Buxoro jadidchiligining yirik namoyandalaridan va ma’rifatparvar, tarixchi olim, professor (1935), taraqqiyot yo‘lida milliy harakatning faol qatnashchilaridan biri Muso Saidjonov 1893 yili Buxoro shahrida savdogar oilasida tug‘ilgan. Mirarab madrasasini bitirib, Kogondagi rus-tuzem maktabida o‘qigan. M.Saidjonov ilmga qiziqib, arab, fors, turkiy tillar, adabiyot, tarix va geografiya bilan jiddiy shug‘ullanadi.
1913 yildan jadidchilik harakatiga qo‘shilib, 1917 yilda “Yosh buxoroliklar” partiyasining tashkilotchilaridan biri bo‘ladi. U partiya markaziy qo‘mitasining a’zosi etib saylangan. Lekin Muso Saidjonov tabiatan inqilobiy harakatlarga qarshi bo‘lib, islohotlarni tadrijiy yo‘l bilan o‘tkazish tarafdori edi. Shuning uchun ham u 1917 yil Buxorodagi jadidlar tomonidan uyushtirilgan namoyishga qarshi bo‘lgan. Amir bilan jadidlar o‘rtasidagi muzokarada qatnashgan. Muso Saidjonov o‘zbek xalqi o‘zgacha milliy taraqqiyot yo‘lidan borishiga ishongan. Uning siyosiy qarashlari kommunistik mafkuraga zid bo‘lgan, shuning uchun ham u 1920 yilda Yosh buxoroliklarning kommunistik yo‘nalishdagi guruhiga kirmagan. Keyinchalik u siyosatdan uzoqlashib, maorif sohasida faoliyat ko‘rsatgan.
Toshkentda o‘qituvchilar institutini tugatgach, Xo‘jandda muallimlik qilgan va teatr to‘garaklarida qatnashgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, u oziq-ovqat noziri (1920 yil sentyabr —1921 yil mart), iqtisodiyot noziri muovini (1921 yil mart — avgust), davlat nazorati noziri (1921 yil oktyabr – 1922 yil yanvar), ChK (Favqulodda komissiya) raisi (1921 yil avgust — sentyabr), moliya noziri (1922 yil fevral — aprel), Xalq Xo‘jalik Oliy Kengashi raisi muovini (1922 yil oktyabr — 1923), maorif noziri (1923 yil iyun — 1924) lavozimlarida mehnat qilgan.
Buxorolik talabalarni Germaniyaga o‘qishga yuborish tashabbuskorlaridan biri. «Milliy ittihod» tashkiloti faoliyatida qatnashib, A. Z. Validiy bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Buxoro ilmiy jamiyatini tuzish (1921) da faol qatnashgan va BXSR da maorif muassasalarini tashkil qilish, me’moriy obidalarni muhofazalash, tarixiy qo‘lyozmalarni to‘plab, ularni tartibga solish, xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plash kabi ishlarda jonbozlik ko‘rsatgan. O‘zbekiston tarixiy yodgorliklarini muhofaza qilish qo‘mitasi raisi, uning Samarqand bo‘limi ilmiy xodimi (1925—36) bo‘lib ishlagan. U o‘zbek olimlaridan birinchi bo‘lib sharqshunoslarning Leningradda bo‘lgan 3-kongressi (1935)da qatnashgan va Ko‘chkunchixon maqbarasi haqida ilmiy ma’ruza kilgan. Ilmiy faoliyati uchun olimga professor unvoni berilgan. «Shahrisabz me’moriy yodgorliklari tarixi», «Samarqandning me’moriy yodgorliklari», «Shayx Sayfiddin Boharziyning vaqfnomasi» nomli asarlar muallifi.
Muso Saidjonov umrining oxirigacha ilmga sadoqatli bo‘lgan. Uning safdoshlari Saidjonovni zehni baland, zakovati yuksak, madaniyatli, pokiza axloqli inson sifatida bilishgan.
O‘zbek milliy ziyolilarining ko‘zga ko‘ringan vakili sifatida totalitar tuzumning jadidchilik tarixini buzib ko‘rsatganiga qarshi chiqqani, o‘zbek davlatchiligi tarixi masalalarini xolis tadqiq qilgani, madaniy merosga hurmat bilan yondoshgani, «Milliy ittihod» tashkiloti faoliyatiga qatnashgani uchun sovet rejimi tomonidan Samarqandda qamoqqa olingan (1937 yil 13 aprel) va otib tashlangan. 1965 yil 2 dekabrda oqlangan.