Qirq yolg‘on

Bor ekan, yo‘q ekan, qadim zamonda bir boy bor ekan. U juda boy ekan, bir chuqurda achib qolgan loy ekan, sira suv o‘tmagan soy ekan, birov minmagan toy ekan, yomg‘ir yog‘ganda bulutning orasida qolgan oy ekan, qozonga solsa, dog‘ bo‘lmagan moy ekan, kigiz-ko‘rpasi yo‘q, odam yotmagan joy ekan, birov ichkisi kelmagan choy ekan. Bu boy shunaqa dong‘i ketgan mashhuri olam ekan.
Boy yurib-yurib bir kuni nima ham bo‘lib o‘lgan ekan. Uchta o‘g‘li uch oy-u o‘n kungacha ovora bo‘lib, haqlarini bo‘lgan ekan. Bu o‘g‘illarning bittasiga yetti-sakkiz pog‘onali shoti, bittasiga eski childirma, bittasiga yotsa turolmaydigan, tursa yurolmaydigan uchta ko‘r eshak tekkan ekan. Uchovining uch oy, o‘n kunda bo‘lib olgan bor narsasi shu ekan. Bir kun shoti tekkan ukasi akasi bilan urishib qolgan ekan. “Sizlarning oldilaringizda turganim shu bo‘lsin”, deb otasidan qolgan shotisini olib, yelkasiga solib ketgan ekan. Namangan daryosining yoniga yetgan ekan. Daryoga borgandan keyin “Meni o‘tkazib qo‘ying” deb, kemachiga aytgan ekan.
Kemachi:
— Shotiga bir miri, o‘zingga bir miri berasan, bo‘lmasa o‘tkazmayman, — degan ekan. Shoti egasi:
— O‘tkazib qo‘ysang, bir miri beraman, boshqa bera turgan pulim yo‘q, — degan ekan.
Kemachi ko‘nmaganidan keyin, shotini tashlab, ustiga irg‘ib minib olib, kemachidan burun daryoning narigi yog‘iga o‘tib olibdi. U daryodan o‘tib, shotini olibdi, yelkaga solibdi, jo‘nab qolibdi. Nariroqqa borsa, Namanganning o‘rik-olmasi pishib, to‘kilib, tagiga tushib turgan ekan. To‘kilganini olib, savatga solib, odamlar tepasiga chiqib qoqolmay turganida u shotisi bilan yetib kelgan ekan. Odamlar uni ko‘rib:
— O‘rtoq, shotini bizga ijaraga qo‘y, mana bu mevalarning tepasiga chiqolmay yotibmiz, chiqsak, tusholmay yotibmiz. Olmaga olti pul, o‘rikka to‘rt puldan ijarani ola ber, yeganing yana o‘zingniki, — debdilar.
U xursand bo‘lib, shu aytgan bahoga shotini ijaraga qo‘yib, chaqalarga cho‘ntagini to‘lg‘azib, shotini olib, yelkaga solib, jo‘nab, uyiga yetib qopti. Uyiga kelsa akalari:
— Xo‘sh, qayda yurding, nima qilib kelding? — debdilar. U:
— Sizlar meni hech ish bilmaysan, deb xo‘rladilaring. Mana men, musofirchilikda yurib, shuncha pul topib keldim, — deb cho‘ntagidan tangalarni olib, o‘rtaga tashlabdi.
Buni ko‘rgan akalari “Buni qaydan olding?”, deb so‘rabdilar. Ukasi musofirchilikdan topganini aytibdi. Uni ko‘rib childirma tekkan merosxo‘r akasi:
— Otamdan qolgan childirmani olib ketay, o‘sha yoqda qolib ketay, — deb childirmani olib, safarga chiqib ketgan ekan, biyobon cho‘lga yetgan ekan. Qayoqqa borishini bilmasdan, bir joyga borsa, suvi yo‘q eski tegirmon ko‘rinib qolgan ekan. Tegirmonning ichiga kirib yotay desa, uning ichi chang-tuproq ekan. U yoqda yotsam chang bo‘laman, bu yoqda yotsam gard bo‘laman, undan ko‘ra, do‘lning ichiga kirib yotayin deb, do‘lning ichiga kirib yotib qolgan ekan. Bu joy ayiq-maymunlarning kirib yotadigan joyi ekan.
