Aql bilan Baxt do‘st bo‘lishibdi. Bir kuni ikkisi choyxonaga kirib, choy ichishib, u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishsa, ko‘chadan bir o‘tinchi o‘tibdi.
Aql:
— Shu bechoraning ham baxti ochilib, bola-chaqasini bemalol boqadigan kuni bormikan, og‘ayni. Siz shu o‘tinchiga ham bir qiyo boqib qo‘ying, — debdi.
Baxt:
— Shu kambag‘al ham o‘z baxtini topsin, — deb o‘tinchiga bir tikilibdi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, haligi o‘tinchining baxti kelib, podshoga vazir bo‘lib qolibdi.
O‘tinchi podsho saroyida yaxshi xizmat ko‘rsatib, hammaga ma’qul bo‘libdi. Vazirlar uni podshoga gunohkor etib ko‘rsatish, yo‘q qilish yo‘lini axtaribdilar. Bir vazir o‘tinchi vazirga aytibdi:
— Ertaga podsho bir qancha mehmonlarni chaqiradi. Podsho mast bo‘ladi, shunda sen podshoning boshiga bir urgin, senga biz bir lagan tilla beramiz, — debdi. O‘tinchi vazir rozi bo‘libdi.
Ertasiga podsho saroyiga mehmonlar yig‘ilishibdi. Ichkilik ham qizibdi. Podsho mast bo‘lib qolganida, haligi o‘tinchi vazir o‘rnidan turib kelib podshoning kallasiga bir solibdi. Podsho taxtdan ag‘darilibdi, boshidagi toji bir tomonga uchib ketibdi, shunda jahl bilan:
— Jallod! —debdi. Jallod kelibdi. Vazirni o‘limga buyuribdi. Shunda o‘tinchi vazir:
— Taqsir, nima uchun meni o‘limga buyurasiz, avval qarang-chi? — deb yugurib tojni qo‘lga olsa, unda bir katta chayon yopishib yotgan ekan.
— Agar men o‘rnimdan turib tojingizni boshingizdan uloqtirib yubormaganimda, sizni u chaqib o‘ldirar edi. Shu qilgan yaxshiligim uchun meni o‘limga hukm etasizmi? — debdi.
Bu ishdan xursand bo‘lgan podsho o‘tinchi vazirga muhabbati yanada oshibdi, katta mukofot beribdi, martabasini ulug‘labdi. O‘tinchi vazirni ishga solgan vazir uyalib, sharmanda bo‘lib qolibdi. Shunday bo‘lsa ham haligi ichi qora vazir bir emas, bir kun o‘tinchi vazirni yo‘q qilish payiga tushibdi. Yana uni aldash yo‘liga o‘tibdi.
— Og‘ayni, — debdi u, — senga biz katta mukofot beramiz, yaqinda podsho saroyida katta o‘tirish buladi. Shunda sen uning beliga bir tepgin, — debdi. O‘tinchi vazir “xo‘p” deb, katta mukofotni oldindan olibdi, o‘sha kunga yetib ham kelibdilar. Podsho saroyida bazm, hamma ichkilik va ovqat bilan ovora. Podshoning boshi qiziganda haligi vazir o‘rnidan turib kelib, podshoning beliga qarab bir tepibdi. Podsho taxtdan ag‘darilib yerga tushibdi.
— Jallod, belimga tepgan vazirni osinglar! — debdi podsho.
Shu payt taxtning tepasidan, shipdan bir taxta sinib tushgan ekan. Podsho yiqilib, taxta zarbidan omon qolgan ekan.
— Ana, ko‘rdingizmi, taqsir, men sizni ikkinchi marta o‘lim falokatidan qutqardim. Agarda siz taxtda o‘tirganingizda taxta boshingizga tushib, belingizni ham sindirib ketar edi. Endi omon qoldingiz, yaxshilikka yomonlikmi? — debdi.
Shunda podshoning mehri jo‘sh urib, o‘tinchi vazirni o‘ziga birinchi vazir etib olibdi va ko‘p mukofotlar beribdi.
Aql va Baxt bu ishlarning tepasida turgan ekan. Baxt:
— Agarda men shu yigit qoshidan ketsam, u halok bo‘ladi, — debdi.
Aql ishonmabdi. Boyagi ichi qora vazir yana ishga tushibdi. O‘tinchi vazir yana ularning shartiga ko‘nibdi. Bir kun podsho oldida o‘tirib:
— Taqsir, gulingiz shoxiga bulbul kelib qo‘ndi, — debdi. Podsho:
— Bu nima deganing? — desa, vazir:
— Taqsir, gul deganim, soqolingiz, bulbul deganim, soqolingizga yopishgan non ushog‘i, — debdi. Bu so‘zga podshoning jahli chiqib:
— Sen hali mening soqolimni gulga o‘xshatdingmi? — deb, “jallod”, — debdi. Jallod kelibdi.
— Vazirning kallasi olinsin! — debdi podsho. Jallod o‘tinchi vazirning kallasini shartta kesib tashlabdi.
Baxt Aqlga aytibdi:
— Ana, ko‘rdingizmi, do‘stim, insonning aqli bilan baxti doimo birga bo‘lishi kerak. Agar ular bir-biridan ajralsalar, u vaqtda o‘tinchi vazir holiga tushib qoladilar. Shuning uchun har bir kishiga aql bilan baxt berilsin. Ular hayotda insonga doimo yo‘l boshlovchi rahnamo bo‘lsinlar, — debdi.