Vadud Mahmud (1898-1976)

Vadud Mahmud 1898 yilda Samarqand okrugining Yuqori Darg‘am tumaniga qarashli Tayloq qishlog‘ida tavallud topgan.
V. Mahmud dastlab Samarqandda Abduqodir Shakuriy maktabida, so‘ngra Ufadagi Oliya madrasasida (1917-1918), Samarqand pedkursida (1918), Moskvadagi V. Bryusov nomli Oliy Adabiyot institutida (1925-1926) tahsil olgan. Toshkentdagi SAGUning iqtisod fakultetiga (1923 y.) erkin tinglovchi sifatida qatnagan. Ayni chog‘da, V. Mahmud 1919—1925 yillar orasida o‘qituvchilik ham qilgan, Samarqand va Jizzax shaharlarida maorif boshqaruvi sohasida faoliyat ko‘rsatgan.
1926-1927 yillari «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalida muharrir yordamchisi, 1926-1929 yillarda TajGIZda tarjimon va darsliklar tuzuvchi bo‘lib ishlagan.
U 1930 yili sho‘ro tuzumiga qarshi targ‘ibotchilikda ayblanib qamoqqa olinadi, uchlik qo‘mitasining qarori bilan uch yilga qamaladi. Qatag‘on davri tuhmatlariga duch kelgan V. Mahmud Arxangelsk viloyati Kargopollaga qamoqxonasida 1937 yil 18 avgustidan 1954 yil 26 yanvarigacha hibsda saqlanadi. 1960 yilda to‘la oqlanadi.
V. Mahmud faoliyatining ma’lum bir qismi Tojikiston Respublikasi FA Rudakiy nomidagi Til va adabiyot instituti bilan bog‘liq. Shu dargohda ilmiy xodim bo‘lib ishlagan V. Mahmud «Farhangi zaboni tojiki»ni tuzishda qatnashadi, mumtoz sharq she’riyati tadqiqi bilan shug‘ullanadi, xotiralar yozadi. 1976 yilda vafot etgan.

MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY

Mahmudxo‘ja Behbudiy … (Avval kim edi)?
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston degan o‘lkaning boshlig‘i edi.
Mahmudxo‘ja Turkistonning yo‘lboshchisi edi.
Mahmudxo‘ja o‘zining Turkiston bolasi ekanini tushungan bir yigit edi. Shuning uchun u bizga, Turkistonga har narsa edi. Mahmudxo‘ja Turkistonning yangilik davri tarixinda yorug‘ bir chirog‘ edi. Mahmudxo‘janing oti Turkiston tarixida ziynatlik mumtoz o‘run olishga munosib bir otdir.
Ay Behbud o‘g‘li! Tinch yot sag‘anangda! Bu kun biz sening ruhing rohati uchun duo qilamiz. Tinch yot kabringda, bu kun senga bolalaring san uchun marosim kiladirlar.
San, san haqqa mas’ud bir odamsan!
Negakim, tirik chog‘ingda qayg‘u chekkanlaring, o‘lganing uchun hasratlanadirlar. Tirik chog‘ingda sani so‘kmakdan charchamaganlar, rahmat o‘qishdan charchamaydirlar. Tirik chog‘ingda sanga tosh otg‘onlar, tosh otmoqchi bo‘lg‘onlarga ota boshladilar. Chunki saning kim ekaningni bir oz tushundilar, saning kimligingni bilmaganlar ham qayg‘uga tushirilg‘ondirlar.
Tinch yot mozoringda, ay muhtaram, saning mehnatlaring bo‘shga ketmadi, bu kun saning qadringni bilaturganlar topiddi, saning yo‘ling bilan ketaturganlar bor, saning izing bosaturg‘onlar, Tangriga shukr, ko‘pdirlar.
Biz hammamiz saning bolalaring erurmiz, saning tuzgan planlaring bizim yo‘limizdir.
Saning ko‘rsatgan yo‘llaringga bizam ishonamiz. San bu dunyodan ketgan bo‘lsang-da, tuproq ichinda ko‘mulgan bo‘lsangda xafalanma! Chunki gavdang tuprog‘a ko‘muldi.
U saning fikring, maqsading bizda, bizim yuragimizda o‘run topdi. Bizga saning gavdangdan fikring ke-raklik edi.
San o‘lmading va o‘lmassan, yashamakka haqing bordir!
Yashagin, muhtaram ustoz!

