Uyg‘un (1905-1990)

Uyg‘un (Otaqo‘ziyev Rahmatulla) 1905 yil 14 mayda Jambul viloyati Marki qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1965). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1956). Mehnat Qahramoni (1985). Samarqanddagi pedagogika akademiyasida taxsil ko‘rgan (1927—30). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Bahor sevinchlari» (1929). «Hikoyalar» (1931), «Ikkinchi kitob» (1933), «Quyosh o‘lkasiga» (1963), «Muhabbat» (1939), «G‘azab va muhabbat», (1944), «Hadya» (1946), «O‘zbekiston» (1947), «Hayot ishqi» (1948), «She’rlar» (1950), «Tanlangan asarlar» (1955) kabi she’r va hikoyalar to‘plamlari, «Gulandom» (1938, 1-o‘zbek baleti librettosi), «Alisher Navoiy» (1943, hamkorlikda), «Qaltis hazil» (1944), «Hayot qo‘shig‘i» (1947), «Navbahor» (1948) singari sahna asarlari muallifi. «Abu Rayhon Beruniy» (1973), «Abu Ali ibn Sino» (1979), «Zebunnisobegim» (1982) kabi tarixiy dramalari ham bor. A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, A. P. Chexov, L. N. Tolstoy, V. Shekspir asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1990 yil 22 aprelda Toshkent shahrida vafot etgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1984).

OLTIN SEVGI

Ayb emasdir sevilmoq, sevmoq,
Ayb emasdir sevgim bor desam.
Sevgisi hur, tolei baland,
Ayb emasdir seni yor desam.

Aytib ber, deb qistama meni,
Sevgimizning tarixi uzoq.
Mening dilim kabutar bo‘ldi,
Yo‘llariga sen qo‘yding tuzoq.

Domingga ilingan kabutar
Yuragani pora qilmadi.
O‘tganlarday zor-zor yig‘lab,
Toleini dorga ilmadi.

Oshiq Farhod kabi uning yoshi
Daryo-daryo bo‘lib oqmadi.
Ko‘kragani bosib azob, uni
Ajal yeli kelib qoqmadi.

Balki u, mehribon hayotning
Shirin bo‘sasiga yo‘liqdi.
Sezishga sazovor hislari
Balog‘atga yetdi, to‘liqdi.

Muhabbatning bahosi yo‘qdir,
Bizning uchun sevgi fazilat.
Sevgi odat bizning kunlarda,
Sevgi bizga oltin zarurat.

2

Qarashlaring dilnavoz edi,
G‘amga duchor bo‘lmadi zarra.
Oy to‘lishgan kecha soz edi,
Bo‘sa berding birinchi karra.

Shunda bildim bo‘saning kuchin,
Bo‘sa meni ayladi sarxush.
O‘ynab turib sochingning uchin,
Engil tortdim go‘yoki bir qush…

Bu bo‘sada bor edi quyosh –
Harorati, may malohati.
Shu bo‘sadan boshlanmishdi yosh –
Hayotimning baxti, rohati.

U umrimning oltin bobiga
Ravnaq berib munavvar qildi.
U ishqimning gul kitobiga
O‘chmas muhir bo‘lib bosildi.

Men yigitman, sen barkamol qiz,
Bo‘sa berding safoli tunda,
Oltin zanjir kabi umrimiz
Bir-biriga ulandi shunda.

Xotiramda: ilk bo‘sa bizni
Haddan ziyod qilmish edi shod.
Chunki o‘sha taqdirimizni
Qo‘shib qo‘ygan edi umrbod.

Shul sababdan taqdir ataldi,
Ilk bo‘saning ikkinchi oti.
Shul sababdan umrbod qoldi
Labda o‘sha bo‘saning toti.

YoMG‘IR YoG‘AYaPTI…

Yomgir yog‘ayapti shivirlab, mayin,
Hammayoq shalabbo, boshdan-oyoq nam.
Yomg‘ir tomayapti, kipriklaringga,
Ho‘l bo‘ldi loladay yonoqlaring ham…

Ho‘l ko‘ylak tanangga chippa yopishdi,
Qaddi-qomatingni ko‘rsatib yaqqol.
Ko‘ksing bo‘rtib turar ohista qalqib,
Husningga yetmasin hech qachon zavol!

Tinmay yog‘ayotgan o‘jar yomg‘irning
Salqini urilar gulday yuzingga.
Negadir labingda mayin tabassum,
Go‘zal ko‘rinadi olam ko‘zingga.

Ehtimol jo‘sh urar ko‘nglingda shoddik,
Ehtimol qalbingdan uzokdadir g‘am…
Yodimda qoladi shu safoli payt,
Xotiramdan chiqmas shu sehrli dam…

Shu choq ko‘zlaringga termulib turdim,
Sahro lolasiday yomg‘irda qolding…
Etilgan, barkamol, durkun go‘zal qiz
O‘tgan yoshligimni yodimga solding…