Olti ahmoq va bir to‘qmoq

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda olti ahmoq va bir to‘qmoq yashagan ekan.
Ular birgalashib sabzi ekishibdi. To‘qmoq ahmoqlardan:
— Sabzining ostini olasizlarmi yoki ustinimi? — deb so‘rabdi.
Ahmoqlar sabzini birinchi marta ekayotganlari uchun nima deyishni bilmay, o‘ylab-o‘ylab:
— Ustini biz olamiz, deyishibdi. To‘qmoq sabzi hosilini pullabdi, qolganini esa mazza qilib qishi bilan yeb chiqibdi.
Kelasi yili bug‘doy ekishibdi. To‘qmoq yana so‘rabdi:
— Ostini olasizlarmi yoki ustinimi? Ahmoqlar bir ovozdan:
— Endi ostini olamiz, — deyishibdi.
Bu gal ham ahmoqlar zarar ko‘rishibdi. To‘qmoq esa bug‘doyni sotib, pul qilib olibdi.
Kunlardan bir kun ular ho‘kiz so‘ymoqchi bo‘lishibdi. Ular ho‘kizni to‘qmoqnikida so‘yishibdi. To‘qmoq ho‘kiz terisini olib bozorga boribdi va uni arzonginaga sotib, yo‘lda kelayotsa, bir kampir suv qaynatayotgan emish. To‘qmoq unga yordamlashmoqchi bo‘libdi. Kampir:
— Sen suvni qaynatib turgin, men sigir sog‘ib kelay, — debdi. Shu paytda kampir o‘z o‘ynashini o‘raga bekitib ketgan ekan. Buni to‘qmoq sezib qolibdi-yu, qaynagan suvni o‘raga quyib yuboribdi, u yerdagi erkak esa o‘lib qolibdi.
Kampir kelsa, suv haliyam qaynamagan emish.
— Suving haliyam qaynamadimi? — deb so‘rabdi kampir.
To‘kmoq:
— O‘rada sichqon bor ekan, ustiga qaynagan suvni quyvordim, — debdi.
Kampir xafa bo‘lib, rosa yig‘labdi. Keyin ikkalovi o‘likni ko‘mishibdi. Kampir to‘qmoqqa bo‘lgan ishni hech kimga aytmasligini tayinlab, evaziga katta pul beribdi.
To‘qmoq xursand bo‘lib, uyiga kelib, pullarni sanab o‘tirsa, olti ahmoq kirib kelibdi. Ularning ko‘zlari o‘ynab ketib:
— Bu pullarni qayerdan olding? — deb so‘rashibdi. To‘qmoq:
— Sizlar mening uyimda ho‘kizimni so‘ydinglar. Bozorda nima pul, teri pul ekan, sotib pulim ko‘payib ketdi, — debdi.
Bu gapdan olti ahmoq hovliqib ketib, borib o‘z ho‘kizlarini so‘yishibdi. To‘qmoq ham borib, ular so‘ygan ho‘kizning go‘shtidan mazza qilib yebdi. Ahmoqlar terini bozorga olib borishsa, hech kim so‘ramasmish ham. Arzonginaga sotib kelishibdi.
Ahmoqlar “to‘qmoq yana bizni aldabdi” deb, undan qasd olmoqchi bo‘lishibdi. Uni o‘ldirish uchun uyiga borishibdi. Uzoqdan ahmoqlarning, kelayotganini ko‘rgan to‘qmoq qochib ketibdi. Alam qilganidan ahmoqlar uning onasini o‘ldirishibdi.
To‘qmoq yig‘lab-yig‘lab onasining o‘ligini eshakka ortib, ko‘mishga mozorga olib ketayotsa, yo‘lda xirmonga duch kelibdi. Eshagi xirmonga kirib ketib qolibdi. Xirmonning egasi katta boy ekan. Eshakning don yeyayotganini ko‘rgan boyning o‘g‘li eshakka “qoch, qoch” deb uzun cho‘p bilan ura ketibdi. Shunda birdan o‘lik ag‘anab tushibdi. Buni ko‘rgan to‘qmoq:
— Onamning xunini to‘lab beringlar, — deb baqiribdi.
Qo‘rqib ketgan boy butun xirmonini, yana ustiga ancha pul ham beribdi. To‘qmoq onasini ko‘mib, uyiga kelib pullarini hisoblab o‘tirsa, yana ahmoqlar kelib qolishibdi. Ular hayron bo‘lib:
— Bu pullarni, shuncha donlarni qayerdan olding? — deb so‘rashibdi.