Hademay, tegirmon ichiga ayiq-maymunlar kirib kelaveribdi, ichi zich to‘libdi. Hammadan keyin yo‘lbars kirib kelib, do‘lning ichiga kirib yotay deb turganda, oyog‘i do‘lda yotgan childirmaga tegibdi. Childirma “darang” etib qattiq ovoz chiqaribdi. Yo‘lbars qo‘rqqanidan o‘zini yerga otibdi. Sakkiz maymun, to‘qqiz ayiq: “Kattakonimiz muncha qo‘rqdi, buning ichida bir balo bor shekilli”, deb o‘zlarini ochilgan eshikka urgan ekan, eshik juft bo‘lib yopilib qolibdi. Shu shovqinda yigit uyg‘onib qolibdi. U eshikni ochib chiqib ketay desam, ayiq-maymunlar o‘zimni yeb qo‘yadi. Ayiq-maymunlar o‘z bilgicha eshikni ocholmaydilar, tashqariga qocha olmaydilar. Indamay tursam, bular meni yeb qo‘yadi, deb childirmani olib chalaveribdi. Ayiq-maymunlar qo‘rqqanidan o‘zlarini goh u yoqqa, goh bu yoqqa urib sarosimada qolibdi. U bo‘lsa, hadeb childirmani chalaveribdi. Shu bilan tong otib qolibdi.
Tong vaqtida, bir savdogar qirq tuya moli va xizmatkorlari bilan o‘tayotib, childirmaning tovushini eshitib qolibdi. Savdogar tuyalarini to‘xtatib, xizmatchilariga: “Sizlar tuyani boqib o‘tlatib turinglar, men tegirmonga kirib chiqay, u yerda bazm bo‘layotganga o‘xshaydi”, deb kelib tegirmonning eshigini ochib yuborgan ekan, tegirmonga qamalib, chiqolmay turgan jonivorlarning hammasi o‘zini eshikka urib, kattalari savdogarning boshidan sakrab, kichiklari oyoqlari orasidan o‘tib qochib ketibdi. Buni ko‘rgan savdogar qo‘rqqanidan rangida qon qolmay, anqayib qolibdi. Childirmaning egasi tashqariga chiqsa, eshik yonida birov turgan ekan. Yigit childirmani yerga urib savdogarning yoqasidan bo‘g‘ib qolibdi. Savdogar:
— Nega mening yoqamdan bo‘g‘asan? — deb so‘rabdi.
U:
— Eshikni ochib, ayiq-maymunlarni sen qochirib yubording, bu yoqqa yur, — debdi.
Savdogar:
— Meni qayoqqa olib borasan? — debdi.
Childirmachi:
— Meni xon chaqirtirib olib, “Sen childirma chalishga usta ekansan, shu ayiq-maymunlarni o‘rgatib berasan”, deb menga shu ayiq-maymunlarni yig‘ib bergan edi, men ularni shu yerga qamab, mashq berib, o‘yin o‘rgatib turgan edim. Xon “Qirq kunda qirq xil o‘yin o‘rgatasan”, degan edi. Men bularga yigirma besh kun ichida yigirma besh xil o‘yinni mashq berib, o‘rgatib qo‘yib edim. Endi o‘n besh kuni qolganda, eshikni ochib, hammasini qochirib yubording. Bularni sen qaydan topib berasan. Agar topib berolsang topib bergin, topib berolmaydigan bo‘lsang, men seni xonning oldiga boshlab boraman, — deb do‘q qilibdi. Savdogar uning bu gapiga:
— O‘rtoq, men bilmay qolibman, anavi turgan qirq tuya mol meniki, shundan yigirma tuyasini moli bilan ol. Meni bu g‘alvadan qutqar, —degan ekan, childirmachi:
— Bekor aytibsan, bu hazil ish emas, yur bu yoqqa, — debdi. Savdogar yalinib:
— O‘ttiz tuyasini oling, bizni qo‘yvoring, — degan ekan. U yana:
— Men bularni o‘rgatganimga xon menga ko‘p in’om bermoqchi edi. Buning ustiga yana javobgarligi bor, xonning oldiga yur! — degan ekan, savdogar:
— Bo‘lmasa, shu qirq tuya molimning barchasini olaqol, indamay qo‘yaqol, — debdi.
