XX asr milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Yunus — Muhammad o‘g‘li G‘ozi Yunusdir. U mohir jurnalist, yetuk hikoyanavis va bir qator xalqona she’rlar muallifi, ko‘zga ko‘ringan dramaturg, hajv ustasi hamda jamoat arbobi sifatida madaniyatimiz tarixida munosib o‘rin egallaydi. G‘ozi Yunus 1889 yilda Toshkentning Oxunguzar mahallasida ziyoli-hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Oiladagi to‘rt o‘g‘il ota-ona tarbiyasida ham savodli, ham ustachilik kasbiga ega bo‘lishgan. G‘ozi Yunus otasi qatorida imorat ustasi sifatida yangi shahar qurilishida qatnashganligi tufayli rus tilini erta va mukammal egallagan. Hatto mahallada uni «o‘ris» deb chaqirishgan. Madrasada arab va fors tillarini yaxshi o‘rgangan. Unga «Mulla» unvoni ham berilgan.
G‘ozi Yunus 1915 yillarda madrasani imtiyozli bitirgach, xalq qo‘shiqlari, musiqasiga havasi ortib, dutor, tanbur chalishni o‘rganadi, xonanda sifatida ham taniladi. 1916 yilgi mardikor olish bahonasida Boltiqbo‘yi frontida qatnashadi va ko‘p o‘tmay u yerdan nogiron bo‘lib qaytadi. Inqilob arafasida Eshonguzar mahallasida tashkil topgan «Og‘alarga yordam qo‘mitasi»da sarkotib bo‘lib ishlaydi va tuhmat orqasidan biroz muddat qamalib ham chiqadi. Shu tarzda uning «Turma xotirasi yoki Haqsizlik kasofati» degan kattagina nazmiy asari — dostoni yuzaga keladi. Shundan so‘ng u sekin-asta o‘z she’rlari bilan matbuot sahifalarida ko‘rina boshlaydi, teatr sahnalarida rollar ijro etadi. Xususan, Abdulla Qodiriyning «Baxtsiz kuyov» dramasida aktyor sifatida ishtirok etadi. Keyinchalik o‘zi yaratgan «Zahhoki maron» dramasida Zahhokning otasi adolatpesha Temirtosh rolida qatnashadi.
Shuningdek, u milliy o‘zbek matbaasi, nashriyotimiz tashkilotchisi sifatida elga tanilgan. Buxoro, Boku shaharlaridan bosmaxona uchun texnika vositalari, harflar keltirgan. Toshkentdagi Eskijuva bosmaxonasini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan. «Turkiston», «Qizil bayroq», «Zarafshon» gazetalari va «Mushtum» jurnalining tashkilotchisi va rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ko‘p vaqt «Qizil bayroq», «Mushtum» kabi gazeta-jurnallarga muharrirlik qilgan. Uning o‘zi yozadi: «Men davlat nashriyotida ishladim. Gazetalardan «Ishtirokiyun», «Qizil bayroq», «Qizil O‘zbekiston», «Zarafshon», «Yangi yo‘l», «ROSTA»larda qatnashdim va ko‘plarida muharrirlik qildim». Shunday keng jabhadagi faol xizmatlari uchun Toshkent shahar ijroqo‘mi 1921 yilda unga «Mehnat va matbuot qahramoni» unvonini beradi. Biroq, 1929 yillardan boshlab unga bo‘lgan qarash o‘zgaradi, ta’qib ostida qoladi. U ham boshqalar qatori «xalq dushmani», «panturkist», «panislomist» tamg‘asi ostida 1937 yilning 6 avgustida hibsga olinadi. Uzoq Shimolga badarg‘a qilinadi. 1942 yilning 5 may kuni ochlik va betobligi tufayli Vologda shahri qamoqxonasida olamdan o‘tadi.
G‘ozi Yunusning ijodkor sifatidagi faoliyati asrimiz boshlaridan boshlangan. U Oktyabr inqilobi to‘ntarilishigacha ko‘pgina publitsistik maqolalar yozgan. Binobarin, G‘ozi Yunus adabiyotga dastavval publitsist-maqolanavis sifatida kirib kelgan edi. U butun ijodi davomida yuz ellikdan ortiq turli mavzu va muammolarga bag‘ishlangan publitsistik maqolalar yozgan bo‘lib, ularda ko‘proq ijtimoiy-siyosiy, milliy madaniyat, milliy ma’naviyat, milliy teatrga oid qarashlarini ifodalaydi. U agar «Kasalimiz va aning dorusi», «Al ulamou vorisat ul anbiyo» («Ulamolar nabiylarning vorisidirlar») kabi dastlabki maqolalarida islomiy aqidalar asosida kishilarni o‘zaro nifoqlardan qaytarib, birlik, ittifoqlikka da’vat qilsa, keyingi «Hurriyatmi yoki istibdod?», «Erlilashtirish tevaragidagi lo‘ttibozliklar», «Din nomidan ig‘vo tarqatuvchilar», «O‘zbekiston» kabi o‘nlab maqolalarida hayotdagi nohaqliklar, nopokliklarni ayovsiz tarzda fosh etish yo‘lidan boradi. Oqibatda 1924 yilga kelib (1918 yilda kirgan edi) firqa a’zoligidan o‘chiriladi. Shunga qaramay u «Frantsiya inqilobi natijalari», «Ingliz hokimiyatining ikkinchi davri», «Siyosat maydonlarida» kabi bir qator maqolalar yozib, xalqaro masalalarni ham ko‘tarib chiqadi. Keng qamrovli mohir jurnalist sifatida taniladi.
