Sulaymon Rahmon 1946 yilda tug‘ilgan. «Ildiz nima deydi?» (1973), «Xayol» (1975), «Hilol» (1977), «Billur qo‘ng‘iroqlar» (1979), «Uchinchi qiz» (1984), «Oydin diyor» (1985), «Yaynag‘an o‘lke» (1986, qoraqalpoq tilida), «Daraxtlarni uyg‘otadi shabboda» (1987) nomli kitoblari chop etilgan. Bir qator she’rlari rus, ispan, bolgar, turk, turkman, tojik, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan. Moskvada, Ashxabodda, Isfarada bo‘lib o‘tgan adabiy anjumanlarda (seminarlar, festivallarda) ishtirok etib, o‘sha davrning mashhur shoirlari Qaysin Quliyev va David Qug‘ultinov nazariga tushgan.
Sulaymon Rahmon tarjimasida she’riyat muxlislari A. Pushkin, H. Hayne, A.Blok, Yu. Martsinkyavichyus, A.Voznesenskiy, Q.Quliyev, O‘. Sulaymonov, G. Emin, A.Sofronov, N.Gribachev, Yu.Voronov, T.Qobulov va juda ko‘plab boshqa rus, Ovrupo hamda Afrika shoirlari ijodidan bahramand bo‘ldilar. U J.Bayronning «Don Juan» she’riy ro‘monini, P. Nerudaning «Mushtarak qo‘shiq» she’riy epopeyasini va J.Rumiyning «Ma’naviy masnaviy» asarining birinchi daftarini ona tilimizga o‘girdi.
Nasr ishqibozlari yapon adibi K.Abening «Yashik odam», rus yozuvchisi V.Shukshinning «Xo‘roz uch qichqirguncha», turkman O‘. Eminovning «Shiddat», bolalar yozuvchisi E.Uspenskiyning «Fyodor amaki kuchuk va mushuk», «Kafolat odamchalari» kabi ro‘mon va qissalarini uning tarjimasida o‘qidilar.
* * *
Kut, yetib borgayman bir kun hansirab,
yo‘limni to‘ssa-da agar qonsirab
hasadlar,
alamlar,
ta’nalar,
toshlar…
Menga bas kelolmas adovat, hasrat,
engolmas nolalar,
g‘amlar,
ko‘zyoshlar…
Kut, senga yetgayman, ey buyuk MAQSAD!
1964
* * *
Bu sevgimi, otashmi, g‘ussa?
Yo Rabb, dilni tilib tashladi!
Tasodifiy o‘sha bir bo‘sa
meni telba qilib tashladi!
Keyin esa… nachora, sensiz
yog‘ib o‘tdi dalalarga qor;
keyin esa … bechora, sensiz
kelib ketdi necha bor bahor;
keyin esa… menga ovunib
izlaringni axtardi yo‘llar;
keyin esa… seni sog‘inib,
ado bo‘ldi hajringda gullar;
keyin esa… ko‘zim xobini
tilab oldi uyquchi tog‘lar;
keyin… qalbim iztirobini
ko‘tarolmay sarg‘aydi bog‘lar…
Qayt, bu bog‘lar tamom so‘lmasin,
qayt, vafodan hikoyalar ayt.
Mayli, menga rahming kelmasin,
tabiatga shafqat qil faqat…
1965
* * *
Uzoqlarda chirqillar bir qush,
kim u buzgan halovatini?
Bosriqdimi ko‘rib yomon tush
yo gazanda yuldi patini?
Uzoqlarda chirqillar bir qush,
yolg‘izlik yo jondan o‘tdimi?
Kuydirdimi yuragini ishq,
ishongani tashlab ketdimi?
Uzoqlarda chirqillar bir qush,
tunni yirtar achchiq nolasi.
Yo qildimi noboproq bir ish
erkalanib tantiq bolasi?
Uzoqlarda chirqillar bir qush,
mitti jonda nechun shuncha dod?
Yuz burdimi undan elu xesh,
qolmadimi do‘stda e’tiqod?
Uzoqlarda chirqillar bir qush,
qushim, so‘yla, o‘rtagan qay dard?
Balki xushdir, balki u noxush,
rahmat, qola bilmabsan loqayd.
Uzoqlarda chirqillar bir qush,
bir dam keching rohatingizdan,
madad so‘rar balki boyaqish,
madad so‘rar, odamlar, bizdan…
1965
* * *
Dardlarin unutdilar
yig‘lab bo‘lgan bulutlar,
so‘ngra gullar, burgutlar
uzra uchib o‘tdilar…
Ochilib borar osmon,
ko‘nglim borar ochilib.
Qoqigul boqar hayron
kichkina quyosh bo‘lib.
Toj kiyib alangadan
charaqlar gulisafsar:
ketmoqda balandlarda
yig‘lab bo‘lgan bulutlar.
Sening esa ko‘nglingdan
qachon ketar shubhalar?
