Tanqid va adabiyotshunoslik kengashi tashabbusi bilan uyushtirilgan “Adabiy tanqid: bugun va ertaga” deb nomlangan davra suhbatida ayni sohaga oid kamchiliklar o‘rtaga tashlandi, adabiy tanqidning ijodiy jarayon ko‘zgusi ekani, adabiyotning taraqqiyot yo‘lini belgilab berishi, uning hayotiy zarurat ekanligi ta’kidlandi.
Tahririyatimiz davra suhbatida aytilgan fikr-mulohazalarni gazetada yoritib, adabiy jamoatchilikni, keng kitobxonlar ommasini tanqidchilik muammolaridan, bu soha jonkuyarlarining sa’y-harakatlaridan, taklif va tavsiyalaridan xabardor qilishni rejalashtirgan edi. Albatta, bu ijodiy muloqot davomida aytilgan hamma gapni gazeta sahifasiga sig‘dirishning imkoni yo‘q. Shu bois ishtirokchilarning tanqidchilik ahvoli va rivoji uchun foydali, bevosita mavzuning o‘ziga doir fikr-mulohazalarini sahifaga olib chiqishni maqsad qildik.
Davra suhbatini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik kengashi raisi taniqli olim Suvon Meli olib bordi.
Suvon Meli, filologiya fanlari nomzodi:
— Bugungi adabiy jarayonda tanqidning o‘rni va roli har qachongidan-da muhim. Zero, ijodiy sharoit barcha janrlarda, turli uslublarda yozish imkoniyatini yaratib berdi, badiiy tafakkur ufqlari kengaydi. An’anaviy, realistik uslubdagi asarlar bilan bir qatorda har xil adabiy oqimlarga xos usuldagi asarlar ham chop etilayotir. Bugun tanqidchilik oldida mazkur jarayonni o‘rganish, jamoatchilikka, keng kitobxonlar ommasiga ularning mazmun-mohiyatini tushuntirib berish, estetik didni tarbiyalash, joriy adabiy tafakkurdagi o‘sish-o‘zgarishlarni aniqlab, istiqboldagi taraqqiyot yo‘llarini ko‘rsatishdek dolzarb vazifalar turibdi. Bu vazifalarni ado etishga chog‘langan adabiy tanqidning ayni paytdagi faoliyati qoniqarlimi? Adabiy tanqid sustlashdi, taqrizchilik holiga tushib qoldi, hatto “tanqidchilik” atamasidan voz kechib, “adabiyotshunoslik” atamasi bilan kifoyalangan ma’qul, degan fikrlar qanchalik rost?..
Bugungi davra suhbatimizda yuqoridagi kabi bir qator savollarga birgalikda javob qidirsak, muammolarni ro‘y-rost o‘rtaga tashlasak, aniq taklif va mulohazalarimizni bayon etsak. Maqsad badiiy tafakkur taraqqiyotining yetakchi kuchi bo‘lgan adabiy tanqidning yanada faollashuviga, tahlil va talqinda teranlashuviga, ommabop va hozirjavobligiga turtki berishdan iboratdir.
Nurboy Jabborov, filologiya fanlari doktori:
— Mustaqillik barcha sohalar qatori adabiyotshunoslik va adabiy tanqid rivoji uchun ham katta imkoniyat yaratdi. Bu imkoniyatni voqelikka aylantirish masalasiga kelsak, afsuski, buni to‘la-to‘kis uddalay olayotganimiz yo‘q. Adabiy tanqid aslida ijodning alohida turi mavqeiga ko‘tarilishi kerak. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tanqid saralamoqdur” degan ta’rifi bu sohaning mohiyatini aniq va lo‘nda ifodalagan. Lekin bizda bu soha mudom oqsab keladi. Nima uchun? Yana Behbudiyga murojaat etamiz: “…hanuz tanqid davriga yetishganimiz yo‘q. Ittifoqo, tanqid shaklinda bir nimarsa yozilsa, bizlarg‘a qattiq tegar. Yozganlarimizni(ng) buzuqligi va fikrimizni(ng) xatoligi, ishimizni(ng) noqisligini biror kishi ko‘rsatsa, achchig‘imiz kelur. Va ul odamni dushman ko‘rub, shaxsidan nafrat va fikrig‘a norozilik bayon eturmizki, bul bizni(ng) yangidan ishg‘a boshlaganimizdan, boshqa til ila noqisligimizdandur”. Bu — birinchi va bosh sabab. Bugungi kunda ham ruhiyatimizda ayni holat yetakchilik qiladi. Shuning uchun ham munaqqidlarimiz keskin tanqiddan saqlanishga urinadi. Boshqacha aytganda, dushman orttirmaslikka intiladi. Natijada, bozorbop she’rlar, yengil-elpi, ulug‘ hazrat Navoiy so‘zlashni “boisi beadablik” deb atagan uyatli holatlarni bayon etuvchi “nasriy asar”lar urchib ketdi. Axir, bizda chinakam tanqidiy asarlar, yozuvchi-shoirlarimiz tan olgan munaqqidlar bor edi-ku. Ustoz Ozod Sharafiddinovning qo‘lma-qo‘l o‘qilgan “O‘zbeknoma” haqidagi mashhur maqolasini eslang. Matyoqub Qo‘shjonovning, Norboy Xudoyberganovning matbuotdagi chiqishlari-chi? To‘g‘ri, bugun ham tanqidiy maqolalar bosilib turibdi. Lekin barmoq bilan sanarli. Qolaversa, bir-ikki maqola bilan adabiy jarayonning o‘ziga xos tendentsiyalarini, tamoyillarini aniqlab, baholab bo‘lmaydi.
