Sher

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir o‘rmonda bir sher yashar ekan. U shunday pahlavon ekanki, hatto uni kishilar ta’riflashga ojizlik qilar ekanlar. Undan hamma qo‘rqar ekan. Shuning uchun ham o‘rmondagi barcha hayvonlar, barcha jonivorlar yig‘ilib, maslahat qilishibdi, sherni o‘zlariga shoh qilib olishibdi. Sher ham o‘zining hurmati naqadar katta ekanligiga xursand bo‘libdi.
Sherning juda yomon bir fe’li bor ekan. Uning odati bo‘yicha kuniga bitta hayvonni yemasa, turolmas ekan. Hayvon bechoralar sira tinchlik ko‘rishmabdi. Kundan kun, oydan oy o‘taveribdi. Sherning makonida bir sichqon paydo bo‘libdi. Sichqon bir odat chiqaribdi. U sher kechasi uxlaganda tumshug‘ini qitiqlab, uyqudan uyg‘otar ekan. Shunda sher bo‘kirib yuborar ekan. Sherning bu bo‘kirishi butun o‘rmonni larzaga keltirar ekan. Bir kuni sherning bo‘kirgan ovozini o‘rmondagi barcha hayvonlar eshitib: “Ie, bu shohimizga nima bo‘ldi, biror narsa bo‘ldimi?”, — deb sherning oldiga kelishibdi, undan hol-ahvol so‘rashibdi. Sher o‘rnidan turib, hayvonlarga:
— Hurmatli hayvonlar, bizning makonimiz, o‘rmonda mendan ham qo‘rqmas, jasur pahlavon paydo bo‘libdi. Sizlarga fotiha beraman. Kimki, mana shu maxluqdan meni qo‘riqlab tursa, ajoyib ovqatlar bilan boqaman. Keyinchalik xizmatni yaxshi bajarsa, menga sidqidildan xizmat qilsa, uni o‘zimga vazir qilib olaman, — debdi.
Shunday qilib o‘rmondagi barcha yirtqich hayvonlar bittadan sherni qo‘riqlashga tushibdi.
Biroq hech qaysi hayvon “pahlavon” sichqonni ushlash u yoqda tursin, loaqal, ko‘ra olmabdilar. Axiri sherning kuch-quvvati qolmabdi. Sherni qo‘riqlash navbati tulkiga kelibdi. Tulki navbatchi bo‘lsa ham sher tinch yota olmabdi.
Tulki bir narsani sezib qolib, sherga qarab:
— Odamlar bilan yashovchi mushukni olib kelsak yaxshi bo‘lar edi. Ruxsat etsangiz, — debdi. Sher:
— Nimaga? — debdi. Tulki:
— Sizga yordam beradigan maxluq mushukdir. Undan boshqa hayvon hech qachon sizga yordam bera olmaydi, — debdi. Sher tulkiga ruxsat beribdi.
Shunday qilib, tulki sichqondan qo‘rqmaydigan mushukni izlab yo‘lga tushibdi. Tulki juda ko‘p yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Oxiri u mushukni uchratib qolibdi. Tulki ro‘y bergan voqealarning hammasini mushukka oqizmay-tomizmay aytibdi:
— Agar sen shohimizga yaxshi qarasang, o‘ziga vazir qilib tayinlaydi, — debdi. Buni eshitgan mushuk:
— Meni darrov shohning oldiga olib bor, — debdi. Tulki bilan mushuk yo‘lga tushibdilar. Ko‘p yurib, oxiri bir necha kun deganda sherning oldiga yetib kelishibdi. Sher mushukni yaxshi kutib olibdi, unga yaxshi ovqatlar beribdi. Shu kundan boshlab mushuk sherni sichqondan himoya qila boshlabdi. Mushuk kelgan kundan boshlab sichqon inidan chiqmay qo‘yibdi. Sher tinchlanibdi. Maza qilib orom olib uxlabdi. Shunday qilib, mushuk sherning vaziri bo‘libdi.
Kunlar ketidan oylar, oylar ketidan yillar o‘taveribdi. Mushuk barcha hayvonlarga zulmini o‘tkaza boshlabdi. O‘rmondagi ayiq, bo‘ri va boshqalar mushukning parchalab tashlashiga ishonar ekanlar. Shu bilan birga hayvonlarning barchasi sherdan ham hayiqar ekanlar.
Sher mushukni yeb qo‘yishi mumkin ekan-u, lekin sichqondan qo‘riqlab turganligi uchun indamas ekan. Mushuk o‘rmondagi hayvonlarga ko‘p zulm o‘tkazavergandan keyin sher uni oldiga chaqirib:
— Nega sen hayvonlarga bunchalik jabr o‘tkazasan. Sen juda ham berahmsan, — debdi. Mushuk:
— Sizni sichqondan xalos etdim-ku. U endi sizga hech qachon ziyon yetkazmaydi. Sichqonni men o‘sha zahotiyoq yeb qo‘yganman, — debdi. Buni eshitgan sher meni ham yeb qo‘ymasin, deb mushukni tutib yeb qo‘yibdi.
Shunday qilib, o‘rmondagi hayvonlar ham mushukning zulmidan ozod bo‘lishibdi.