Men ishondim. Sen ishon:
shubha o‘tar, ishq qolar!..
1965
* * *
Nechun yana tushimga kirding,
yodimni tark etmading nechun,
dom-daraksiz yitmading nechun,
nechun yana tushimga kirding?
Yodimni tark etmading nechun,
hayotimdan ketding-ku axir,
o‘zgaga qo‘l tutding-ku axir,
yodimni tark etmading nechun?
Dom-daraksiz yitmading nechun,
nahotki sen, nahot, bedardim,
bo‘lib qolding to abad dardim,
dom-daraksiz yitmading nechun?
Nechun yana tushimga kirding,
yorug‘ edi sen-la tunlarim,
qaro bo‘ldi sensiz kunlarim,
nechun yana tushimga kirding?
Qismatimdan ketsang ham, nechun,
tushlarimdan ketmaysan, sanam,
yodimni tark etmaysan, sanam,
qismatimdan ketsang ham, nechun?
1965
* * *
Kel, munisam, yonma-yon o‘tir,
sir tutmasman sirimni sandan.
Suyunchiga yuzingdan o‘ptir,
maktub oldim hozir onamdan.
Kel, munisam, yonma-yon o‘tir,
sodda so‘zin tinglab kularsan
yo dilingda uyg‘onib mehr,
bir mehribon kelin bo‘larsan.
Kel, munisam, yonma-yon o‘tir:
omon emish, mana, xesh-tabar.
Bu yil sero‘t bo‘lgan emish qir,
mendan esa yo‘q emish xabar.
Kel, munisam, yonma-yon o‘tir:
bo‘y yetganmish qo‘shnimiz qizi,
shunday suluv emishki qurg‘ur,
to‘lin emish oydan ham yuzi.
Kel, munisam, yonma-yon o‘tir:
onam debdi: «Suyganing bormi?
Kokillari qorami, qo‘ng‘ir,
ko‘zi qora va yo zangormi?»
Kel, munisam, yonma-yon o‘tir:
kelarmikan, debdi, qishloqqa?
Yopolarmi tandirda patir,
evi bormi suzma, pishloqqa?
Kel, munisam, yonma-yon o‘tir:
baxt tilabdi bizga ul mushfiq.
Ne deb yozay, munisam, gapir,
onajonim xat kutar intiq…
1965
* * *
It ko‘ziga ko‘zgu tut,
tanimaydi o‘zin it.
O‘zin o‘zga ko‘rar u,
begona deb hurar u.
Suvda o‘zin ko‘rsa oy,
taniy olmas, xoynahoy.
Hurkib qochar yiroqqa,
tanimay o‘zin, yohu,
agar zilol buloqda
aksini ko‘rsa ohu.
Ko‘zguda ko‘rib o‘zin
tanimas gul ham, hayhot.
Ko‘zguga boqib faqat
o‘zin tanir odamzod.
Do‘st, niyating ezgu qil,
ko‘zgu bo‘lay, ko‘zgu bo‘l…
1965
ShAMOL
Shamol, bir ertak o‘qi…
Oybek
Shivirlaydi shamol, ruhimga
afsonalar so‘ylaydi shamol.
Men botaman nogahon mungga,
men qotaman nogahon savol:
«So‘yla, shamol, so‘yla, ey shamol,
bilganingni aytgil beriyo,
unutdimi meni oyjamol,
o‘zgani yor ayladimi yo?
Yo shiftdagi xushchaqchaq, suluv
qaldirg‘ochni ilon bo‘g‘dimi,
qishdan omon chiqdimi suruv,
serpusht targ‘il yana tug‘dimi?
Tongda ko‘rib cho‘ntagini qoq,
otam boshi bo‘ldimi yo xam,
qurtga tutbarg ko‘tarib nogoh,
boshi og‘rib qoldimi onam?
So‘yla, nahot hech yetib bo‘lmas
sevgilimning vaslisan, shamol,
so‘yla, axir, unutib bo‘lmas
shamollarning naslisan, shamol.
Yodingdadir, har xoru zorga
suv keltirgan ul boboshamol?
So‘yla, qachon, erksiz diyorga
erk keltirgay dilrabo shamol?»
Shivirlaydi shamol, ruhimga
afsonalar so‘ylaydi shamol.
Men botaman nogahon mungga
va qotaman ketma-ket savol…
1967
* * *
Shovullaydi poyimda daryo,
tentiraydi chimzorda shamol,
kimdir yig‘lar qaydadir giryon –
loqayd suzar samoda hilol.
Bir qush qilar betinim chah-chah,
suvga so‘ylar sirlarini tol,
kimdir xushnud uradi qahqah –
loqayd suzar samoda hilol.
Yigit qizning qo‘lin ushlaydi,
vido aytar kampiriga chol,
qirda toychoq yonib kishnaydi –
loqayd suzar samoda hilol.
