Zokir Xudoyshukur (1971)

Zokir Xudoyshukur 1971 yilda Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, Kofrun qishlog‘ida tug‘ilgan. 1989-1994 yillarda Toshkent davlat universiteti Jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
“O‘zbekiston futboli” gazetasi, O‘zbekiston radiosi “Mash’al”, “Yoshlik” muharririyatlarida muharrir, katta muharrir, sharhlovchi, bosh muharrir o‘rinbosari, “Yoshlar” radiokanalida bosh muharrir vazifasida xizmat qilgan.
Shu paytgacha uning beshta nazmiy va nasriy to‘plami — “Dil asrori” (1997 yil), “Suyukli ma’vo” (2002 yil), “Vafodor” (2005 yil). “So‘nggi ov” (2011 yil), “Tuzoq” (2019 yil) nashr etildi.
Hozirda u “Xalq so‘zi” ijtimoiy-siyosiy gazetasida ishlaydi.

* * *

Umidim bordir johimdan,
Netib Layloya bildirsam?!
Bir “oh” etsam-u ohimdan
Dunni “Ollo”ya to‘ldirsam!
Hama tomonda Ul bo‘lsa,
Har qayon boqsam — shul ranglar.
Faqat shul bo‘lsa, shul bo‘lsa —
Yor ismin aytsa xarsanglar.
To‘lg‘ona tursa daryolar,
Manam Layloyam, deb aytsa.
Bir bo‘lib bori dunyolar,
Manam Olloyam, deb aytsa.
O‘shal ohangda oqsam man,
Tamom unutsam o‘zimi.
Faqat Mahvashga boqsam man,
Yotidan yig‘sam ko‘zimi.

* * *

Boqdim Sanam gulbog‘iga,
Jonim qushi “hu” ayladi.
Qaydin tushdim tuzog‘iga,
Kel, ko‘r, mani ishq nayladi!*
Bilmam, qachon uyg‘onaman,
O‘lik ov deb Ul tayladi.
Xasratinda to‘lg‘onaman,
Kel, ko‘r, mani ishq nayladi!
Azal do‘stlik ahdi bordur,
Oshnolarni Do‘st siyladi.
Oshno boru ko‘ngil xordur,
Kel, ko‘r, mani ishq nayladi!
O‘t qo‘yurman bozorima —
Dildor bizni ham sayladi.
Etishgayman xumorima,
Kel, ko‘r, mani ishq nayladi!
Kel, ko‘r, mani ishq nayladi!

* Yunus Emra misrasi.

DO‘RMON MARSIYaSI

Ustoz Abdulla Orif xotirasiga

Do‘rmonda qor yog‘di, bo‘ralab yog‘di,
Bu bog‘ durkun edi, endichi g‘arib.
Olam posangisi bir yonga og‘di,
Bundan ko‘char bo‘ldi Abdulla Orif.
Munojot kuylari badtar mung‘aydi,
Yuzma-yuz so‘zlashmak imkoni bitdi.
Yillar armoni ham tag‘in ulg‘aydi,
Tilla baliqchani shum ko‘lmak yutdi.
Kolumbdan olinmay qoldi-da alam,
Yana g‘olib keldi “sehrli diyor”.
Onajon uch kunki yo‘l poylar: “Bolam!”,
Qaydan chiqib qoldi hakim va ajal…
Yurtim shamollari tindimi, deysan,
Mangu muzliklardan osha keldimi?!
Bir yo‘la qalam ham sindimi, deysan,
Shoirga qo‘shilib she’r ham o‘ldimi?!
Nechun tark etyapsiz nazmiy bo‘stonni,
Sizni topgan edik yuz yil axtarib.
Qayg‘uda qoldirib O‘zbekistonni,
Qayga ketayapsiz Abdulla Orif?!