Keyingi paytda adabiy tanqidchilikda yana bir nojoiz urf ko‘zga tashlanmoqda. Bu urf bizda yaratilgan badiiy asarlarni sun’iy ravishda G‘arbda paydo bo‘lgan “izm”larga bog‘lashga intilish bilan bog‘liq. Ayon haqiqat shundaki, muayyan asar saviyasi qaysidir “izm”ga aloqadorlikda emas, muallifning badiiy mahoratida namoyon bo‘ladi. Munaqqid asar badiiyatini, muallifning ijodiy uslubidagi o‘ziga xoslikni, obrazlilikda, qahramonlar ruhiyati tasvirida erishilgan yutuqlarni yoki aksincha, kamchiliklarni chuqur tahlil etishi, shu asosdagi mantiqiy dalillangan xulosalarni bera olishi zarur. Uning adabiy-tanqidiy maqolasini o‘qigan tajribali adibu shoirlar ham, yosh boshlovchi qalamkashlar ham nimadir o‘rgansin, o‘zida izlanish zaruratini sezsin. Munaqqid shundagina o‘z vazifasini bajargan hisoblanadi. Ustoz shoiru adiblardan: “Ijod qilayotganimda, har doim Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov yelkamdan qarab turgandek tuyuladi. Bu asarni o‘qiganda ular nima der edi, qanday baholardi, degan andisha meni mudom ta’qib etadi”, degan e’tiroflarni ko‘p eshitganmiz. Ana shunday shaxsiyatlar yetishmog‘i adabiy tanqid rivojining asosiy shartlaridan.
Adabiy tanqid borasida ham muvaffaqiyatlarimiz oz emas. Biroq biz bu yutuqlar bilan cheklanib qolmasligimiz, muttasil izlanishda bo‘lmog‘imiz zarur. Adabiy tanqid bevosita adabiy jarayon bilan baravar qadam bosishi, uning taraqqiyot yo‘nalishini, rivojlanish istiqbolini belgilashga yordam berishi kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlar mujassam. Ijodiy erkinlik ham, ilmiy salohiyat ham yetarli. Navqiron, umidli munaqqidlarimiz ham bor. Eng muhimi, adabiy tanqidning xolis, jur’atli, ta’sirchan va yuqori saviyali bo‘lishiga erishmog‘imiz, tanqidni to‘g‘ri qabul qilishga o‘rganishimiz zarur. Bu esa, o‘z navbatida, adabiy-estetik tafakkurning o‘sishiga, milliy adabiyotning ravnaqiga olib keladi.
Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori:
— Tanqidchining ishi oson emas. Bu yukni his qilish kerak. Ma’nisiz, tanqiddan tuban “asar”larni do‘ppini hidlab o‘qish, so‘ngra “yozg‘uvchi”ni savalash odamga xushkayfiyat bag‘ishlamaydi. San’at durdonalari haqidagi har qanday adabiy-tanqidiy maqola esa o‘sha badiiy asarlar bilan yonma-yon yashaydi. Tanqidchilik martabasi ko‘p hollarda badiiy asarning poetik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar odamni tafakkurga chorlaydigan, qalbga zavq, fikrga quvvat beradigan betakror, go‘zal va umrboqiy asarlar yozilmasa, adabiy tanqid harakatdan to‘xtaydi.
