz tanqidiy maqolalari tilga olinadi. Ana shu ustozlarimizning printsipial chiqishlarini davom ettirayotganlar bormi?
— Ustoz munaqqidlarni esladingiz. Ularni Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin. Savolga kelganda, adabiy tanqid sohasida qalam tebratayotganlar bor, hatto talaygina. Faqat ularni uyushtirish, ijodga rag‘bat uyg‘otish kerak, xolos. Lekin bir haqiqatni qat’iy esda tutmoq lozim. Hozir davr boshqa. Ijtimoiy vaziyat boshqa. Qadimgi yunon donishmandi Heraklit aytganidek, ayni bir daryoning suvida ikki marta cho‘milish imkonsiz. Har bir davr mutlaqo takrorlanmas. Nomlari tilga olingan ustozlar kabi chiqishlar qilish mumkin. Buning uchun ruhiy shart-sharoit va fikrni jamoatchilikka yetkazadigan minbar kerak. Adabiyotga, ma’naviyatga bog‘liq gazeta-jurnal muharririyatlari keskin tanqidiy mulohazalar bildirilgan maqolalarga o‘z sahifalaridan kengroq o‘rin berishlari lozim. Siz yuqorida tilga olgan ustoz munaqqidlarning chiqishlarini nashr etilgani bois eslamoqdasiz. Agar tahririyat g‘aladonlarida qolib ketganida ularning yozilganini bilmagan bo‘lardik, masalan.
— “Adabiy tanqid susaydi”, “tanqidchilar mudrab qolgan”, “tanqid o‘lgan”, degan gaplar Sizning qulog‘ingizga ham chalingandir. Baholi qudrat shu sohaga aralashib yurgan munaqqid, agar u chindan ham mudrab qolmagan bo‘lsa, bu gaplarni eshitganda ko‘ngli cho‘ksa kerak. Shunday emasmi?
— Savolingizdagi dastlabki ikki gapda jon bor, yuqorida aytilgan fikrlarni inobatga olish sharti bilan ularga qo‘shilish mumkin. Lekin savoldagi “tanqid o‘ldi” degan jumlaga kelganda… Tanqid hech qachon o‘lmaydi. Adabiyot hech qachon o‘lmagani kabi. Faqat uning shakli, faoliyat miqyosi hamda ifoda va qamrov yo‘sini o‘zgarishi mumkin. Ustoz munaqqid Ibrohim G‘afurov “Yangi zamonda tanqid o‘rnini tadqiqot egallaydi” deb yozar ekan, bu fikrda jiddiy asos bor. Hozirgi vaziyat shunga dastak bermoqda. Lekin tanqid boshqa, tadqiqot boshqa. Tanqidda tadqiqot bo‘lishi yaxshi, bu uning ishontirish quvvatini oshiradi. Lekin adabiy tanqidning yetakchi belgisi ijtimoiy hayot sari yo‘nalganlik, joriy milliy voqelikka bog‘liqlik tadqiqotga xos emas. Agar yuqorida aytilganidek, joriy adabiyot zamonaviy voqelikka yuz bursa, ijodkorlarimiz xalq ichiga kirib borsa, zamonamiz qahramonlarining chinakam badiiy obrazlari yaratila boshlansa, adabiy tanqid ham o‘z mavqeini tiklashi tayin.
Ko‘ngil cho‘kishiga, og‘rinishiga kelganda, iloj qancha, to‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmasa-da, chidashga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri gap baribir to‘g‘ri-da.
— Ayrim hamkasblar “bozor adabiyoti”, “ko‘cha adabiyoti namunalari”ni tanqid o‘z tig‘iga olishi kerak, deydi. “Tanqiddan tuban” deb qaraladigan bunday kitoblarning ma’nisizligini tahlil qilib, dalillab, asoslab berish tanqidchilikning vazifalari sirasiga kiradimi?
— Siz aytayotgan “Bozor adabiyoti” orasida, ayniqsa, detektiv janridagi qiziqarli va sog‘lom ruhdagi asarlar mavjudligini qayd etmoq kerak. Shuning uchun ularning barchasini yalpi tarzda “tanqiddan tuban”, deb baholash insofdan emas. Lekin baribir ularni tom ma’nodagi badiiy adabiyotga, jiddiy adabiyotga kiritib bo‘lmaydi.