* * *

Har ish etdim — xato ko‘rdim,
Bu olamni mato ko‘rdim,
Haq deyanni duto ko‘rdim,
Manam shunday bo‘larmanmi?!
Boqdim, bir mard kelayotir,
Bundan Oni bilayotir,
Etdim, deydi, kulayotir,
Manam shunday kularmanmi?!
Dunyo nadir — anga arzan,
Tiriklik ne — dag‘i hayron,
Bir “Haq”, deyub, berdi-da jon,
Manam shunday o‘larmanmi?!
Bildim ani — oshiq bildim,
Haq hukmina sodiq bildim,
Ani Onga loyiq bildim,
Manam shunday to‘larmanmi?!

KO‘NGIL ShARHI
(turkumidan)

I

Bu dunyoda dardkash go‘yo man,
Ko‘nglim juda oson yig‘laydi.
Tashqaridan sokin daryoman,
Ichimda zo‘r arslon yig‘laydi.
O‘kiradi olamni buzib,
Undan menga zarra yo‘q omon.
Halovatim boradir to‘zib,
Ha, men yomon, faqat men yomon…
Har tun yig‘lab chiqar yuragim,
Shunday yashab o‘tyapman — og‘ir.
Bu olamga bormi keragim,
Bormi bunga nihoya, oxir?!
Arslon esa bas qilay demas,
Quturgani-quturgan mudom.
Bu qanday sher — o‘ljasin yemas,
Men odammi, xo‘sh, qanday odam?!
O‘z holimni o‘zim bilmayman,
Na ta’rifga, na so‘zga sig‘ar.
Men boshqalar kabi o‘lmayman,
Dil qonidan sipqorib sog‘ar.
Jismim yayrab yurgani bilan,
Ruhda so‘lg‘in xazon zangi bor.
Yuzim kulib turgani bilan,
Ichimda zo‘r arslon jangi bor.

II

Ko‘ngil, bunda ayamaydi bizni hech kim,
Bir o‘zimiz urishamiz jahon bilan.
Qilmishlari oshkoramas, pinhona — jim,
Yurakka tig‘ sanchadilar zabon bilan.

Yolg‘on aytib, barchalari huzur olgan,
Yoqa yirtib, bir-birovga baqiramiz.
Bundan bezib, Tangri uzoq ketib qolgan,
Toqqa borib, yur, Xudoni chaqiramiz.

Agar ko‘nib, enib kelsa oramizga,
Arz etamiz haloyiqning hollarini.
Malham berar shundan qolgan yaramizga,
Ko‘rsatamiz qaddimizning dollarini.

Bormayman, deb oyoq tirab, turib olsa,
Yolvoramiz, bir amallab ko‘ndiramiz.
Biz, g‘aribga ichi achib, kelib qolsa,
Bu joylardan haqsizlikni so‘ndiramiz.

… Yalinmanglar, so‘ramanglar endi omon,
Siz ham chopib boravering do‘stingizga.
Bir ko‘rayin holingizni — bo‘lar yomon,
Xudoyimni boshlab kelgum ustingizga.

ODAM FALSAFASI

O‘zgarmoqda olam muttasil,
Yaxshilikka buraveramiz.
Qanday bo‘lar endigi fasl,
Omon bo‘lsak ko‘raveramiz.

Yuguradi, yelar olomon,
Hayratda lol turaveramiz.
Qay yo‘sinda turlanar zamon,
Omon bo‘lsak ko‘raveramiz.

Hikmatlarga to‘lsa ham olam,
Davru davron suraveramiz.
O‘zgarmasmi hech qachon odam,
Omon bo‘lsak ko‘raveramiz.

Firib berib, yiqitsa ochun,
Qaytib-qaytib turaveramiz.
Orzuyimiz bunchalar uzun:
Omon bo‘lsak ko‘raveramiz.

To‘xta, nafas rostlab ol inson —
Qalbga xanjar uraveramiz.
Qiyomatni, derlar, har bir on…
Omon bo‘lsak ko‘raveramiz.

BAXShI SOG‘INChI

Qiya-qiya qirqda qirni to‘ldirib,
O‘tov tikkan joylarimni sog‘indim.
Biya-biya uyurlarni toldirib,
O‘ynoqlagan toylarimni sog‘indim.

To‘p-to‘p qizlar echki sog‘ar lorsillab,
Qorin to‘la moylarimni sog‘indim.
“Berman kel”, der bir-biriga mirsillab,
Qirqinqizdek oylarimni sog‘indim.

