Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, bir vaqtlar o‘z soyasidan ham cho‘chiydigan, chumchuq “pir” etsa, yuragi “shuv” etadigan Bahodir ismli qo‘rqoq bir kishi o‘tgan ekan. Bahodir qo‘rqoqligi ustiga yalqov ham ekan. Uning bu kamchiliklari hammaga ma’lum bo‘lgani uchun uni shu atrofda yashovchilar Bahodir qo‘rqoq deyishar ekan.
Bahodir qo‘rqoqning otasidan qolgan bog‘i bo‘lib, hatto shu bog‘dagi mayda-chuyda ishlarni ham qilgisi kelmas ekan.
Bir kuni uning xotini bog‘ga kirsa, pishgan uzumlarni arilar talayotgan emish. Xotinining jahli chiqib, erining yoniga kelibdi-da:
— Men bu uyda turmayman endi, jonimga tegdi. Bu nima degan gap, axir. Erkak kishi bo‘la turib, loaqal pishib yotgan uzumni arilardan qo‘riqlay olmasangiz. Men qaysi birini qilay. O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim-ku! — debdi.
Bu so‘zlar Bahodirga ta’sir qilib, chor-nochor o‘rnidan turibdi-da, bog‘ga kiribdi. Qarasa, haqiqatan ham yetilib pishgan har bir bosh uzumning atrofi g‘uj-g‘uj ari emish. U arilarni haydash uchun qo‘lida ro‘mol ko‘tarib kirgan ekan. Bir bosh uzumga yopishgan arilarni haligi ro‘mol bilan urgan ekan, shu zahotiyoq arilardan bir emas beshtasi jonsiz bo‘lib yerga tushibdi. Bahodir suyunganidan qah-qah urib kulib yuboribdi. Ularning rostdan o‘lganiga ishonmay, ro‘mol bilan ushlab bir yerga to‘plabdi-da, xotinini chaqirib kelib ko‘rsatibdi:
— Ko‘rdingmi, xotin, bir urishda beshtasini bejon qildim-a!
— O‘ho‘, — debdi xotini kesatib, — juda katta ish qilibsiz-ku. Yana bironta kishi bu ishingizni bilib qolmasin, olib ketib qoladi-ya.
Shu zahotiyoq uning miyasiga bir fikr kelibdi-yu, to‘g‘ri qozining huzuriga yuguribdi.
— Ko‘rdingizmi, qozi, — debdi u hovliqib, — meni qo‘rqoq deyishadi. Bir urishda beshtasini bejon qildim.
— Xo‘sh, nima demoqchisiz? — deb so‘rabdi qozi hayron bo‘lib.
— Bularni bejon qilgan — men. Ishonmasangiz xotinimni chaqirib kelay.
— Xo‘p, ishondim, muddao nima?
— Haqiqatan ham bu ishni men qilganligimga hech kim ishonmaydi. Siz muhtaram zotlarining muhringizdan ortiqroq dalil yo‘q. Shu voqeani tasdiqlab, ikki enli xat bitib bersangiz.
Qozi bu kishi hazillashyapti-ku, ketidan bironta qiziq voqea chiqib qolar, degan maqsadda qog‘ozga nimalarnidir yozib, uning qo‘liga beribdi.
Bahodir yoshlik vaqtida harflarni zo‘r-bazo‘r tanib olgan ekan. Bunday o‘qib qarasa, xatda: “Bir urishda besh jonlini bejon qilgan Bahodir — qahramon”, deb yozilgan emish.
Bahodir xatni o‘qib bo‘lgandan keyin yalqovligini ham esdan chiqarib, suyunganicha qozixonadan chiqib ketibdi. Qozi bo‘lsa nima bo‘layotganiga tushunolmay hayron bo‘lib, uning orqasidan qaragancha qolaveribdi.
— Mana bu hujjatni o‘qi-chi, xotin, — debdi uyiga borgach Bahodir, — qani endi biron kishi meni qo‘rqoq deb ko‘rsin-chi!
— Voy qahramon-ey, — debdi xotini kesatib, — koshki sizni hech kim bilmasa, qo‘rqoqligingiz butun qishlog‘imizga ma’lum-ku.
Bu so‘zlardan xafa bo‘lgan Bahodir jahl bilan uydan chiqib, boshqa bir shahar tomonga yo‘l olibdi. Shaharga yetib borguncha kech kirib qolibdi. Bahodir vahimaga tushib, qayoqqa borishini bilmay ketayotsa, yo‘lda kishilar to‘p-to‘p bo‘lib, bir uyga kirib ketishayotgan emish.
Bahodir ham ko‘chada qolishdan qo‘rqib, bir guruh odamlarga qo‘shilibdi-da, shu xonadonga kiribdi.
