O‘tgan qadim zamonda, quyosh chiqar tomonda bir kambag‘al odam yashagan ekan. Uning Hotam degan yoshli o‘g‘li bor ekan. Kambag‘al o‘lgandan keyin uning xotini o‘g‘li Hotamni boqolmay Dadaboy degan kambag‘alga topshiribdi. Dadaboy ham Hotamni boqolmay bozorga olib borib, Jalol degan boyga sotibdi. Jalolboy Hotamni uyiga olib borib ishlatib yura beribdi.
Oradan ikki-uch yil o‘tibdi.
Jalolboy qirq tuyaga mol ortib karvonlarga qo‘shilib, uzoq bir shaharga jo‘nab ketibdi. Hotam yo‘lda Jalolboyning xizmatini qilib yuribdi.
Karvon kecha-yu kunduz yo‘l yurib, bir cho‘l-u biyobonda ketayotgan ekan, qorong‘i tushibdi. Cho‘lda bir vayrona qo‘rg‘on bor ekan, Jalolboy karvonlarga, “Shu qo‘rg‘onda tunaylik”, debdi.
Savdogarlar: “Bu cho‘l-biyobon bo‘lsa, o‘g‘rilar kelib tag‘in bizga ziyon-zahmat yetkazmasin”, deb qo‘rqishibdi va yo‘lga ravona bo‘lishibdi.
Jalolboy o‘z xizmatkorlari bilan shu qo‘rg‘onga qo‘nibdi. Ovqat yeb bo‘lgach, boy xizmatkorlari bilan bir hujraga kirib yotibdi. Hotam esa, otlar va mollar yonida qo‘liga xanjar ushlab poyloqchilik qilibdi. Yarim kechada bir katta qora dev qo‘rg‘onga kirib kelibdi-da, boy yotgan hujraga qarab yura boshlabdi. Hotam devni ko‘rib turgan ekan. Sekin orqasidan borib xanjar bilan devning kallasini uzib tashlabdi.
Devning kallasini dast ko‘tarib qo‘rg‘ondan chiqibdi va xandaqqa tashlabdi. Hotam yana otlar va tuyalar yoniga kelib yotibdi. U o‘zicha o‘ylabdi: “Men-ku buni o‘ldirdim, lekin bu dev yolg‘iz bo‘lmasa kerak. Sheriklari ketidan qidirib kelishlari va bizga ziyon yetkazishlari mumkin. Men buning oldini olishim kerak, albatta”.
Hotam bu sirni hech kimga bildirmasdan qo‘rg‘ondan tashqariga chiqib, u yoq-bu yoqqa qarabdi: “Dev shu tomondan kelgan bo‘lsa kerak, deb tusmol bilan qarshisidagi tog‘ga qarab jo‘nabdi. Hotam yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, tog‘ga yetibdi. Qarasa, tog‘ning bag‘rida bir g‘or bor emish. Shu g‘orning ichida bir sir yo‘qmikan, deb g‘orning ichiga kiribdi. Bir tomondan yorug‘lik ko‘rinibdi. O‘zini bir chekkaga olib quloq solibdi. Ichkaridan: “Bizning sherigimiz shu vaqtgacha kelmadi. Nima bo‘ldi ekan, hammamiz borib undan xabar olishimiz kerak”, degan tovush eshitilibdi.
Hotam xanjarini yalang‘ochlab mahkam ushlagan holda g‘orning og‘zida o‘zini panaga olib turibdi. Devlar birin-ketin g‘ordan chiqa boshlabdilar. Hotam g‘ordan chiqqan birinchi devning kallasini uzib tashlabdi. Qolgan devlarning ham birma-bir kallasini olib tashlay beribdi.
Hotam devlarni saranjomlab bo‘lgach, g‘orning ichkarisiga kiribdi. U yoq-bu yoqqa qarasa bir eshik ko‘rinibdi. Eshikni ochib ichkariga kirsa, bir chiroyli bog‘, unda gullar ochilgan, qushlar sayragan, shohona supalar yasatilgan, bir supada qip-qizil cho‘g‘day gilamlar, ko‘rpachalar ustida to‘rt chiroyli qiz uxlab yotibdi. Hotam qizlar uyg‘onib ketmasin, deb sekin supaning bir chetiga borib o‘tiribdi. Biroz vaqt o‘tgach, qizlardan biri cho‘chib uyg‘onibdi. Hotamni ko‘rib hayron bo‘libdi:
— Ey, odamzod, bu joy to‘rt devning makoni-ku, qanday qilib kelib qoldingiz, hozir devlar keladi, ular ko‘rsa o‘n joningizdan bir joningiz ham qolmaydi. Bu yerdan tezroq keting! — debdi.
Hotam qizga:
— To‘rt devning ajali mening qo‘limda edi. Bugun hammasini o‘ldirdim. Sizlar kim bo‘lasizlar, bu yerda nima qilib yuribsizlar? — deb so‘rabdi.
Bularning so‘zidan uxlab yotgan qizlar ham uyg‘onib, o‘rinlaridan turib o‘tirishibdi. Qizlardan biri:
— Biz to‘rt podshoning qizimiz. Bizlarni devlar shu yerga olib qochib kelgan. Birimizning kelganimizga uch yil, ikkinchimizga ikki yil, uchinchimizga ikki yarim yil, to‘rtinchimizga to‘rt yil bo‘lgan, — debdi.
Qizlar Hotamga o‘z ahvollarini hikoya qilib berishibdi. Hotam ularni tashqariga olib chiqib, o‘ldirilgan devlarning jasadlarini ko‘rsatibdi. Qizlar Hotamning botirligiga qoyil qolib, minnatdorlik bildirishibdi.
— Bizni ham o‘zingiz bilan birga olib keting, — deb yalinishibdi.
— Men sizlarni hozir olib keta olmayman. Sizlar hozircha shu joyda yashab turinglar. Men ishimni bitirib qaytgach, sizni bu g‘ordan olib chiqib o‘z uylaringizga olib borib qo‘yaman, — deb javob beribdi Hotam. Qizlar xursand bo‘lishibdi.
