Aql va boylik

Bir cholning to‘rt o‘g‘li bor ekan. Bir kuni chol: — O‘g‘illarim, men qarib-qartayib qoldim, — debdi. — Orangizdan bittangiz oila boshlig‘i bo‘lishingiz kerak. Kimki aqlli va davlatmand bo‘lsa, u menga merosxo‘r bo‘ladi. Har qaysingiz menga aqlli va davlatli ekanligingizni ko‘rsating.
Eng katta o‘g‘li zumrad ko‘zli oltin uzuk taqqan qo‘lini uzatib, debdi:
— Mana boyligim, boy odamda aql ham bo‘ladi. Ikkinchi o‘g‘li zarbof choponini kiyib ko‘rsatibdi:
— Shu paytda meni ko‘rgan kishi boyligimga va aqlimga qoyil qoladi, — debdi.
Uchinchi o‘g‘li kumush va javohirlar qadalgan kamarini beliga bog‘lab, debdi:
— Hech kim umrida bunday kamarni ko‘rgan emas. Chol boshini chayqab, katta o‘g‘illariga bir nima demabdi. Kenja o‘g‘liga qarab:
— Nega sen indamaysan? Sen qaysi boyliging bilan maqtanasan? — debdi.
— Menda zumrad ko‘zli uzuk ham, zarbof chopon ham, qimmatbaho kamar ham yo‘q. Lekin mehnatkash qo‘lim bor, botir yuragim, aqlli boshim bor, — debdi.
Kenja o‘g‘lining javobi cholga yoqibdi, bor-yo‘g‘ini unga meros qilib qoldiradigan bo‘libdi. Katta o‘g‘illariga esa uning gapidan chiqmaslikni tayinlabdi.