Zuhra Ochilova 1975 yilda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Shoiraning “Moviy ifor” nomli kitobi nashr etilgan.
TOMChIMAN
Yaratiqning mujgonidagi
Tomchisiman “men”liklar ichra.
Tomchiman, agar tomchilasam
Kurtaklanar novdalar qonib.
Ranglanar o‘t, giyoh, chechaklar
Yashillanar tomchimdan hayot.
Suvlarda inadi jo‘shqinlik,
Qiyofaga kirar harsanglar.
Tovlanadi nurlar tomchimda,
Akslanadi sayroqlar ajib.
Tomchiman, kulib tomchilasam
G‘amginligin unutadi g‘am.
Paydolanar ko‘ngillarda ishq,
Kirtaygan mahzun qaroqlarda.
Fayzlanar tomchimdan olam…
QAYTALANISh
Tushkunlikning qahratonida,
Muzlab qolgan edi umidim.
Qaqshatgach adashgan ruhimni,
Hayotni xushlamay o‘kindim…
Nimadir ro‘y berdi daf’atan,
Istab qoldim yashashni qayta.
Tabassumni o‘rgandi dardim –
Seva olgum hayotni qayta.
Meni e’zoz aylar bir nigoh
O‘lmog‘imga qo‘ymasa kerak.
Tiklayapman o‘zimni qayta,
Gullab berar bahorga yurak.
ChIZGI
Savr tuni. Hatto oy sokin,
Yulduzlar chamani ko‘rsatar chiroy.
El tavob qiladi oyning ko‘ksini,
Anda topiladir dil uchun ham joy.
Oy siynasida tunaydi mamnun,
Teraklarning shovullagan nafasi.
Asotirlar qaytar oy yog‘dusida,
Chinqirib yuborar qayg‘u qafasi.
Namoyon etadi muvozanatni,
Oy shu’lasida soyalar shakli.
Mavjlanadi husni ziyrak hislarning,
Bunda mavhumotning yo‘q sira daxli.
Savr tunin ajib tiniqligi bor.
ISTAK
Sukunat tovushini,
Harsanglar yig‘isini,
G‘orlarning kulgusini,
Yana shamol qalbini
Eshitgim keldi bugun.
Daraxtlarning taftini,
Zangor ko‘k ufurini,
Qushlarning safosini,
His qilgim keldi bugun.
Mehnatdan zavqlanishni,
Kamtarlikni tuproqdan,
Hayotdan mo‘minlikni,
Ezgulikni savobdan
Uqmoq istadim har kun.