Teshik danak

Bir zolim podshoning zamonida qaynonalar bilan kelinlar bir-biriga it-mushuk ekan.
O‘sha zamonda bir kampir o‘g‘li, kelini va nabiralari bilan yashab kelgan ekan. Kampir bir hujrada o‘z yirtiq-yamoqlarini yamab o‘tirar, kelinning bergan ovqatlariga, qilgan minnatlariga chidar ekan.
Kelinning minnati bir kuni toqatini toq qilibdi-yu, ko‘zidan yosh oqizib shunday debdi:
— Hay yaxshi kelin, namuncha menga ta’na toshi otaverasiz. Men yesam, o‘g‘limning ishlab topganini yebman, axir o‘g‘limni o‘n bir oy emizganman, oq yuvib, oq taraganman.
Kelin qaynonasining gapiga jahli chiqib ketibdi-da, mutlaqo ovqat bermay qo‘yibdi.
O‘zingizga ma’lum, onalar juda olijanob bo‘ladilar, o‘zlarining jonlari qiynalsa qiynaladiki, bolalarining jimjilog‘iga bitta tikan kirishini istashmaydi. Tikan kirguday bo‘lsa, kipriklari bilan tortib chiqarishadi. Kampir ham shunday onalardan ekan. Kelinining bu yomonligini o‘g‘liga aytmas ekan, uyi buzilishini yoki dili ranjishini istamas ekan.
Shunday qilib, kampir och o‘tiraveribdi.
Bir kuni nabiralaridan biri do‘ppisiga turshak solib, buvisining hujrasiga kiribdi.
— Qo‘lingdagi nima, bolam, menga ham bergin, — debdi kampir nabirasiga.
Nabirasi ham onasiga o‘xshagan qizg‘anchiq ekan, “ey, bor” deb do‘ppisini olib qochibdi. Shunda bitta turshak kigizning ustiga tushib qolibdi-yu, kampir o‘sha turshakni olib, og‘ziga solibdi.
Kunlar o‘tibdi. Kampirning hech jag‘i tinmay, o‘sha turshakni shimib o‘tiraveribdi. Kelin bugun qararmish, qaynonasining og‘zi bo‘sh emas, erta qararmish tag‘in bir narsani ko‘mtib o‘tirganmish. Xasis kelinning jon-poni chiqib, eriga bu hodisani aytibdi:
— Onangiz bizni xarob qiladi. Nuqul kavshagani kavshagan, hech chakagi tinmaydi. Unga ovqat yetkazib berolmayotibman. Ishonmasangiz ana o‘zingiz qarang.
O‘g‘il ham ahmoq ekan, xotinining gapiga kirib, onasini yetaklabdi-da, bir jarlikka olib borib tashlab kelibdi.
Kunlar, oylar birin-ketin o‘taveribdi. Kelin qaynonasidan qutulganiga xursand.
O‘g‘il bir kuni insofga kelib:
— Onamdan bir xabar olib kelay-chi, — debdi-da, jarlikka boribdi. Borib qarasa, onasi jarlikda o‘tirib, nuqul bir narsani shimarmish.
— Oyi, — deb chaqiribdi o‘g‘il, — nima yeyapsiz?
— O, bolaginam, nima yer edim! Bir kuni bolangning do‘ppisidan tushib qolgan bir turshakni olib, og‘zimga solgan edim, o‘shani shimib o‘tiribman. Ishonmasang mana ko‘r, — debdi kampir va og‘zidan haligi turshakning danagini olib o‘g‘liga beribdi. O‘g‘li danakni olib qarasa, danak shimilaverganidan teshilib qolibdi. O‘g‘il nima gap ekanligini fahmlabdi-da, onasini olib, uyiga jo‘nabdi.