Hotam g‘ordan chiqib, g‘orning og‘zini katta tosh bilan bekitib qo‘yibdi va qo‘rg‘onga qaytib kelibdi. Birozdan so‘ng, tong otibdi. Qo‘rg‘ondagilar turguncha choy qaynatib tayyor qilibdi. Jalolboy va uning xizmatkorlari erta bilan nonushta qilib yo‘lga tushibdilar. Hotam kechasi bo‘lib o‘tgan sirni hech kimga so‘zlamabdi. Karvon bir necha kun yo‘l yurib bir shaharga yetibdi, saroyga tushishibdi. Ertasi boy mollarini bozorga olib chiqibdi. Shahar suv quygandek jimjit, shodlik alomatlari ko‘rinmaydi. Odamlar xafa, hech kimning mol bilan ishi yo‘q. Jalolboy hayron bo‘lib bir odamdan:
— Bu shaharda nima voqea bo‘lgan, odamlar xafa, bir-biri bilan so‘zlashmaydi? — deb so‘rabdi. U odam esa:
— Shahrimiz podshosining Malika degan qizi bor edi, bundan uch yil ilgari uni devlar olib qochib ketgan. Yurtning azamatlari qizni shu vaqtgacha hech qayerdan topa olmaydi, shuning uchun shahar xalqining tinchligi buzilgan, — deb javob beribdi.
Jalolboy bozordan saroyga qaytib kelib eshitgan gaplarini Hotamga so‘zlab beribdi.
— Bu shaharda savdomiz yurishmadi, endi boshqa shaharga jo‘naymiz, — debdi Jalolboy va shu kunning ertasigayoq tong otishi bilan mollarini tuyalarga ortib boshqa shaharga jo‘nabdi. Karvon bir necha kun yo‘l yurgandan keyin, boshqa bir shaharga yetib boribdi. Karvonsaroyga tushib dam olishibdi. Ikkinchi kuni Jalolboy bozorga chiqibdi. U shahar xalqining ham qovog‘i soliq, barchasi qayg‘uda ekan! Bu yerda ham savdoning mazasi bo‘lmabdi.
Jalolboy odamlardan bu holning sababini surishtirib ko‘rsa, shahar podshosining Huriniso degan qizi bor ekan. Uni ham devlar bundan ikki yil ilgari olib qochib ketgan ekan. Xafa bo‘lgan podsho savdo-sotiq ishlarini to‘xtatib qo‘ygan ekan. Boy savdoning yurishmaganidan xafa bo‘lib saroyga qaytib kelibdi. Shahardagi voqeani Hotamga aytib beribdi. Boy ikkinchi kuni mollarini tuyaga ortib bu shahardan ham jo‘nab qolibdi.
Yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Cho‘l-biyobonlarni kezib karvon bir shaharga yetib, saroyga tushibdi.
Bu safar Jalolboy bozorga bormay, saroybondan shahar ahvolini so‘rabdi.
Saroybon:
— Podshohimizning Poshshoxon degan bir qizi bor edi. Devlar olib ketganiga ikki yarim yil bo‘ldi. Shahar xalqi qizni qidirish bilan ovora. Shu sababli do‘konlar berk, savdo ishlari to‘xtab qolgan, — debdi. Boy buni eshitib, juda xafa bo‘libdi. Bozorga chiqmay, shu kunning o‘zidayoq boshqa shaharga jo‘nabdi.
Ko‘p kunlar, oylar yo‘l yuribdi. Bir shaharga bir kunlik yo‘l qolganda, yuklarini tushirib, ot va tuyalarni xashakka qo‘yibdi. Xizmatkorlariga tayinlab, o‘zi shaharning ahvolini bilib kelish uchun Hotam bilan birga ot minib yo‘lga chiqibdi. Shaharga borguncha kech kiribdi. Ikkisi shahar darvozasidan kirmay, chetdagi bir kambag‘al kampirning uyiga kelib, bir kecha yotib ketish uchun joy so‘rashibdi. Kampir rozi bo‘libdi. Boy kampirning uyiga kirib o‘tiribdi. Hotam esa, otlar yonida qolibdi. Jalolboy kampirdan shahar ahvolini so‘ragan ekan. Kampir:
— E, bolam, shaharning ahvolini so‘rab nima qilasiz? Podshohimizning oy desa og‘zi bor, kun desa ko‘zi bor juda chiroyli bir qizi bor edi. Uning oti Dilorom edi. Bundan to‘rt yil burun Diloromni devlar olib qochib ketgan, uni yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan odamlar kecha-yu kunduz qidiradi, hech qayerdan topolmaydi. Podsho, hatto shaharga kelgan yo‘lovchilarni ham to‘xtatib o‘z qizini topib kelish uchun yuboradi. Buning uchun qancha yasovullar tayinlab qo‘ygan. Shaharning ahvoli ana shunaqa, o‘g‘lim, — debdi. Shunday debdi-yu, Diloromning suratini Jalolboyga ko‘rsatibdi. Jalolboy suratni ko‘rishi bilanoq qizga oshiq-u beqaror bo‘lib hushidan ketibdi.
Hotam uyga kirsa, Jalolboy yiqilib behush bo‘lib yotganmish. Kampir bo‘lgan voqeani so‘zlab, Diloromning suratini unga ko‘rsatibdi. Hotam suratni qo‘liga olib ko‘rishi bilanoq, g‘ordagi qizlardan biri shu Dilorom ekanligini bilibdi. Hotam Jalolboyga suv sepib hushiga keltirib, hol-ahvol so‘rabdi. Boy aytibdi:
— Men shu podsho qiziga oshiq bo‘lib qoldim. Nima bo‘lsa ham uni qidirib topishim kerak.
— Buni topish bir gap bo‘lar, siz avval podshoning saroyiga boring, agar qizni topsak, sizga beradimi, yo‘qmi, shuni biling. Agar qizini sizga beradigan bo‘lsa, uni men topaman-da, to‘g‘ri o‘z shahrimizga olib ketamiz, — debdi Hotam.
Jalolboy Hotamning bu so‘zidan xursand bo‘libdi. Ertasiga o‘rnidan turib podshoning o‘rdasiga boribdi. Podshoning huzuriga kirib, o‘zining kim ekanligini va nima uchun kelganligini aytibdi. Podsho qizi Diloromni topib kelgan kishiga bermoqchi ekanligini aytibdi. Boy qizni topib kelish uchun muhlat olib, kampirning uyiga qaytib kelibdi. Podsho bilan oralarida o‘tgan so‘zni Hotamga aytib beribdi.
Hotam bilan Jalolboy yo‘l yurib, yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, podsho qizlari yashagan g‘orga kelishibdi, otlarini bog‘lab, g‘orning ichidagi gulzorga kirishibdi. Jalolboy qizlar orasida turgan Diloromni tanib, yana hushidan ketibdi. Hotam unga suv sepib o‘ziga keltiribdi.
Hotam Diloromga qarab:
— Singlim, endi sizni bu yerdan olib ketgani keldim. O‘z uyingizga, ota-onangizning yoniga borasiz. Tayyorlaning! — debdi. Dilorom xushvaqt bo‘lib ketishga hozirlanibdi.
