Yoqubjon Xo‘jamberdiyev (1947-2022)

Yoqubjon Xo‘jamberdiyev 1947 yili O‘sh viloyatining Suzoq qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan. Ilk kitobi 1981 yili “Zarurat” nomi bilan chop etilgan.
Taniqli shoir va tarjimon mustaqillik arafasida kechgan qayta qurish yillarida o‘zbek matbuotida paydo bo‘lgan iste’dodli jurnalistlardan biridir. 1990 yilda chop qilingan «O‘zbeklar ishi» asariga sovet davridagi o‘zbek xalqi kechirgan hayotni tasvirlagan esse va maqolalar kirgan. Yoqubjon Xo‘jamberdiyev 1990 yilda Qirg‘izistonning janubida ro‘y bergan etnik to‘qnashuvlar sabablari va oqibatlari haqida yozgan maqolalari bilan tanilgan. U, shuningdek, Nabijon Boqiy bilan birgalikda 1998-yilda taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonov qalamiga mansub «Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori» asarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
2022 yil 28 fevral kuni vafot etgan.

* * *

Bilmadim, tongmidi yoki shommidi,
Ohista mo‘ralab kirdim ichkari.
Qo‘limda may to‘la qadim jom edi,
Kimlardan qolmagan, kimning ichgani…

Bir qultum kifoya taftsiz vujudni
Masih nafasiday tiriltmoq uchun.
Bag‘ringga ol endi yuzi shuvutni,
Men keldim, she’riyat — sehrli ochun.

* * *

Bulutlardan tog‘ yasaydi ko‘zlarim,
Xazonlardan bog‘ yasaydi ko‘zlarim.
Bor ekanki, ko‘ngil aro muhabbat,
Har kasaldan sog‘ yasaydi ko‘zlarim.

Ey dil, o‘rtan, tog‘lar pasaysin,
Bog‘lar har tong gullasin qiyg‘os.
Ishq yo‘lida jafo chekdi Qays,
Majnunsifat sog‘lar ko‘paysin.


HAQ SO‘ZGA

Nohaqman demaydi so‘zlagan har kim,
Har kimki o‘zini haq deb o‘ylaydi.
Tashxisda adashgan mo‘tabar hakim
Naq Ibn Sino bilan bo‘yin bo‘ylaydi.

Ey, mahbub, endi biz qachon o‘rgandik
Zim-ziyo kechada yulduz bo‘lishni.
Yurakka solgandan har kuni chandiq,
Bir bora haq so‘zni aytib o‘lishni.

* * *

Sen kelding, albatta bir kun ketasan,
Qoladi amaling, yig‘ib terganing.
Orzuga ham balki, beshak yetasan,
Ammo, bilurmisan qayga kelganing?

Do‘stlar davrasida yulduzsan go‘yo,
Qayga cho‘zma qo‘ling — uzun, yetadi.
O‘yladingmi, nega oq bu, bu siyo,
Nechun odam bunda kelib-ketadi?

* * *

Garchi niyatlarim ko‘p ulug‘ edi,
Ko‘p edi umidim musaffo tongdan.
Yillar tulporini qamchilab yeldi,
Sochlarim oqardi ko‘targan changdan.

Garchi omadim ham chopdi bir zamon,
To‘rt taraf ko‘zimga shodlik ulashdi.
Erlar yumshoq bo‘ldi, pasaydi osmon,
Eng yorug‘ yulduzlar qo‘lga ilashdi.

Garchi taltaytirib suymadi taqdir,
Ayriliq neligin yoshlikdan bildim.
O‘z holimga hech ham qo‘ymadi taqdir,
She’r dedim, yor dedim, turdim, yiqildim.

Garchi she’riyatda o‘rta dehqonman,
Umidlarim ko‘pdir xazonrez bog‘dan.
O‘rga ham ming shukur, rosa yoqqanman,
Hasratmi? Bilmadim, kelur qayoqdan?


SUZOQ ChOYXONASIDA

Shuhratjonga

Chaqchaqlashdik yurtdosh jo‘ralar
Shinam Suzoq choyxonasida.
Sog‘inch bilan Mehr jo‘r bo‘lar
Shunday Toshkent ostonasida.

Yurt degani — ohanrabodir,
Kindik qoning mangu tortadi.
Musofirning qalbi yaradir,
Musofirni so‘z ham otadi.

Bir etikka tiqilsa oyoq,
Qayoqqa ham ey, zot, chopasan,
Mo‘jazgina shu «Suzoq»qa boq,
O‘z yurtingni shunda topasan.

Armon degan egov tinmaydi,
Qamchiq belning ikki yonida.
Ketar edim, lekin qo‘ymaydi,
O‘zbekiston mening jonimda.

TO‘RTLIKLAR

Yiqilganni turgiz, savob bo‘ladi,
Yig‘lagan yuraklar kabob bo‘ladi.
Rahm qil ularga umringda bir bor,
Yaxshilikka albat javob bo‘ladi.

* * *

Yoshlikdan egarla g‘ayrat otini,
Bu ot asovdir xo‘p, so‘ng tizgin bermas.
Asl odam topib borar zotini,
Molin berar ammo, o‘zligin bermas.