Qish kunlarining birida ona tulkining qorni och qolibdi. U ko‘p yurib ovqat qidiribdi. Oxir bir kichkina jo‘jani ushlab olibdi. Jo‘ja o‘zicha o‘ylabdi. “Bir urinib ko‘ray, qutulsam, qutulganim, bo‘lmasa nima bo‘lsa ko‘rarman”, deb tulkini alday boshlabdi.
— Ey hayvonlar malikasi, bilaman, sening qorning och. Meni yeganing bilan qorning to‘ymaydi. Yaxshisi, otam bilan onamni keltirib beraman senga. Ular semiz, yesang, mazasi qirq kecha-yu qirq kunduz og‘zingdan ketmaydi, — debdi.
Bu gapdan mag‘rurlangan tulki, uning gapiga ishonib, qo‘yib yuboribdi. Jo‘ja qutulganiga shukur qilib, o‘z uyiga ravona bo‘libdi, ammo u qaytib kelmabdi. Tulki jo‘jani kutibdi, kutibdi, kelmagach uning uyiga ravona bo‘libdi. Tulki borib ko‘rsaki, jo‘ja qo‘noqda o‘tirgan ekan. Tulki unga:
— Qani otang bilan onang, — debdi Jo‘ja:
— Ey hayvonlarning ahmog‘i, menda ota bilan ona nima qilsin. Men inkubatordan chiqqanman, — debdi. Qorni och jo‘jadan gap eshitgan tulki indamay o‘z iniga qarab ravona bo‘libdi.