Qolaversa, G‘ozi Yunus mohir hikoyanavis, hajviyachi, yetuk shoir sifatida ham e’tiborga sazovor. Uning «Saidzodalar», «Bachajish» kabi hajviy hikoyalari har jihatdan mukammal bo‘lib, o‘zbek milliy hikoyachiligining tug‘ilishi va shakllanishida so‘zsiz o‘z o‘rniga ega.
Ma’lumki, G‘ozi Yunus ham ma’rifatparvarlik va jadidchilik harakati davri adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandasi sifatida davr olg‘a surgan masala va muammolarni yechish yo‘lidan borgan. Xususan, uning ijodida ma’rifatparvarlik ijodiy-tasviriy uslubidan farqli o‘laroq, jadid adabiyoti yo‘nalishiga moyillik ustuvor bo‘lgan. Shu jihatdan qaraganda u qaysi janrda qalam tebratmasin va nima mavzuda asar yozmasin, adib ijodida jadid adabiyotiga xos fosh etuvchi uslub yetakchilik qiladi. Hatto, u yaratgan she’riy dastalar ham hajv tig‘idan begona emas. Binobarin, uning dastlabki «Ko‘z oching, turon eli» deb boshlanuvchi «Eski maktablar haqida» nomli she’ridan tortib, «Poraxo‘r tilidan», «Savdogar gilidan», «Bir munofiq tilidan», «Ramazon aytguvchi tilidan» kabi turkum she’rlarigacha ana shu fosh etuvchi usul-uslub, hajv yetakchilik qiladi.
G‘ozi Yunus mohir tarjimon va yetuk dramaturg sifatida ham tanilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u o‘ttizdan ortiq sahna asarlari yaratgan bo‘lib, ularning yigirma sakkiztasi 1926 yillarda alohida-alohida kitob holida Toshkentda O‘zbekiston Davlat nashriyotida chop etilgan. Ular mavzu va muammolari jihatdan turli-tuman bo‘lgani holda kuzatilgan maqsad yagona ekanligi bilan xarakterlanadi. Ya’ni, G‘ozi Yunus dramaturg sifatida xoh tabdil, xoh original asar yaratadimi, hamma-hammasida o‘z xalqining ma’naviy-madaniy jihatdan yuksalishini, erkin, ozod va farovon yashashini orzu qiladi. Shu maqsad yo‘lida goh bolsheviklar tuzumi bilan murosai madora qiladi, goh niqobga kiradi, goh ochiq kurashda bo‘ladi. Binobarin, adib bizning milliy uyg‘onishimizga ma’no jihatdan yaqin asarlarni saylab, tarjima tarzida yoinki moslashtirish — tabdil tarzida ham samarali yo‘l tutadi. Jumladan, uning «Luqmoni hakim», «Yo‘lbosar Alim», «Jaholat qurboni», «Islomiyat uyi», «Farzand duosi» (A. Qodiriy so‘zboshisi bilan nashr bo‘lgan), «Savodsizlik balosi» kabi bir qator pesalari xuddi uyg‘onish davri g‘oyalari, maqsadlari bilan hamohang bo‘lganligi uchun muhim badiiy-estetik ahamiyatga molik. Shuni alohida qayd etish kerakki, G‘ozi Yunus ijodida «Zahhoki maron» («Zahhokning ilonlari») asari alohida ahamiyatga ega. Asar Firdavsiyning mashhur «Shohnoma» dostoni asosida yaratilgan bo‘lib, undagi «Zahhok va temirchi kova» voqeasi drama markazida turadi. Asarda yo taxt yoki ota muammosi bosh qahramon Zahhok taqdirini belgilaydi. Otadan ko‘ra taxt Zahhok uchun afzal ko‘rinadi, otani o‘ldirib, taxtga chiqadi. Ammo qaytar dunyo deganlaridek, ko‘p o‘tmay oqpadar Zahhok Shayton vasvasasiga uchrab, zulm zo‘raygach, xalq isyoniga uchraydi. O‘n yetti farzandini Zahhok uchun ilonlarga yem qilgan ota Faridun lashkarlariga qarata temirchi Kova xalq vakili sifatida kurashga kiradi. Kova va uning o‘g‘illarini ham Shayton yo‘ldan ozdirmoqchi bo‘ladi, eplolmaydi. Pirovardida Zahhok yengilib, o‘limga mahkum etiladi, xalq g‘olib keladi.
Dramaturg esa bu bilan shayton hamisha ojiz insonlar qalbida yashashini eslatib, undan doimo ogoh bo‘lishga chorlaydi. Mazkur asar dastavval 1919 yilning 28 sentyabrida Mannon Uyg‘ur rejissyorligida «Kolizey» teatrida sahnalashtirilgan edi. Cho‘lpon ham bu asar haqida iliq fikr bildirib, «xalq sog‘inadigan» asar deb baholagan.
Xullas, G‘ozi Yunus ijodini o‘rganish va baholash uning tarixdagi o‘rnini aniqlash uchungina zarur bo‘lmay, balki qatag‘onlik davri ijtimoiy-siyosiy muhiti va uning maqsad-mohiyatini yanada chuqurroq tushunish, milliy tafakkur jarayonlarini to‘g‘ri anglash, Uyg‘onish davrining muhim bosqichi deb qarashdan ham iboratdir. Eng muhimi, Istiqlolimizning qadr-qimmatini yanada chuqurroq anglash hamdir.