Zarifa Saidnosirova (1908.31,9, Turkiston shahri, Qozog‘iston — 1986.16.8, Toshkent) — kimyogar olima. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1968), professor (1970). Kimyo fanlari nomzodi (1945). Birinchi o‘zbek ayol rassomi. Taniqli ma’rifatparvar S. Mirjalilovning qizi, Oybekning rafiqasi.
Toshkentda «Pestolotstsi» maktabi (1922—26), Navoiy nomidagi ta’lim-tarbiya texnikumi (1924— 36) va ayni paytda Rozanov tasviriy san’at studiyasi (1924—26)da o‘qigan. So‘ng O‘rta Osiyo universiteti fizika-matematika fakultetining kimyo bo‘limini tugatib (1926— 30), o‘rta maktablar, xotin-qizlar bilim yurti va ishchilar fakultetida fizika, matematika va kimyo fanlaridan dars bergan. Qishloq xo‘jalik institutida o‘qituvchi, dotsent va kafedra mudiri (1930—86), Toshkent tibbiyot institutida o‘qituvchi (1932—37), O‘quvpedagogika nashriyotida muharrir (1934—35) bo‘lib ishlagan.
O‘rta maktablar va texnikumlar uchun «Kimyo» darsligi (1933) muallifi. Zarifa Saidnosirova pedagogik faoliyatidan tashqari, volfram kompleks birikmalari va kimyo terminlarining ruscha-o‘zbekcha lug‘ati ustida ilmiy ish olib borgan.
“Ximiyadan ruscha-o‘zbekcha qisqacha izohli lug‘at” (hamkorlikda, 1975), “Oybegim mening” (xotiralar, 1994) kitoblari chop etilgan.
Zarifa Saidnosirova Oybek adabiy merosini saqlash, tartibga solish va nashr etish ishiga katta hissa qo‘shgan. U adibning o‘zbek tilidagi 20 jildlik «Mukammal asarlar to‘plami» (1975—85)ni, rus tilidagi 5 jildlik «Asarlar»i (1985— 87)ni nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan.
Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1985).
* * *
Qirg‘og‘i bo‘lmagan bu keng muhitda,
Hech orom topmadi bu kichik kema.
To‘lqinlar qarimas, kuchi sinmasmi?
Bu kema manzilga yetmasmi, nega?..
O‘pqundan o‘pqunga otadi to‘lqin,
Faqat cho‘pda qoldik, buzildi kema.
Bir cho‘p, bir xashak bo‘lib qolsa-da,
Ko‘rursiz, manzilga eltar cho‘p — kema.
24 iyul, 1937.
* * *
Ayvondagi ho‘sh kabutar,
Xush ko‘ringiz, bizlar mehmon.
Azizimni — shoirimni
Bir xastalik yiqdi pinhon.
Tutqunlarga sirdosh, ulfat
Kabutarlar, buyuk shoir
Xastalikka bugun tutqun,
Dilkash bo‘ling, holi og‘ir…
15 oktyabr, 1964.
* * *
Bir sahar bir g‘uncha tabassumidan
Ko‘nglimga sevinchni to‘kdi gulyaproq.
Bir umr tashurman bahor ishqini,
Gulyaproq nash’asi ko‘ngulda buloq.
Sevaman xayolni, bandiman mangu,
Xayollar zabt etgan butun borlig‘im.
Xayollar bulutday olib ketadi,
Yulduzlar olami — keng sayrgohim.
Shaffof samo uzra uchdi oq bulut,
Dilga to‘ldi orom, men behush shaydo.
Quyosh etagida eridi bulut
Bo‘ldi shunda hislar quyuni paydo.
26 iyun, 1973.
* * *
Bulutsiz samodir ko‘zlaring — shaffof,
Muhabbat kitobin o‘qidim unda.
Tanishdim, tatindim kunduz va tunda
Dunyoning sevinchin, farah, sururin,
Ko‘zlaringdan ichdim yulduzlar nurin.
20 noyabr, 1977.