Sichqonvoy va qo‘ng‘izoy

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, eng qadim zamonda sichqon bilan qo‘ngiz yashagan ekan. Sichqonboy qo‘ng‘izoyni nikoh qilib olgan ekan. Bular juda ittifoq bo‘lib yashar ekanlar. Birov-birovini juda hurmat qilar ekanlar. Uyda bir narsa bo‘lsa, sichqonboy qo‘ng‘izoydan, qo‘ng‘izoy sichqonboydan maslahat so‘rab ish qilar ekan. Bir kun — bozor kuni sichqonboy qo‘ng‘izoyni oldiga chaqiribdi:
— Men bir bozorga borib kelay, sen uyga suv-puv olib kelib qo‘y, — debdi-da, qo‘ng‘izoyni uyiga qo‘yib, necha so‘zlarni unga tayinlab, o‘zi odamlarning izi bilan bozorga jo‘nab ketibdi. Sichqonboy bozorga ketganidan keyin, qo‘ng‘izoy uyiga suv olib kelayin, deb bir otning izidan hosil bo‘lgan katta hovuzga tushib ketibdi. Bozor kuni odamlar katta yo‘lni to‘ldirib bozorga borayotgan ekanlar. Yo‘ldan o‘tayotgan bozorchilarga qarab qo‘ng‘izoy:

— Dupir-dupir otliqlar,
Ot boshini tortinglar,
Qo‘ng‘izoy suluv o‘ldi,
Sichqonboyga aytinglar, —

debdi. Sichqonboy bozorda bir qorin moyni ko‘tarib turgan ekan, bozorchi odamlar qo‘ng‘izoyni otning izidan bolgan katta hovuzga tushib ketganligini sichqonboyga aytibdilar. Qo‘ng‘izoyning hovuzga tushib ketganligini eshitib, sichqonboyning toqati qolmabdi. Sichqonboy qorindagi moyni yo‘lning ustiga olib chiqib qo‘yibdi. Shu moyni kim olsa, og‘zi ham gapirsin, orti ham gapirsin, deb o‘zi uyiga chopib ketibdi. Uyiga borsa, sevgan yori qo‘ng‘izoy yo‘q emish. Sichqonboy yugurib yo‘lga chiqibdi. Qarasa, qo‘ng‘izoy otning izidan bo‘lgan katta hovuzning ichida chappa ag‘darilib yotganmish. Sichqonboy qo‘ng‘izoyga qarab:

— Qo‘ng‘izoyim qaytayin,
Qo‘lingni ber, tortayin, —

deganda, qo‘ng‘izoy sichqonboyga qo‘lini uzatibdi. Sichqonboy qo‘ng‘izoyning qo‘lini sug‘urib olibdi. Sichqonboy qo‘ng‘izoyga qarab:

— Qo‘ng‘izoyim qaytayin,
Oyog‘ingni ber, tortayin, —

deganda, qo‘ng‘izoy oyog‘ini sichqonboyga uzatibdi. Sichqonboy qo‘ng‘izoyning oyog‘idan tortib chiqaraman, deb oyog‘ini ham sug‘urib olibdi. Sichqonboy qo‘ng‘izoyga qarab:

— Qo‘ng‘izoyim qaytayin,
Qulog‘ingni ber, tortayin, —

debdi. U qo‘ng‘izoyning qulog‘idan tortgan ekan, qo‘ng‘izoyning boshi qulog‘i bilan yulinib ketibdi. Shundan keyin qo‘ng‘izoy otning izidan bo‘lgan katta hovuzning ichida o‘lib qolibdi. Bozorchilardan birov bozordan hech narsa ololmasdan yo‘lda o‘ylanib kelayotgan ekan, bir qorin moy yo‘lning ustida yotgan emish. Bozorchi quvonib: “Buni menga Xudo berdi”, — deb eshakdan tushib, qorindagi moyni olibdi. Moyni xurjuniga solgan ekan, eshagi yurib ketibdi. “Ish-ish” degan ekan, keti ham “ish-ish” debdi. “Bu qorindagi moyda bir nima bormi?” desa, keti ham: “Bu qorindagi moyda bir nima bormi?” debdi. Keyin bozorchi qorindagi moyni yo‘lga otib tashlab, o‘zi ketaveribdi. Qorindagi moyni bir tuya mingan boshqa bozorchi yo‘lda ko‘ribdi. Tuyani cho‘ktirib, qorindagi moyni tuyaga ortibdi. U tuyaning ustiga minib, “cho‘x-cho‘x” desa, keti ham: “cho‘x-cho‘x”, debdi. «Ey, kimsan?” deb orqasiga qarabdi. Keti ham: «Ey, kimsan?” debdi. «Ey, bu moyning bir nimasi bor ekan”, deb qorindagi moyni tashlab ketibdi. Sichqonboy yo‘lda moyni izlab oldidan chiqib qolibdi. Sichqonboy qorindagi moyni xotinimning o‘lganiga xayr-xudoyi bo‘lsin, deb tarqatib yubordi.