Ovchi, Ko‘kcha va Dono

I

Bir zamonda bir ovchi bor ekan. Bir kuni u dalaga chiqibdi, yerga tuzoq qo‘yib, o‘zi bir pana joyda pusib o‘tiribdi. Bir gala kaptar uchib kelib, chinorga qo‘nibdi, yerga tushib donlamoqchi bo‘libdi. Kaptarlar orasida Ko‘kcha degan keksa bir kaptar bor ekan. U kaptarlarga qarab «Pastga tushmanglar tuzoq bor, ilinib qolasizlar», debdi.
Kaptarlar Ko‘kchaning so‘ziga quloq solmay, bitta-bitta uchib tushib donlay boshlabdilar. Oxiri nafslari g‘oliblik qilib to‘r ostiga kiribdilar. Ko‘kcha sheriklaridan ajralib qolishni, yolg‘iz yashashni o‘ziga ep ko‘rmabdi. U ham pastga tushib, to‘r ostiga kiribdi. Ovchi sekin-asta to‘rning ipini tortibdi, hamma kaptar to‘rga ilinibdi.
Ko‘kcha sheriklariga qarab:
— Endi bir so‘zim bor, agar xo‘p desangiz, aytayii. Zora-mora qutulsak, — debdi.
Kaptarlar:
— Xo‘p, ayting, avval sizning so‘zingizga kirmay, shu baloga yo‘liqdik, endi nima desangiz shuni qilamiz, — deyishibdi.
Ko‘kcha, qarasa, ovchi quvib kelayotgan ekan. Kaptarlar juda baland ko‘tarilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdilar.
Ko‘kcha endi to‘rdan qutulish yo‘lini izlab turgan ekan, Dono ismli bir sichqon do‘sti yodiga tushib qolibdi va kaptarlarni shu tomonga boshlabdi. Kaptarlar cho‘l-biyobonlar ustidan o‘tib, tog‘lardan oshibdilar, borib-borib Dononing ini og‘ziga kelib qolibdilar. Ko‘kcha Dononi chaqiribdi. Dono chiqib qarasaki, do‘sti Ko‘kcha emish. Dono do‘sti Ko‘kchaning iltimosi bilan avval Ko‘kchaning sheriklarini, keyin o‘zini to‘rdan qutqazibdi. So‘ngra hol-ahvol so‘rabdi. Ko‘kcha butun voqeani aytib beribdi.
Dono qadrdon do‘stlarini kutish uchun salqin va xushhavo yerga joy qilibdi, don-dun, noz-ne’matlarni serob qilibdi.

