Bir kuni ichak bilan pufak bahslashibdi. Pufak:
— Ichak-ichak, men seni yeyman, — debdi.
— Yo‘q, meni yeyolmaysan, — debdi ichak. Pufak ichakni yeb qo‘yibdi.
Pufak nariroq borsa, bir xo‘roz uchrabdi.
— Xo‘roz, xo‘roz, men seni yeyman, — debdi.
— Bir qichqirsam, o‘lib qolasan, — debdi xo‘roz.
Pufak aytibdi:
— Ichakni yegan seni ham yeyolmaymanmi? — deb xo‘rozni yeb qo‘yibdi va nariroqqa borib, yuqoriga ko‘tarilibdi va qo‘yning oldiga tushibdi:
— Qo‘y-qo‘y, men seni yeyman, — debdi.
— Bir marab bersam, o‘lib qolasan, — debdi qo‘y.
— Ichakni yegan, xo‘rozni yegan, men seni yeyolmaymanmi? — deb pufak qo‘yni ham yeb qo‘yibdi.
Yurib-yurib pufak bir molga uchrab qolibdi.
— Mol-mol, men seni yeyman, — debdi.
Mol:
— Bir marasam, o‘lib qolasan, — debdi.
Pufak:
— Ichakni, xo‘rozni, qo‘yni yegan, nimaga seni yeyolmas ekanman? — deb molni ham yeb qo‘yibdi.
Yurib-yurib, bir otga uchrabdi va unga:
— Ot-ot, men seni yeyman, — debdi.
— Sen meni yeyman deb ovora bo‘lmagin, yeyolmaysan, bir tepsam, o‘lasan, — debdi ot.
— Ichakni yegan, xo‘rozni, qo‘yni, molni yegan, seni ham yeyman, — deb otni ham yeb qo‘yibdi. Yana pufak yurib-yurib bir qushchaga uchrabdi.
— Ey, qushcha, seni yeyman, — debdi pufak.
— Bir sayrab, gavron bilan ursam, o‘lib qolasan, — debdi.
— Yo‘lda uchragan ichakni, molni, qo‘yni, otni yegan seni yeya olmaymanmi? — deb qushchani ham yeb qo‘yibdi.
Undan borib-borib, o‘tin terayotgan bir qizchaga uchrab qolibdi.
— Ey qizcha, seni ham yeyman, — debdi pufak.
— O‘rog‘imni qorningga bir tiqib olsam, yorilib o‘lasan, — debdi qizcha.
— Yurgan yo‘limdagi hamma uchragan narsalarni yeb kelyapman-ku, endi seni yeya olmaymanmi? — deb uni ham yeb qo‘yibdi.
Ularning hammasini yeb, pufak yana yo‘lga tushibdi, bir kosibga uchrabdi.
— Usta-usta, men seni yeyman, — debdi unga.
— Yaqinroq kelib yegin, — deb usta pufakni oldiga chaqiribdi va pufakning qornini pichog‘i bilan yorib yuboribdi, uning qornidan u yegan hamma chiqishibdi. Pufakning qornidan chiqqanlar kosibdan xursand bo‘lib, joy-joylariga tarqab ketishibdi va murod-maqsadlariga yetishibdi.