Xotinsiz uyni ko‘r, qaro yerni ko‘r

Qadim zamonda bir boy bo‘lgan ekan. Uning bir yaxshi, aqlli xotini bo‘lgan ekan. Bir kuni boy xotiniga:
— Davlatimda xo‘p davr surayapsanda! Mendan bo‘lakka tekkaningda ne kunlarni ko‘rarding?— debdi.
— Yo‘q, — debdi xotin eriga, — erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin.
Xotinining bu gapidan boy darg‘azab bo‘lib, uyidan haydab yuboribdi. Qorong‘i tushib qolgan ekan. Xotin yo‘lga chiqibdi-yu, charchab bir daraxtning tagida o‘tirib, tunni o‘tkazmoqchi bo‘libdi. Ancha o‘tiribdi. Shu vaqt o‘tin orqalagan bir yigit kelib, uning yonida to‘xtabdi.
— Hoy, singlim, — debdi o‘tinchi, — bemahalda yolg‘iz nima qilib o‘tiribsan? Uyingga borsang bo‘lmaydimi?
— Uyim yo‘q, — debdi xotin, — ota-onam juda yoshligimda o‘lib ketgan, — debdi.
— Mening ham bir keksa onamdan bo‘lak hech kimim yo‘q. Men o‘tin terib kun ko‘raman. Yur biznikiga, och bo‘lsak och, to‘q bo‘lsak to‘q yasharsan, — debdi yigit.
Yigit xotinni ergashtirib uyiga olib ketibdi. Xotin ko‘rsaki, o‘tinchining hovlisini ko‘rib bo‘lmas emish: hamma yoq o‘t, ko‘pdan beri supurgi tegmagan. Keksa onaning egnidagi ko‘ylagi kir, yog‘ bosib ketgan ekan.
Xotin hovlini supurib-sidiribdi, kampirni yuvib-tarabdi. Xullas, o‘tinchining uy-joyiga fayz kiritibdi. Buni ko‘rgan o‘tinchining bahri-dili ochilib ketibdi.
O‘tinchi har kuni tergan o‘tinini bozorga olib borib, ikki tangaga sotarkan, bir tangasiga yog‘, bir tangasiga un olib kelarkan. Ona-bola atala qilib yeb kun ko‘risharkan. Xotin o‘tinchinikiga kelgan kunining ertasi, o‘tinchi o‘tin tergani ketayotganida undan iltimos qilibdi:
— Agar bugun ham ikki tangaga o‘tin sotsangiz, bir tangasiga ro‘zg‘or qiling, bir tangasiga ipak bilan do‘ppi tagi olib keling.
Kechqurun o‘tinchi xotin tayinlagan narsalarni olib kelibdi. Xotin ertasi kuni o‘tinchi kelgunicha, chiroyli do‘ppi tikib, bitkazib qo‘yibdi. O‘tinchi uni do‘ppi bozoriga olib boribdi-da, bir yaxshi do‘ppi o‘n so‘m bo‘lsa, uni o‘n besh so‘mga sotib, pulini xotinga keltirib beribdi.
Xotin, kunda yigit o‘tin terib, sotib kelguncha, do‘ppi tikib bozorga chiqarib sotishga taxt qilib o‘tirarkan. Buning ustiga uy-joyga, qozon-tovoqqa qarashga ham ulgurarkan.
— Endi hunar o‘rganing! — debdi xotin yigitga. — Erkak kishiga hunar kerak.
Yigit duradgorlikni o‘rganibdi. Ko‘p o‘tmay yaxshi duradgor ham bo‘libdi, uy-joy ham qurib olishibdi.
O‘tinchining uyiga kundan-kun fayz kiribdi, topgani oziq-ovqat, kiyim-kechakdan ortadigan bo‘libdi. Kampir ham, o‘g‘li ham ayolni juda yaxshi ko‘rib qolishibdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, o‘tinchi bilan bu dono ayolning to‘ylari bo‘libdi, ular baxtiyor hayot kechira boshlashibdi. Davlatlariga davlat qo‘shilibdi, baxtlariga baxt. Ularning inoqligi, baxtli yashashi haqidagi ovoza uzoq-uzoqlarga tarqalibdi: “Bir o‘tinchi shunaqa badavlat bo‘lib ketibdiki, asti qo‘yaverasiz ekan”. Bir kambag‘al o‘tinchining dang‘illama uyli-joyli, davlatmand bo‘lib qolgani haqidagi xabar ayolning avvalgi erining qulog‘iga ham yetibdi. “Olamda mendan boyi yo‘q”, deb kerilib yurgan to‘ymas boy bu gaplarni eshitib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib kelish maqsadida o‘tinchinikiga kelibdi. Ko‘rsaki, ichki-tashqi dang‘illama hovli-joy, hovuz atrofida gulzor, hovli yog‘ tushsa, yalagudek top-toza. Lekin na xizmatchi bor emish, na koranda. Buni ko‘rib boy juda hayron qolibdi. Uni o‘tinchining o‘zi kutib olibdi, yaxshilab ziyofat qilibdi. Boy o‘tinchinikida xo‘p mehmon bo‘libdi, keyin muddaoga ko‘chibdi, uning qanday qilib bunday davlatmand bo‘lib ketganini so‘rabdi.
— E, nimasini aytay, — debdi o‘tinchi unga, — ota-buvamizning “Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin” degan gapi bor edi. Xo‘p bilib, aytishgan ekan. Erkak kishi bo‘la turib, o‘tin terib sotib, bir qoshiq atalaga zor bo‘lib kun ko‘rardim. Uylandim, xotinim uyimga fayz kiritdi, aqlimga aql qo‘shdi, — deb xotinining xizmatlariga tan beribdi. Shu payt boyning ko‘zi derazaga tushibdi. Ne ko‘zi bilan ko‘rsin-ki, o‘sha o‘zi haydab yuborgan xotini hovlidagi gulzorda gul terib yurgan emish. Boyning rangi quv o‘chib ketibdi:
— E-e, xom kalla, nimalar qilib qo‘yding, — deb peshonasiga bir uribdi.
O‘tinchi bilan xotini esa, ko‘p yillar inoq va baxtiyor umr kechirishibdi.