Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir tulki bo‘lgan ekan. U juda ham ayyor bolib, ayyorlik bilan kun ko‘rar ekan. U bir hakka bilan tez-tez uchrashib turar, u bilan oshna ekan. Ayyor tulkining maqsadi, nima qilib bo‘lsa ham, shu hakkani qo‘lga tushirish ekan.
Kunlardan bir kuni tulki makkoralik qilmoqchi bo‘libdi. U bir qishloqqa borib cho‘zilib yotibdi, og‘zini katta ochibdi. Uning og‘ziga har xil pashshalar kirib chiqaveribdi. Bir vaqt hakka uchib yurib qarasa, tulki cho‘zilib yotgan emish. Hakka pastga tushib, tulkining oldiga kelib qo‘nibdi. Hakka tulkining u yonidan bu yonidan “kak-kak-kak”, deb hakkalab o‘taveribdi. Tulki bo‘lsa hushyorlik bilan “lip” etib hakkani ushlab, tishlab olibdi. Hakka tulkining bu hiylasini tushunibdi. U hadeb:
— Voydod, otamning qarg‘ishiga qoldim, voydod, — deyaveribdi. Tulki bo‘lsa:
— Otang nima deb qarg‘ar edi, — debdi. Hakka yana:
— Voydod, otamning qarg‘ishiga qoldim, — deyaveribdi. Tulki:
— Axir, aytsang-chi, otang nima deb qarg‘ar edi? — debdi. Hakka:
— Otam rahmatlik aytar ediki, “Sening shu ahvoling bo‘lsa, bir kuni tulkining qo‘liga tushasan, u esa seni baland bir daraxtning ustiga olib chiqib, o‘sha yerdan tashlab yuborib, sening go‘shtingni mayda-mayda qilib yeydi”, der edi. Voydod, otamning qargishiga qoldim, — debdi.
Tulki hakkaning bu gapiga ishonibdi:
— Seni xuddi otang aytganday qilib yey, — debdi-da, bir baland daraxtning tepasiga olib chiqibdi. U yerdan hakkani yerga tashlab, maza qilib go‘shtini yemoqchi bo‘libdi. U hakkani daraxtning tepasidan tashlab yuboribdi. Bir vaqt tulki qarasa, hakka daraxtning boshqa shoxida “kak-kak-kak”, deb turgan emish.