Potirlatib jala quygan mahalda,
Isi rohat loylarimni sog‘indim.
Butun ovul qolib ketdik qamalda —
Selga to‘lgan soylarimni sog‘indim.

Shumlik qilsak, quloq cho‘zib, xo‘p aytib,
Ulgu bergan shoylarimni sog‘indim.
Hotam Toydek ulashadi, so‘ng qaytib,
Minnat qilgan boylarimni sog‘indim.

BAXShINING POLVONGA DEGANI

Qo‘shto‘baday bir-biringni suyading,
Norchamisan, yo normisan, polvonim?!
Qarab tursam, “o‘liging”ni ayading,
Ozodmisan, yo xormisan, polvonim?!

Ne birdayin alp o‘tmagan zotingda,
To‘ra elning zo‘ri shunday bo‘lama?!
G‘ujuring yo‘q badaningda — etingda,
Polvonlarning o‘ri shunday bo‘lama?!

Qo‘l cho‘zasan, lallayasan, shashting yo‘q,
Bo‘ladigan ko‘kka qarab otmaymi!
Yiqqaniga ishonch qilib — ko‘ngil to‘q,
Tushishini bir kun poylab yotmaymi.

Chiranmasdan, bizga bergin navbatti,
Zo‘rlaringam emgaklaydi poyimda.
Emdi bizdan ko‘rasan zo‘r g‘ayratti,
Bir so‘zimman qulataman joyimda.

BAXShI VA YO‘LOVChI

— Suruvni suvloqga endirgan,
Otini yo‘llarda tindirgan,
Ulini ortiga mindirgan,
Yo‘l tortgan yo‘lovchim, yo‘l bo‘sin?

— Har turli yurtlarni kezdim men,
Barining yotligin sezdim men,
Yig‘ladim, ko‘nglimni buzdim men,
Xasrati yuz yilda ketmaydi.

— Oh deding — olamga o‘t tushdi,
Nolangdan ich-etim uvushdi.
Boshingga ne balo ish tushdi,
Dilingni ochiblar so‘zlayber?!

— So‘rama, holimni so‘rama,
Taqdirning yo‘llari o‘rama,
Dardlarim, xasratim — qurama.
Ahvolim so‘rading, boy bo‘gin!

— Oldingda o‘n suruv moling bor,
Beklarga kelishgan holing bor,
Kelgusi istiqbol foling bor,
Nimaga qaddingni dol qilding?

— Yot elda gado ham zo‘r keldi,
Boshimga bu dunyo tor keldi,
Yig‘idan ikki ko‘z ko‘r keldi,
Dolligim shundandir, so‘rovchim.

— Yana bir alaming bor deyman,
Siningni sindirgan — mor deyman,
Bo‘yningda sirtmoq — shu dor deyman,
Yana ne ko‘rgulik boshingda?

— U yoqda qoldi-da buvushim,
Yig‘lasam, chiqmaydi dovushim,
Bir yondim, qiyindir sovushim,
O‘lguncha o‘t bo‘lib o‘taman.

— Kuyinma, g‘am-anduh ketadi,
Bir kuni barisi yitadi,
Peshvoz chiq, dala-dasht kutadi,
Hovuring bosadi, eldoshim.

— So‘rovchim, ravishing xushladim,
Anduhni ortimga tashladim,
Etganim seziblar boshladim,
Tilingdan aylanay, tilingdan.

— Ming yillar omon bo‘l, o‘lmagin,
Ko‘nglingni har yonga bo‘lmagin,
G‘aribda sig‘indi bo‘lmagin,
Odamga o‘z eli yaxshidir…

BAXShI VA ChO‘PON

— Uzoqlardan eshitilar “quruv…”lar,
Ko‘rinishing ming qo‘yli boy siyog‘i.
Qirqda qirda chuvalashar suruvlar,
Sanay desam, tuman-tuman tuyog‘i.