— Bozorda nima pul, o‘lik pul ekan. Senlar mening onamni o‘ldirdinglar. Bu pullar o‘shaniki, — debdi.
Olti ahmoq borib o‘z onalarini o‘ldirishibdi. Bozorga olib borib, “kim oladi, sotamiz”, deb baqirib yurishibdi. Odamlarning jahli chiqib, ularni so‘kib-so‘kib bozordan haydab yuboribdi.
Ahmoqlar onalarini ko‘mib kelgach, “to‘qmoq bizni yana aldabdi-da” deb, uning uyiga o‘t qo‘yishibdi.
To‘qmoq xafa bo‘lib, uyining kullarini aravaga ortib yo‘lda ketayotsa, kampirlarga duch kelibdi. Ular:
— Bizni mindirib ketgin, bolam, — deb turib olishibdi.
To‘qmoq:
— Men bug‘doy olib ketayotibman, sizlarni ustiga mindirsam, u kulga aylanib qolsa, nima qilaman? Haqini to‘laysizlarmi? — debdi.
Kampirlar hayron bo‘lib:
— Bunaqa bo‘lishi mumkin emas. Mayli, bo‘pti haqini to‘laymiz, — deyishibdi. Yetib borgach, to‘qmoq qoplarni ko‘rsatib, kampirlarga:
— Mana qaranglar, bug‘doy kulga aylanib qolibdi. Endi to‘lab beringlar, — deb turib olibdi.
Kampirlar ham oxiri pul yig‘ib berishibdi. To‘qmoq uyiga kelib, pulini hisoblab o‘tirsa, ahmoqlar kelib qolishibdi.
— Bu pullarni qayerdan olding? — deb so‘rashibdi.
— Uyimning kulini sotdim, — debdi to‘qmoq. Olti ahmoq darhol uylariga o‘t qo‘yishibdi. Uning kullarini yig‘ib, bozorga olib borib:
— Kim kul oladi, kim kul oladi? — deb baqirib yurishibdi.
Bozorda hamma ularni masxara qilib kulibdi. Ular, “Biz yana aldandik”, deb to‘qmoqni topib, uni o‘ldirishga ahd qilishibdi.
To‘qmoq ahmoqlarning chopib kelayotganlarini ko‘rib, dasht tomonga qochib ketibdi. Chopib ketayotib bir cho‘ponga duch kelibdi. Cho‘pon:
— Nega ulardan qochib kelyapsan? — deb so‘rabdi. To‘qmoq:
— Ular meni bek qilmoqchi edilar, men esa bek bo‘lishni istamayman, — debdi.
Cho‘pon:
— Men bek bo‘lishni istayman, — debdi-da, to‘qmoqning kiyimlarini almashtirib kiyib olib, olti ahmoqqa ro‘para bo‘libdi.
Olti ahmoq “hali seni bek qilamizmi”, deb cho‘ponni o‘ldirib, suvga otib yuborishibdi.
To‘qmoq esa qo‘ylarni boqib, o‘z kunini ko‘rib yuraveribdi. Bir kuni u qo‘ylarni haydab o‘z qishlog‘iga boribdi. Ahmoqlar uni ko‘rib hayron bo‘lishibdi.
—    Qayerdan kelyapsan? Shuncha qo‘yni qayerdan olding? — deb so‘rashibdi.
To‘qmoq:
— Daryoning tagidan haydab chiqdim, — debdi va ahmoqlarni daryoga olib boribdi. Ularga o‘z qo‘ylarining aksini ko‘rsatibdi. Ahmoqlar “qo‘y ko‘p ekan-da” deb o‘zlarini suvga tashlashibdi.
Shunday qilib ahmoqlar suvda cho‘kib, o‘lib ketishibdi. Ahmoqlarning xotinlari esa to‘qmoqning yoniga kelib, “erlarimizni topib berasan”, deb turib olishibdi. Ahmoqlar xotinlariga tamg‘a bosib qo‘ygan ekan. To‘qmoq ularni qoziga olib borib:
— Bular otamning cho‘rilari, ishonmasangiz, tamg‘asiga qarang. Ular qochib ketishmoqchi, — debdi.
Qozi xotinlarga bundan buyon to‘qmoqning cho‘risi ekanliklarini aytib, qog‘oz ham qilib beribdi.
Ahmoqning xotinlari to‘qmoqqa cho‘rilik qilib umr o‘tkazishibdi.