Saidrizo Alizoda 1887 yil 15 fevralda Samarqandda tavallud topgan. Otasi hoji mir Maxsum eronlik bo‘lib, 1882 yilda Xurosondan Buxoroga, so‘ngroq Samarqandga ko‘chib kelgan. Saidrizo Alizoda olti yil Samarqandda madrasa tahsilini olgan, bir muddat otasiga gilam sotishda yordamlashib turgan, bir rus zobiti bilan tanishib qolib, uning maslahati, ko‘magi bilan Demurov bosmaxonasiga harf teruvchi bo‘lib ishga kirgan, xuddi shu kasb uni matbuotga oshno qilgan, unga bir umr sodiq qolgan.
Saidrizo Alizoda o‘zbek, tojik, rus tillarida matbuotga xat, maqolalar yozib turadi, “Samarqand” gazetasi, “Oyina” jurnalida Behbudiyning yaqin hamkori bo‘ladi, “Telegraf xabarlari” nomli varaqani o‘zbek tilida o‘z hisobidan chiqaradi (1914), “Sharq” gazetasiga muharrirlik, “Hurriyat” gazetasida tarjimon va muxbirlik (1917), 1922 yildan “Zarafshon” gazetasida bo‘limga mudirlik qiladi, “Ovozi tojik” gazetasi asoschilaridan biri bo‘ladi, unga mas’ul kotiblik qiladi. 1919 yili o‘sha davr ruhiga mos “Sharq mash’ali” nomida haftalik jurnal tashkil etadi va uni boshqaradi. Forsi va tojik tillarida nashr etilgan, adadi 4 ming nusxaga yaqin bo‘lgan ushbu majalla O‘rta Osiyo, Kavkazortidan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, bir qancha arab mamlakatlariga tarqalgan edi.
S.Alizoda “Turkiston xabarlari”, “Kambag‘allar o‘qi”, “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Buxoroi sharif”, “Turon”, “Samarqand ovozi”, gazetalari, “Mashrab”,”Mulla Mushfiqiy” jurnallarida tez-tez chiqib turgan. Tanqidiy maqolalari, feletonlari Bahlul, Zambur, Ranjbar, Bog‘ishamoliy, Shapaloq, S.A. kabi taxalluslar (jami 20 tacha) ostida bosilgan.
Samarqandda kambag‘al dehqon farzandlari uchun maktab ochib, muallimlik qiladi, “Sarfi arab”, “Turkiy alifbo”, “Tarix”, “Jug‘rofiya”, “Riyoziyot”, “Xandasa”, “Tabiat”, “Din vojiblari”, “Nizomnoma”, “Badan tarbiyasi”, “Ilmi fazo” nomli o‘n bitta darslik tuzadi; o‘zbek maktablari uchun “Birinchi yil” nomli alifbo yozib, bepul tarqatadi, tojik tilida “Sarf va nahv” (1924), o‘zbek tilida “Hosilot” (1926) kitoblarini yozib chop ettiradi, Samarqandda yashaydigan ruslar uchun kechki kurslar ochib, o‘zbek va fors-tojik tillari o‘qitadi, mutafakkir Abdulla Shoiq bilan yangi ozarbayjon alifbosini tuzadi, 2 jildlik ruscha-tojikcha lug‘at tuzib (1933-1934) nashr ettiradi, 1933-1937 yillarda SamDUda arab va fors tillaridan o‘qituvchilik qiladi, Hamid Olimjon, O‘tkir Rashid kabi shoirlarga dars beradi, jurnalist Sharof Rashidov, faylasuf Ibrohim Mo‘minovlar bilan muloqotda bo‘ladi. Lohurdan mehmon bo‘lib kelgan Mirmuhammad Garmoni Afg‘on degan noshirni bir necha kun mehmon qilib, unga “Marosilot”, “Turkiston tarixi”, “Rusiya tarixi”,”Umumiy yevropa tarixi”, “Islom tarixi”, “Islom aqidalari”, “Fazo ilmi” kitoblarini, “Saodat asri” nomli romani va tarjima asarlarini ishonib topshiradi.
Bolsheviklar hukumatining so‘zi bilan ishi bir joydan chiqmayotganini ko‘rib, bilib, xavfsirab yurgan mutafakkir asarlari bu yerda chiqmasligiga, yo‘qotib yuborilishi ehtimoliga ko‘zi yetgani (qamalganidan keyin shunday bo‘ldi ham) uchun shunday qilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylaging keladi. Afg‘on noshiriga berilgan kitoblar taqdiri uzoq vaqt noma’lum bo‘lib keldi, faqat keyinchalik ular 1923-1933 yillarda Lohurda chop etilgani ma’lum bo‘ldi.
S. Alizoda “Kapitan qizi”, “Boris Godunov”, “Dubrovskiy”, “Evgeniy Onegin”, “Tirilish”, “Revizor”, “Ochilgan qo‘riq”, “Sement”, “Po‘lat qanday toblandi” asarlarini ruschadan o‘zbek, fors, tojik tillariga o‘giradi, frantsuzchadan Moler, Mopassan, inglizchadan Epton asarlari tarjimasiga qo‘l uradi. (Qur’oni karimning ayrim oyatlarini farangi tilga o‘girgani haqida ham ma’lumotlar bor). Ibn Sino, Firdavsiy, Nizomiy, Fuzuliy, Navoiy asarlaridan rus tiliga tarjimalari ham tahsinga loyiq ish edi.
Saidrizo Alizoda 1937 yil dekabrida siyosiy chaquv natijasida hibsga olinadi, 8 yil Samarqand-Toshkent-Tobolsk-Vladimir turmalarida o‘tirib, 1945 yil 24 dekabrida sil kasaldan vafot etadi.