O‘tinchi yigit bilan sher

Bir yigit dalaga o‘tin tergani chiqibdi. Bir daraxt yoniga kelib shu daraxtni yiqitmoqchi bo‘libdi. Bir sher kelib qolib:
— Ey odam, nimaga kelding, bu yerda nima ish qilasan? — debdi. U yigit:
— Mana shu terakni qulataman, — debdi.
Sher:
— Men shunday kuchim bilan bu terakni qulata olmayman-ku, sen qanday qilib qulatasan, — debdi.
Yigit:
— Ey, jo‘ra, men juda zo‘rman, — debdi. Sher:
— Sen zo‘r bo‘lsang, kel ikkovimiz kurashib kuchimizni sinaymiz, — debdi.
Yigit:
— Mayli, kurashamiz, — debdi. Ikkovi kurashmoqchi bo‘lib turganda yigit:
— Kuchimning yarmi uyda qolibdi, borib olib kelay, — debdi.
Sher:
— Ha, borib kel, bo‘lmasa yiqilsang kuchim uyda qolgan edi, deb tan bermay yurarsan, — debdi. Yigit kuchini olib kelmoqchi bo‘lib ketib, bir joyda ko‘rinmay bekinib turib, yana qaytib kelibdi.
Sher:
— Olib keldingmi? — debdi.
— Olib keldim, — debdi yigit.
— Unday bo‘lsa, qani kurashaylik, — debdi sher. Yana ikkovi kurashmoqchi bo‘lib turganda yigit:
— Ey, sher jo‘ra, kuchimning tag‘in pichasi uyda qolibdi. Olib kelay, — deb ketib, yo‘ldan qaytib kelib:
— Sen qochib ketma, — debdi.
Sher:
— Yo‘q, men qochmayman, sherning gapi bir, — debdi.
Yigit:
— Yo‘q, senga ko‘nglim ishonmaydi. Seni bog‘lab ketaman, — debdi.
Sher:
— Bog‘lay qol, — deb o‘zini bog‘latibdi. Yigit sherni mahkam bog‘labdi. Toldan yaxshi bir tayoq qilib olib kelib, gursillatib sherni ura boshlabdi.
Sherning: «Jon odamzod, meni urmang, endi odamzodga yo‘liqmayman», deb yalinganiga ham qaramay, uraveribdi. Shu payt bir yo‘lbars kelib qolibdi. Yigit yo‘lbarsdan qo‘rqib terak boshiga chiqib ketibdi. YO‘lbars sherning bog‘lanib yotganini ko‘rib:
— Ey, sher, shuncha kuching bilan nimaga o‘zingni odamzodga urdirasan? — debdi.
Sher:
— Esing bo‘lsa odamzodga yo‘liqma. Qoch bu yerdan. Seni ham ushlab, bog‘lab uradi, — debdi. YO‘lbars sherdan bu gapni eshitishi bilan orqasiga qaramay qochib ketibdi. Yigit terak ustidan tushib, sherni bo‘shatib yuboribdi. Terakni qulatib, arralab uyiga olib borib, murod-maqsadiga yetibdi.