Qay bir tog‘da otilar vulqon,
qay bir yurtda go‘daklar uvol,
kular, yig‘lar, xo‘rsinar inson –
loqayd suzar samoda hilol.
Singib ketar dengizga daryo,
ko‘z ochadi bir buloq – zilol,
dunyo o‘lar, tirilar dunyo –
loqayd suzar samoda hilol.
Hilol, hilol, do‘sting bo‘laman,
hech bo‘lmasa savol bo‘l, savol:
– Nega keldim, nega o‘laman? –
loqayd suzar samoda hilol…
1969
ShOIR
Bu dunyoda shoir bir ohang,
tinglang uni, aziz odamlar,
shodlik berar qalbida jarang,
jaranglaydi ruhida g‘amlar.
Bulbul derlar shoirni, biroq
u kuylamas bulbulday takror.
Bir gul emas, shoirni ko‘proq
kuylatadi vatan va bahor.
U bir buyuk sevgi bilan mast,
qahri qattiq uning ag‘yorga,
husni uchun vatanni sevmas,
bahorni ham sevmas bekorga.
Yulduzlarga qo‘ysa gar ko‘ngil,
yo‘q emasdir buning boisi.
Unga tole timsolidir – gul,
mast qiladir uni erk isi.
U bir buyuk nafrat bilan mast,
nomusini qo‘ymas garovga.
Nafsi uchun vatanni sotmas,
shon-shuhrat deb yalinmas yovga.
O‘ylamangkim, bular barchasi
shunchaki ishq, nafrat emas, yo‘q,
sevsa, qalbi – quyosh parchasi,
nafratlansa – satrlari o‘q.
Munis ilhom oshino damlar,
kechar uning yuragida jang.
U kuylaydi sizni, odamlar,
bu dunyoda shoir – bir ohang…
1969
TABIATNING DAFTARI
Bir daftarga o‘xshaydi dunyo,
turfa yozuvlarga to‘la bir daftar:
so‘ngsiz bir jumladir osmon,
yulduzlari – otashin so‘zlar…
Bir jumla oq,
bir jumla qora,
«kecha-kunduz» so‘zlaridir bu.
So‘zlardir o‘rmonlar,
bog‘lar so‘zlardir…
Kimlarga xitobdir bo‘ychan daraxtlar?
Maysalar kimlarga atalgan shivir?
Kimga «To‘xta!» degan nidodir tog‘lar,
o‘tloqlar kim uchun zangori pichir?
Nima deb nolalar qiladi,
kuzakda o‘zbegim bog‘lari?
Ne ma’no yashirin paxtazorlarda
yoz chog‘i,
kuz chog‘i,
bahor chog‘lari?
Kimning ijodi bu rango-rang gullar,
yulduzlar,
buloqda qaynagan suvlar,
qoyalar ustida turgan ohular,
ne ma’no anglatar, oh, ular?
Kimning ijodimiz bizlar, odamlar?
Eyy, o‘qib yashaylik,
yong‘oq kabi chaqib yashaylik
yozuvlarning mag‘izlarini:
gullar – shu tuproqning kulgilaridir;
suvlar – ariqlarda mildir-mildir,
daryolarda shildir-shildir,
dengizlarda guldir-guldir
tabiatning tuyg‘ularidir;
dashtu cho‘llar esa – uyqularidir;
yigit chog‘imizdir bizning – o‘rmonlar,
go‘dak kezlarimiz maysalar bizning;
tog‘lar – g‘ururimiz,
shuurimiz – quyosh;
ranglari o‘zgarmas archalar –
vatanga,
tuproqqa muhabbatimiz;
Odamlar, biz kimning xatimiz,
kimga xatimiz?
Men – o‘tmishning orzuidirman,
orzui bo‘lsaydim kelajakning ham,
koshki meni o‘qiy olsa navqiron nasl
Muhabbat, Sadoqat so‘ziday ul dam.
Oh, shunday bir ma’no bermasang agar,
nega kelding dunyoga, odam?
Bu uzun,
bu qisqa jumlalar aro,
ayting, do‘stlar, men qaysi so‘zman?
Koshki Baxt so‘ziday o‘qiy olsaydi
ona xalqim,
ona vatanim.
Koshki meni jahon xalqlari
O‘zbekiston farzandi deya
hijjalamay, erkin o‘qiy olsaydi
tabiatning o‘chmas yozuvi kabi
tabiatning shu daftarida…
1970
NAVJUVON ONA
O‘zbekiston xalq rassomi Rahim Ahmedovga
Oydin bir kechada,
oyning ostida
majnuntolning chipor-chipor soyalari ichida,
yashil dalalarning qoq o‘rtasida,
chorpoya ustida,
parishon soch,
yarim yalang‘och
tebranib o‘tirar bir juvon,
bosh ustida oqargan osmon,
quchog‘ida ma’suma go‘dak….