Adabiy jarayon har doim o‘zining original tahlil usullariga, xos dunyoqarashi va uslubiga ega munaqqidlar so‘ziga muhtoj. Davradoshining yangi bosilgan kitobiga taqriz yozish, ora-orada uyushtiriladigan yubiley anjumanlarida umumchapakka jo‘r bo‘lish bilan munaqqid bu sohada o‘z qalbi va qiyofasini namoyon eta olmaydi. Munaqqidning talqinlari va tanqidlarini o‘qigan kitobxon badiiy asar sirini, jozibasini, mohiyatini, adabiy haqiqatni anglasin.
Meningcha, ikki sababga ko‘ra adabiy jarayonda paydo bo‘layotgan asarlar e’tiborsiz qoladi. Birinchidan, yangicha badiiy tafakkur mahsulini tushunish va tushuntirishga munaqqidning idrok kuchi yetmasligi mumkin. Ikkinchidan, hikoya atalgan “voqeanoma”, she’r deyilgan “darak gap” hech kimga ta’sirsiz, hech qanday sirlarsiz, hammaga ma’lum, jo‘n, tanqid qilishga arzimaydigan narsalar bo‘ladi. Bugungi kunda tarozi pallasini shu ikkinchi sabab bosib ketgandek taassurot bor. Nasrda ramz va ibratdan ko‘ra quruq gapbozlik, oilaviy g‘iybat va g‘urbat mashmashalari, ko‘rpa-yostiq va qo‘ydi-chiqdi intrigalarning bayoni avj oldi. Nosirlarda nazariy bilim yetarli emas, syujet va kompozitsiya takomilini rejalashtira olmaydi; ichki manera ustida bosh qotirmaydi, parallelizm va simmetriyaga ahamiyat bermaydi; detalga yuk yuklamaydi, badiiy nutqni ishlamaydi… She’riyatda esa “sen-men”sirash, obrazsizlik, ma’nisizlik, uslubsizlik, tilsizlik, tovushsizlik, rangsizlik, ayniqsa, o‘z yo‘liga ega iste’dodli shoirlarga taqlid kuchaydi.
O‘quvchi badiiy asar egasining musohibi. Yozuvchi uchun yozganini birov o‘qimaganidan kattaroq fojea bo‘lishi mumkinmi? “O‘zim uchun yozaman”, degan kamtarlik ortida manmanlik bor. “Tanqidga e’tibor bermayman”, degan odamning gapi arazli.
Mashhur frantsuz munaqqidi Sharl Sent-Byov o‘z davrida: “Chinakam tanqidchi odamlardan o‘zib ketadi, jamoatchilik fikrini boshqaradi. Agar xaloyiq bo‘ronlar alg‘ov-dalg‘ovida adashib, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘igan bo‘lsa, munaqqid aslo o‘zini yo‘qotmasdan bor ovozi bilan “Ortga qaytmoq kerak”, deya qichqiradi”, deb yozgan edi. Bu gap qaysidir ma’noda hozir ham o‘z qimmatiga ega. Xuddi shu olim ma’naviy olam nafosati va ulug‘vorligini e’zozlagan holda adabiyotdagi merkantilistik kayfiyatlarni, ya’ni manfaatparastlik, foydaxo‘rlikni tanqid qiladi. Bu noxush kayfiyat egalari haqiqiy san’atkor va olimlarga davrdosh bo‘ladi, ammo oradan yillar o‘tishi bilan izsiz yo‘qoladi. Bu ham tarixning bir ibratli sabog‘idir.
Birovdan eshitgan yoki har joydan “cho‘qib” o‘qiganlari asosida, ayniqsa, hozirgi internetlashuv zamonida ko‘rganlaridan ko‘chirib maqola yozish qiyin ish emas. Epik asar syujeti yoki voqeiy she’rlarni qayta gapirib berish bilan ham qog‘oz qoralash mumkin. Ammo asl adabiy tanqidiy maqola chinakam san’at asariga o‘xshab tug‘iladi. Uning o‘ziga xos uslubi, kompozitsion qurilishi bo‘ladi.