Shuning uchun, savolda aytilganidek, tanqid tig‘iga olinadigan bo‘lsa, ular o‘z-o‘zidan badiiy adabiyot hududiga o‘tib qolgan bo‘lardi. Bunda tanqid qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘yishi mumkin. Demak, ularning ma’nisizligini tahlil qilib, dalillab, asoslab berish tanqidchilikning faoliyat doirasiga kirmaydi, desam ajablanmang. Garchi shunday qilinadigan bo‘lsa, jiddiy adabiyot ularni o‘ziga teng ko‘rgan va bunday amal ular uchun targ‘ibot sifatida xizmat qilgan bo‘lardi.
Shu jarayonda adabiy tanqid zimmasida bir vazifa qoladi. U yuksak badiiy darajadagi asarlarni chuqur badiiy-ilmiy tahlil qilish orqali kitobxon didi va saviyasini ko‘tarishi, shunda “tanqiddan tuban” bitiklar zukko kitobxon tomonidan rad etilishiga, ya’ni o‘qilmasligiga erishmog‘i kerak.
Yaxshini alqash yomonni kamaytirsa ajabmas.
— Adabiy jarayonda tanqidning o‘rni, ta’siri, mavqei sust, deb qaralsa, xo‘sh, unda bu sohani kuchaytirish uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz.
— Adabiy tanqidni kuchaytirish uchun nimalar qilish kerak? Buni nazariy, ya’ni qilinishi lozim bo‘lgan davomli va amaliy ishlarga ajratish mumkin. Birinchisi haqida fikr yuritganda, yuqorida aytgan gapimni birqadar o‘zgartirib aytsam, joriy adabiyot va joriy adabiy tanqidni birdek yuksaklikka chorlash, bu borada amaliy konstruktiv yo‘llarni belgilab olish lozim. Bugungi badiiy tafakkur, badiiy ong buyuk badiiy asarlar yaratib bersin. Adabiy tanqidimiz esa avval yaratilgan va bugun yaratilayotgan to‘laqonli badiiy asarlarni tahlil, talqin va tadqiq etish orqali o‘zining yuksak talablarini, milliy badiiy-estetik printsiplarini shakllantirsin. Ularni umum adabiy jamoatchilik ongiga singdirsin. Adabiy jarayon va badiiy asarlarni tahlil va tadqiq qiladigan turli tanqidchilik maktablari paydo bo‘lishi va samarali ish olib borishini ta’minlaylik.
Amaliy tadbirlarga kelganda, eng avvalo, keng adabiy jamoatchilik ishtirokida adabiy tanqid muammolariga bag‘ishlangan bir yig‘in o‘tkazib, unda tanqidimiz qoloqligi sabablarini tahlil qilish, adabiy tanqidni buyuk kelajak sari shaxdam odimlayotgan mamlakatimiz ma’naviy hayotida munosib o‘rin egallashi uchun chora-tadbirlar belgilab olish zarur ko‘rinadi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, uning qoshidagi tanqid va adabiyotshunoslik kengashi yaqin oylarda ayni shu masalada “Adabiy tanqid: bugun, ertaga” mavzuida katta majlis o‘tkazish taraddudida. Hozir umidli yosh tanqidchilar nihoyatda kam. O‘zbek tanqidchiligi kelajagini bugundanoq belgilash lozim. Shuning uchun mazkur yig‘inda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash bilan birga, ularning fikr-mulohazalari, amaliy takliflarini eshitmoq kerak deb o‘ylayman.
Yosh ijodkorlar o‘rtasida adabiy tanqidning nufuzini ko‘tarish lozim. Buning uchun har yili o‘tkaziladigan yosh ijodkorlar seminarlari dasturiga adabiy tanqid nominatsiyasini, albatta, kiritish kerak. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari zimmasiga yosh adabiy tanqidchilarni tanlash, tayyorlash vazifasini yuklash lozim. Toki yoshlar o‘zlari yozgan asarlarni o‘zlari tahlil qilishsin. Yosh ijodkorlar munaqqidlikni shoir yoki yozuvchilikdan nufuzi kam deb hisoblashmasin.
Darhaqiqat, donishmandlardan biri aytganidek, buyuk asar haqida fikr almashish masalasi mana shu buyuk asarning o‘zidan ko‘ra kam ahamiyatga ega emas.
Adabiy tanqidning hayotiy zarurati — shunda.
Ahmad Otaboyev suhbatlashdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 36-son