Chu-chu mekunam

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonlarning birida bir chumchuq bo‘lgan ekan. Ko‘rmagan joyi, yurmagan yeri yo‘q ekan. Kunlardan bir kuni ovqat izlab yurib, daladan bir ko‘sak topib olibdi. Chumchuq o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, ko‘sakni tishlaganicha ko‘sak chuvib o‘tirgan bir kampirning oldiga boribdi. Ko‘sakni kampirning oldiga tashlab:

Chuvi-chuvi mekunam,
Chuvimasang na mekunam.
O‘zingni hayron qilaman,
Yurtingni vayron qilaman,

— debdi.
Kampir ko‘sakni chuvib beribdi. Chumchuq paxtani titlab uchib, bir kampirning oldiga boribdi, u kampirga qarab shunday debdi:

Chiqar-chiqar mekunam,
Chiqarmasang na mekunam.
O‘zingni hayron qilaman,
Yurtingni vayron qilaman.

Kampir paxtaning chigitini chiqarib beribdi. Chumchuq paxtani olib uchib keta beribdi, keta beribdi. Bir joyga borsa bir kampir charx yigirib o‘tirgan emish. Unga qarab:

Yigir-yigir mekunam
Yigirmasang na mekunam.
O‘zingni hayron qilaman,
Yurtingni vayron qilaman, —

debdi.
Kampir paxtani yigirib, ip qilib beribdi. Chumchuq ipni tishlaganicha shoshib bir bo‘zchining oldiga boribdi. Unga qarab:

To‘qi-to‘qi mekunam,
To‘qimasang na mekunam.
O‘zingni hayron qilaman,
Yurtingni vayron qilaman,

— debdi.
Do‘kondor bo‘zchi ipni yigirib bo‘z qilib beribdi. Chumchuq bo‘zni tishlaganicha to‘g‘ri mashinachiga kelib, bunday debdi:

Tik-tik mekunam,
Tikmasang na mekunam.
O‘zingni hayron qilaman,
Yurtingni vayron qilaman.

Mashinachi bo‘zni o‘lchab, bichib, lozim tikib beribdi. Shunda chumchuqvoy lozimni kiyib, podshoning o‘rdasiga boribdi. Podsho juda zolim, qonxo‘r ekan. El-yurtning ahvolidan hech xabar olmas ekan. Chumchuq podshoning taxti ro‘parasidagi daraxtga qo‘nib, hadeb chirq-chirqlay beribdi. Podsho quloq solsa:

Shohning lozimi yo‘q,
Mening lozimim bor.
Shohning lozimi yo‘q,
Mening lozimim bor, —

deyotgan emish.
Podsho, darg‘azab bo‘lib, chumchuqni haydab yuboribdi. Chumchuq ertasiga yana kelib, podsho taxtining ro‘parasidagi daraxtga qo‘nib olib, hadeb:

Shohning lozimi yo‘q,
Mening lozimim bor.
Shohning lozimi yo‘q,
Mening lozimim bor,

— deyaveribdi.
Podsho g‘azabga kelib kesak otib chumchuqni haydab yuboribdi. Chumchuq uchinchi kuni ham kelib, podshoni masharalabdi. Shunda podsho savat qo‘ydirib, chumchuqni ushlab olib, boshini kesdirib yuboribdi. Boshi kesilgan chumchuqvoy yotgan yerida ham:

Shohning lozimi yo‘q,
Mening lozimim bor.
Shohning lozimi yo‘q,
Mening lozimim bor, —

deyotgan emish.
Podsho darg‘azab bo‘lib, chumchuqni qovurib yebdi. «Endi qutuldim, deb tursa bir vaqt podshoning ichidan «chirq-chirq»:

Shohning lozimi yo‘q,
Mening lozimim bor.
Shohning lozimi yo‘q,
Mening lozimim bor, —

degan ovoz chiqarmish. Shunda shoh yanada g‘azabga kelibdi, navkarlaridan birini chaqirib:
— Men ana u yerga borib yotib og‘zimni ochib turaman. Vazir qornimni bosadi. Shunda chumchuq og‘zimdan chiqishi bilan qo‘lingdagi qiliching bilan «shirt» etib uni chopib tashlaysan! — deb tayinlabdi.
Keyin podsho ko‘rpachaga chalqancha yotib, og‘zini ochibdi. Vazir uning qornini bosibdi. Navkar qilichini ko‘tarib turibdi. Bir payt podshoning og‘zidan chumchuq «pirr» etib uchib chiqib, har gal qo‘ngan daraxtga qo‘nibdi. Navkar qilichini qulochlab turib zarb bilan urgan ekan, chumchuqqa tegmay «shirt» etib podshoning kallasini uzib ketibdi. Navkar qo‘rqqanidan hangu mang bo‘lib, qotib qolibdi. Podsho o‘sha zahotiyoq g‘ing demasdan jon beribdi.
Chumchuq daraxtda turib, podshoning o‘lganini ko‘rib, dimog‘i chog‘, vaqti xush bo‘lib:

Shohning kallasi chopildi,
Mening baxtim ochildi.
Shohning kallasi chopildi,
Mening baxtim ochildi, —

deb uchib ketibdi.
Shunday qilib, xalq zolim podshodan qutulib, dono vazirni podsho ko‘taribdi. Chumchuqni chopaman deb podshoni chopib qo‘ygan navkarni vazir qilishibdi. Chumchuq chirqillaganicha daraxtdan-daraxtga qo‘nib, murodu maqsadiga yetibdi.