Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Bir o‘rmonda ikki qarg‘a yashar ekan. Ular ovqat topishga erinib, hiyla o‘ylashibdi. Shunda bir qarg‘a ikkinchi bir qarg‘aga: — Men hiyla o‘yladim, o‘sha hiylani ishlatsak, biz tekin ovqatlanib yotaveramiz, — debdi. Qarg‘a:
— Bir-birimizning patimizni bir dona qoldirmay yulamiz. Shunda biz yosh qushchalar bo‘lib qolamiz. Bir qushning iniga boramiz, uning tuxumlarini olib tashlab, joyiga o‘tiramiz. Ona qush kelib “bolam” deb bizni ovqatlantiraveradi, — debdi. Ikkinchi qarg‘a:
— Mayli, — debdi. Keyin ikki qarg‘a bir qush iniga borib, bir-birining patlarini yulib, qip-qizil go‘shtga aylanibdilar. Indagi tuxumlarni olib tashlab, o‘rniga o‘tiribdilar. O‘z iniga kelgan qush ikkinchi qushga:
— Mana, bolalarimiz ham tuxumdan chiqibdi, — debdi. Ular har xil ovqatlar keltirib beraveribdilar. Bir necha kundan keyin ikki qarg‘adan asta-sekin pat chiqa boshlabdi. Shunda ular yana bir-birlarining patlarini olib tashlabdilar. Buni ko‘rgan qush “bolalari”ga:
— Endi hech yerda ovqat qolmadi. Endi o‘zlaringiz o‘zlaringizga ovqat topinglar, — debdi. Shunda ular qushga qarab:
— Bizlar ovqat bor joyni bilamiz. Shu soylikdan boraversangiz, bir boqqa borasiz, u yerda har xil qurt-qumursqalar ko‘p, — debdilar. Shunda qush ikkinchi qushga:
— Bizning bolalarimiz yosh bo‘lsa ham hamma joyni biladilar-a, — debdi. Shundan keyin qushlar u yerdan ham ovqat keltirib beribdilar. Kunlar ketidan kunlar o‘tibdi. Bir kuni o‘rmonda qayerdandir o‘t chiqibdi. O‘rmon yona boshlabdi. Shunda hamma qushlar o‘zlarini qutqarib uchib ketibdilar. Bu ikki qarg‘a esa patsizlikdan ucholmay, qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, olovda jizg‘anak bo‘lib kuyib qolibdilar.