Sochlarida mayin-mayin g‘ivirlaydi
kecha shamoli,
qulog‘iga sirlarini shivirlaydi
kecha shamoli…
Juvonning sochlari – muattar,
juvonning sochlari – rayhon,
hidlab-hidlab to‘ymaydi shamol,
emib-emib go‘dak to‘ymaydi
juvonning ko‘ksini.
Etagiga to‘kilar hilol
parcha-parcha tangalar misol,
barglarga urilib,
barglarda sinib…
Shamolga rashk qilmay,
rashk qilmay oyga,
Shunday,
momiq ko‘rpa ichida,
juvonning yonida
pish-pish uxlab yotar bir odam,
juvonga hamumr,
hamsevgi,
hamtaqdir odam…
Oydin bir kechada,
oyning ostida,
majnuntolning chipor-chipor soyalari ichida,
yashil dalalarning qoq o‘rtasida,
chorpoya ustida
parishon soch,
yarim yalang‘och
tebranib o‘tirar bir juvon,
sochlari rayhon juvon,
quchog‘ida ma’suma go‘dak…
Ko‘kda oy,
erda shamol,
uzoq-uzoqlarda tog‘lar,
yonida majnuntol
oshifta-oshifta boqadi…
Ular o‘rtasida juvon
Vatanimga o‘xshab ketadi…
Oppoq siynasini durkun bir go‘dak,
ko‘zi qora,
qoshi kamalak –
yutoqib-yutoqib emar KELAJAK….
1972
* * *
Beshikka kirdimu bir opa-singil
beshigim tebratdi basma-bas, yengil.
Opasi allalab desa: «Bo‘l mag‘rur!»
singlisi jo‘r bo‘ldi: «Kamtar bo‘lib yur!»
Xoh kechu xoh sahar, xoh yoz, xoh qishda
ruhimga shivirlar ikki farishta:
– Qadding g‘oz tutib yur, – desa Oriyat,
– Boshing egibroq yur, – deb turtar Uyat…
1974
KUZ ERTAGI
Shamollarning harir qanotlarida
ucha-ucha tolgan kapalak kabi
bir nimjon yaproqqa
borib tushdi kuz.
Keyin…
ariqlarda suvni,
chanoqlarda paxtani qaynatib
sut kabi toshirgan
yoz ila jangda,
o‘tli nafasida yantoqlarni yoqib,
qiyratib,
giloslarni pishirgan
yoz ila jangda,
olisha-olisha,
kuchdan qolib yutqazgan
pahlavonday beiloj,
zil ketib,
izmini topshirgan
yoz ila jangda
bir qartaygan daraxt uzra
horib tushdi kuz.
So‘ng yalina-yalina
bir tomosha ko‘rgilik,
bir muzqaymoq yegilik
tanga topib olgan boladay xushhol
yon-veriga boqib oldi jim;
so‘ng olis harbdan
qutulib qaytgan
o‘g‘lin ko‘rib,
sevinganidan,
yig‘lagan onaday qisqa va behol
uch-to‘rt tomchi to‘kib oldi jim;
Keyin…
besh million paxtani terib,
beqasam to‘n ustidan
shohi qiyiqni sirib,
biroz kamtar,
biroz… ko‘krakni kerib
qurultoy minbariga chiqqan bobodehqonday
so‘ngsiz paxtazorlar uzra
g‘olib tushdi kuz.
Shamollarning harir qanotlarida
olmalar,
uzumlar,
behilar uchun
etilgan qizlarni malol qilgulik
bir chiroy,
bir husn ato etgali
quyoshning beomon saxiy kaftidan
Prometey kabi,
olovni emas,
tillaning rangini
olib tushdi kuz.
Keyin shamollarning harir qanotlarida
«oq oltin» yuklagan zo‘r karvonlarning
Sharqu G‘arb yo‘llari qadarli uzun;
ummon osha jahon insonlarining
Anjela Devisga – erktalab qizga
uzatgan qo‘llari qadarli uzun;
diyorlarni tutashtirgan otashin bir ishq –
Gazli-Ural quvurlari qadarli yiroq;
XX asr fazo kemalarining
iqbol sari ochgan yo‘llari qadar porloq
va qutlug‘ mezonlardan
son-sanoqsiz yo‘llar
solib tushdi kuz.
Keyin shamollarning harir qanotlarida
mevasi g‘arq pishgan bog‘lar ustiga,
vodiylar,
zirvalar,
tog‘lar ustiga
cho‘g‘langan qushlarday
yonib tushdi kuz.
So‘ng ko‘kda bulutga aylanib,
dalalar,
bo‘g‘otlar va gullar uzra,
sumbula suvida ko‘zguday
o‘z husniga mahliyo boqib,
o‘yga cho‘mib turgan sohillar uzra;
dehqonning boshiga,
kaftiga,
ko‘ngliga
va o‘zining za’far rangiga,
yomg‘ir bo‘lib
yog‘ib tushdi kuz.