II

Chinorda o‘tirib hamma voqeani ko‘rgan bir qarg‘a: «Kaptarlar biror yerga borib tushsa, doniga sherik bo‘larman», degan umid bilan ular orqasidan uchib kelgan ekan. Qarg‘a Dononing kaptarlarga bergan yordamini ko‘rib, hayron qolibdi. O‘zicha: «Do‘st yordam berar ekan, men sichqon bilan do‘st bo‘layin», deb o‘ylabdi. So‘ngra borib Dononi inidan chaqiribdi. Dono chiqib qarasa, bir qarg‘a turgan emish.
Dono eshikda turgan qarg‘aga qarab:
— Xo‘sh, keling birodar, — debdi. Qarg‘a:
— Men jonivorlarning hech biriga qo‘shilmay, yolg‘iz o‘zim yashab kelaman. Yor-birodarlarim, jonkuyarim yo‘q; jonivorlar hamisha mendan qochishadi. Yolg‘izlik jondan o‘tdi, qiynalib ketdim, o‘ylab-o‘ylab siz bilan do‘st bo‘lishni ma’qul ko‘rdim, orzumni qabul qilsangiz deb, umid bilan keldim, — debdi.
Sichqon qarg‘aga javoban:
— Durust, lekin siz meni qayerda ko‘rsangiz yeysiz, shuning uchun so‘zingizga ishonish qiyin, — degan ekan, qarg‘a:
— To‘g‘ri aytasiz, do‘stim, rostini aytsam, qayerda sichqon ko‘rsam tutib yer edim. Ammo do‘stlik yaxshi ekan, endi sizga sira zarar yetkazmayman, — deb chinakam va’da beribdi.
Dono bo‘lsa, qarg‘aning so‘ziga ishonib, inidan chiqibdi, qarga bilan qo‘l olishib, do‘st bo‘libdi, uni mehmon qilibdi.
Bir kun qarg‘a do‘sti Dononi bog‘iga taklif qilibdi. Dono boradigan bo‘libdi. Qarg‘a Dononi tumshug‘ida olib bormoqchi bo‘libdi, lekin sichqon qiynalmasin, deb uni changalida avaylab olib ketibdi. Bu bog‘ jahonda bor hamma meva daraxtlari bilan bezangan ajoyib joy ekan. Xilma-xil gullar xushbo‘y hid sochib, bo‘stonni yashnatib turar, shishadek tiniq suvlar shildirab oqib turar ekan. Turli-tuman mevalar pishib, tagiga tushib yotar ekan. Qarg‘a Dononi yaxshilab ziyofat qilibdi. Sichqon ko‘p xursand bo‘lib, bog‘ ichida qarg‘a bilan tomosha qilib yuribdi. Buni shu bog‘da yurgan bir toshbaqa ko‘rib qolibdi. Ularga havasi kelibdi. Salom berib, ular oldiga boribdi. Hol-ahvollarini, sichqon bilan qarg‘a o‘rtasidagi inoqlik, mehribonlik sababini so‘rabdi. Qarg‘a toshbaqaga kaptarlar voqeasini aytib beribdi.
Toshbaqaning havasi yana ortibdi. Do‘stlik, birgalikning bahosi yo‘q, deb ular bilan qadrdon do‘st bo‘lishga so‘z beribdi. Qarg‘a toshbaqani ham ko‘p izzat-hurmat bilan ziyofat qilibdi.