Hotam boshqa qizlarga:
— Men Diloromni ota-onasiga olib borib topshiraman, sizlar shu yerda yashab turinglar, keyin sizlarni ham olib ketaman, — deb ularni tinchlantiribdi, so‘ngra Hotam, boy va Dilorom birga yo‘lga chiqibdilar. Yo‘l yurib, bir necha muddatdan so‘ng shaharga yaqinlashganda Hotam ulardan ilgari ot chopib, shaharga kiribdi. Podsho saroyiga borib Diloromning kelayotganidan xabar beribdi. Podsho qizining sog‘ va salomat kelganiga xursand bo‘lib kutib olibdi. Bir necha kun to‘y-tomosha qilibdi. Kunlardan bir kun podsho Diloromni yoniga chaqirib:
— Qizim, kim qizimni topib kelsa, o‘shani kuyov qilaman, deb ahd qilgan edim. Bu ahdimni butun xalq biladi. Seni Jalolboy degan odam topib keldi. Endi men Jalolboyni o‘zimga kuyov qilaman, nima deysan? — debdi.
— E, ota, — debdi Dilorom, — meni devning qo‘lidan qutqargan odamga bersangiz roziman. Lekin meni qutqargan Jalolboy emas. Meni devdan qutqarib olib kelgan odam Hotamdir. Ahdingizga muvofiq, Hotamga tegishim kerak.
Podsho bu so‘zni eshitib hayron bo‘libdi, Jalolboy bilan Hotamning oldiga chiqib, Diloromning so‘zini aytibdi. Hotam o‘rnidan turib podshoga.
— Hurmatli hukmdor, men hali yoshman, hozir uylanadigan vaqtim emas. Diloromni devlar qo‘lidan men xalos qilgan bo‘lsam ham xo‘jamning istaklari yerda qolmasin. Shuning uchun meni ma’zur tutib qizingizni xo‘jamiz Jalolboyga bersangiz, — debdi.
Podshoga bu so‘z ma’qul tushibdi, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, qizini Jalolboyga beribdi. Podsho o‘z vazir-vuzarolarini chaqirib, ularga:
— Men endi qarib qoldim, podsholigimni Jalolboyga berdim, — debdi va kuyovini podsho etib tayinlabdi.
Hotam podshoga:
— Endi menga ruxsat bersangiz, men ketay, — debdi.
— Hotam, siz ketmang, menga yaxshilik qildingiz, sizni ham uylantirib qo‘yay, — debdi Jalolboy. Hotam bu shahardan ketish uchun podshodan yana javob so‘rabdi. Oxiri podsho rozi bo‘libdi. Hotam shahardan chiqib, qizlar turgan g‘orga yo‘l olibdi. G‘orga bir kunlik yo‘l qolganda, bir suvning bo‘yida ust-boshlari yirtilgan, oyoqlari qavargan uch yosh yigitning uxlab yotganini ko‘ribdi. Hotam: “Men bu yigitlarning hol-ahvolini bilay, agar qo‘limdan kelsa yordam beray”, deb o‘ylabdi, uxlab yotgan yigitlarning yoniga kelibdi. Birozdan keyin yigitlar uyg‘onishibdi. O‘rinlaridan turib, Hotam bilan so‘rashishibdi. Hotam ulardan:
— Siz kim bo‘lasiz, bu cho‘l-biyobonlarda nima qilib yuribsiz? — deb so‘rabdi.
Yigitlardan biri:
— Biz Kan’on podshosining o‘g‘illari bo‘lamiz. Otamiz uch podshoning uch qizini bizga fotiha qilib unashtirib qo‘ygan edi. Bundan uch yil burun bir qizning otasidan, ikki yil burun ikkinchi qizning otasidan, ikki yarim yil burun uchinchi qizning otasidan otamizga “Qizimni devlar olib ketdi, kelin kerak bo‘lsa, o‘g‘lingiz qidirib, topib olsin”, degan mazmunda xat keldi. Biz o‘sha xabarni eshitgandan beri uch qizni qidirib yuribmiz. Bugun suv bo‘yida yotganimizga ham uch kun bo‘ldi. Qizlardan xabar topolmay, sarson-u sargardonmiz, — debdi.
Shunda Hotam yigitlarga qarab:
— Har biringiz o‘z qallig‘ingizning otasidan, qizni topib, devlardan qutqarsangiz, qizini sizga berishi haqidagi va’dani tasdiqlaydigan tilxat olib kelingiz, siz kelguningizcha men shu yerda turaman. Kelganingizdan keyin qizlarni topishga qo‘limdan kelgancha yordam beraman, — debdi. Yigitlar “Xo‘p-xo‘p”, deb har biri o‘z qallig‘ining yurtiga jo‘nabdi.
Bir qancha kun o‘tgandan keyin yigitlarning har biri uch podshodan rozilik xatini olib kelishibdi va Hotamga ko‘rsatishibdi. Hotam uch yigitni boshlab qizlar yashab turgan g‘orga olib boribdi. G‘orga kirib yigitlarga qizlarni ko‘rsatibdi. Yigitlar ularni ko‘rib xursand bo‘libdilar. Hotam qizlarga qarab:
— Ana, singillarim, sizlarning ham o‘z yurtingiz, ota-onangiz oldiga borish vaqtingiz yetdi. Qani, tayyorlaninglar, — debdi.
Qizlar sevinishib, Hotamga minnatdorlik bildirib, kerakli narsalarni olib, yigitlar bilan g‘ordan chiqibdilar. Ular yetti kishi bo‘lib Malikaning shahriga borishibdi. Hotam Malikani otasi podshoga topshirib, uni devlardan qanday qilib qutqarganini birma-bir so‘zlab beribdi. Podsho Hotamning botirligi va uddaburroligiga qoyil qolib, qimmatbaho in’omlar beribdi. Podsho qizi Malikani o‘z va’dasiga binoan Kan’on podshosining o‘g‘liga qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib beribdi. Shahzodani o‘z o‘rniga podsho qilib tayinlabdi.
Hotam Huriniso, Poshshoxonlarni ham o‘z yurtlariga olib borib, ota-onalariga topshiribdi. Ular Hotamga minnatdorlik bildirib, izzat-hurmat qilibdilar. O‘zlarining va’dalariga muvofiq ular ham to‘y-tomoshalar qilib, qizlarini Kan’on podshosining ikki o‘g‘liga beribdilar. O‘z podsholiklarini ham topshiribdilar. Shunday qilib, Dilorom, Malika, Huriniso, Poshshoxon o‘z qo‘shganlari bilan murod-maqsadlariga yetibdilar.