Childirmachi:
— Bu bilan bo‘lmaydi. Gapni ko‘paytirma, bu yoqqa yur! — degan ekan. Savdogar shoshganidan:
— Bo‘lmasa, endi, shu tagimdagi otimni ham olaqol, meni shu ishdan qutqaraqol, — debdi. Shunda childirmachi:
— Bu mollarni xonga o‘zim topshiraman, siz bu yoq bilan keta qoling, — debdi.
Shuning bilan savdogar qirq tuyasi bilan molidan ajrab, bir yoqqa ketib qolibdi, butun mol va tuyalarini olib, childirmachi ikkinchi yoqqa ketib qolgan ekan, uyiga yetib qolgan ekan.
Uning aka-ukasi ko‘rib, ”Buncha molni qaydan olding?” deb so‘ragan ekan. U:
— Musofirchilik yaxshi bo‘lar ekan. Shuncha molni topib keldim, — degan ekan. Buni ko‘rib uchta ko‘r eshak tekkan birodari:
— Musofirchilik bunday yaxshi bo‘lar ekan, men ham mol topib kelay, — debdi. U eshakni minib, laq-u luq ilib olib, katta yo‘lni bilib olib, ikkita eshakni oldiga solib haydab ketgan ekan. Shunday qilib, yo‘l yurib ketgan ekan, uzoq joyga yetgan ekan. Bir vaqt eshaklari och qolib, yotsa turolmaydigan, yo‘lga yurolmaydigan bo‘lib qolibdi. Nariroqqa borsa, bir sichqon ko‘rinibdi. U sichqonga qarab:
— Sichqonboy, — debdi. Sichqonboy:
— Ha, nima deysiz, hoy, — debdi.
— Mana bu eshagim yotib turolmaydi, yo‘liga yurolmaydi, shuni sen olgin. Bir kuni bo‘lmasa, bir kuni foydang tegib qolar, — debdi.
Sichqon:
— Foydam tegsa tegib qolar, ha, qoldirsang qoldirib qo‘ya qol, — debdi. Shu so‘z bilan u bir eshagini sichqonga berib ketib qolsa, nariroqqa yetib qolsa, bir qo‘ng‘iz otning tezagini yumalatib kelayotgan ekan. U qo‘ng‘izga qarab:
— Qo‘ng‘izboy, — debdi, — mana shu eshagim yurolmay qoldi, u menga katta dardisar bo‘ldi. Shuni olsang bir kun bo‘lmasa bir kuni foydang tegib qolar, — debdi. Qo‘ng‘iz:
— Ha, foydam tegsa tegib qolar, tashlab keta qol, — debdi.
Qolgan eshagini minib jo‘nab qolibdi. Bir muncha joyga yetib qolibdi, eshagining oyog‘i loyga botib qolibdi. O‘zi yotib qolibdi. U hayron bo‘lib tursa, ro‘parasidan uyqu paydo bo‘libdi. U uyquga qarab:
— Uyqu, eshagim yo‘lda yurolmay, menga katta dardisar bo‘lib qoldi. Shuni o‘zing olaqol, bir kuni foydang tegib qolar, — debdi. Uyqu:
— Odamning ko‘ziga yaqin borolmay, uxlatolmay hayron bo‘lib yurib edim. Mayli, tashlab ketaqol, — debdi.
Merosxo‘r qolgan eshagini uyquga berib, ketib qolsa, bir shaharga yetib borsa, bir baqqolni ko‘rib qolibdi. Baqqolning yoniga borib non tilagani uyalib, ro‘parasiga o‘tirib olibdi. Baqqol:
— Sen bu yerda nima qilib o‘tiribsan? — deb undan gap so‘rabdi.
Bola:
— Otam o‘lgan, onam o‘lgan yetim, uyalmagan betim, o‘g‘li yo‘qqa o‘g‘il, qizi yo‘qqa qiz bo‘laman, deb yuribman, — debdi.