Keyin… dekabrning ko‘r oydinida,
gujum daraxtining qay bir shoxida,
so‘nggi umid yanglig‘ ojiz cho‘g‘lanib,
ilinjsiz osilib turgan
bir za’faron yaproq shaklida
bir tomchi ko‘zyoshday
qishning muzli,
oq siynasiga
oqib tushdi KUZ…
1974
* * *
Bitiklar bor zanjirlarda, kishanlarda,
jallodlarning kundasida, devorlarda,
zindonlarda, tangalarda, nishonlarda,
bitiklar bor qilichlarda va dorlarda…
Bobolarim yozib ketmish e’tiqodin,
or-nomusin, bu dunyoga qarashlarin,
yozib ketmish qahqahasi ham faryodin,
yozib ketmish maydon ichra kurashlarin.
Bobolarim qoni olov – or olovi,
bobolarim qoni isyon – erk isyoni.
Bobolarim qoni yalov – erk yalovi,
tomirlarim ichra bormi ular qoni?
Men turibman chorrahada oyoqyalang,
bu chorraha menga sinov chorrahasi.
Ko‘zim boqar chor tarafga alang-jalang,
menga hayron bu dunyoning chor dahasi:
«Bolam, sen shu bobolarga bolamisan?
Unda nechun qoning sovuq, qaynamaysan?
O‘z ichingga qamalgan bir nolamisan,
nechun katta maydonlarda o‘ynamaysan?..»
1975
Uxla, uxla xotirjam…
Fayyod Xamis
Uxla, jonim, uxla, go‘zalim, uxla.
Er uxlar, ko‘k uxlar, uxlar bor jahon.
Oppog‘im, tantig‘im, asalim, uxla.
Shamollar uxladi, uxladi bo‘ron.
Nechuk bezovtasan, nechun kulmaysan,
salgina aytishdik, shunga shunchami?
Uxla, tushlaringda zora jilmaysang,
zora unutolsang tilla g‘unchani…
Qo‘y, ochma arazlar tugunchasini,
uxla, tushlaringga kirib borayin.
Olib beray gulning eng injasini,
aytgan ziragingni olib berayin.
Qo‘sh-qo‘sh uzuklarni barmoqlaringga,
zebigardonlarni ko‘ksingga taqay.
Tillag‘uncha qaday turmaklaringga,
sen baxtli bo‘lsang, bas, jonimni qoqay.
Uxla, jonim, uxla, xo‘rsinma ortiq,
nachora, emasman men toju taxtli.
Tushingda albatta qilarman tortiq,
tushingda albatta qilarman baxtli.
Bu dunyo keng erur, jonginam, kengga,
uyqu – bir saltanat, ko‘p saxiy dargoh.
Balki nasib etar tushingda senga,
bir umr armoning bo‘lgan u matoh.
Uxla, jonim, uxla, tinch bo‘lsin tushing,
ins uxlar, jin uxlar, uxlar pari, dev.
Hech bo‘lmasa meni tushingda tushun,
hech bo‘lmasa meni tushlaringda sev…
1975
* * *
Tashrif. Dunyoga kelmoqdek muhim.
Chinnigul. Tramvay. Xushnavo yomg‘ir.
Ko‘k eshik. Mis tutqich. Qo‘ng‘iroq: «Keldim»
Parket. Qadamlar. «Senmi? Qani kir».
Ko‘zlarda tuyg‘ular chaqini. Uzr.
Kipriklarga qalqqan inju – baxt.
Toshoyna. Suhbatlar. Qandillar. Billur.
Qariya. Oq guldon. Teleekran. «Vaqt».
Albom. Xotiralar. Dimiqqan. Mahtal.
Ko‘zlar. Orqasida muqaddas yozuv.
Qora tamal toshda oq marmar haykal –
bolalik yodini yoritgan orzu.
Beqaror fikrlar bo‘roni. Undan
ajratib olindi nihoyat hislar.
So‘nggi quchish. Zina. So‘nggi tramvay.
Yomg‘irning simiga osiq fonuslar…
Qaytish. Dunyodan ketmoqdek og‘ir…
1977
* * *
Qorayib, o‘rtanib yalang‘och daraxt,
mung‘ayib turadi hayron va karaxt.
So‘ngra…yomg‘irlarda ko‘pchib po‘stlog‘i,
bahorga otlanar, ammo oyog‘i…
Oyog‘ini qurshab yotar barglari –
yashnoq kunlarining xotiralari…
1977
* * *
Oy dumalab yurgan chog‘larda
bog‘lar – sokin, oydin bir g‘azal –
shuning uchun doim bog‘larga
ochiq turar mening derazam.
Haydab xonam sukutin, har dam
hislarimga soladi larza –
shuning uchun yomg‘irlarga ham
ochiq turar mening derazam.
Shaddod qizday urib qahqaha
kirib kelar mastona tarzda –
shuning uchun tongga ham har gal
ochiq turar mening derazam.