Oradan bir necha kun o‘tgach, uch shahzoda yig‘ilishib Hotamdan maslahat so‘rabdilar. Katta shahzoda:
— Endi biz Kan’onga borib ota-onalarimizni ko‘rib kelsak, nima maslahat berasiz? — debdi.
Hotam ajablanib:
— Podshoning vazifasi mamlakat ishlari bilan shug‘ullanishdan iborat. Siz kechagina podsho bo‘ldingiz, bugun esa ota-onamizni ko‘rib kelamiz, deb o‘tiribsiz. Avval davlat ishiga qaranglar. Sizlar xat yozib beringlar, men ota-onalaringizga olib borib, sizning sog‘lig‘ingizni, murod-maqsadga yetganingizni bildirayin, — debdi. Shahzodalar xat yozib, Hotamni uch kunlik yo‘lgacha kuzatib qo‘yibdilar. Hotam bir necha kun yo‘l yurib bir tog‘ning bag‘rida otdan tushib buloq yonida dam olibdi. Shu payt buloq yonidagi chinorning shoxiga ikki kaptar kelib qo‘nibdi. Kaptarlar o‘zaro so‘zlashibdilar.
Biri:
— Mana shu tog‘ning orasidagi bir uyda bir shahzoda necha oydan beri behush bo‘lib yotibdi. U parilar podshosining qiziga oshiq bo‘lgan ekan. Shu sababli parilar uni jinni qilib qo‘ygan, — debdi.
Ikkinchisi aytibdi:
— Ey, buning davosi juda oson. Mana shu chinordan yuz qadam narida bir buloq bor. Buloqning yonida ikkita chinor bor. Chinorning bargini qaynatib ichirilsa, shahzoda shu zamon o‘ziga keladi.
Shu suhbatlardan so‘ng kaptarlar uchib ketibdi.
Hotam o‘tirgan yeridan yuz qadam olg‘a qarab yuribdi, buloq bo‘yidagi ikki katta chinorning barglaridan terib olib xurjunga solibdi, otni minib kaptar aytgan tog‘ning orqasiga boribdi. Tog‘ bag‘rida bir uy ko‘ribdi. Uning yoniga borib otdan tushibdi, uyga kirib qarasa, o‘n sakkiz yoshlarda bo‘lgan, qaddi-qomati kelishgan bir yigit uxlaganday behush bo‘lib yotgan emish. Uyda boshqa hech kim yo‘q ekan. Uydan chiqib u yoq-bu yoqqa qarabdi. Hovlida boshqa bir uy bor ekan. Undan ikki xotin yugurib hovliga chiqibdi va Hotamning oldiga kelib salom beribdi.
Hotam xotinlardan:
— Bu bola nima uchun behush bo‘lib yotibdi? — deb so‘rabdi. Xotinlardan biri:
— Bu bola besh oydan beri behush bo‘lib yotibdi, lekin sababini bilmaymiz, biz shu bolaning holidan xabar olib turamiz, — debdi. Hotam xotinlardan bir choydish so‘rab, unga chinordan olib kelgan barglarni solib qaynatibdi. So‘ngra uni bolaning og‘ziga tomizibdi. Birozdan keyin behush bo‘lib yotgan bola o‘ziga kelibdi, ko‘zini ochib, o‘rnidan turibdi. Bola yana chinor bargining suvidan ichibdi. Hotam bilan ko‘rishib, o‘z boshidan o‘tgan sirlarni aytib beribdi:
— Men Ibrohim degan shahzodaman. Kunlardan bir kun sayr qilib parilar podshosining bog‘iga borib qoldim. Bog‘da parilar podshosining qizini ko‘rib behush bo‘lib yiqilibman. Shundan boshqa hech narsani bilmayman, — debdi. Hotam shahzodaga:
— Endi seni otang oldiga olib borib qo‘yaman. O‘zim bir ish bilan Kan’on shahriga ketayotibman, ishni bitirgach, qaytib kelib senga parilar podshosining qizini topishga yordam qilaman, — debdi.
Hotam shahzodani olib borib ota-onasiga topshiribdi, o‘zi Kan’on shahriga qarab jo‘nabdi.
Bir necha kun yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Kan’on shahriga yetibdi. Podsho saroyiga borib, shahzodalarning xatini shohga topshiribdi. Xatda shunday deyilgan ekan:
“Ota, biz sog‘-salomatmiz. Qizlarni topa olmay, necha vaqt sarson bo‘lib yurdik. Cho‘l-biyobonda azob-uqubatlar chekib yurganimizda shu xatni sizga olib boruvchi Hotam degan yigit bizga uchrab qoldi. Bizlarni murod-maqsadimizga yetkazdi. Siz Hotamni yoningizda olib qolsangiz juda yaxshi bo‘lar edi”.
Podsho xatni o‘qib bo‘lgach, Hotam bilan boshqatdan quchoqlashib ko‘rishibdi. Uni izzat-hurmat qilibdi. Oradan bir-ikki kun o‘tgach, Hotam podshodan ketishga ijozat so‘rabdi:
— Men sizga ijozat bermayman, — debdi podsho. — Sizni o‘z bolalarimday ko‘rib, yonimda olib qolaman. Uylantirib qo‘yaman. O‘zim endi qarib qoldim. Sizni o‘rnimga podsho qilaman. Ketmang, bolam!
— Hurmatli podshohim, hozir mening bir qancha ishlarim bor, shu ishlarni bitirganimdan keyin, uylanish to‘g‘risidagi fikringizga ko‘narman. Chala qolgan ishlarimni tugatib kelishga ijozat bering, — deb iltimos qilibdi Hotam.
Podsho Hotamni yonida olib qolish uchun ko‘p urinibdi. Oxiri nochor ruxsat beribdi. Bir necha kun yo‘l yurib, cho‘l-biyobonlar kezib, shahzoda Ibrohimning shahriga kelibdi. Podsho Hotamning kelganini eshitib yoniga chaqirib, ziyofat qilibdi. Bir qancha vaqt suhbat qilib o‘tirganlaridan so‘ng Hotam podshoga:
— Endi Ibrohim bilan menga javob bering, va’daga muvofiq, shahzodaning baxt qushini izlaylik, — debdi. Hotam bilan shahzoda Ibrohim podshodan javob olib, yo‘lga ravona bo‘libdi. Bir necha kun yo‘l bosib, parilarning bog‘iga yetishibdi. Hotam otdan tushib shahzodaga aytibdi:
— Siz shu joyda turing, men bir bog‘dan xabar olib chiqay.
Shahzoda otlarni olib qolibdi.
