To‘ra Mirzo (To‘ramirza Jabborali Dadamirzo o‘g‘li) 1956 yili Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi Peshko‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent san’at institutining teatrshunoslik bo‘limini tugatgan (1979). 1989 yilda Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida o‘qigan.
Birinchi she’rlar to‘plami — «Maysalar xayqirig‘i» (1983). «Go‘ro‘g‘lining belanchagi», «Tonggi maktublar», «Kulgixona», «Amir Temur vasiyati», «Muhabbatga o‘q tekkan kun», «To‘xtamishxon» (1994) kabi she’riy va dramatik asarlari nashr etilgan. «Dobrыy znak», «Vozvrasheniye v Ferganu» to‘plamlari rus tilida, «Bilga To‘nyuquq vasiyati» manzumasi va turkum she’rlari Turkiyada nashr qilingan.
To‘ra Mirzo iste’dodli shoir bo‘lishi bilan birga taniqli dramaturg va tarjimon hamdir. Uning «Bekat», «Tonggi tramvay», «Poytaxt latifalari», «Saratondagi izg‘irin» kabi dramatik asarlari sovrinlarga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, adibning «Qovrilgan o‘rdak parvozi», «Muhabbatga o‘q tekkan kun», «Ahmad va Oqbilak» singari dramalari respublika va viloyat teatrlari sahnasidan munosib o‘rin olgan.
3 dramadan iborat «Amir Temur» trilogiyasi uchun xalqaro Fuzuliy mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Jon Gloyl Pristlining «Xazina», Agata Kristining «Qopqon», Aziz Nesinning «Yashasin, sarg‘ish pushti rang» kabi dramatik asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.