Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan. Qadim zamonlarda yoshini yashab, oshini oshagan bir chol bilan kampir o‘tgan ekan. Ularning husnda yagona, qizlarning sarasi, ko‘zlarining oq-u qorasi, bitta-yu bitta Zulxumor ismli qizlari bo‘lgan ekan.
Zulxumor yoshlik chog‘laridanoq aqlli, chaqqon, xushchaqchaq ekan. U har ishda onasiga ko‘maklashar, yumushda har qanday chaqqon kishiga tenglashar ekan. O‘n ikki-o‘n uch yoshlarida biram charx yigiradigan bo‘libdiki, asti qo‘yavering. Keyinroq u hatto onasiga charx yigirtirmaydigan, kampirni charxning yoniga ham keltirmaydigan qilib qo‘yibdi. Bu ishdan uning ota-onalari shod bo‘lib, bir burda non topilib, qornilari to‘qligi uchun dard-u g‘amlarga yot bo‘lib kun kechiraverishibdi.
Kunlar o‘tibdi, yillar bo‘lsa birining ketidan biri quvib ketaverib, qiz o‘n sakkiz yoshga chiqdi deganda otasi, yana bir yildan keyin onasi vafot etishibdi. Uyda qizning yolg‘iz o‘zi qolibdi, ko‘z yoshi to‘ka-to‘ka, axir tolibdi.
Ularning uyi yaqinida bir sayrgoh bor ekan. Kunlarning birida qiz uyda zerikibdi-da, kechki payt ko‘ngil chigilini yozib, sof havo olgani shu sayrgohga chiqib dam olibdi. Uning yonidan o‘tgan ham, ketgan ham bir nazar tashlamay o‘tolmabdi, lekin yoniga kelib biron og‘iz so‘z deyishga hech kimning yuragi betlamabdi. Qizga juda ham kelishgan, qaddi-qomati endigina to‘lishgan, yigirma ikki-yigirma uch yoshlar chamasidagi bir yigit oshiq-u beqaror bo‘lib qolibdi, qadamini uning izidan solibdi. Oxiri Zulxumor uyiga kirib ketayotgan paytda, undan yaqin kunlarning birida ko‘rishish uchun va’da olibdi.
Oradan ikki-uch kun o‘tgandan keyin qiz yana sayrgohga chiqib, bu safar boshqa bir yigitga ro‘para bo‘libdi. Bu yigit ham qo‘yarda-qo‘ymay Zulxumorning va’dasini olibdi.
Uchinchi marta ham xuddi shunday hodisa yuz berib, Zulxumor uchinchi yigitga ham so‘z beribdi. Endi Zulxumorni qo‘yaturib, yigitlardan hol so‘raylik.
Hammalari ham oshiq-u beqaror, “Qachon bo‘lar ekan u qiz menga yor”, deb kunlarni sanayverishibdi. Oxiri ular kutgan kun ham yetib kelibdi.
Sayrgohning kunbotar tomonidagi chinor tagiga bir-birlariga yot, ko‘ngillari to‘la oh-u dod uch yigit to‘planishibdi. Ular bir-birlaridan nima gap, deb so‘rashay desa, tillari bormay, uchovlarining ham ko‘zlari nigoron bo‘lib turaverishibdi.
Oxiri ulardan birining toqati toq bo‘lib, ikkinchisiga:
— Do‘stim, mabodo ilinganimiz bir qarmoq emasmikan, sizni ham aldagan o‘sha qiz bo‘lmasin? — debdi.
— Ie, to‘xtang, nima deyapsiz, — deb so‘zga aralashibdi uchinchisi, — aytayotgan-laringiz Zulxumor bo‘lmasin, ha, ishqilib qoyil qilibdi, o‘lmasin.
Hammalari ham bir zumgina o‘yga tolishibdi, so‘ng birgalashib qizning kulbasi tomon yo‘l olishibdi.
— Aqlim bovar qilmayapti, — debdi ikkinchi yigit gap ochib, — nahotki… hammamiz ham aldangan bo‘lsak.
Ular eshikni taqillatishgan ekan, boshqa bir qiz chiqib, ta’zim bilan hammalarini ichkariga taklif etibdi.
Uch yigit kirishga ham hayron, kirmaslikka ham, eshik yonida bir-birlariga qarashib, kiramizmi, kirmaymizmi degandek bosh qashlashib, oxiri birinchi yigit ichkariga yo‘l boshlabdi.