Hotam bog‘ga kirib gulzorlarni aylanib yuribdi. Yurib-yurib bir hovuz yoniga kelibdi. Hovuz yonida katta bir chinor bor ekan. Chinorning yonida yashirinib o‘tiribdi. Bir necha vaqtdan keyin qo‘liga chelak ushlagan bir kampir hovuzdan suv olib, Hotamni ko‘rmay, yana ichkariga kirib ketibdi. Hotam sekin eshik yoniga borib quloq solibdi. Uyning ichida ikki ayolning so‘zlashgani eshitilibdi. Bir kampir ikkinchisiga aytibdi:
— Esingizda bormi, bundan uch-to‘rt oy ilgari men jodu qilgan shahzoda, o‘sha tuzalib, bugun yana bog‘ning eshigiga kelib turgan ekan. Hozir chiqib jodu qilib keldim. Endi tuzalishi mahol. Lekin dunyoda bir dori bor, o‘sha bilan tuzatish mumkin: u ham bo‘lsa, Hirot podshosining xazinasida. Uni podsho hech kimga bermaydi.
Ikkinchi kampir:
— Hirot shahrida bir ajdaho paydo bo‘libdi. U kuniga bir odam bilan bir qoramolni yeydi. Yaqinda navbat podshoning qiziga keladi. Ajdahodan podsho qizini kim qutqarsa, dorini o‘sha kishiga berishi mumkin. Lekin ajdahoni hech kim o‘ldira olmaydi, — debdi.
Birinchi kampir aytibdi:
— Ajdahoni o‘ldirish yo‘li juda oson. Hirot shahrining bir chetida zaharlangan ikki chinor bor. O‘sha chinorni g‘o‘la-g‘o‘la qilib kesib, maydalab talqon qilib, bir ho‘kizning terisiga solib ajdahoning keladigan yo‘liga qo‘yadi. Ajdaho suvdan chiqib ho‘kizni damiga tortadi. Shundan zaharlanib o‘ladi, — debdi.
Ikki kampir ovqatlanishga o‘tiribdi.
Hotam sekin bog‘dan chiqib, shahzoda yoniga borsa, u og‘zidan ko‘pik sochib, bexush bo‘lib yotgan emish. Ahvoli avvalgidan og‘ir emish. Hotam shahzodani otga o‘ngarib ilgarigi yotgan joyiga olib boribdi. Yigitni yotqizibdi, tashqariga chiqib bir cho‘ponni ko‘rib, uni oldiga chaqiribdi.
— Ota, — debdi cho‘ponga Hotam, — bir yilga qanchadan ishlab yuribsiz?
— Bir yilga besh tilladan ishlab yuribman, — debdi cho‘pon.
Hotam aytibdi:
— Men sizga kuniga bir tilla beraman. Bir oylik xizmatim bor. Uyda bir yigit yotibdi, shunga qarab turasiz.
Cho‘pon rozi bo‘libdi.
Hotam cho‘ponga besh tilla berib, o‘zi Hirotga qarab jo‘nabdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Hirot shahriga yetibdi. Hotam Hirot podshosining huzuriga kirib, salomdan so‘ng:
— Bir shahzoda behush bo‘lib yotibdi. Sizning xazinangizda joduni qaytaradigan dori bor ekan. Shu doridan bersangiz, olib borib shahzodani o‘ziga keltirsam, katta yordam qilgan bo‘lar edingiz, — debdi.
— Men dorimni hech kimga bermayman, — debdi podsho, — kimda-kim mening qizimni ajdahodan qutqarsa, o‘shanga dorini ham, qizimni ham beraman.
Hotam:
— Agar va’dangizda tursangiz, qo‘limdan kelgancha harakat qilib, qizingizni ajdahodan men qutqaraman, — debdi.
Podsho:
— Qancha-qancha polvonlar kelib, ajdahoni yenga olmagan, sen bir yosh bola bo‘lsang, qanday qilib uni yengasan? Senga rahmim keladi, qo‘y, baloga giriftor bo‘lib yurma, doridan picha beray, olib keta ber, — debdi.
Hotam:
— Mardning ishi muhtojlarga ko‘maklashish, nochorlarni og‘ir ahvoldan qutqarishdir. Men boshingizga tushgan bir falokatni eshitib turib, sizlarni ajdahodan qutqarmay, bu shahardan ketmayman. Menga ijozat bering, ajdahoni o‘ldirganimdan keyin xizmatlarim evaziga dorini olib ketaman, — debdi. Podsho Hotamning botirligiga qoyil qolib:
— Mayli, ijozat berdim, — debdi.
— Podshohim, — debdi Hotam, — menga beshta odam bering, — ular shahringizning bir chetidagi ikkita katta chinorni g‘o‘la-g‘o‘la qilib kesib, maydalab tolqon qilib bersinlar. Yana o‘nta mol so‘ydirib ularning terilarini butun holda bering! — debdi. Podsho rozi bo‘libdi.
Shu ondayoq beshta xizmatchisini chaqirib:
— Sizlar Hotamning aytganlarini bajaringlar, — debdi. Yana bir necha xizmatkorlarini chaqirib:
— Sizlar o‘nta mol so‘yib, terilarini butun holda Hotamga keltirib beringlar!— debdi. Hotam beshta odamni olib, to‘g‘ri shahar chetidagi ikki chinorning tagiga boribdi. Chinorlarni kestirib, g‘o‘la-g‘o‘la qilib, maydalab tolqon holida mollarning terisiga tiqib ho‘kiz shakliga keltiribdi. Ularni ajdahoning suvdan chiqadigan joyiga olib borib qo‘yibdi, Hotam bilan podshoning qizi tepalikda tomosha qilib turibdi. Birozdan keyin ajdaho daryodan chiqib, “ho‘kiz”ni damiga tortibdi-yu, shu ondayoq zaharlanib o‘libdi. Qiz o‘zini o‘limdan qutqazgan bahodir yigitga minnatdorchilik bildiribdi, qiz bilan Hotam sevinishib, podshoning oldiga borishibdi. Podsho ishonmay, ajdaho tomonga vazirlarini yuboribdi. Vazirlar borib haqiqatan, ajdahoning o‘lganini ko‘rib, podshoga xabar berishibdi. Podsho Hotamning qilgan ishiga qoyil qolib:
— Ey, botir, endi men senga qizimni beraman, seni bu shahardan hech qayerga yubormayman, — debdi.
Hotam:
— Ey, podshohim, men hali yoshman, uylanmayman, dorini bersangiz, kelgan izimga qaytaman, — debdi. Podsho ko‘nmasdan:
— Seni hech qayerga yubormayman, — deb turib olibdi.
