Ziyoviddin Mansurov 1954 yilda Namangan viloyati Uychi tumani Mashad qishlog‘ida tavvallud topgan. 1975 yilda Namangan Davlat pedagogika instituti(hozirgi NamDU) filologiya fakul’tetini imtiyozli diplom bilan tugallab, dastlab o‘rta maktabda o‘qituvchi, keyinchalik Uychi tumanidagi Mashad qishloq fuqarolar yig‘ini raisi, Beruniy nomli jamoa xo‘jaligi boshqaruvi raisi, Uychi tumani hokimining o‘rinbosari, O‘zXDP Uychi tuman kengashining birinchi kotibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi mas’ul kotibi, Namangan viloyat Ma’naviyat va Ma’rifat Kengashi mas’ul kotibi – Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Namangan viloyat bo‘lim rahbari lavozimlarida ishladi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Uning “Qalbim parchalari”, “Hayra saltanati”, “Dilrabolar diyori”, “Muhabbat bog‘i”, “Noyob kashfiyot”, “Xo‘rozqand” (bolalar uchun), ”To‘tiyo” singari she’riy kitoblari, “Shaxmat qa’ridagi hikmatlar”, “Istiqlolnoma”, “Onaginam, onajonginam” nomli bostonlari chop etilgan.
MAShRAB AQIDASI
Uyquda ham ko‘ksim uyg‘oqdir,
Meni Xudo bedor yaratgan.
Diydoriga ko‘zim mushtoqdir,
Vasliga intizor yaratgan.
Orom qani — halovat qani,
Rohat qani — farog‘at qani,
Evoh netay, menday xastani
Yaratganda bemor yaratgan.
Quvonsam yo bag‘rim ezsa g‘am,
Yuzlarimda aks etar shu dam.
Mehrimni ham, nafratimni ham
Pinhon emas, oshkor yaratgan.
Hamdamim yo‘q O‘zidan ortiq,
Hech bir go‘zal baxt etmas tortiq,
Bir O‘ziga barqaror oshiq —
Bir O‘ziga do‘st-yor yaratgan.
Fikru yodim visol, dilrabo,
Nuqul hajring ko‘rgaysan ravo,
Nahot visol ahlin jonfido,
Hijron ahlin xunxor yaratgan?!
Dunyo degan mulk bozoriga,
Kirgan olar qo‘lda boriga,
Dilda borni Haq diydoriga
Zor yaratgan, abgor yaratgan.
Ey, mol-dunyo! — do‘st-yor tutganim,
O‘zingsan eng manfur dushmanim,
Asli seni men uchun g‘anim,
Meni senga ag‘yor yaratgan.
Rohi rostni haq anglab doim,
Bo‘lmadi hech o‘zga da’voyim,
Oxiratim obod, Xudoyim
Baxtimni barqaror yaratgan.
SADOQAT
Archalar bir tusli
To‘rt faslda ham,
Azaliy libosda — yam-yashil, baxmal.
Gullar-chi?
Ular ham o‘zgacha olam,
Lekin nigoh tashlang
Qahraton mahal…
Bu chog‘ dilga solib xushnud tuyg‘ular,
Yam-yashil archalar tursa-da yashnab,
Yil bo‘yi yashnagan gullar-chi,
Ular
Qish fasli bog‘larni keturlar tashlab.
Do‘stlarim!
Ayb etmang
Gullardan bu dam
Tilayman archalar istiqbolini.
Ularda ko‘rarman o‘zgacha olam —
Issiq-sovug‘ingni teng ko‘rgan baham
Haqiqiy sodiq do‘st-yor timsolini.
TIRIKLIK FALSAFASI
Zaminga boq, osmonga boq
Hayrat ko‘zing och,
Zamin qolar, osmon qolar
Bizlar ketarmiz.
Davrga boq, davronga boq
Ibrat ko‘zing och,
Davr qolar, davron qolar,
Bizlar ketarmiz.
Erkin qushsan, ozod qushsan
Asl baxting shul,
Etgil o‘zni yuksaklarga
Parvoz-la mashg‘ul,
Benaf orzu armonlarga
Bo‘lma aslo qul
Orzu qolar, armon qolar,
Bizlar ketarmiz.
Umr degan ne’mat Haqning
Bizga in’omi,
Bu ne’matning tongi borki,
Bor uning shomi,
Haq o‘zi sarhisob so‘rar
Mahshar ayyomi
Hayot degan hoqon qolar,
Bizlar ketarmiz.
Bu — tiriklik falsafasi:
Egiz zavq-kadar
Sarhisobdir bu ochunda
Har mehnat, samar,
Ya’ni o‘zni ezgulikka
Qilsak safarbar,
Ishlarimiz omon qolar,
Bizlar ketarmiz.
QATRALAR
* * *
Bundan-da bo‘lib shirin,
Ravnaq topardi hayot,
Gar olamda bir-birin
Aldamasa odamzot.
* * *
Shu tuyg‘uni yaxshi bilgin,
Anglaginda inson:
Rahmon yashamagan dilda
Yashaydi shayton.
* * *
Doim ko‘nglin etgach bahor,
Barcha-barchani,
Dunyo kuylar yilda bir bor
Bezab archani.
* * *
Irmoqlar daryosiz ham erur irmoq,
Daryolar irmoqsiz yasholmas, biroq.
* * *
Birovga aytilgan sir sir emasdir,
Birov ham birovga aytar-ku axir!
* * *
Mingta yulduz yolg‘iz oftob
bo‘la olmaydi,
Yuz ming fosiq bitta arbob
bo‘la olmaydi.
* * *
Bozorda bor qancha mulki bebaho
Lekin hech qayerda sotilmas hayo.
* * *
Farzand onasini siylab da’fatan
Bo‘yi baravar zar bersa mabodo,
Beshigin ustida bedor kechirgan
Bir kecha haqqin ham etolmas ado.
* * *
Do‘st qancha ko‘p bo‘lsa qilmagay zarar,
Bir dona bo‘lsa ham dushman — alhazar!
* * *
Aqlim yetganicha anglab olamni,
Ne angladim? Tinglang unsiz nolamni:
Donoman deganni ko‘p ko‘rdim, ammo
Ko‘rmadim nodonman degan odamni.