Bir zamonda bir qurbaqa suvda suzib zerikibdi-da, oftobga chiqib quruqlikdagi manzaralarni tomosha qilib o‘tiribdi. Bu vaqt osmondan bir burgut uchib o‘tibdi. Unga qurbaqaning havasi kelib uchgisi qistab, shuncha harakat qilsa ham yerdan bir enlik ko‘tarilolmabdi. Keyin qurbaqaxon ucholmagani uchun juda xafa bo‘libdi. U burgutni topmoqchi va undan uchishni o‘rganmoqchi bo‘lib yo‘lga tushibdi. Qurbaqaxon ko‘p yuribdi. Tog‘lar va dashtlardan o‘tib bir yerga borsa, bir ko‘chaning bir chekkasida bir kalamush yig‘lab yotibdi. Qurbaqaxon undan ajablanib so‘rabdi:
— Ha, o‘rtoq, kalamush, nima bo‘ldi, muncha qattiq yig‘laysan.
Kalamush javob beribdi:
— Ey qurbaqaxon, men yig‘lamay kim yig‘lasin. Yosh vaqtimdan beri uchgim kelardi. Hech ucholmay yig‘layman. Bugun uchay deb shiftdan o‘zimni yerga qarab tashlagan edim, qovurg‘am sindi.
Qurbaqaxon uni o‘zi bilan birga olib burgut ketidan ikkovlashib ketibdilar. Bular ko‘p yurdilar, mo‘l yurdilar, borib-borib bir o‘rmonlikka yetdilar. Bu o‘rmon somon bilan to‘lib-toshib yotar edi. Ular bu somonlar oldida nima qilishlarini bilmay serrayib turishaveribdi. Shu vaqt somon tagidan ikki ko‘zi yumuq bir tipratikan chiqibdi. Qurbaqaxon bilan kalamush undan hol-ahvol so‘ragan edi, tipratikan ko‘ziga yosh olibdi:
— Ey mening qadrdon birodarlarim, yosh edim, qaridim, tishlarim tushib bitdi, kuchim quridi. Shuncha yil yashab ucholmaganimga xo‘rligim kelib afsuslanaman, — debdi tipratikan hali ham ko‘zini ochmagan holda. Bular maqsadlarini bayon qilganlaridan keyin sevinib ko‘zini ochibdi va uchovlashib, birin-ketin yo‘lga tushibdilar.
Uch o‘rtoq ertani kech, kechni erta qilib yana ko‘p yuribdilar. Borib-borib bir daraxtning tagida dam olgani o‘tiribdilar. Shu vaqt daraxt tepasidan bir burgut uchib tushib, bular bilan so‘rashib bo‘lgandan keyin Qurbaqaxon uchishni o‘rgat deb maqsadini aytibdi. Burgut avval ko‘nmabdi. Uch o‘rtoq uni qo‘ymabdilar. Burgut qurbaqaxon bilan kalamushni ikki panjasi bilan mahkam siqib bir pastda osmonga — bulutlar orasiga olib chiqib ketibdi. Qurbaqaxon bilan kalamushning yuragi yorilguday bo‘libdi, ko‘zlari jimirlashibdi. Burgut bo‘lsa biroz bularni aylantirib tomosha qildirib bulutlar orasidan tashlab yuboribdi. Ikki o‘rtoq qo‘llarini yig‘ib chopganday yerga tushib kelaveribdi. Bundan burgutning kayfi uchib bulutlar orasidan baqiribdi:
— Uchinglar, uchinglar, qurbaqaxon.
Qurbaqaxonning esi chiqib ketgan edi. U hech narsani eshitmabdi, eshitsa ham payqamabdi. Shunday qilib Qurbaqaxon bilan kalamush oldinma-keyin, bir-birining ketidan quvlashib yerga tushibdilar. Qurbaqaxon pachoq-pachoq bo‘lib ketibdi. Kalamush esa xas ustiga tushgan edi. Unga hech narsa bo‘lmabdi. U o‘rnidan turib kavakka qarab qochibdi.