— Podshohim, — debdi Hotam, — bo‘lmasa menga dorini bering, men olib borib o‘rtog‘imni hushiga keltirib, uni murod-maqsadiga yetkazib, keyin qaytib kelaman, uylanish masalasini esa bafurja maslahatlasharmiz. — Podsho bu so‘zni ma’qul topib, odamni hushiga keltiradigan va behush qiladigan dorilarni Hotamga beribdi. Hotam bir necha kun yo‘l bosib shahzodaning yotgan joyiga kelibdi. Unga dorini hidlatib hushiga keltiribdi. Shahzodaga turli ovqatlar berib, uni darmonga kirgizibdi. Bir-ikki kun dam olgandan keyin Hotam shahzodani parilar bog‘iga olib boribdi. Bog‘ning bir chetida otdan tushib:
— Shahzoda, siz shu yerda otlarga qarab turing, men bog‘ga kirib chiqay, — debdi. Hotam bog‘ga kirib, aylanib, kampirlar yashaydigan uyning eshigi yonida yashirinib quloq solibdi. Hech qanday tovush eshitilmagach, eshikni ochib ichkariga kiribdi. Ikki kampir uxlab yotgan ekan. Sekin kampirlarning yoniga borib, behush qiladigan dorini iskatibdi.
Ularning oyoq-qo‘llarini bog‘labdi. Kampirlarning birini hushiga keltirib:
— Sen kimsan, bu yerda nima qilib yuribsan? — debdi. Oyoq-qo‘li bog‘langan kampir:
— Sen meni bo‘shat, aytganingni bajo keltiraman, — debdi.
— Yo‘q, — debdi Hotam, — oyoq-qo‘llaringni yechmayman, avval kimligingni aytasan, bo‘lmasa, kallangni olaman.
Kampir yalinibdi, yolvoribdi, Hotam bo‘sh kelmabdi. Axiri kampir aytishga majbur bo‘libdi.
— Bu bog‘ parilar bog‘i. Parilar podshosining uch qizi va uning uch kanizagi bu yerga yilda bir marta kelib o‘ynab-kulib ketishadi. Biz ularga ovqat tayyorlab beradigan xizmatkorlari bo‘lamiz.
Hotam:
— Bu yerga kelgan odamlarni qanday qilib o‘ldirasizlar? — deb so‘rabdi.
— Jodu qilib o‘ldiramiz, — deb javob beribdi kampir.
Hotam cho‘ntagidan behush qiladigan dorini olib, kampirga iskatib, uni behush qilibdi. Endi ikkinchi kampirni hushiga keltiribdi.
— Sen ayt, parilar podshosi qanday qilib, qachon va qay vaqtda keladi? — deb so‘rabdi Hotam.
Kampir:
— Parilar podshosining to‘rtta qizi, qirqta kanizagini bir qancha devlar taxtda ko‘tarib keladilar.
Hotam devlarning kelish vaqtini bilib olgandan keyin yana kampirni behush qilib qo‘yibdi. Ularning ust kiyimlarini yechib olib uydan chiqibdi, bog‘dagi ikkinchi bir hujraga kirsa, uchta yosh yigit ilik qoqib o‘tirgan emish. Hotam ulardan:
— Siz kim bo‘lasiz, bu joyda nima qilib o‘tiribsiz? — deb so‘rabdi. Yigitlardan biri:
— Ey, aka, siz bu joyga qanday qilib kelib qoldingiz? Tezda chiqib keting! Bu yerda ikkita jodugar kampir bor. Sizni ham jodu qilib o‘ldiradi, — debdi. Hotam:
— Qo‘rqmang, kampirlarni behush qilib qo‘ydim, — debdi. Yigitlar sevinib Hotamga o‘z boshidan kechirgan voqealarni so‘zlab beribdilar. Ulardan biri:
— Men bir podshoning o‘g‘liman, bular vazirlarning o‘g‘illari. Biz tomosha qilib yurib shu bog‘ga kirib qoldik. Men parilar podshohining katta qiziga oshiqman, bular esa ikki o‘rtancha qiziga oshiq. Jodu bilan bizni xizmatkor qilib qo‘ydi. Biz har kuni ilik qoqib ikki shum kampirga palov qilib beramiz, — debdi. Hotam ularga:
— Xafa bo‘lmanglar, men sizlarni ham murod-maqsadingizga yetkazaman, — debdi. Hotam tashqariga chiqib, shahzoda Ibrohimni ham ilik qoqib o‘tirgan yigitlar oldiga olib kiribdi va ular bilan tanishtiribdi. Hotam va yigitlar birgalashib ichkaridagi boshqa bir hujraga kirishibdi. U yerda parilar podshosi qizlarining qirqta kanizagi bilan tushgan suratlarini ko‘ribdilar. Shahzoda Ibrohim sevgan qizining suratini ko‘rib behush bo‘lib yiqilibdi. Hotam uni hushiga keltiribdi. Ular bog‘ning ichkarisiga borishibdi. Gulzorlar orasidagi bir shohona supada ko‘rpachalar solig‘liq, dasturxonlar turli mevalar, xilma-xil ovqatlar bilan to‘la ekan. Ilik qoqib o‘tirgan shahzoda Hotamga aytibdi:
— Parilar podshosining qizlari qirq kanizagi bilan shu supada o‘tirib ovqatlanadilar, so‘ngra o‘yin-kulgi qilib qaytib ketadilar.
— Qani bo‘lmasa, — debdi Hotam, — Hammamiz dasturxondagi ovqatlardan yeb qorinlarimizni to‘yg‘azib, parilar kelishini kutamiz.
Yigitlar o‘tirib ovqatlanishibdi. Hotam ikki vazirning o‘g‘liga:
— Siz ikkingiz jodugar kampirning kiyimini kiying, kampirlarga o‘xshab, parilar xizmatini qilishga tayyorlaning, — debdi. Ikki vazir o‘g‘li kampir suratiga kiribdi, ikki shahzoda esa, ovqat pishirib tayyorlabdi. Hotamning o‘zi bir eshik orqasiga yashirinib qilichini yalang‘ochlab turibdi.
Parilar kela boshlabdi. Kampirlar suratidagi yigitlar peshvoz chiqib:
— Kelinglar, kelinglar, hamma yoq tinchlik, kichik eshikdan kira beringlar!— debdilar.
Parilar podshosining buyrug‘iga muvofiq, hamisha avval devlar kirar ekan, keyin podsho bilan qizlari, kanizlari kirar ekan. Devlar kichkina eshikdan birma-bir kira boshlabdi. Hotam eshikdan kirgan devning boshini birma-bir kesib tashlay beribdi. Shunday qilib Hotam hamma devni o‘ldiribdi. Peshvoz chiqqan yigitlardan biri parilar podshosiga:
— Podshohim, siz bu tarafdan kiring! — debdi. Podsho qizlari va qirq kanizi bilan boshqa eshikdan kiribdi. Ovqat tayyorlagan shahzodalar ovqatni suzib, podshoning oldiga olib kelayotganlarida, yaxshi ko‘rgan qizlarini ko‘rib qolib hushlaridan ketib qolibdilar. Buni ko‘rgan podsho: “Bu yerga chetdan odam kirib qolgan ekan-da”, — deb qahri kelibdi: —Jallod! — deb qichqiribdi:
Hotam qilichini yalang‘ochlab podshoning oldiga kelibdi.