AY DOHIY!

Bu kun dunyoda bir mahshar qo‘pubdi,
Bu yer yuzini titratma tutubdi.
Ko‘k bo‘lsa, qop-qorong‘u chodini
Boshiga o‘ragan yig‘lab yotibdir.
Kun sayin chiqaturg‘on quyosh bo‘lsa
Bu kun chiqmay qorong‘ulik sochibdir.
Mana madrasalar, yuksak minorlar
Bo‘ynin egib ta’zim bilan turubdir.
Kishilarni demaysanmi? Nimaga?
Yig‘i birlan suron va oh aytadir:
Bu kun Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘lmish,
Shuning-chun butun o‘zbek kuyadir.

QISh SEZGILARI

1

Og‘uli sovuq burgach,
Qor tepkilari urgach,
Ko‘nglim uyida cho‘kdi
Bir buzuq quduq kabi.

2

G‘uv-g‘uv esadir yellar,
Bo‘ronda qolar inlar,
Ko‘nglim tortina qoldi
Bir uzuq qiviq kabi.

3

Qor tog‘lari yuksalgan,
Yulduzda bulutlangan,
Ko‘nglim cho‘g‘ida bitdi
Bir so‘nuk ufq kabi.
1925

R.M. UChUN

1

Ko‘nglim ovlag‘on go‘zallar kimlar,
Chamanning gullari, bulbullarimi?!
Dilimni o‘ynatgan u ko‘zlar imlar,
Bilmadim ne istar, yurak qonimi?!

2

Uyasiz chumchuqlar ko‘qda kechqurun
Chirqirab titrarlar uya axtarib,
G‘urbat oqshomlari kimsasiz, kuskun
Yuragim sizlaydir seni eskarib.

3

Unutmoq istadim va ko‘b tirishdim,
Xayoling jonlandi, mumkin bo‘lmadi.
Damimni qisishga qancha olishdim,
Yuragim shunchalar ura boshladi.

4

Shafaqlarni bo‘ylab yovvoyi kaftar,
Haq-haq … dedi va quloch tashladi.
Tepalik saharlar uzab ketdilar …
Gullar ko‘b kutdilar, sabo esmadi …

5

Men seni izladim, seni men kutdim,
Yuragim dam-badam xabarlar berdi …
Ko‘zim manbaini o‘tlab qurutdim,
Qonning to‘fonlari ichimda erdi.
1925 yil

QISh
(nasr)

Erlar qor maysalari bilan o‘ratilgan, yog‘ochlar oq barglar ochg‘on; manfur, xunuk kapalaklar kishining qo‘l-betiga oqib, ko‘purub, toshib urilmoqda, suv esa tabi-atning qottig‘ligini ko‘rib, yuragiga tosh bog‘lamoqda.
Quyosh-chi? … Yer sochining oqarganidan mutaassir bo‘lib siyrak ko‘rinmakda va ora-sira faranjiga o‘ralib, pisinibgina, devor tagidangina esmakda …
Ko‘k taqdir panjasida ezilganlarning ko‘zlaridek motamli; tabiat mozor toshlari kabi sirli …
Kashtalik bulut jamalaklari orasidan yilt etib ko‘runib qolg‘on kelunchak – kun ko‘runa qolsa, tabiatning sirlari ochilib kuz yoshlari toma boshlaydir …
Erningda kunga qarab yuborgan bug‘ – oxlari yuksala boshlaydir.
Menda-chi? .. Na kunning ko‘runishi bilan iljayish, na tabiat kabi yoshlanish bor! Oftob «yuzimni» qizdig‘i bilan eritmasa, mendan bir tomchi yosh qayda?! Chunki men yaratilishdan beri bularni, bu kunlarni ko‘b ko‘rganman.
Menim boshimga na tosh, na yosh tasir qilolmas!…

