Dehqon, qozi va tadbirli ayol

O‘tgan zamonda bir chol qishloqda tirikchilik o‘tkaza olmay, ish axtarib shaharga boribdi, mardikorchilik qilib, bir oz pul yig‘ibdi. U pulni saqlash uchun
ishonchli odamga topshirmoqchi bo‘libdi. Lekin yaqinroq kishisi yo‘q ekan. Nihoyat, o‘ylab-o‘ylab, “Shu jamg‘argan besh-o‘n tanga pulimni shahar qozisiga saqlash uchun bersam, yana mardikorchilik qilib bir oz pul jamg‘arganimdan so‘ng qozidagi pulni ham olib, qishloqqa — bola-chaqam yoniga ketsam” degan qarorga kelibdi.
Chol qozining huzuriga kelib:
— Assalomu alaykum, qozi pochcha! — debdi. Qozi:
— Vaalaykum assalom, keling, ota, xo‘sh xizmat? — deb so‘rabdi.
— Taqsir, men Oqjar qishlog‘idan kelganman, — debdi chol. — Bola-chaqamni boqolmay shaharga ish qidirib kelib, mardikorchilik qilib yuribman. Bir oz pul topib so‘ngra uyimga ketmoqchiman. Hozir yigarma tanga pul jamg‘ardim, yana biror haftacha ishlamoqchiman. Siz shu yigirma tangamni ketgunimcha saqlab bersangiz, deb keldim.
— Barakalla aqlingizga, joni dilim bilan saqlab beraman. Qachon kelsangiz pulingiz mana bu tokchadagi xaltada turadi, — debdi qozi.
Chol xursand bo‘lib qozixonadan chiqib ketibdi. Oradan bir hafta o‘tibdi. Chol mardikorchilik qilib yana besh-o‘n tanga ishlab qozixonaga kelibdi.
— Assalomu alaykum, qozi pochcha, — debdi chol.
— Vaalaykum assalom, — debdi qozi. Chol ikki qo‘lini qovushtirib, aytibdi:
— Qozi pochcha, men qishloqqa qaytmoqchiman. Sizga omonat qoldirgan pullarimga keldim.
— Ie, — debdi qozi, — qanaqa pul, qanaqa omonat, qachon bergansan?
— Taqsir, bundan bir hafta ilgari sizga omonat saqlash uchun yigirma tanga pul berib, “qishloqqa qaytarda olib ketaman”, degan edim. Siz olib qolgan edingiz, — debdi chol. Qozi:
— La’nati, ahmoq, qanaqa omonat pul, tuhmat qilma! Guvohing bormi?! Jo‘na, jo‘na, ko‘zimga ko‘rinma! — deb, qozi cholni haydab yuboribdi. Chol:
— Taqsir, men bechorani kuydirmang, qiynalib mehnat qilib topganman, jamg‘arma pullarimni qaytaring, besh-oltita yosh bolalarim bor. Shularga rahmingaz kelsin, — deb yolvoribdi. Qozi esa quloq solmay, cholni urib, haydab chiqarib yuboribdi.
Bechora chol ko‘chaga chiqib, ariq bo‘yida xafa bo‘lib, yig‘lab o‘tirgan ekan, uzoqdan bir paranji yopingan ayol kelaveribdi. Ayol cholning yoniga kelib:
— Otajon, sizga nima bo‘ldi? Nega yig‘lab o‘tiribsiz? — deb so‘rabdi.
— Ey qizim, — debdi chol, — so‘rab nima qilasan, men bir mushkul ishga yo‘liqdim, chora topolmay, xafa bo‘lib o‘tiribman.
Ayol sachvonini ko‘tarib:
— Ota, boshingizga tushgan mushkul ishni ayting, balki men chora toparman, — debdi.
— Bolam, so‘rab nima qilasan, — debdi chol. — Sen nima chora ko‘ra olar eding.
Ayol qistayvergach, oxiri aytishga majbur bo‘libdi. Chol o‘tgan voqeani so‘zlab bergach, ayol:
— Ota, men bir yo‘l axtarib, sizning bu ishingizga chora topishga urinib ko‘raman. Agar uddasidan chiqsam, siz o‘z mehnatingiz orqasida jamg‘argan pulingizni qaytarib olasiz. Siz shu yerda turing, men uyga tezda borib kelaman, tag‘in ketib qolmang, xo‘pmi? — debdi. Chol kutmoqchi bo‘libdi. Ayol uyiga borib pardoz-andoz qilibdi, yangi kiyimlarini kiyibdi, yangi duxoba paranji yopinibdi, qo‘liga dur solingan qutichani olib, o‘zi bilan bir yigitchani ergashtirib, cholning yoniga kelibdi. U cholga:
— Ota, men hozir qozixonaga kiraman, oradan bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng, siz ham kirib boring, qozidan pulingizni qistang, qozi mendan uyalganidan pulingizni qaytarib beradi. Siz chiqqaningizdan so‘ng, yigitcha kiradi va nima deyishini o‘zi biladi, — debdi.
Ayol ichkariga kirib, qoziga salom beribdi. Qozi yolg‘iz o‘tirgan ekan, ayolni ko‘rib:
— Vaalaykum assalom, keling qizim, keling! Qanday xizmat bilan keldingiz, hech tortinmay aytavering! — debdi. Ayol qoziga:
— Taqsir, men falon savdogarning xotiniman. Erim savdoga ketganda “mana shu dur solingan qutichaga ehtiyot bo‘l, agarda o‘zing uyda saqlashga qo‘rqsang, qozi pochchamga olib borsang, u kishi saqlab beradilar”, deb tayinlab ketgan edi. Men bu qimmatbaho durni uyda saqlashdan xavotirlanib, sizga olib keldim, shunga nima deysiz? — debdi. Shunda qozining qulog‘i dikkayib, sevinganidan ikki qo‘lini uzatib qutini olibdi, ichini ochib durlarga ko‘zi tushib, o‘pkasini bosolmay:
— Barakalla qizim, aqlingga balli, men bu durlarni jonim bilan saqlab beraman, — debdi. Xuddi shu paytda eshikdan chol kiribdi. Qozi cholga qarab:
— Ma ol, nokas odam ekansan-da, deb tokchada turgan tangani xalta-paltasi bilan cholga otib yuboribdi. Chol pulni olganiga sevinib jo‘nab qolibdi.
Chol qozixonadan chiqishi bilanoq ayol bilan kelgan bola to‘ppa-to‘g‘ri qozixonaga kirib:
— Aya, aya, pochchamlar keldilar. “Tezda borib kelinoyingni aytib kel”, deb sizga yubordilar, yurarmishsiz, — debdi. Shunda ayol o‘ng‘aysizlangan bo‘lib:
— Taqsir, uzr, kuyovingiz savdodan qaytib kelibdilar, — deb sekin qozidan qutichani olib, bekitibdi-da, qozixonadan chiqibdi. Qozi hayron bo‘lgancha, o‘tirgan o‘rnida qotib qolibdi.
Ayol qozixonadan chiqsa, chol uni kutib turgan ekan. Chol quvona-quvona ayolga:
— Rahmat, qizim, murodingga yet, qo‘shganing bilan qo‘sha qari, — debdi xayrlashib va qishlog‘iga ravona bulibdi.