Ular uyga kirib qarashsa, Zulxumor ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan emish, yonida tabib unga nimalarnidir uqtirayotgan emish.
Tabibning gaplarini ma’qullayotgan rangi-ro‘yi za’faron Zulxumor ularni ko‘rib, boshini ko‘taribdi. Yigitlar qizni ko‘p bezovta qilmaslik uchun tezgina uning atrofiga o‘tirishibdi. Yerga qarab, yigitlardan uyalib:
— Sizlarni ko‘p ovora qildim, — debdi Zulxumor. — Hech biringizga yo‘q degani tilim bormadi, sizlarni ranjitgani ko‘nglim bo‘lmadi. Hech qaysingizni aldamoqchi emasdim. Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Har biringizga bittadan shartim bor, shu shartni bajargan yigitga bo‘lay mayli yor.
Yigitlar qizning shartiga quloq solishibdi.
— Biri shuki, — deb davom etibdi Zulxumor, — o‘lkamizdan juda uzoqda, g‘or ichida, ya’ni ancha katta tuzoqda uzoq yillardan beri saqlanib kelgan bir ko‘zgu bor. Bu oddiy emas, sehrli ko‘zgu, agar bu ko‘zgu kimning qo‘liga tushgudek bo‘lsa, shu dunyodagi istagan yeri va kishisini ko‘ra oladi. Shuni olib kelish kerak. Ikkinchisi bu ham o‘sha o‘lkaga qo‘shni, bir g‘or ichida uchar gilam saqlanar emish. Uning ustiga o‘tirgan kishi ko‘z ochib-yumguncha istagan joyida hozir bo‘larmish. Bu gilam xislatlarga boy emish, shu shartni bajarmoqchi bo‘lgan yigitga ikki oy muhlat beray.
Tabib gapga aralashib, qizdan iltimos qilib:
— Uchinchi shartni, qizim, men aytsam, — debdi. Bunga qiz rozi bo‘libdi, yigitlar ham ko‘nishibdi.
— Uchinchi shart shuki, — debdi tabib, — mashriq tomonining falon yerida bir yurt bor. U mamlakatga Qoraxon podsholik qiladi. Uning qo‘l ostida behisob boylik, yer-suv, bog‘-rog‘ bor. Xon saroyida bir tup ajoyib olma o‘sadi. Qaddi juda baland, uning soyasi har qanday daraxtni ham to‘sadi. Shu daraxtning uchida yarmi qizil, yarmi oq bir dona olma bor. Shu olmani albatta keltirish kerak, qiz shu olmani yesa shifo topadi.
Yigitlarning uchovlari shartlarni o‘zaro bo‘lishib olib, yo‘l anjomlarini hozirlab, murodimga yetamanmi, yo‘qmi degan xayolga tolib, to‘g‘ri o‘sha tomonlarga yo‘l olishibdi. Hammalari ham yo‘l yurib, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurib, oxiri birin-ketin mo‘ljal qilgan manzillariga yetib borishibdi.
Olma keltirgani borgan yigit Qoraxon saroyiga yaqinlashibdi, ulkan daraxtni ko‘rib aqli shoshibdi. U olma uzoqdan ko‘zga tashlanmabdi, “Yo‘q ekan”, deb yigitning ko‘zi yoshlanmabdi. Aksincha, u: “Qanday bo‘lmasin shu olmaga yetaman, dildorimga eltaman”, deb umid qilibdi.
Qoraxon saroyiga kirish juda ham mashaqqat ekan. Darvozalarda bo‘lsa doim soqchilar turarkan. Saroyga kirishning yo‘lini axtarib, haligi yigit o‘n kecha-o‘n kunduz turli xil reja tuzibdi. Oxiri, o‘n birinchi kechada darvozabonlarni behush qilib, saroyga o‘tib olibdi va olma daraxtining tagiga yetib boribdi. Ko‘p o‘ylab o‘tirmay, jon-jahdi bilan daraxtga tirmashibdi. Tabibning aytganini qilib, pastga qaramay, tolganini ham, charchaganini ham bilmay, o‘zini ayamay yuqoriga ko‘tarilaveribdi.
Bu yigit murodiga yetay deb qolibdi, olmani qo‘lga olib, qaytib ketay, deb qolibdi. Endi gapni ko‘zguga ketgan yigitdan eshitaylik.