Yangi-yangi xushbo‘y hidlarga
xonam va ko‘nglimni to‘lg‘azar –
shuning uchun shabbodalarga
ochiq turar mening derazam.
1978
* * *
– Ada, nega uxlamayapsiz?
Nozimning savoli
O‘g‘lim, men uxlamayman, yulduzlar uxlaganda,
daraxtlar uxlaganda, ildizlar uxlaganda…
Qandoq uxlay men axir, gullar uyg‘oq tursalar,
qandoq uxlay olmalar bog‘da kezib yursalar?
Hilol olis samoda uyg‘oq tursa yarqirab,
suvlar ham oqib yotsa umr kabi sharqirab?
Qandoq uxlay, jon bolam, buzg‘unlar uyg‘oq bo‘lsa,
tog‘da burgut, sahroda quzg‘unlar uyg‘oq bo‘lsa?
Alpomish, go‘ro‘g‘lilar ertakda tin olsalar,
oqillar mis, nodonlar yombi oltin olsalar?
O‘g‘lim, uxlab bo‘larmi, uyg‘oq bo‘lsa xiyonat,
uxlab yotsa adolat, uxlab yotsa diyonat?
Yumuq bo‘lsa bu ona sayyorada erk ko‘zi,
chiqib tursa yovuzlik og‘zidan urush so‘zi?
Qandoq uxlay, jon o‘g‘lim, men – odamlar diliman,
ezgulik, haqiqatning kesilmagan tiliman!..
Axir uxlab bo‘larmi, uxlasa inson agar,
uxlasa insof agar, uxlasa vijdon agar?!
Uxlamayman, faqat shu – mening uchun tanho yo‘l,
agar men uxlab qolsam, sen albatta uyg‘oq bo‘l!
1979
O‘ZBEKISTONIM
Faxriya
Ey, sen, jannatsifat diyorim manim,
Olloh kalimasi shiorim manim,
kofirga yo‘ymasin ahli din, magar,
seni Baytulloh deb atasam agar,
Makkadan ziyodat bilib men seni,
desam: sajdagohim, qiblam, imonim,
Makkayu Madinam – O‘zbekistonim!
Agar men, agar men bir oshiq bo‘lsam,
ishqdan yurak-bag‘ri ming yashiq bo‘lsam,
el aro olsam yo Majnun degan ot,
yo bersa menga o‘z ismini Farhod,
G‘aribday ishq aro kuya olsam yo,
Tohirday o‘rtanib suya olsam yo,
men seni suyardim, suyuklim, jonim,
Layliyu Shirinim – O‘zbekistonim!
Agar men, agar men gado bo‘lsaydim,
makonda lomakon – ado bo‘lsaydim,
tilagan makonim sen bo‘lar eding,
tilagan jahonim sen bo‘lar eding,
faqat sen bo‘larding tilagan johim,
faqat sen bo‘larding pushtim, panohim,
Ochildasturxonim, tanti mezbonim,
rizq-ro‘zim, davlatim – O‘zbekistonim!
Agar men, agar men jahongir bo‘lsam,
Temurday bir qodir bahodir bo‘lsam,
aylab yovlaringni butkul lojaram,
qilar edim seni o‘zimga qaram,
manim oltin yurtim, nurafshon yurtim,
manim zargar yurtim, zarafshon yurtim,
Buxoro, Samarqand ham Andijonim,
Sayhunim, Jayhunim – O‘zbekistonim!
Na chora, men oddiy shoir o‘g‘lingman
ko‘nglingman, ko‘zingman, o‘lmas tilingman,
sening dil toringdan sadoman, yurtim,
oshiqi adoman, gadoman, yurtim,
jahongir jangchiman, qurolim – qalam,
dindorman, sen – jannat, sensan – musallam,
yorim, e’tiqodim, boyligim, nonim,
onam, onajonim – O‘zbekistonim!
1980
MADINANING QOFIYaLI
SAVOLLARIGA JAVOB
– Ada, nima bo‘ladi odam
yo‘lini yo‘qotsa?
– Fojia.
– Ada, nima bo‘ladi odam
tilini yo‘qotsa?
–Fojia.
– Dilini yo‘qotsa-chi?
– Fojia.
– Elini yo‘qotsa-chi?
– Fojia.
– Voy, hammasi fojia!
Fojiangiz u nima o‘zi?
– Olamdagi hamma yo‘qolgan
narsalarning o‘rni u, qizim.
1981
UChINChI QIZ
Qirol Lir, otaxon, nima jin urdi,
ishonching qolmabdi odam zotiga!
Kim Shodlik arshidan seni tushirdi,
kim seni mindirdi g‘azab otiga?
Sen uni oq qilding! Nega oq qilding?
Razolat chohiga tushding yuz tuban!
Qabohat qa’riga toyding, yiqilding,
nahot telbalik ham qismating ekan?!