Meningcha, bugun adabiy tanqid shakl va mazmun jihatidan yangilanishi kerak. Ushbu ilm sohasi o‘zining nazariy mezonlarini dunyo adabiyotshunosligida kechayotgan jarayonlarga uyg‘unlashtirishi lozim. Chunki jahon adabiyotshunosligida adabiy tanqidchilikning struktural va immanent analiz, semiotik, intertekstual, genetik, germenevtik, psixotanqid kabi turlari mavjud. Bunday usullar o‘rganilib, o‘zbekona adabiy-ilmiy tafakkur bilan sintezlashishi natijasida bizda ham yangi tanqid maydonga keladi. G‘arb adabiyotshunosligida badiiy asarga bir xildagi yondashuvlardan, jo‘n ijtimoiy talqinlardan, yaxshi va yomon, real va noreal, oq va qora tarzidagi atigi ikki sifatdan bezish oqibatida “yangi tanqid” paydo bo‘lgan edi. Zero, nazariy mezonlar maktablarga, maktablar shaxsiyatlarga, shaxsiyatlar muayyan millatlarga mansub. Shu ma’noda bizda ham kelajakda dunyo adabiyotshunosligiga o‘z ta’sirini o‘tkazadigan yuksak ilmiy saviyali olimlar va ularning individual maktablari paydo bo‘lishini orzu qilamiz.
Adabiy tanqid jonlanishi uchun nazariy qarashlarni kuchaytirish barobarida bevosita amaliy ishlar ham zarur: birinchidan, oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlari magistratura bosqichida maxsus “Adabiy tanqid nazariyasi” yo‘nalishini ochish va unga iste’dodli yoshlarni o‘qishga qabul qilish kerak. Mutaxassis shakllanadi, ilm oladi. Bu faoliyat turini adabiy to‘garaklar doirasida hal qilib bo‘lmaydi; ikkinchidan, Nusratullo Jumaxo‘ja to‘g‘ri ta’kidlaganidek, adabiy tanqidga doir maxsus jurnalga zarurat bor; uchinchidan, nufuzli jurnallar va nashriyotlarda bosilayotgan badiiy asarlarni ichki taqriz orqali mutaxassis nazaridan o‘tkazish nizomlarini ishlab chiqish lozim.
Saydi Umirov, filologiya fanlari nomzodi:
— Tanqidchilar yillik hisobot yig‘ilishlarini kutmay vaqt-vaqti bilan, bugungiday to‘planib, dolzarb masala, muammolarni muhokama etishi foydadan xoli emas.
Tanqid — naqd fikr, taqriz — qarz kalom degani. Yutuqlar o‘zimizniki, ular bor, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin har doim ham naqd gapni aytayotibmizmi? Yo‘q-da. Qanchadan-qancha yaxshi, o‘rtamiyona, bo‘sh asarlar yozilayotibdi, ko‘pchiligi haqida naqd gap, nasiya va’da u yoqda tursin, umuman, hech narsa demayotibmiz. Sukutni alomati rizoga yo‘yib, iqtidori hamin qadar nazmbozlarning hissiz-tuzsiz shig‘irlarini to‘y-tomoshalarda “estradamizning yorqin yulduzlari” gumburlatib ijro etishayotibdi. Xayriyat, adabiyot gazetamizda bir-ikki o‘tkir luqmalar, tishli-tirnoqli fikr-mulohazalarni o‘qib xursand bo‘ldik.
Ustoz Matyoqub Qo‘shjonov uchta taqriz yozsang bitta muammoli maqolaga zamin yaratasan deb aytar va buni o‘zi amalda ko‘rsatardi. Hozir taqriz anqoning urug‘i bo‘lib qoldi, ko‘p she’riy, publitsistik asarlar, sovchi kutgan qizlarday, munaqqidlar qiyo boqishi, fikri, bahosini kutib turibdi. To‘g‘ri, chop etilayotgan har bir kitobga bir taqriz bag‘ishlash imkoni yo‘q, bunday hollarda mushtarak mavzularda yozilgan asarlar umumiy kuzatuvdan o‘tkazilgan, ma’no, mahorat jihatidan tahlil qilingan obzor maqolalar qo‘l keladi.