Jilg‘alarda turnaqator tuzilgan,
Yilqilarning adog‘iyu boshi yo‘q.
Buni ko‘rib olam ishi buzilgan,
Boyvachchalar kallasida hushi yo‘q.

Qiya betda burgutday bo‘p o‘tirgan,
O‘-o‘, cho‘ponim, buncha sarvat kimniki?
Kim ekan u — boylik yig‘ib quturgan,
Hisobi yo‘q cheksiz davlat kimniki?

— Hammasining egasi bor, bilmaysan,
Saroylari javohirdan, marjondan.
Yuz yil yursang, eshigiga kelmaysan,
Yo‘l boshlanar dargohiga jahondan.

Hamma mulklar unikidir, uningdir,
Sendan boshqa hech kim buni so‘rgan yo‘q.
Unga tobin kunduziyu tuningdir,
Hali ko‘zing mingdan birin ko‘rgan yo‘q.

— Shuncha shonli, shavkatli boy kim ekan,
Biron belgi, yo tusidan ber xabar!
Uning joyi qanday ulug‘ joy ekan,
Tavof qilay, agar bo‘lsa mo‘tabar.

Ta’rifini eshitdim-u hushim yo‘q,
Ham makoni, ham zotidan ber xabar.
Boshqasiman mening sira ishim yo‘q,
Ham nasliyu, ham otidan ber xabar.

— O‘-o‘, yo‘lovchim, holing ko‘rib, kuyundim,
Sig‘inmoqqa eng munosib zot o‘zi.
Ravishini yodga olib suyundim —
Do‘stga do‘stdir, begonaga yot o‘zi.

Dargohida o‘tirmaysan, yurmaysan,
Yiroqdadir qoshu ko‘zu qovoqdan.
Huzuriga moling bilan bormaysan,
Hisobini yuritadi o‘shoqdan.

Yakto o‘zi — ko‘plikdan ham ziyoda,
Har narsaga qodir, yana tanhodir.
Huzurida shohlar yurar piyoda,
Bu mulklarning egasi Ul — Ollodir!

TO‘RTLIKLAR

Azalda don edim — qarog‘indaman,
Erga indim so‘ngra tuprog‘indaman.
Bir qishni, bir bahor, bir yozni ko‘rdim,
Muddati yetishgach o‘rog‘indaman!

* * *

Dunyo hisobida xato ketdik biz,
Avvalda tik kelib, duto ketdik biz.
Jamiki molini ravon yig‘dik-da,
Ketarda hasratda yakto ketdik biz.

* * *

Tiriklik ma’nisi ko‘zyoshdur, qondur,
Har hovuch turpoqda ming O‘g‘uzxondur.
Andadir haqiqat, andadir ma’no,
Bunda ko‘rinmishlar bori yolondur!

* * *

Karvon o‘tib ketdi — orzu parvozi,
Jaranglagan o‘zga karvon ovozi.
“Qo‘ng‘iroq sasidan ogoh o‘l ko‘ngil!” —
Sarbonning qoldirib ketgan qog‘ozi.

* * *

Ul Jamshid bazmidin asar qolmadi,
Ne-ne ulug‘lardan xabar qolmadi.
Evrilib bul aflok, yetushsa muddat —
Azal ham yo‘q edik, takror qolmadi…

* * *

Umrim o‘qi shaydir — tarang kamondadir,
Umidimiz nigoh yetmas nishondadir.
Ko‘ngil muddaosi bir ulug‘ komronlik,
Muddaoda uchgan har o‘q omondadir!

* * *

Necha giryon jonlar yo‘llardadirlar,
Gulshan oshiqlari gullardadirlar.
Falak tegirmoni bir yurib o‘tgach,
Zarra omon yo‘qdur — gillardadirlar.

* * *

Hikmat dedim — qol-a yetdim,
Ishqni dedim — hol-a yetdim.
Dunyo sirrin bilolmayin
Alif dedim — dol-a yetdim.

* * *

Ne ulug‘ quyoshlar botmish — botgaymiz,
Ne lablar bu maydin totmish — totgaymiz.
Ibrat olmag‘a kel, ibrat ola kel —
Nechalar xok ichra yotmish — yotgaymiz.