Yolvorma, bas, falak chaqmoqlariga,
sig‘inma tuproqqa, ko‘kka, yulduzga.
Ishonma bu dunyo aldoqlariga,
sen ishon, sen sig‘in uchinchi qizga!
Diling to‘ng‘ichingga ortiq ishondi,
holbuki, u seni aldagan edi!
O‘rtanchang ham bisot dardida yondi,
U ham seni avrab «Sevaman!» dedi.
Ammo uchinchi qiz, seni, otaxon,
chindan sevar edi, uning sevgisi
riyo emas edi, emasdi yolg‘on,
yo‘q edi so‘zida soxtalik isi…
Gaplari poyma-poy, sodda, bepardoz,
lablari kuyunib titrardi faqat,
faqat rost so‘zlarni so‘zlardi xolos,
haqiqat edi u – tirik haqiqat!
Lekin u havoyi maqtovlar aro
o‘zda yo‘q taltayib uchib yurgan dil –
yog‘dusiz tun edi, yulduzsiz samo!
Sen unga sig‘mading, sig‘mading, singil!
Kechirding bir dunyo ko‘rguliklarni:
har ishing adolat timsoli bo‘ldi.
(Shu sabab men barcha ezguliklarni
«Uchinchi qiz» deya atagim keldi.)
Oh, seni tanimay o‘tdi bir umr
riyolar qo‘ynida aldangan ul ruh.
Uchinchi qiz – chaqmoq, uchinchi qiz – nur,
uchinchi qiz, sensiz bu hayot majruh!
Uchinchi qiz, nechun u zulmat dunyo
haqiqat nuridan seni qismadi?
Nahotki hamisha g‘olibdir riyo,
quvg‘indir – uchinchi qizlar qismati?
Uchinchi qiz – yog‘du! Ruhimiz – nurdan,
mahrum bo‘lganida mehrdan ko‘zlar! –
Koshkiydi shunday payt tug‘ilsa birdan
haqiqat shu’lasi – uchinchi qizlar!
Uchinchi qiz – mardlik! Dil ojiz qolsa,
bir nohaq hukmdan qiynalsa hislar, –
shunday payt koshkiydi madadga kelsa,
haqiqat so‘zlari – uchinchi qizlar!
Uchinchi qiz – sevgi! Bizni razolat
halok etmoq bo‘lgan tangu tor kezlar,
xalos eta olgay berib kafolat,
adolat hislari uchinchi qizlar!
Uchinchi qiz – jur’at, jasorat, yolqin!
Chalg‘itgan choqlarda bizlarni yolg‘on,
haqiqatni ro‘y-rost aytmoqlik uchun
uchinchi qizimiz bo‘lsin har qachon!
1982
YoLG‘IZLIK
Yolg‘iz edim, tutdim shunday sadoni:
«Yolg‘izlik o‘rtamas yolg‘iz Xudoni…»
Ey ahli jaholat, ey ahli g‘ino,
sizning orangizda toq o‘tdi Sino.
Ne ajab, adovat zulmati aro
Navoiy sha’m edi yolg‘iz, g‘amsaro.
Yolg‘izlar, boqmangiz olamga tushkun,
yolg‘iz edi hasad, kin ichra Pushkin.
Tiriklikda hech kim qo‘shmadi safga,
ichdi yolg‘izlikning og‘usin Kafka.
Tuhmat ham, g‘araz ham ko‘p edi, illo,
yolg‘iz edi, do‘stlar, Habib Abdullo.
Ne holki, Cho‘lpon ham toq yulduz edi,
yolg‘iz Qodiriyni yolg‘izlik yedi!
E’tibordan xoli chaqnagan umr –
yolg‘iz yonib, yolg‘iz o‘chdi Mirtemir.
Begunoh, besharaf, beshon, benasim,
bee’tibor ketdi Mirkarim Osim.
Oh, mening ko‘ksimni kuydirar alam,
Shukur Burhonni ham yedi yolg‘iz g‘am…
Bas, bu kun tuzmishlar barcha beguruh,
benazir, beqadr zotlar bir guruh.
Boiskim, ularni tiriklik chog‘i,
beomon o‘rtamish yolg‘izlik dog‘i.
Ulardan oldim men ushbu nidoni:
«Yolg‘izlik o‘rtamas yolg‘iz Xudoni…»
1983
SARBADORLAR QO‘ShIG‘I
Samarqand soyida toshlar yo‘q,
oy yig‘lar, ko‘zida yoshlar yo‘q,
dorlar bor, munosib boshlar yo‘q…
Bu zulmat zamonda nur edik,
Hurriyat, udumga kir, dedik,
hur keldik, ketaylik hur, dedik…
Silq, desak, oydan nur silqmadi,
balq, desak, quyosh ham balqmadi,
qalq, desak, xaloyiq qalqmadi…
Bosmadik, bizlarni bosdilar,
ezmadik, bizlarni ezdilar,
osmadik, bizlarni osdilar.