Tasdiqlash orqali bevosita tasdiqlovchi, inkor etish orqali bilvosita tasdiqlovchi tanqid bor. Shu nuqtai nazardan qaraganda, birinchi xilining, ya’ni yozuvchi ijodidan, asaridan fazilat qidiruvchi, topuvchi, badiiy mahoratining yangi qirralarini kashf etuvchi, tasdiqlovchi tanqid namunalari ko‘proq. Konkret asar yoki asarlarning mazmuni, tili, uslubiga xos kamchilik, nuqsonlarni dalillar, mantiqiy muhokamalar orqali ko‘rsatib, isbotlab beruvchi maqola, taqrizlar kam. Ba’zan bir necha asar, muayyan turkum haqida naridan-beri fikr yuritgandan ko‘ra bir she’r, bir hikoyani batafsil tahlil qilish, fazilatlari yoki nuqsonlarini dalillar bilan ko‘rsatib berish ko‘proq samara keltiradi. Bunga misollar talaygina. Cho‘lponning “Raqamli sevgi” she’rining bir satri nashrda “siyna” so‘zi “sana” deb berilgani oqibatida asar mazmuni o‘zgarib ketganini Boybo‘ta Do‘stqorayev “Siynani sanaga almashtirib bo‘lmaydi” sarlavhali maqolasida asoslab bergan edi. Shu o‘rinda Qozoqboy Yo‘ldosh Halima Xudoyberdiyevaning “Yo‘ldadirman” nomli go‘zal she’ri, Murtazo Qarshiboyev Erkin A’zamning “Manana” hikoyasi tahliliga maxsus maqola yozib e’lon qilganini ham ta’kidlash joiz.
Keyingi yillar tanqidchiligimizda bir tamoyil ko‘proq ko‘zga tashlanayotibdi. Bu – bir qator maqola, taqriz, esse, tadqiqotlarning ilmiy-falsafiy va badiiy-publitsistik ruh kasb etayotganidir. Falsafiy, publitsistik unsurlar muallif diqqatini chetga tortmaydi, o‘quvchini chalg‘itmaydi, aksincha, g‘oyani kengroq, teranroq ochib berishga, asar voqealarini hayot hodisalari bilan qiyoslab o‘rganishga, matnning yanada maroqli, jozibali, o‘qishli chiqishiga yordam beradi. G‘afur G‘ulom shoh she’rlaridan “Vaqt”ning Suvon Meli tomonidan yangicha teran talqini, Qurdosh Qahramonovning Eshqobil Shukur she’riyatiga bag‘ishlangan maqolasi, Shuhrat Rizayevning “Bahodir Yo‘ldoshev teatri” essesi shunday usulda bitilgan maroqli, o‘qishli asarlardandir.
Keyingi paytlarda tanqidchilik ishi, asosan, bir guruh mutaxassislar va ayrim yoshlar chekiga tushayotir. Iqtidorli, umidli yosh munaqqidlar safi kengaymayotgani tashvishlanarli. Turfa soha kishilari, keng o‘quvchilar ommasi fikr-mulohazalari, e’tirof, e’tirozlari matbuotda, efir va ekranda negadir kam berilayotir. Turfa kasb sohiblarining ijodiy jarayon, adabiyot, tanqidchilik, publitsistika, san’at haqidagi kutilmagan, noan’anaviy, dangal, to‘g‘ri fikr-mulohazalari, xulosa, takliflarini o‘zaro gurung, norasmiy muloqotlarda tez-tez eshitib turamiz. Qaniydi shularning bir qismi matbuot, kitob sahifalarida chiqsa.
Nusratullo Jumaxo‘ja, filologiya fanlari doktori:
— Adabiy tanqidning hozirgi ahvoli, muammolari, yechimlari to‘g‘risida “Adabiy tanqid: bugun va ertaga” mavzusidagi davra suhbati tashkil etilgani juda o‘rinli, deb hisoblayman. Nazarimda, adabiy tanqidning bugungiday ahvolga tushib qolishiga ikkita asosiy sabab bor. Birinchisi, adabiy tanqidchi va adabiyotshunoslarning jarayonga loqaydliklari, bo‘shashib ketganliklari, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarmayotganliklari bo‘lsa, ikkinchisi, ommaviy axborot vositalarida tanqidiy tafakkurga kamroq o‘rin berilayotgani, adabiy-tanqidiy ruknlardan foydalanilmayotganligi, adabiy-tanqidiy maqolalar turli sabablarni ro‘kach qilib chiqarilmayotganidadir.