U yigit yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, aytilgan g‘orga yetib boribdi. Qorning ichiga ko‘z tashlab, hayron qolibdi. “Tavakkal, — debdi u, — bir boshga bir o‘lim, qaytib ketsam izza bo‘laman, uyat o‘limdan qattiq degan gap bor”.
Shunda u qilichini mahkam ushlab, g‘orning ichiga kiribdi. U biroz yo‘l bosgandan keyin o‘ngga, so‘ng so‘lga qayrilibdi. Bir joyga kelib qarasa, g‘ordagi ko‘zgu turgan yerni bir ulkan dev qo‘riqlab yotgan emish, uning yonida murda chanoqlari to‘dalanib qolgan emish.
“Bu qanday balo ekan, — deb o‘ylabdi yigit, — bu dev bilan olishib ko‘zguni qo‘lga kiritish qiyin bir muddao-ku, endi nima qilay, harna bo‘lsa ham orqaga qaytma-yu, mardlik ko‘rsatay”. Yigit devni turtib uyg‘otibdi.
Dev g‘oyibdan paydo bo‘lib qolgan bu yigitni dast ko‘tarib yerga uraman, degan ekan, yigit chaqqonlik qilib, qilich bilan uning shoxini urib sindiribdi, devni shaxtidan tushiribdi.
— Men, — debdi dev, — sening xizmatingdaman, nima buyursang, hammasini ado etaman.
— Sen qo‘riqlab yotgan shu g‘or ichida ko‘pdan beri po‘lat sandiq saqlanar ekan, uni olmoq faqatgina sening qo‘lingdan kelarkan. To sen shuni olib bermaguningcha murodimga yetmayman, bu diyorni tark etib, o‘z o‘lkamga ketmayman.
Dev chor-nochor eshikni ochib, ichkariga yo‘l olibdi. Uni yigit ostonada kutib qolibdi. Ko‘p vaqt o‘tmay dev kichik bir sandiq bilan chiqib, yigitga ta’zim qilibdi.
— Sandiqni och, — debdi yigit.
— Nariroq qoch, — debdi dev.
Dev sandiqni ochgan ekan, uning ichida kattakon ilon behush, kulcha bo‘lib yotganmish. Dev ko‘zguni olganida ilon boshini ko‘taribdi, dev esa sandiqni darhol yopibdi. Shunda birdan hamma yoq charog‘on bo‘lib ketibdi, yigitning ko‘ngli yorishibdi.
Yigit aql-hushini bir yerga to‘plab, ko‘zguga bunday qarasa, bir sherigi mashaqqat bilan uchar gilamga yetishibdi-yu, kirsa chiqmas g‘orning ichida qayoqqa borishini bilmay, sarson-sargardon bo‘lib yurgan emish. Ikkinchisi bo‘lsa daraxt tepasida olma uzayotgan emish. Qiz to‘shakda holdan toyib yotganicha joni uzilayotgan emish, yonida tabib yigitlarni kutib dam qizga, dam yo‘lga tikilib o‘tirgan emish.
“Endi nima qildim, — deb o‘ylabdi yigit, — ko‘zguni olib borganim bilan dardga shifo bo‘lmaydi, baribir qizning ham ko‘ngli to‘lmaydi”.
— Endi, — debdi u, devga ko‘zguni ko‘rsatib, — vaqtni boy bermay, meni tezlik bilan o‘sha uchar gilamni olib, kirsa chiqmas g‘orning ichida yurgan yigitning yoniga olib bor, ikkovlashib u yigitni halokatdan qutqaraylik, keyin ixtiyoring o‘zingda, qayerni xohlasang, mayli bora qol.
— Bo‘lmasa ko‘zingni yum, — debdi dev, — o‘zingni shamollardan ehtiyot qil.
Yigit uning aytgan gaplariga ko‘nib, hammasiga bardosh beribdi. Dev ko‘p vaqt o‘tmay yigitni hamrohi turgan joyga olib kelibdi.
Dev g‘orga kiradigan yashirin yo‘l borligini bilar ekan, bu yerga u ko‘p martaba kirgan ekan, yigitni g‘orning tashqarisiga qo‘yib, dev uning hamrohini g‘or ichidan olib chiqibdi. Ikkinchi yigit ko‘zgulik yigitni ko‘rib hayron bo‘libdi. Do‘sti bo‘lsa uni voqeadan voqif qilibdi.