Baqqol:
— Bo‘lmasa menga o‘g‘il bo‘l, mening o‘g‘il-qizim yo‘q edi, — debdi. Bola uning bu taklifiga ko‘nibdi. Keyin baqqol uni uyiga boshlab boribdi, ko‘rpachaga o‘tqazibdi, non-pon yegizibdi, shuning bilan bola boqqolnikida yotib qolibdi.
Ertasiga bolaga ob-u ovqat yegizib, unday-bunday degizib, oltita molni olib, oldiga solib, “Mana shu molni haydab ketasan, bir chaqirimcha joyga yetasan, u yog‘ida cho‘l bor, bu yog‘ida ko‘l bor, ehtiyot bo‘l, mollar cho‘kib-netib ketmasin”, deb tayinlab bolani yuborgan ekan.
U shaharning xoni katta bir bog‘ning darvozasiga bir nog‘ora ildirib qo‘ygan ekan. Har kim uni chalsa, qirq yolg‘onni aytishga majbur qilingan ekan. Yolg‘onning uddasidan chiqqan kishi xonning qizini olar ekan. Uddasidan chiqmagan o‘ldirilar ekan. Bu to‘g‘rida podsho jarchi chaqirtirib qo‘ygan ekan. Bu gapni baqqol bolaga tayinlamagan ekan. Bola mollarini haydab ketayotgan vaqtda, nog‘orani ko‘rib qolgan ekan. U “Akam nog‘ora chalganidan bir kechadayoq boyib qolgan edi, men nimaga chalmayman”, deb nog‘orani chalib yuborgan ekan. Buni eshitgan bir sipohi kelib: “Qani, bu yoqqa yur”, deb uni haydab xonning oldiga keltiribdi. Xon bolaga qarab:
— Qirq yolg‘onni to‘qiysan, to‘xtatmasdan o‘qiysan, agar biri kam qirq bo‘lsa ham, o‘ldirib yuboraman, — degan ekan.
Bola biroz o‘ylab turib, shunday deb so‘z boshlabdi:
— Bor ekan, yo‘q ekan, bir katta to‘qay bor ekan. Bu to‘qayning ichida na cho‘p, na giyohdan asar bor ekan. U to‘qayning ichida uchta mergan topganini har kimga bergan, to‘kilib qolsa tergan, qulochini kergan, birining oti Abdusamad akaning o‘g‘li Erali Ergan, birining oti Mirsayid akaning o‘g‘li Sherali Shergan va birining oti Nurmat akaning o‘g‘li Nurali Nurgan, gapni har yoqqa burgan ekan. Uchalasi hech nimasi yo‘q to‘qayga borishib, ov ovlashib, hech kimni topolmay, nechta ovni otolmay yurgan ekanlar. Qimorboz ekanlar, oshiq tashlashib dovlashib, suvi yo‘q ariqdan baliq ovlashib, o‘t yoqmasdan baliqni pishirishib, uni yemasdan ilgari lunjini shishirishib, shuning bilan to‘yishib, maslahatni bir joyga qo‘yishib yurgan ekanlar. Biroz fursat o‘tgandan keyin ular: “Uchovimiz bir joyda yurib, bir nima ko‘rinib qolsa, uchovimiz baravar o‘q otib, qaysimizning o‘qimiz tekkanini bilmasdan, bir-birimiz bilan janjallashib o‘tirishimiz yaxshi emas, uchovimiz uch yoqqa yuraylik, nimani topsak o‘rtaga solishib, baravar bo‘lishib, indamay qolishib ketaveraylik; hammamiz ekilmagan katta tolning tagida topishaylik”, deb maslahat qilishib, uchovi uch tomonga ketgan ekan. Bittasi nariroqqa borsa, katta gumbazga katta qush qo‘nib turgan ekan. U: “Bu qush chiroyli qush ekan, uni o‘ldirmay tiriklay ushlab olay”, deb kamonini tashlab, hunarini xushlab, asta-sekin borib, qushning oyog‘ini mahkam ushlab olgan ekan. Qush baquvvat — polvon qush ekan, uni ko‘tarib osmonga olib chiqib ketibdi. Juda yuqoriga yetibdi. Merganimiz qushning oyog‘ini qo‘yvorib o‘zini tashlavoray desa, o‘lishga aqli yetib qolibdi. U ko‘zlarini yumib ketaveribdi. Ketganda, qancha yerga yetganda, oyog‘i yerga tekkanday