Avvalo, shuni aniqlab olish kerakki, adabiy tanqid mafkuraviy masala emas, balki adabiy-estetik muammodir. Shu sababli, mafkuraviy o‘zgarishlar jarayonida adabiy tanqidga xavotir bilan qarash o‘rinsizdir. Adabiy tanqid jamiyat taraqqiyoti va ravnaqi uchun eng zarur bo‘lgan adabiy hamda abadiy qadriyatdir.
Shayx Sa’diy Sheroziy “Guliston” asaridagi bir hikmatida juda chiroyli asoslab bergan: “Uch nimarsa uch nimarsasiz poydor qolmag‘usidurur: mol tijoratsiz, ilm bahssiz, mulk-mamlakat siyosatsiz”. Mana shu bahslar vositasida taraqqiyotga turtki beruvchi ilmlar turkumiga tanqid va adabiyotshunoslik ham kiradi. Afsuski, bahs mohiyatini noto‘g‘ri tushunish, bahs madaniyatiga rioya qilmaslik matbuotdagi adabiy bahslarga barham berdi. Adabiy tanqidning ijtimoiy zaruriyati yana shunda ko‘rinadiki, tanqidning chekinishi yoki cheklanishi o‘rtamiyona, sayoz asarlarga keng yo‘l ochib berdi. Aslida, atoqli munaqqidlar — Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Norboy Xudoyberganov, yozuvchilar tanqidchisi Abdulla Qahhorniki singari jangovar maqolalar e’lon qilinib turganida, shubhasiz, adabiyotdagi xaltura chekingan bo‘lar edi.
Tanqidchi, adabiyotshunos ham — ijodkor. U ham mehrga, rag‘batga, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. Ne hafsala bilan, mashaqqat tortib yozgan asari chop etilsa, rag‘batlanadi, ilhomlanadi, yana ijod zavqiga to‘ladi. Yuqoridagidek munosabat esa har qanday ijodkorga to‘siq qo‘yadi. Chinakam tanqidiy tafakkurga yo‘l bermayotgan tushunchalardan biri “jangovarlik” bilan “jangarilik”ni bir narsa deb tushunishdir. Aslida, bular insonlardagi boshqa-boshqa xususiyatlar. “Jangovarlik” — kurashchanlik, dadillik, jasurlik, fidoyilik, g‘alaba, yutuq keltiruvchilik fazilatidir. “Jangarilik” esa urushqoqlik, janjalkashlik qusuridir. Nomlari yuqorida tilga olingan atoqli munaqqidlarimizning yetakchi fazilatlari ham jangovarlik edi. Umuman, tanqidchini adabiy jarayonning eng oldingi safida tutuvchi asosiy fazilati ham jangovarlik bo‘lishi kerak.
Yaqinda she’riyat mavzusidagi davra suhbatida bir ijodkor do‘stimiz asarini tanqid qilgan munaqqidga kutilmaganda tashlanib qoldi. Axir, uning asarini kimdir o‘qigani, diqqat-e’tibor bilan bosh qotirgani va davra suhbatida tahlil doirasiga tortganidan minnatdor bo‘lishi lozim emasmidi? Zotan, to bir kishi “ayb qilmag‘uncha” shoir o‘z she’rlarining aybini sezmaydi ham.
Xalqda: “Odam o‘z kindigini o‘zi kesmaydi”, degan naql bor. Yozuvchi ham o‘z kamchiligini o‘zi topib, o‘zi tuzata olmasligi mumkin. Biroq Abulg‘ozi Bahodirxon: “O‘ksiz (ya’ni, chorasiz) odam o‘z kindigini o‘zi kesar ekan”, deydi. Shunday ekan, asarlarining birinchi tanqidchisi yozuvchi-shoirning o‘zi bo‘lishi kerak. O‘z asarlarining aybini aniqlay olgan, kamchiliklarini isloh eta olgan, ya’ni o‘zini o‘zi tanqid qilolgan ijodkor haqiqiy san’atkordir. Diqqat qiling: “Ko‘proq o‘qiyapman, uchinchi jildga kiritilgan hikoyalarni yana bir bor qaytadan o‘qib chiqyapman, bu menga hayot bag‘ishlaydi”, deb yozgan edi atoqli yozuvchi Shukur Xolmirzayev qiziga maktubida. Bu gap navqiron yozuvchilarimizga saboq bo‘lishi kerak. Yozuvchi umrbod yozgan hikoyalarini qayta-qayta o‘qigan, demakki, ular ustida uzluksiz ishlagan. Anglashiladiki, o‘z asarlarini qayta mutolaa etishda, ishlashda ham lazzat, ham hikmat bor. Yangi adabiyot namunalarini o‘qir ekanman, o‘yga tolaman: bu yozuvchilar o‘z asarlarini, hech