Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda quyoshchiqar tomonda toshbaqa, sichqon va tulki bo‘lgan ekan. Uchovi do‘st tutinishib arpa, bug‘doy ekmoqchi boiishibdi. Adirga chiqib, yer haydab ekin ekibdilar. Arpa, bug‘doy yetilgandan so‘ng o‘rishga tayyorgarlik ko‘ribdilar. Toshbaqa bilan sichqon qo‘llariga o‘roqni olib, bug‘doy o‘rishga kirishibdi. Buni ko‘rgan tulki ishlamaslik uchun hiyla ishlatib, bahona izlabdi. Bir chetda kattakon tosh turgan ekan. Tulki shu toshni ko‘rsatib:
— Men shu toshni suyab turay, bolmasa sizlarni ham, g‘allamizni ham bosib ketadi, — debdi.
Toshbaqa bilan sichqon rozi bo‘lishib, o‘zlari ekinni o‘raverishibdi. O‘rib, yanchib, xirmon qilishibdi. Buni ko‘rgan tulki yana nayrang ishlatibdi:
— Kelinglar, huv anavi tepalikdan poyga qilamiz, kimki oldin kelsa, o‘sha katta xirmonni oladi, — debdi. Toshbaqa bilan sichqon bunga ham rozi bo‘lishibdi. Uchalasi tepalikka chiqishibdi. Sichqon bildirmasdan tulkining dumiga chiqib olibdi. Chopish boshlanganda toshbaqa dumalab, tepadan tushibdi. Tulki kelib, dumini bosib o‘tirganda, sichqon: — Nari tur, meni bosib yubording, — debdi. Tulki:
— Qachon kelib qolding? — deb so‘rabdi. Sichqon:
— Ancha bo‘ldi, kelib, ko‘zim uyquga ketgan edi, — debdi. Ikkalasi dam olib o‘tiribdi. Toshbaqadan darak yo‘q. So‘ng yomg‘ir yog‘ib, tuman bo‘libdi. Sichqon g‘aramlarning ustini yopibdi. Toshbaqa kelibdi. Tulki xavotirlanib:
— Ha, og‘ayni nega buncha kech kelding? — debdi. Toshbaqa achchiqlanib:
— G‘alla ekkanimiz ham bor bo‘lsin. Yo‘lda ikki ovchi, ikkitadan to‘rtta tozi yetaklagan, bittadan ikkita ot mingan, miltiq taqqanlar, «tulki ko‘rdingmi?», deb yo‘limni to‘sib olishdi. Yo‘q, deyishimga qaramay zo‘rlashdi. Men boshqa tomonni ko‘rsatib yubordim, — debdi.
Tulki talvasaga tushib qolibdi. U do‘stlaridan yordam so‘rabdi. Sichqon:
— Sen qopga kirasan. Biz qopning og‘zini bekitamiz, qopning ustiga to‘nlarni tashlab qo‘yamiz, bu bug‘doy deymiz, — debdi. Shunda tulki qopga kirib, yotib olibdi. Toshbaqa bilan sichqon qopni bekitib, ketmondasta, panshaxa bilan ura ketibdi. Tulki qopning ichida jon beribdi. Toshbaqa, sichqon tulkini qopdan chiqarib, terisini shilib, terifurushga olib borishibdi. Terifurush to‘rttadan baxmal, ikki kulcha, sovun va boshqa narsalar berib, ularni jo‘natibdi. Toshbaqa bilan sichqon xirmondagi arpa va bug‘doyni bo‘lishib olib, murod-maqsadlariga yetishibdi.