bo‘libdi. Ko‘zlarini ochib qarasa, qush bir xumga qo‘nib turibdi, uning oyog‘i yerga tegib turibdi. Mergan xumga qarasa, uning ichi liq to‘la tanga, hammasi manga, debdi, qo‘yniga, hamma yog‘iga solibdi, o‘zini o‘zi ko‘tarolmaydigan bo‘lib qolibdi. U qushning oyog‘ini tag‘in ushlab olib, “Quv!” degan ekan, qush osmoni falakka ko‘tarilib uchib ketib qolibdi, boyagi gumbazga asta-sekin yetib qolibdi. U qushdan ajraganidan keyin kamonini olibdi, yelkasiga solibdi. Shuning bilan mergan ketib qolibdi, ekmagan katta tolning soyasiga yetib qolibdi. U yerda dam olib o‘tirgan ekan, haligi merganlar ikkita yo‘q quyonni ushlashib, bir-biri bilan mushtlashib, kelib qolibdi. Ular bunga qarab: “Qani, nima topib kelding?” debdilar. U qo‘ynidan, belidan tangalarni olib o‘rtaga tashlabdi. Ular ikkovi buncha tangalarni sanab, hisobidan qanday chiqamiz, undan ko‘ra hovuchlamasdan qismlab bo‘lib olaqolaylik”, deb, yigirma qismdan oltmish qismni bo‘lishib olib, cho‘ntakka solibdilar. Ikkala mergan tangalarni joylashtirganlaridan keyin, “Buni qaydan olding?” deb tanga keltirgan merganni qisti-bastiga olibdilar. Ularning bu savoliga tanga keltirgan: “To‘qayning narigi chetiga borsam, bir gumbazning tepasida bir katta qush turgan ekan. Men qushni ushlab olay desam, qush meni ushlab olib, osmonga ko‘tarib ketdi. Men indamay ketaverib edim, bir joyda oyog‘im yerga tegib qoldi. Ko‘zlarimni ochib qarasam, qush bir xumga qo‘nib turibdi. Qarasam, uning ichi to‘la tanga ekan. Tangani qo‘ynimga va cho‘ntaklarimga solib, qushning oyoqlarini tag‘in ushlab oldim. Shu qush meni haligi gumbazga keltirib qo‘ydi, keyin bu yerga kelib sizlarni topdim. Endi indamay ketaveringlar”, debdi. Ikkala mergan: “Xumda yana qoldimi?” debdilar.
— Anchasi qolgan, — debdi kenja mergan. Bittasi:
— Bo‘lmasa, ertaga men olib kelaman, — debdi. Unisi turib:
— Men olib kelaman, — debdi. Tanga keltirgani:
— Janjal qilmanglar, ertaga uchovimiz ham boraylig-u, ko‘targancha olaylig-u, bir-birimizga indamay qolaylik, — debdi. Ovchidan biri:
— U qush uchovimizni ham ko‘tara oladimi? — debdi. Borib kelgan:
— Ha, ko‘taradi, u polvon qush, — debdi.
Shu gap bilan uchovi ketgan ekan, bular qarasalar, qush o‘sha gumbazda turgan ekan. Ilgari borib kelgan:
— Men borib qushning oyog‘ini ushlagan vaqtimda, biring mening orqamdan borib oyog‘imdan ushla, undan keyin biring keyingingning oyog‘ini ushla! — debdi.
Shunday qilib, bular qushning va bir-birining oyoqlariga tirmashgan ekan, qush bularni bay-baylatib, hay-haylatib, osmonga ko‘tarib ketgan ekan. Bular juda baland ko‘tarilganda, eng pastdagi mergan yerga qarasa, yer ko‘rinmabdi. Eng pastdagi ovchi qushning oyog‘ini ushlagan yuqoridagi ovchiga qarab:
— Sening gaping bilan biz bunchalik ovora bo‘lib ketayotibmiz. Xumning kattaligi qanday bor, — deb so‘ragan ekan, qushning oyog‘ini ushlagan ovchi, “xumning kattaligini ko‘rsataman, deb qulochini kerganda qushning oyog‘ini qo‘yib yuboribdi. Bular aylanib-aylanib tushib, biri shaftolining shoxiga, biri o‘rikning shoxiga, biri olmaning shoxiga ilinib qolgan ekan.