bo‘lmasa, navbatdagi yangi nashrdan oldin yana bir bor tahririy nazar bilan o‘qib chiqarmikinlar? Afsuski, shunday bo‘lib chiqmayapti. Yosh yozuvchilarimizni qo‘ya turayligu, hikoyalari “Ozod Vatan saodati” to‘plamidan o‘rin olgan, ayni yetuklik davridagi ijodkorlarimizning hikoyalariga nazar tashlaylik. Matbuotda chizib-chizib o‘qiganim bir necha hikoyani katta kitobdagi nusxasi bilan solishtirib o‘qidim. Bu hikoyalar ayni gazetamizda badiiy til to‘g‘risida davomli bahs-munozara o‘tkazilgan kezlar chop etilgan edi. Qayta o‘qirkanman: “Qani, muhtaram yozuvchilarimiz asarlari ustida bir necha yil mobaynida qanday ishlashdi ekan?” — degan savol meni o‘ylantirardi. Biror jumla yoki so‘zni o‘zgartirishdimikin? Yo‘q, 50-60 yosh oralig‘idagi bu zabardast yozuvchilar hikoyalaridagi tumtaroq jumlalar, noo‘rin qo‘llangan so‘z-iboralar aynan matbuotda chop etilganiday joy-joyida turibdi. Chunki ularning so‘zlarini hech kim “ayb qilmag‘an” va ular isloh topmagan. Kitob muharriri ham tahrir etmagan. Mana shunday badiiy haqiqatlarni aytsak, matbuot chop etarmikin va bunga atoqli yozuvchilarimiz chidasharmikin?
Mamlakat adabiy tanqidchiligining markaziy o‘chog‘i Yozuvchilar uyushmasining Tanqid va adabiyotshunoslik kengashidir. “O‘z-o‘zini tanqid” tushunchasining mazkur kengashga ham tegishliligidan kelib chiqsak, Kengashning amaliy faoliyati qanoatlanarli, deya olmayman. Kengashning yillik rejasi talabga javob bermaydi. Kengash rejasiga yil boshida biz tavsiya etgan tadbirlarning ko‘pchiligi qabul qilinmadi.
Aytilgan fikr-mulohazalar asosida quyidagi xulosalarni taklif etamiz: Tanqid va adabiyotshunoslik kengashining tarkibini haqiqiy ishlaydigan mutaxassislar hisobiga yangilash va kengaytirish lozim. Kengash joriy rejasini qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish maqsadga muvofiq. Adabiy tanqid muhitini jonlantirish zarur. Adabiy jamoatchilikda tanqidni to‘g‘ri tushunish, qadrlash tuyg‘ularini shakllantirish muhimdir. Yuqorida ta’kidlanganidek, adabiy tanqid uchun alohida nashrga ehtiyoj borday. Shu boisdan, adabiy tanqid buguni va ertasini ta’minlash maqsadida, adabiy-badiiy gazeta-jurnallar sahifalarida adabiy-tanqidiy maqolalarga keng o‘rin ajratishni tashkil etish bilan birga, Yozuvchilar uyushmasi hamda Ijod fondi muassisligida har uch oyda bitta chiqadigan yangi “Adabiyot masalalari” nomli adabiy-tanqidiy jurnal ta’sis etilsa yaxshi bo‘lardi. Shuningdek, Suvon Meliyevning “har yili o‘tkaziladigan yosh ijodkorlar seminarlari dasturiga adabiy tanqid nominatsiyasini, albatta, kiritish kerak”ligi haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlayman.
Suvon Meli:
— Adabiy tanqidning nafaqat amaliy, balki nazariy muammolari ham bor. Istiqlol davrida adabiy tanqidning o‘rni va mavqei haqida gap borar ekan, nazarimda, dastlab uning g‘oyaviy-estetik printsiplarini belgilab olish va ishlab chiqish lozim. Bunga jiddiy ijtimoiy talab bor. Istiqlol va dunyoning globallashuv holati mamlakatimizda yangi adabiy muhitni hosil qildi. Yangi muhitda esa adabiy tanqid o‘ziga yuklatilgan missiyani uddalash uchun, yuqorida aytilganidek, uning g‘oyaviy estetik printsiplari ishlab chiqilishi, adabiy tanqid va tanqidchilik jarayoniga izchil tadbiq etilishi zarur. Bu printsiplar, bizningcha, quyidagilar: estetik ideal (u o‘zida jamiyatning oliy maqsadlarini go‘zallik qonunlari asosida jamlaydi), olijanob g‘oya, sof his-tuyg‘u, axloqiylik va hokazo.