III

Bog‘ning bir tomonidagi baland tepa bag‘rida bir kiyik yurar ekan? U qarg‘a, sichqon va toshbaqaning totuv bo‘lib yurishganini ko‘rib, qarg‘aning makoniga qarab yo‘l olibdi. Ular yaqiniga kelib, so‘z qotibdi Uni hammalari xursandlik bilan kutib olibdilar. Qarg‘a kiyikni dasturxonga taklif qilibdi va o‘zaro gaplashib o‘tirishganda kiyik, qarg‘a, sichqon, toshbaqaning bir-birlari bilan hamjins bo‘lmasalar ham nima uchun bunchalik inoqliklarining sirini bilishga kelganini aytibdi.
Qarg‘a bo‘lib o‘tgan voqealarni kiyikka birma-bir hikoya qilib beribdi. So‘ngra kiyik ham ular bilan do‘stlik iplarini bog‘lamoqchi bo‘libdi. Do‘stlar qabul qilibdilar. Hammalari boshqatdan o‘rinlaridan turib ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashib, kiyikni yuqoriga o‘tqazib, unga ko‘p iltifot qilibdilar. Shu paytda Dono kaptarlarni xotirlabdi. Qarg‘a kaptarlarga bir xat yozib berishni Donodan so‘rabdi. Dono xursand bo‘lib xat yozib, uni qarg‘aning o‘ng oyog‘iga bog‘labdi. Qarg‘aga oq yo‘l tilab, hammalari uni kuzatishibdi. Qarg‘a kaptarlarnnng makoniga kelib xatni beribdi. Kaptarlar xatni o‘qib, qarg‘a bilan uchib, boqqa kelib qo‘nibdilar. Do‘stlar ko‘rishib, so‘rashib, shirin-shirin suhbatlashib o‘tiribdilar.
Bir zamon kiyik, sayr-tomoshaga chiqib ketibdi. Lekin hadeganda kelavermabdi. Do‘stlar xavotir olibdilar. Shunda Ko‘kcha qarg‘aga qarab:
— Kiyikdan shu choqqacha darak yo‘q, undan xabar olish kerak, — debdi. Qarg‘a kiyikni ko‘p axtarsa ham topolmabdi. Axiri xafalikdan nima qilarini bilmay, hayron bo‘lib kelayotganda, bir yerga ko‘zi tushibdi, qarasa, bechora kiyik zolim ovchining qo‘yib ketgan tuzog‘iga oyog‘idan ilinib yotgan emish. Tezda uchib borib, do‘stlarini bu voqeadan xabardor qilibdi. Ular juda xafa bo‘lib, bir-birlari bilan maslahat qilibdilar.
Ko‘kcha bunday deb maslahat beribdi:
— Qarg‘avoy, sen sichqonni changalingda olib bor, sichqon kiyikning tuzog‘ini qirqsin.
Bu gap hammaga yoqib tushibdi. Qarg‘a sichqonni changaliga olib uchib ketibdi, orqasidan Ko‘kcha ham uchibdi. Bularga toshbaqa ergashib qolibdi. Ko‘kcha toshbaqaga harchavd bormagin desa ham bo‘lmabdi. Qarg‘a sichqonni kiyik ilingan joyga oborib qo‘yibdi. Sichqon kiyikning oyog‘idagi tu-zog‘ini qirqa boshlabdi. Ko‘kcha o‘ylab turib:
— Do‘stim Dono, kiyikning oyog‘idagi tuzoqning hammasini qirqma, uch tolasini qoldir. Tag‘in ovchi buni bizdan ko‘rib, zarar yetkazadigan bo‘lmasin. Ovchi kelgach, kiyik bir zo‘r berib uch tolasini uzib ketaveradi, — debdi.
Dono Ko‘kchaning aytganini qilib, uch tola ipini qoldiribdi. Avval qarg‘a sichqonni ko‘tarib uchibdi. Uning ketidan kaptar uchibdi. Ular boqqa kelib qo‘nishibdi. Qarg‘a sichqonni changalidan yerga sekin qo‘yibdi.
Ovchi tuzoqqa ilingan kiyikni ko‘rib, yugurib kelgan ekan, kiyik bir intilishdayoq uch tola ipni uzib qochibdi. Ovchi noumid bo‘lib, tuzoqni olib ketmoqchi bo‘lgan ekan, toshbaqani ko‘rib qolib, uni xurjunga solibdi. Kiyik allaqachon qarg‘aning bog‘iga yetib kelgan ekan. Do‘stlari qarasalarki, toshbaqa yo‘q zmish. Ko‘kcha:
— Men unga harchand bormagin desam, ko‘nmagan edi. Bor, qarg‘a xabar olib kel! — debdi.
Qarg‘a kiyik ilingan joyga borib, qarasa ovchi toshbaqani xurjunga solib, og‘zini mahkam bo‘g‘ib ketayotgan emish. Tezda kelib do‘stlariga aytibdi. Ko‘kcha yana maslahat beribdi. Do‘stlar Ko‘kchaning maslahatini ma’qul topib, shunday qilibdilar: qarg‘a sichqonni ko‘tarib uchib ketibdi. Kiyik ovchining oldidan cho‘loqlanib o‘taveribdi. Ovchi kiyikni ko‘rib xursand bo‘libdi va «Tuzoqdan qochish vaqtida oyog‘i sinib cho‘loq bo‘lib qolgan ekan, endi uni ushlab olaman», deb kiyikning orqasidan yuguribdi. Kiyik ham oqsoqlanib qochaveribdi. Axiri ovchi juda charchabdi, yelkasidagi xurjunni tashlab, kiyik orqasidan rosa yuguribdi. Qarg‘a sichqonni xurjun yaqiniga eltib qo‘yibdi. Sichqon xurjunni teshib, toshbaqani qutqazibdi. Toshbaqa bir katta toshning tagiga kirib berkinibdi. Qarg‘a sichqonni boqqa olib borib qo‘yibdi. So‘ngra kiyikning oldiga borib: «Ish bitdi, endi qochaver!» debdi. Kiyik qochib ketibdi. Ovchi kiyikning gardiga ham yetolmay qolibdi. Kiyik bilan kaptar ikkisi qarg‘aning bog‘iga borishibdi. Do‘stlar xursand bo‘lishib, do‘stlik samarasidan bahramand bo‘lib, bog‘da tinch umr kechira boshlabdilar.