O‘zbek xotin-qizlari orasidan yetishib chiqqan adiba Oydin (Manzura Sobirova) 1906 yil 20 noyabr kuni Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Oydin 1919 yili Toshkent xotin-qizlar bilim yurtiga o‘qishga kiradi. Uni 1923 yili tamomlab, o‘qituvchilik qiladi. Yoshlikdan adabiyotga havas qo‘ygan Oydin kichik-kichik she’rlar bilan matbuotda ko‘rina boradi. Samarqanddagi Pedagogika akademiyasida o‘qib yurgan paytlarida (1927—1933) Hamid Olimjon, Uyg‘unlar bilan yaqindan tanishuvi Oydin ijodida katta rol o‘ynaydi. Uning «Yangilikka qadam» nomli birinchi pesasi 1925 yilda bosilib chiqadi. «Tong qo‘shig‘i» (1931), «Chechan qo‘llar» (1932), «Oydin she’rlari» (1937) kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilingan.
Adiba 30-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab hikoya janrida ijod eta boshlaydi. Oydinning «Eslash yoki vigovor» (1938) nomli dastlabki hikoyasida ozod mehnatning yangi insonni tarbiyalab yetishtirishdagi roli, mehnat jarayonida o‘zbek xotin-qizlari ongida ro‘y bergan o‘zgarishlar ifodalangan. Uning «Chaqaloqqa chakmoncha», «Shirin-shakar», «Uyaldi shekilli, yerga qaradi», «Sadag‘ang bo‘lay, komandir» hikoyalarida yangicha oila, sevgi-muhabbat, sadoqat motivlari aks ettirilgan. Adibaning o‘tmishga bag‘ishlangan «Yamoqchi ko‘chdi», «Hazil emish», «Gulsanam» (1938) asarlarida o‘zbek xalqining haqqoniy hayoti tasvirlangan.
Oydinning urush va undan keyingi tinch qurilish yillarida ijod etgan «Qizlarxon» (1943), «Mardlik-mangulik» (1947), «Hikoya va ocherklar» (1952), «Hikoyalar» (1954) kabi to‘plamlarida zamonamiz kishisining vatanparvarligi, qahramonlik fazilatlari, front va mamlakat ichkarisidagi jonbozliklar, tinch yashash davridagi mehnati o‘z ifodasini topgan.
Oydin bu davrda ocherknavis sifatida ham tanildi. Uning «Cho‘llari obod, qullari ozod bo‘lgan elda», «El quvonchi», «Mening qahramonim», «Vatan uchun jon fido» kabi ocherklarida zamondosh, fidoyi o‘zbek ayollari obrazi yaratilgan.
Oydin «O‘zbekiston xotin-qizlari» («Saodat») jurnalining birinchi muharriri bo‘lgan.
Oydin 1958 yil 30 mayda Toshkent shahrida vafot etgan.