— Shu gapning birorta rostini topib bering, men obketay, etakka solib ketay, — deb xonga ta’zim qilgan ekan. Xon:
— Sen qirq yolg‘on so‘rasam, ming yolg‘onga o‘xshatib gapirding, — deb kuyov qilmoqchi bo‘lgan ekan. O‘n kecha-kunduzli to‘y-tomosha bo‘lib turgan vaqtda, bir vazirning o‘g‘li xonning qizini olishga harakat qilib yurgan ekan, lekin o‘zi nog‘ora chalolmay, qirq yolg‘onni udda qilolmay, qizni ololmay yurgan ekan. Vazirning o‘g‘li bu to‘yni eshitib qolib, bir kampirning oldiga borib, yig‘lab “Qizni bu musofirdan ajratib menga olib berishning yo‘li bormi?” deb, yo‘l qidirib maslahat solgan ekan. Kampir vazirning o‘g‘liga qarab:
— Bolam, sen buni hazil fahmlaysanmi, sen menga bosh-oyoq sarpo, yuz tilla pul bersang, qo‘lini tekkizmasdan olib beraman, — degan ekan. Vazirning o‘g‘li:
— Yuz tilla pul bilan bosh-oyoq sarpo sizdan aylansin, — deb ularni kampirga yetkazib bergan ekan.
To‘yning sakkiz kuni o‘tganda, kampir shu pul va kiyimlarni olib, paranji-chimmatini yopinib ketgan ekan, to‘yxonaga yetgan ekan. U bitta xizmatchisining oldiga borib:
— Aylanay bolam, siz kuyov yigitni chaqirib bering, bitta opangiz, qulluq bo‘lsinga keldi, deb ayting, — debdi. U xizmatchi kuyovning oldiga borib:
— Anov yerda sizni bir opangiz yo‘qlab turibdi, — debdi. Shu gapga kuyov chiqib:
— Nima deysiz, opajon? —debdi. Kampir:
— Bu yoqqa keling, bolam, bu yoqqa keling, — deb orqasidan ergashtirib, odam yo‘q joyga kelgizib, “O‘tiring, bolam”, deb o‘tqazib:
— Xonbachchadan uylanibsiz, qulluq bo‘lsin, aylanayin jon bolam, — debdi.
Kuyov:
— Qulluq, — debdi.
— Aylanay bolam, xonbachcha bilan hamgap bo‘lishning taomilini bilasizmi? —deb so‘rabdi.
Kuyov:
— Yo‘q, men bilmayman, — debdi.
Kampir:
— Bilmasangiz o‘rgatib qo‘yay, yosh ekansiz, bekorga o‘lib ketmang, shuni o‘rgatgani keldim, jon bolam, — debdi.
Kuyov:
— Voy, aylanay, jon onam, o‘rgatib qo‘ying bo‘lmasa, — debdi.
Kampir:
— Taomili shuki, xonning qizini nikoh qilib, siz qiz bilan bo‘lganda qirq kungacha teskari qarab yotasiz, uyga kirganingizda yerga qarab kirasiz, chiqqaningizda ham yerga qarab chiqasiz. Shu qirq kun ichida xonning qiziga hech qaramaysiz. Tomoq yesangiz ham teskari qarab o‘tirib yeng. Taom yeb bo‘lgandan keyingina bet-qo‘lingizni yuvasiz, — deb gapni burro qilib buriltirib, qulog‘iga uriltirib, chiqib ketgan ekan, ikki kun o‘tgan ekan. Shuning bilan xon qizini u yigitga nikoh qilib bergan ekan.