Bu uy shahardagi badavlat kishilardan birining uyi bo‘lib, u mehmon chaqirgan ekan. Mehmonlarni kutib olayotganlar qaddi-qomati kelishgan, to‘ladan kelgan, kiyimlari ham durustgina bu notanish kishini ko‘rib, “Aytilgan mehmon bo‘lsa kerak”, deb o‘ylashibdi-da, ichkariga taklif qilishibdi. Bahodir uyga kirib mehmonlar bilan biroz suhbatlashgach, avvaliga rosa maqtanibdi, keyin esa ularga qozidan olgan muhrli hujjatini ko‘rsatibdi.
Xuddi shu kunlarda shahanshohning sayrgoh bog‘ida bir dahshatli sher paydo bo‘lib, bironta ham kishi bog‘ga kira olmayotgan ekan.
Mehmonlar bu qahramon haqida darhol shohga xabar berishgan ekan, shoh uni saroyga olib kelishni buyuribdi.
Shoh Bahodirga sher haqida gapirib beribdi, falokatdan qutqarsang, katta sovg‘alar beraman, deb va’da qilibdi. Bahodir qarshilik qilmoqchi ekan, shoh uning so‘zlariga quloq solmay, xizmatchilarga qahramonni bog‘ga kirgazib yuborishni buyuribdi. Xizmatchilar bog‘ darvozasini sekingina ochishibdi-yu, uni ichkariga kirgazib yuborishibdi. Bahodir: “Meni bu yerga ajal haydab kelgan ekan-da”, degan xayol bilan eshikdan kiribdi-yu, qo‘rqqanidan o‘takasi yorilguday bo‘lib, bir daraxtning tepasiga chiqib ketibdi. “Endi nima qilaman, xayr, xotin, xayr, birodarlarim”, debdi o‘zicha.
Biroz o‘tirgandan keyin atrofga alanglab, bunday pastga qarasa, Bahodir o‘tirgan daraxtning tagida haligi sher yotgan emish. U birdaniga “oh” deb yuzini qo‘llari bilan berkitgan ekan, daraxtdan to‘g‘ri sherning ustiga yiqilib tushibdi. Beparvo yotgan sher birdaniga vahimaga tushib, o‘rnidan tura solib qochmoqchi bo‘libdi. Bahodir nima qilarini bilmay, sherning yollariga yopishib, mahkam ushlab olibdi va uning ustida bog‘ni aylanaveribdi.
Darvoza tirqishidan kuzatib turgan xizmatkorlar shohga darhol bu hodisani xabar qilishibdi. Shoh Bahodirning mardligiga hayron qolibdi: “Nahotki sherdan ham baquvvat lashkarlarim bardosh bera olmagan ish shu kishining qo‘lidan kelsa?!”
Sher bog‘ni aylana-aylana oxiri suv chiqadigan quvurga o‘zini urib, tashqariga chiqib ketibdi.
Xizmatkorlar kirib qarashsa, “qahramon” ikki qo‘lida sherning yolini ushlagancha, peshanasi qon, yerda hushsiz bo‘lib yotgan emish. Uni darhol saroyga olib borishibdi. Bahodir saroyga borgach, o‘ziga kelib, shohga o‘dag‘aylabdi.
— Quvurni berkitib qo‘ysanglar bo‘lmasmidi. Sherni endigina charchatib, pichoq uray deganimda qochib qoldi. O‘zi ham juda katta va zo‘ravon ekan-da, — deb gerdayib qo‘shib qo‘yibdi Bahodir.
Shoh unga qanchadan qancha in’omlar bergandan keyin, saroyda lashkarboshi bo‘lib xizmat qilishni taklif etibdi.
Bahodir besh-olti kun aysh-ishrat qilib dam olish, undan keyin boylik orttirib, uyga ketishni o‘ylabdi-da, rozilik bildiribdi.
Bahodir saroyda atigi bir haftagina yashab, juda ko‘p hodisalarning guvohi bo‘libdi: begunoh kishilarning kallalarini olish, boylik orttirish deysizmi, aysh-ishrat, buzuqchiliklar deysizmi, dangasalik deysizmi — hammasi shu yerda emish. “Dangasa deb meni emas, bularni aytsa bo‘lar ekan”, deb o‘ylabdi Bahodir. Axir ular qo‘llarini sovuq suvga urmas, hatto kiyimlarigacha xizmatkorlar kiygizib qo‘yishar ekan-da.
Shundan keyin Bahodir o‘zining qilmishlariga pushaymon bo‘lib, mehnatsevar xotinining ahvoliga achinibdi. Tezroq saroydan qochib, o‘z uyiga borishga, qo‘rqoqlikni tashlab, chaqqonlikda xotini-yu qolgan hamma tanish-bilishlarini qoyil qoldirishga qaror qilibdi.
Shu payt birdan shohning saroyida yana shov-shuv ko‘tarilibdi. Qo‘shni yurtning podshosi shohning qizini so‘ratibdi va uni xotinlikka bermasa, urush qilish niyatida ekanligini aytibdi. Shoh bo‘lsa qizini boshqa o‘lkaning shahzodasiga unashtirib qo‘ygan ekan.