— O‘ylab turmaylik bo‘lmasa, — debdi gilamli yigit, — iloji boricha tezroq olmazor bog‘ga uchib boraylik, hamrohimizni olib, qizning dardiga davo bo‘laylik.
Shunday qilib ikkovlari olmazor bog‘ tomon parvoz qilishibdi, ko‘p o‘tmay u yerda hozir bo‘lishibdi. Uchinchi sheriklari ham ko‘zguga qarab voqeadan xabardor bo‘libdi, uchar gilamni ko‘rib, ko‘ngli to‘libdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay uchovlon osmonga ko‘tarilishibdi, hali qizning joni bor ekanida uning yoniga yetib borishibdi, Zulxumoroyni o‘lim changalidan qutqarib olishibdi.
Olmani yeb, birozdan so‘ng qiz ko‘zini ochibdi, to‘lishgan oydek har tarafga nur sochibdi. Bunday qarasa, uchala yigit ham tepasida unga ko‘z tikib turgan emish, hammalari ham mo‘l yo‘l bosib o‘z burchlarini ado etishgan emish. Qiz hayron bo‘lib, ne qilay, degandek tabibga boqibdi. Uning bu ishi yigitlarning uchoviga ham yoqibdi. Mo‘ysafid-tabib voqeani yigitlardan batafsil eshitgandan so‘ng, gap boshlabdi:
— Qizim, endi mening bir narsa deyishim mushkul. Shunday bo‘lsa ham maslahat tariqasida ikki og‘iz so‘z aytay. Avvalo, bu uch yigit o‘z burchini ado etdi, balli ularga. Hammalari inoq bo‘lib, seni o‘limdan qutqarishdi. Qizim, agar biri ko‘zguda hamma sirdan voqif bo‘lmasa, sen dardingga shifo topa olmasding, chunki o‘z joningni o‘zing saqlab qololmasding. Ikkinchisi gilam bilan yetkazib keltirmasa-chi, unda ham holingga voy edi, yotaring tuproq joy edi. Uchinchisi agar olma keltirmaganda, gilam, ko‘zgu bu dardingga davo bo‘lmasdi. Ana, qizim, endi o‘zing hal et bu yog‘ini, hech birining ko‘nglini ranjitma.
— Bolalarim, — debdi mo‘ysafid yigitlarga qarab, qo‘llarini taroq qilib soqolini tararkan, — Zulxumorga bir vazifa yuklamoqchiman, ham shu bilan uni yana sinamoqchiman. U sizlardan biringizni tanlab yor bo‘lsin, ammo bu ishdan sizning ham ko‘nglingiz to‘lsin. Qolgan ikki yigit uni singlim deysizlar, butun umr bir-birlaringni unutmaysizlar.
Yigitlar bu shartga ko‘nishibdi, qizning javobini eshitib, ko‘ngillari to‘libdi.
Endi sizga shunday bir jumboq, mayli hozir toping, mayli yo kechroq: shoshmay bir o‘ylab ko‘ring-chi! Qiz qanday javob berib, kimga yor bo‘ldi. Qolganlarining ko‘ngli ne bilan to‘ldi?
Javob:
— Siz, — debdi qiz, ulardan biriga qarab, — ko‘zguni olib keldingiz, qahramonlik, shon-shuhrat nima — bildingiz. Mana endi qo‘lingizda ko‘zgu muhayyo, yo‘q ekan demang bu qizda hayo, istagan yeringizni ko‘ra olasiz, ko‘nglingiz ne istasa bila olasiz — qayerda qanday fasl va kim qanday ish bilan band va kimlar xursand — hammasi ham ko‘zguda ko‘rinadi sizga.
Siz ham ne mashaqqat-la gilamga yetishdingiz, ne-ne nodonlar bilan rosa ham aytishdingiz, unda ikki do‘stni ham olib keldingiz, albatta, sizga ham “Ha” demaklik lozim.
Endi bu do‘stingiz-chi, olma keltirdi, xolos. Lekin u ham va’dasini bajardi qo‘yib ixlos. Men tufayli ko‘p mashaqqatlar chekdi. Shularning evaziga u menga uylansin… Chunki u bechorada na ko‘zgu bor, na gilam, har kim molin olsin-u, u yigit bo‘lsin men bilan.