Xasis boy

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir xasis boy o‘tgan ekan. Boyning ot, echki va qo‘ylarining hisob-kitobi yo‘q darajada ko‘p ekan.
Kunlardan bir kuni uning uyiga tug‘ishgandan ham yaqin bir do‘sti mehmonga kelibdi.
Boy do‘stini yaxshi kutib olibdi-yu, lekin dasturxon yozishga hech shoshilmabdi. Mehmonning uzoq yo‘ldan kelgani uchun qorni juda och ekan, qulog‘iga hech gap kirmas ekan. Oxiri chiday olmay, boyga:
— Mening minib kelgan bir otim bor. Shu otni so‘ydiring, keyin suhbatlashib o‘tiraverardik, — debdi.
Boy chiqib xotiniga maslahat solibdi. Boyning xotini mehmonning otini so‘yishga rozi bo‘lmasa ham, buni eriga ochiq ayta olmabdi. Boyning jahli chiqib ketishidan qo‘rqibdi-da:
— Siz nima desangiz shu, — debdi.
Lekin boyning xotini juda hamiyatli ayol ekan. Kelgan mehmonning otini so‘yib, o‘z moli bilan o‘zini kutib olishni o‘ziga ep bilmas ekan. Boyning xotini xizmatkorini chaqirib:
— Boyga sezdirmay, o‘zimizning otlardan birini so‘ygin, — debdi.
Shunday qilib, boy do‘stini o‘tqazgani joy topa olmay, mehmon qilibdi. Boy o‘zining otlaridan birining go‘shtini yeyishayotganidan bexabar ekan.
Boyning o‘z ot, echki va qo‘ylarini sanab, keyin yotadigan odati bor ekan. Otxonaga kirib otlarini sanasa, bitta kam chiqaveribdi. Oxiri nima qilishini bilmay, xotinini, xizmatkorini chaqirib, ularni rosa urishibdi. Ammo endi hech nimani o‘zgartirib bo‘lmas ekan. Ot so‘yilib bo‘lingan, hatto bir qismi yeb ham bo‘lingan edi.
Boyning xotini esa mehmonni yaxshi kutib olganidan xursand ekan.