— Yana bir mushkulimizni oson qil, — debdi shoh “qahramon”ni chaqirtirib, — shu balodan ham bizni qutqar.
Bahodir bo‘lsa: “O‘z obro‘yim bilam ketsam bo‘lmas ekanmi, jang u yoqda tursin, ot minishning uddasidan chiqa olmasam-u, endi bu g‘alvani qarang”, deb o‘ylabdi.
Bahodir noiloj “Xo‘p” deyishga majbur bo‘libdi. Keyin u nima qilarini bilmay, shohga:
— Menga bir pud yelim kerak, — debdi.
— Yelim nimaga kerak? — deb qiziqib so‘rabdi shoh.
— Maqsadim dushmanni batamom qirib tashlab, bu diyorlarga qaytish yoki bir tomchi qonim qolguncha yov bilan olishishdir. Ko‘p jang qilib, anchagina tajriba orttirdim. Egarni otga, o‘zimni egarga mahkam yopishtirib qo‘ymog‘im kerak. Nega desangiz, qilich bilan dushmanni goh tepasidan, goh yonidan, goho tagidan urishga to‘g‘ri keladi. Undan keyin, shunday shoshilinch vaqtlarda oyoq ham jim turmay, duch kelganini yiqitib tursin. Qizg‘in jang paytida otdan sirg‘alib tushib qolmaslik uchun o‘zimni mahkamlab qo‘ysam zarar qilmaydi. Ammo buni biror kimsa bilmasligi lozim.
— Puxta o‘ylangan, — debdi shoh bu gapni eshitib. Keyin xizmatkorlariga bir pud yelim olib kelishni buyuribdi.
Elimni ham, otni ham keltirishibdi. Bahodir o‘zi aytgandek qilib otga yopishibdi. Birozdan so‘ng tashqariga chiqqanlarida Bahodirning miyasiga: “Endi fursatni qo‘ldan bermay, qochish kerak. Bo‘lmasa jang maydonidan jasadimni topib kelishadi”, degan fikr kelibdi.
Baxtga qarshi unga bergan otlari faqat jang uchun miniladigan bo‘lib, boshqa hech qanday ishga ishlatilmas ekan. Undan tashqari, ko‘pdan beri jang bo‘lmagani uchun, ot ham minilmay, ancha asovlanib qolgan ekan. Shuning uchun ham ot saroy darvozasidan chiqishi bilan Bahodirni to‘g‘ri jang maydoniga boshlab qolibdi. “Qahramon” orqaga qaytarishga rosa urinibdi-yu, lekin hech qanday natija bo‘lmabdi.
Yo‘lda ketayotganida shoxi egilib yotgan bir qayrag‘ochni ko‘rib qolibdi. Jon talvasasida qayrag‘ochga osilib qolib, otning o‘zini jo‘natib yuborishni mo‘ljallabdi-da, o‘sha daraxtga jon-jahdi bilan yopishibdi. U o‘zini otga yelim bilan mahkam yopishtirib olgan emasmi, qayrag‘och ham sinib ketgan ekan, ot zo‘rlik qilib Bahodirni olib ketibdi. Qayrag‘ochning kattakon shoxi ham ular bilan sudralib keta beribdi.
Uzoqdan bu voqeani kuzatib turgan dushmanlar: “Ie, bu qahramon qayrag‘ochniki yerdan sug‘urib oldi, bizning holimizga voy”, deb orqalariga qaramay, qochib qolishibdi. Keyinda qolib ketgan bir nechta dushman esa, yerga sudralib kelayotgan chinor shoxining tagida qolib ketibdi.
Bu safar ham Bahodir — “Qahramon” jangdan shuhrat qozonib qaytibdi. Shoh bo‘lsa Bahodirni o‘ziga vazir qilib tayinlamoqchi bo‘libdi.
— Yo‘q, — deb e’tiroz bildiribdi Bahodir. — Men dangasalik qilib yotgan paytlarimda podsho yoki vazir bo‘lib olib rohatda yashasam, derdim. Men noto‘g‘ri o‘ylagan ekanman.
Bahodir o‘z boshidan kechirganlarini ochiq-oydin gapirib berganida, saroydagi kishilarning og‘zilari ochilib qolibdi.
— Men, — debdi Bahodir, — sizga qilgan xizmatlarim evaziga bir narsani iltimos qilaman. U ham bo‘lsa, ijozat bersangiz, uyimga ketsam.
Shoh qahramonga oltinlar berib, hurmat bilan kuzatishni buyuribdi. Bahodir oltinlarni olib, uyiga sog‘ va salomat qaytib boribdi.
Shundan keyin Bahodir chindan ham qahramon nomini olibdi, qo‘rqoqlik va dangasalikni tashlab, xotin, bola-chaqasi bilan mehnat qilib, baxtli hayot kechiribdi.