Kuyov kirib qizning yonida teskari qarab yota beribdi. Kampirning aytganini bajarib, uyga kirgandan ko‘chaga chiqquncha yerga qarab, ovqatdan keyin bet-qo‘llarini yuvib yuraveribdi. Besh-to‘rt kun o‘tganda, qiz qo‘ni-qo‘shninikiga chiqib yurganda, ular qizdan kuyovning ahvolini so‘rabdilar. Qiz xafa bo‘lib: “Kuyov bo‘lmay, axir omon bo‘lsin, menga sira aylanib qaramaydi, erta bilan o‘rnidan turganda, bet-qo‘lini yuvib, soqolini taramaydi. Shundan bilamanki, u otamning buyurgan ishiga ham yaramaydi”, degan ekan. Bu gap qo‘shnidan-qo‘shniga, quloqdan-quloqqa tarqab, xonga ham eshitilibdi. Bu gapni eshitgan xon darg‘azab bo‘lib, kuyovni oldiga chaqiribdi. Xon bu haqda vazirlariga qarab:
— Kuyovimiz hech yoqqa qaramas emish, uch kun-to‘rt kunda betini zo‘rg‘a yuvib, soqolini taramas emish. Uni kuyov qilganimga pushaymonim bor. Shu ishni nima qilsak bo‘lar ekan. Sizlar nima deysizlar, — degan ekan. Vazirlar “O‘zingiz bilasiz”, degan ekanlar. Xon:
— Agar o‘zim bilaturgan bo‘lsam, shuni hukmikushga buyursammikin deb, o‘ylayapman, — debdi. Vazirlardan bittasi turib:
— “Falon xon kuyovini o‘ldiribdi”, degan isnod gapning xalq o‘rtasida tarqalishi yaxshi emas. Undan ko‘ra, o‘ziga o‘n tuya molni berib yigirma tuya qilib kelsang kelgin, bo‘lmasa o‘sha yoqda yegin, deymiz. Shuning bilan o‘sha yoqda qolib ketar. Keyin boshqani kuyov qilib olarmiz, — deb maslahat bergan ekan.
Shu maslahat bilan bolaga o‘n tuya mol berib, ketkizib yuborgan ekan. Bola jo‘nab ketgandan keyin, oradan ikki oy o‘tgan ekan. Kunlardan bir kun vazirning o‘g‘li xonning qizini olishga sovchi yuboribdi. Xon vazirning o‘g‘liga qizini bermoqchi bo‘libdi. Vazirning o‘g‘li to‘y-tomosha qildirib, qizni olgan ekan.
Ilgarigi kuyov uch eshagini sichqonga, qo‘ng‘izga, uyquga bergan edi. Ular shum kampirning hiylasidan xabardor bo‘lib, eshaklarning haqini bo‘ynidan soqit qilish to‘g‘risida maslahat qilishibdi. Nikoh kechasi ular uyga kelishibdi. “Kuyovni uxlatish bizdan bo‘lsin”, deb uyqu kuyov kirishi bilanoq, uni qotirib uxlatib qo‘yibdi. Sichqon bo‘lsa, uning butun badanlarini tishlab, ko‘kartirib qo‘yibdi. Qo‘ng‘iz ham jim turmay, kuyovning ichiga kirib olib, uni behuzur qilgan ekan. Erta bilan vazirning o‘g‘li ketib, kelmay qolgan ekan.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin birov tasira-tusir ot choptirib kelib, xonning oldiga kirib:
— Taqsir, suyunchi bering, — debdi. Xon:
— Nima suyunchilik gap topib kelding, gapir, — debdi. U odam:
— O‘n tuya mol berib, yigirma tuya mol bilan kelgin degan kuyovingiz yigirma tuya mol qilib kelibdi, — debdi. Xon unga qancha suyunchi berib ketkizib, nariroqqa yetkazib, uning istiqboliga odam chiqartiribdi. Shuning bilan birga, “Kimki podshoning qizi kuyovga tegib chiqqan”, degan gapni gapirsa, boshi o‘limda, moli talonda, deb shaharga jarchi qo‘yibdi.
Kuyov kelgandan keyin, xon qaytadan to‘y-tomosha qildirib, qizini ilgarigi kuyoviga bergan ekan. Shuning bilan u kuyov bo‘lib indamay qolgan ekan.