Bir kosa zahar

Qadim zamonda bir chol bilan kampir yashar ekan.
Ularning o‘g‘li ham, qizi ham yo‘q ekan. Faqat mushuklari bor ekan.
Chol bilan kampir mushukni kichkinaligidan — ko‘z ochmasdan asrab olibdilar.
Mushuk ulg‘ayibdi, yunglari o‘sib xurpayibdi. Lekin u daydi bo‘lib yovvoyilashibdi, qo‘ni-qo‘shnisini bezor qilibdi. Chol bilan kampirning ham joniga tegibdi.
Bir kun kechasi u bilintirmay oshxonaga kirib, chol bilan kampirning zo‘rg‘a topgan go‘shtini paqqos yeb qo‘yibdi. Ertasiga yana go‘sht qidirib, butun oshxonani kezibdi: baland bir tokchaga sakrab chiqmoqchi bo‘libdi. Idish-tovoqlar qirrasi tokchadan chiqib turgan ekan. Mushuk bir sakrab panjalari bilan tovoqning chetiga tirmashibdi, tovoq ustidagi hamma qaqir-quqirlari bilan qulab tushib, chil-chil bo‘libdi.
Chol bilan kampirning kayfi uchib ketib, oshxonaga yuguribdilar. Oshxonaga borib qarasalar, tovoqlar chil-chil sinib yotgan emish.
— Voy o‘lmasam! — debdi kampir tizzasiga urib.
— Kim qildi ekan? — deb hayron bo‘libdi chol.
Bir burchakda junjikib turgan mushukka ko‘zlari tushibdi.
— Hu, afting qurg‘ur.
— Uni yo‘qotmasak sho‘rimizga sho‘rva to‘kadi, — debdi kampir.
Kampir so‘zini tugatmasdanoq “miyov” degan ovoz eshitilibdi.
— Voy, kuning bitkur.
Mushuk kirib kelibdi-da, yalingan va sog‘ingan bo‘lib, kampir bilan cholning qo‘arini yalay boshlabdi, boshini oyoqlariga suribdi, erkalanibdi.
U yana uyning arzandasi bo‘lib qolibdi. Mushuk battar daydilashaveribdi, yovvoyiligini sira qo‘ymabdi. Chol bilan kampirning yana tinkasini quritibdi.
Chol bu safar mushukning qo‘l va ko‘zlarini bog‘lab, uzoq bir chakalakzorga eltib, chuqur jarlikka tashlab kelibdi. Shundan so‘ng mushuk yo‘lni topolmay, chakalakda qolib ketibdi. Chunki ko‘zlari bog‘liq bo‘lgani uchun yo‘lni ko‘rmabdi va chamalab uyni topish ilojini qilolmabdi.
Chakalakda har xil hayvonlar yashar ekan. Mushuk ertalabgacha jarlikda miyovlab yig‘lab yotibdi, oxiri tong otibdi. Mushukni bir tulki tutqunlikdan qutqazibdi.
Tulki:
— Salom, mushukjon! — debdi.
Mushuk:
— Vaalaykum assalom, tulkijon! — debdi.
O‘rtoq bo‘libdilar. Tulki o‘z boshidan oikazganlarini so‘zlab beribdi. U shu kelishida tovuqnikidan qaytar ekan. Tovuq uni yaxshilab mehmon qilibdi, lekin tulki ovqatlarni xo‘p yeganiga va qorni meshday shishib ketganiga qaramay yana o‘z ishini qilibdi: tovuqning bolalarini bo‘g‘ib, uyiga o‘t qo‘yibdi.
Keyin-chi, tulki bilan yovvoyilashgan mushuk — ikkovi chakalakni aylangani ketishibdi. Tulki mushukka chakalakzorni tomosha qildiribdi.
Yo‘lda kutilmaganda quyon uchrab qolibdi. Bechora quyon har qachon tulkidan pand yeb yurar ekan.
Tulki mushukka debdi:
— Quyonni aldaymiz. Uni so‘yib, go‘shtini kabob qilamiz.
Mushuk:
— Juda soz! Kabobga juda orzumandaman, — debdi.
Quloqlari dikkaygan va shitir etgan ovozni darhol eshitib oladigan quyon bularning yovuz niyatlarini bilib olibdi.
— Biznikiga marhamat etasiz, quyonjon, — debdi tulki.
— Rahmat, rahmat, — debdi quyon. — Vaqtim yo‘q, uyda bolalarim sho‘rva qilib, kutib o‘tirishibdi. Borolmayman, kechiring.
Tulki uni zo‘rlabdi:
— Borasiz-u, mehmon bilan picha o‘tirib, darrov qaytib kelasiz. — U mehmon deb mushukni ko‘rsatibdi.
— Ha, darrov qaytasiz, — debdi mushuk.
— Ko‘p rahmat, — debdi quyon, — yaxshisi, biznikiga yuringlar.
Tulki bilan mushuk jon deb, rozi bo‘libdilar-da, quyonnikiga qarab yoi olibdilar.
Tulki bilan mushuk yo‘l-yo‘lakay gapirishib borishibdi. “Quyonning uyiga borib, sho‘rvasini ichamiz, keyin quyonning o‘zini va bolalarini so‘yib, go‘shtini kabob qilib yeymiz”, deyishibdi.
Quyonnikiga yetib boribdilar. Quyon bolalari qo‘rqib, turgan joylarida qotib qolibdi. Mehmonlar karavotda oyoq cho‘zib, dam olib yotibdilar.
Quyon tulkining oldiga bir kosa sho‘rvaga zahar solib, keltirib qo‘yibdi.
— Qani, ovqatga marhamat, — debdi quyon, tulki bilan mushukni ovqatga taklif qilib.
Ular ovqatga yaqin kelibdilar.
Ochko‘z tulki darhol kosani boshiga ko‘taribdi va yarim qilib, yerga qo‘yibdi: ichi yonsa ham sherigiga sir boy bermabdi.
— Zap shirin sho‘rva bo‘libdi-da, — debdi tulki.
Mushuk qolgan yarim kosa sho‘rvani darrov boshiga ko‘taribdi. Mushuk yarim kosani ichib bolguncha, tulki devorga suyanib holdan ketibdi. Ovqatni ichib, tulkiga qaragan mushukning ham ko‘zi suzilib, yerga yiqilibdi, ular nima ichganlarini ham bilmasdan jon beribdilar.
Quyon bolalari ikki yovvoyining o‘liklari ustida sakrab-sakrab o‘ynashibdi.