— Ha, mana men jallod, sizning jallodlaringizni qirib tashlab, o‘rniga o‘zim qoldim, — debdi. Podsho hayron bo‘lib:
— Bu nima deganing, qani, qayerda o‘ldirding? — debdi. Hotam:
— Ko‘rishni istasangiz, yuring! — deb podshoni boshlab olib borib, o‘lib yotgan devlarni ko‘rsatibdi. Podsho Hotamning botirligiga ajablanibdi. Birgalashib qizlarining oldiga boribdi. Hotam podshoga qarab, yigitlarni ko‘rsatib:
— Mana bu shahzodalar sizning to‘rtta qizingizga oshiq-u beqaror bo‘lib, ularga yetishish umidida turli mashaqqatlarga uchrab, jodugar kampirlar qo‘lida abgor bo‘libdilar. Qizlaringizni shu shahzodalarga berasizmi, yo‘qmi? — debdi. Podsho Hotamdan qo‘rqqanidan katta qizini shahzoda Qosimga, ikki o‘rtancha qizini ikki vazirning o‘g‘liga, kenja qizini esa shahzoda Ibrohimga nikohlab beribdi.
Hotam ikki shahzoda va ikki vazirning o‘g‘lini qalliqlari bilan o‘z yurtlariga jo‘natibdi. O‘zi esa, Hirot shahriga ketibdi. Hirot podshosi Hotamni sevinib kutib olibdi. Ertasiga to‘yni boshlamoqchi bo‘lganida Hotam:
— Podshohim, — debdi, — men uylanishdan avval o‘zimning ota-onamni topib kelay, ruxsat eting!
Podsho rozi bo‘lib, Hotamni kuzatib qolibdi. Hotam Hirot shahridan chiqib, to‘g‘ri Jalolboy turgan shaharga boribdi. Jalolboy uni hurmat bilan kutib olibdi. Bir necha kundan keyin Hotam Jalolboydan:
— Mening ota-onam kim edi, ular qayerda? — deb so‘rabdi.
— Men sizning otangizni tanimayman, — deb javob beribdi Jalolboy, — shahrimizda Dadaboy degan chol bor edi. Men sizni o‘sha kishidan sotib olgan edim.
Hotam o‘z shahriga qarab jo‘nabdi. Bir necha kun yo‘l yurib, o‘z shahriga yetib kelibdi. Ertasiga bozorga borib bir kosib choldan:
— Ey, ota, bilasizmi, shu shaharda Dadaboy degan chol bormi? — deb so‘rabdi. Kosib o‘ylab turib:
— Ha, o‘g‘lim, bor, — debdi.
Hotam:
— Otajon, agar sizga malollik kelmasa, Dadaboy akaning uyiga borib chaqirib kelsangiz, — debdi. Kosibning xizmat haqiga besh tilla beribdi. Kosib tillani ko‘rib xursand bo‘lib, do‘konini Hotamga qoldirib, shoshganicha Dadaboy akaning oldiga borib, uni olib kelibdi.
Hotam cholni mehmon qilibdi. So‘zlashib o‘tirib:
— Ota, siz bundan bir necha yil ilgari Hotam degan bolani shu shaharlik Jalolboyga sotgan ekansiz. Hotam sizga ko‘pdan-ko‘p salom aytdi. Ham biroz sovg‘a berib yubordi, — deb yonidan o‘n tilla chiqarib beribdi. — Shu Hotamning ota-onalari qayerda? — deb so‘rabdi. Dadaboy sevinganidan yig‘lab yuboribdi:
— O‘g‘lim, men uning otasini tanimayman. Lekin onasini bilaman. Onasi o‘g‘lini boqa olmaganidan menga bergan edi. U shahardan uzoq bo‘lmagan qishloqda bir boyning qo‘lida xizmat qiladi, deb eshitgan edim, — debdi-da, Dadaboy uyiga qaytibdi.
Hotam ertasiga onasi yashagan qishloqni axtarib ketibdi. Yo‘lda so‘rab-so‘rab qishloqni topib, boyning uyiga boribdi. Boy Hotamni ko‘rib: “Bir katta savdogar bo‘lsa kerak”, deb otini bog‘lab, mehmonxonaga olib kiribdi. Hotam salomlashib, boyga:
— Sizning qo‘lingizda Adolatxon degan bir kampir oqsoch bo‘lib ishlar ekan, o‘g‘li biroz sovg‘a berib yuborgan edi, shuni beray deb kelgan edim, — debdi. Boy kampirni chaqiribdi. Adolatxon yugurib mehmonxonaga kiribdi. Hotam o‘rnidan turib:
— Ona, men sizning o‘g‘lingiz Hotamning oldidan keldim. Sizga biroz sovg‘a berib yuborgan edi, — deb yonidan yigirma tilla chiqarib beribdi. Ona Hotamga tikilib:
— Bolam, siz Hotamning o‘zi emasmisiz. Sizning ko‘z-qoshlaringiz, qarashlaringiz Hotamnikiga o‘xshaydi, — deb yig‘lab yuboribdi.
Hotam ham o‘zini tuta olmay yig‘lab, onasini quchoqlab:
— Ona, men o‘g‘lingiz Hotam bo‘laman, — debdi. Boy hayron bo‘lib, turgan joyida qotib qolibdi. Hotamni mehmon qilibdi. Ona-bola o‘sha kechasi gaplashib chiqishibdi. Ertasi ular shaharga qarab yo‘l olishibdi.
Hotam shahardan bir hovli olib, onasi bilan yashay boshlabdi. Bir-ikki kun o‘tgach, onasidan so‘rabdi:
— Ona, mening otam kim edi? Hozir qayerda?
Onasi yig‘lab yuboribdi:
— Ey, bolam, sening otang bir kambag‘al Nishonboy degan polvon edi. Bir kun otang sayildan Misr podshosining Temurbek degan polvoni bilan kurashib, uni yenggan. Podsho o‘z polvonining bir kambag‘aldan yengilganiga g‘azablanib, otangni dorga osib o‘ldirgan, — debdi. Hotam buni eshitib juda xafa bo‘libdi.