Adabiy tanqid yaratilayotgan va o‘zbek tiliga o‘girilayotgan asarlardan ushbu printsiplar tasdig‘ini talab qilishga haqli, deb o‘ylayman.
Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida shunday yozadi: “Ma’naviy tahdid deganda, avvalo, tili, dini, e’tiqodidan qat’i nazar, har qaysi odamning tom ma’nodagi erkin inson bo‘lib yashashiga qarshi qaratilgan, uning aynan ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko‘zda tutadigan mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion xurujlarni nazarda tutish lozim, deb o‘ylayman”.
Shahar bedarvoza emas degandek, adabiyot ham bedarvoza emas. Uning muqaddas hududiga har qanday g‘oya, voqea va kechinmalarni olib kirish mumkin emas. Adabiyot yomonlikdan asranmog‘i lozim. U hech qachon ma’naviy tahdid quroliga aylanmasligi, aksincha, bunday tahdidga qarshi faol kurashmog‘i kerak.
Adabiy tanqid esa hamisha ma’naviy sog‘lom adabiyot tarafida qoim turishi lozim.
Adabiy tanqid o‘zining yuksak nuqtalarida milliy va jahoniy badiiy tafakkurning akkumullyatoridir. Ma’lumki, akkumullyator elektr va issiqlik energiyasini keyinchalik foydalanish uchun to‘playdigan qurilma, texnik asbobdir. Xuddi shunday adabiy tanqid ham yaratilgan va yaratilayotgan buyuk badiiy obidalar jismi jonidagi ulug‘ haqiqatlar, ezgu hissiy kashfiyotlarni qayta kashf etib, umumning aqliy va ko‘ngil mulkiga aylantirguvchi adabiy ijod sohasidir.
Tanqid muayyan ma’noda adabiyot falsafasi, badiiy adabiyotning yuksak ma’nodagi ko‘z-ko‘zidir. Adabiy tanqid o‘z tahlilu kashfiyotlari bilan yaratilajak buyuk asarlarga doyalik qilsa, qanday yaxshi.
Bugungi suhbatimizda ko‘proq adabiy tanqid muammolari haqida gapirildi. Yutuqlarga kam to‘xtaldik. Adabiy-badiiy nashrlarimizda bosilayotgan tahliliy maqolalar, taqrizlar, adabiy suhbatlardan, chop etilayotgan adabiy-tanqidiy to‘plamlardan ko‘z yummagan holda aytish joizki, bugungi adabiy tanqid o‘z vazifasini baholi qudrat bajarayotir. Shu o‘rinda men “O‘zbek adabiyoti masalalari”, “O‘zbek adabiyoti. Ta’sir va tipologiya”, “Istiqlol. Adabiyot. Tanqid” to‘plamlarini, taniqli adabiyotshunos olimlarimizdan No‘mon Rahimjonovning “Istiqlol va bugungi adabiyot”, Nurboy Jabborovning “Zamon. Mezon. She’riyat”, Damin To‘rayevning “Rangin tasvirlar jilosi”, Hakimjon Karimovning “Hayot, davr va adabiyot” nomli kitoblarini misol tariqasida ta’kidlab aytishni istardim. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Vatan mavzusidagi she’rlar tahliliga bag‘ishlangan turkum chiqishlar, “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy jarayon muammolariga doir izchil berib borilgan savol-javoblarni ham eslaylik. Mana, “Yoshlik” jurnali yosh ijodkorlarning bir asari va unga ikki-uch muallifning munosabat-taassurotini e’lon qilayotir. Izlanishlar davom etayotir, bugun siz, biz kuyunib aytayotgan muammolarga yechim topishga harakat qilinayotir. Eng muhimi, tanqidda faollikni oshirsak, loqaydlikka chek qo‘ysak, fikr-mulohazalarimizda xolis va beg‘araz bo‘lsak, marra bizniki. Bugungi davrda suhbatimiz ham ana shu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi, deb ishonaman.
Sahifani A.Otaboyev tayyorladi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 41-son