TALPINISh
(nasr)

Yiqiq devorlar orqali mevazorlarni oradim.
Baland tog‘ boshlaridan tumanli yo‘llarni qaradim, shovvullab titragan qari tollardan, g‘uvillab sudralgan toza shamollardan so‘radim; saharning jimjit sukutini bo‘m-bo‘sh yuragim bilan tingladim, oydin kechalarning bulutini to‘b-to‘la ko‘zlarim bilan emdim; saboning salqin yeli bilan yong‘inli boshimga suv sepgan yellarga salomlar yubordim; qora yuragimning so‘kulgan yaproqlarini nur iplari bilan yumalagan to‘lqun oylarga ta’zimlar yo‘lladim.
Tiniq suvlar qarong‘ulikda menga bir narsa ham demagan edilar, yorug‘ondan so‘ng esa bor sirlarimni sochib tashladilar…
Ko‘m-ko‘k o‘tlar tunlarda yerning qora kafani o‘laroqg‘ina ko‘rungan edilar, tong otar choqlarida esa yilt etib, ko‘zlarini ochib, shivir-shivir so‘z boshladilar.
Ko‘k chodiriga tun bo‘yi cho‘g‘ tashlasa ham yonmag‘on edi.
Tong yeli kullarni sovurg‘ochg‘ina alangalandi.
Er gulxaniga tun ko‘mirlarini qancha qalasalar ham foyda bermadi, quyosh oltun yelpig‘uchi bilan yelpiy boshlag‘ochg‘ina uchqun chiqardi.
Ko‘zlarim bilan uchqunlarni quvaladim, qo‘llarim bilan alangalarni siypaladim…
Ko‘kning qora baland devorlariga, meni jalb etmak uchun uchqunlardan mix qoqib chiqgonlarning izlariga tikildim.
Baland tog‘ boshlarida yo‘l ko‘rsatmak uchun alanga bayrog‘i ochg‘onlarning oyoqlariga yiqildim.
Oradim, so‘radim, tikildim, yiqildim; hayhot…
«Qishning uzun kechalari o‘tdi, haligacha qaerda eding?» – dedilar.
«Kunlar qisqardi, so‘roqlaringga javob berishga fursatimiz qolmadi».
«Yozning uzun kunlari yaqinlashdi» – dedim. «Ko‘kning motam chodirini tashlagon kunlarni quchub sizga keldim», – dedim, — «Meni qaytarmangiz!..»
Achchig‘ bilan qarab:
«Yo‘q, – dedilar, — issig‘ kunlarda seni bilan bo‘lishda kimning darmoni bor!»
Chuchuk til bilan:
«Qishda ham kelmagan emasman, yolg‘iz u vaqtlar siz uyquda edingiz, na meni ko‘rdingiz, na o‘zingizni bildingiz», — dedim.
Yosh bolaning esirarlariga qarshi qilinaturg‘on qiliqlar bilan yuzlarini burdilar va ishlari orqasidan ketdilar…
Ko‘zimdagi so‘ng yorug‘liq ham qora bayroqlarni ochdi.
Ko‘nglimdagi o‘t ham so‘ng uchqunlarini birtalab ko‘mmakda edi.
Ko‘k chodirining uchqunlari bilan yonishi, yurak kullarining yellari bilan sovurilishi kerak edi …
Saboning salqin yeli bilan yong‘inli boshimga suv sepgan yellarga salomlar yubordim.
Qora yuragimning so‘kilgan yaproqlarini nur iplari bilan yurmalagan to‘lg‘un oylarga ta’zimlar yo‘lladim.
Ko‘kning qora baland devorlariga, meni jalb etmak uchun uchqunlardan mix qoqib chiqg‘onlarning izlariga tikildim.
Baland tog‘ boshlarida yo‘l ko‘rsatmak uchun alanga bayrog‘i ochg‘onlarning oyoqlariga yiqildim…