— Ona, — debdi Hotam, — otam gunohsiz o‘lgan ekan, men bolasi bo‘la turib uning o‘chini olmasam, bu dunyoda tinch yashay olmayman.
— Jon bolam, — debdi onasi, — o‘lganning orqasidan o‘lib bo‘lmaydi. Podshodan o‘ch olaman, deb sen ham bir baloga duchor bo‘lma, necha yillar sening dardingda qon yig‘lab senga intizor bo‘lib zo‘rg‘a yetishganimda, yana meni tashlab ketasanmi, qo‘y bolam, — deb yolvoribdi.
Hotam:
— Yig‘lamang, ona! Siz meni duo qilib, ijozat bering! — deb yalinibdi. Onasi yig‘lab-yig‘lab axiri oq fotiha beribdi. Hotam bir necha kun yo‘l yurib, Misr shahriga kirib boribdi. Shaharning chetrog‘idagi bir eshikni taqillatibdi. Hovlidan bir kampir chiqibdi. Hotam u kampirdan bir kecha qo‘nib ketishni so‘rabdi. Kampir:
— Bolam, biz juda kambag‘almiz, otingizga cho‘p solishga ham qurbimiz kelmaydi, — debdi. Hotam:
— Ona, undan g‘am yemang, bir kecha qo‘nishga ruxsat etsangiz bo‘lgani, — debdi. Kampir ruxsat beribdi. Hotam hovliga otini bog‘lab uyga kiribdi. Kampir choyga olov yoqibdi. Hotamning bergan puliga oziq-ovqat olib kelibdi. Kechqurun ovqat yeb o‘tirishganda kampir birdan yig‘lab yuboribdi.
— Ey, ona, nima uchun yig‘laysiz? — deb so‘rabdi Hotam.
— Eh, bolam, — debdi kampir, — mening ham senga o‘xshagan Rahimjon degan o‘g‘lim bor, hozir zindonda yotibdi. Podsho uni dorga osmoqchi.
— Nima uchun dorga osadi? — deb so‘rabdi Hotam. Kampir:
— Nimasini aytasan, bolam. Podsho ko‘pkari choptirganda mening o‘g‘lim ham ot minib borib ko‘pkari chopgan edi. Nima bo‘libdi-yu falokat bosib podshoning bir ko‘pkari chopgan odami Rahimjonning oti ostida qolib o‘libdi. Shunga podshoning qahr-g‘azabi kelib zindonga solibdi. Endi uni o‘ldirmoqchi, — deb o‘ksib yig‘labdi. Hotam:
— Xafa bo‘lmang onajon, baxti bo‘lsa qutular, — deb kampirni yupatibdi. Kecha o‘tibdi. Ertalab nonushta qilib o‘tirganida:
— Onajon, — debdi Hotam, — men sizga bir so‘z aytaman, hozircha hech kimga bildirmang.
Kampir:
— Ayt bolam, ko‘chaga gap tashiydigan odam emasman, — debdi.
Hotam:
— Men sizning o‘g‘lingizni zindondan qutqarishga harakat qilaman. Siz bozorga borib, menga qalandarlar jandasi hamda sapoyil sotib olib kelib bering! — debdi-da, pul beribdi. Kampir paranji yopinib bozordan Hotam aytgan narsalarni keltirib beribdi. Hotam qalandarlar jandasini kiyib, sapoyilni qo‘lga olib, ko‘chalarda maddohlik qilib yuribdi. Odamlardan yig‘ilgan pullarni kambag‘allar, gadoylarga ulashibdi. Hotamning aytib yurgan baytlari adolat, haqiqat to‘g‘risida ekan. Bu gaplar podsho qulog‘iga yetibdi. Podsho “qalandar”ni olib kelib zindonga solibdi. Hotam zindonda Rahimjon bilan topishib, do‘stlashibdi. Ikkisi maslahatlashib zindonda lahim kavlay boshlashibdi. Bir necha kundan keyin yer yuziga tuynuk ochilibdi. Hotam bilan Rahimjon va boshqalar zindondan ozod bo‘libdilar. Hammasi maslahatlashib, qurollanib, kechasi podsho saroyiga hujum qilibdi.
Podshoni taxtdan ag‘darib, o‘ldirishibdi. Rahimjonni podsho qilib ko‘tarishibdi. Hotam Rahimjonning onasi oldiga kelib bo‘lgan voqealarni aytib beribdi. Kampir sevinib, Hotamni quchoqlab:
— Bolam, umringdan baraka top, murodingga yet! — debdi. O‘z o‘g‘li Rahimjonni ko‘rib quvonibdi. Hotam bu joydan ketmoqchi bo‘lganini Rahimjonga aytibdi. Rahimjon Hotamga:
— Do‘stim, agar siz ketsangiz, men ham ketaman. Menga podsholik kerak emas, — debdi.
— Yo‘q, — debdi Hotam, — siz podsholikdan ketmang, men kelgunimcha, uyingiz yonidan bir imorat soldiring. Men onamni ko‘chirib olib kelaman va shu shaharda yashayman.
Rahimjon juda xursand bo‘libdi. Shu kunning o‘zidayoq bir qancha ustalarni chaqirib imoratni boshlab yuboribdi.
Hotam yo‘lga chiqibdi. Yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi, oxiri Hirot shahriga yaqinlashib qolibdi. Yo‘lda ro‘parasidan kelayotgan yo‘lovchidan shahardagi ahvolni so‘rabdi. Yo‘lovchi:
— Shaharda katta urush bo‘layotir. Podsho qiziga bir podshodan sovchi kelgan ekan. Podsho “Qizimni unashtirib qo‘yganman”, deb sovchilarni qaytargan ekan. Sovchi qo‘ygan podsho lashkar to‘plab kelib jang qilayotibdi, — debdi. Hotam shaharga bostirib kelgan qo‘shinga qarshi jang qilayotganlarga qo‘shilibdi. Mardlik ko‘rsatib, o‘z yonidagi jangovar yigitlar bilan bosqinchi shoh lashkarini yengibdi. Qarorgohida o‘tirgan bosqinchi podshoni vazirlari bilan birga o‘ldirib, keyin Hirot shahriga kiribdi. Hirot podshosi Hotamning mardligiga qoyil qolib, uni xursand bo‘lib kutib olibdi. Qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib, qizini Hotamga beribdi. Hotam qizning shahrida bir oy turgandan keyin xotini bilan onasi yashagan shaharga boribdi. U yerda uch-to‘rt kun turgach, onasi va xotini bilan Misrga ko‘chib ketishibdi. Rahimjon Hotamni shod-xurramlik bilan kutib olibdi. Yangi imoratga joylashibdi. Hotam o‘z onasi va xotini bilan murod-maqsadiga yetibdi.