Jahonda har yorning yori bor,
yori bor har jonning ori bor,
ori bor har jonning dori bor…
Birubor ishongan yor bo‘ldi,
e’tiqod biz uchun dor bo‘ldi,
dor bizga Erk bo‘ldi, Or bo‘ldi!..
Shu bois keksayu yoshimiz,
baxsh etdik dorga o‘z boshimiz.
Qanday hur sollanar loshimiz!..
Ay, naslim, yeganing osh bo‘lsin,
yosh boshing tik bo‘lsin, tosh bo‘lsin,
bosh dorga munosib bosh bo‘lsin!..
1984
* * *
Ohimni ich, vohimni ich, volamni ich,
yuraklarni vayron qilgan jolamni ich,
fig‘onlarni fig‘on etgan nolamni ich,
jonim zamon, ichib-ichib to‘y endi,
menga ortiq sitamingni qo‘y endi.
Omi ko‘pmi olamingda, olim ko‘pmi?
Shod holatim yoxud noshod holim ko‘pmi?
Ot ustida halim ko‘pmi, zolim ko‘pmi?
Zolimlaring ko‘zlarini o‘y endi,
zamon, menga sitamingni qo‘y endi.
Hurlik istab, xo‘r bo‘ldim-u, hur bo‘lmadim,
terga botib durlar terdim, dur olmadim,
shuurlarga nurlar berdim, nur olmadim,
shudir menga tekkan fe’lu xo‘y endi,
zamon, menga sitamingni qo‘y endi.
Haqni aytib, duchor bo‘ldim tig‘ingga men,
qahratonda isinmadim cho‘g‘ingga men,
gunohimmi, sig‘inmasam tug‘ingga men,
gunohlarim savoblarga yo‘y endi,
zamon, menga sitamingni qo‘y endi.
Tazyiqlaring toqatimni kemirdi-ku,
tahsillaring toatimni yemirdi-ku,
qayg‘ularim qahringni yeb semirdi-ku,
semirgan shu qayg‘umni ol, so‘y endi,
zamon, menga sitamingni qo‘y endi.
Uzlatu g‘am zindonidan chiqay men ham,
el qalbida ezgu o‘tlar yoqay men ham,
dunyo ko‘rib, bu dunyoni uqay men ham,
bo‘lsin bizning kulbada ham to‘y endi,
zamon, menga sitamingni qo‘y endi…
1986
ASQAR QOSIM:
«Olamni uyg‘otar asta tong nuri,
ruhimda uyg‘onar qushlar chug‘uri;
ko‘nglim hasratlarin shabnamga chayar,
shabnamli gulbarglar asta jilmayar.
Men bu dunyosini ko‘shk deb keluvdim.
Samoda yulduzlar o‘char birma-bir,
mening shuurimda o‘chmaslar biroq.
Tomirlarim ichra kezib yuradir
o‘n to‘rt kunlik hilol – ilohiy chiroq.
Men bu dunyosiga ishq deb keluvdim.
Hur-hur esib yurar unda shamollar,
bunda-chi, oh, bunda qisar nafaslar.
Quzg‘unlar uchadir ko‘kda bemalol,
bulbulni band etmish yerda qafaslar.
Men bu dunyosini hur deb keluvdim.
Ortimdan o‘tmishlar ergashar: vayron,
tegramda o‘rmalar tumanlar – kulfat.
Osmondan tikilar osmon ham hayron,
oldinda bir zulmat, ortda bir zulmat.
Men bu dunyosiga nur deb keluvdim.
Tafakkur mayini ichdimu nogoh
vujudim o‘rtandi sohir gulxanda,
qismatim ayladi aqlimni ogoh,
dunyoga kelibman tutqun vatanda.
Men bu dunyosiga erk deb keluvdim.
Erk izlab, topmadim, endi netaman,
ishq izlab, ishqimni kimga aytaman,
nur izlab, nahotki nursiz o‘taman?
Men endi ketaman, qaytib ketaman.
Dunyoga hayyu hayt aytib ketaman…»
1986
KUBRO:
«Yulduzlar sonini faqat U bilar,
olamlar sonini U bilar yolg‘iz.
Biz unga yuz bursak, U bizga kelar,
Undan yuz bursak ham, burmagay U yuz.
Dunyoni idora qilguvchi O‘zi,
O‘zi – rizq berguvchi, hayot berguvchi.
Tog‘lar og‘irligin bilguvchi O‘zi,
O‘zi – jon berguvchi, mamot berguvchi.
Dunyodan ulug‘ U, borliqdan katta,
zavoldan xolidir, kufrdan pokdir.
Fozildir, mutlaqdir ilmu hikmatda,
vujudga jondir U, jonga – idrokdir.
Yolg‘izdir, o‘xshashi, sherigi yo‘qdir,
otasi yo‘q Uning, yo‘qdir onasi.
Inson ibodati – unga oziqdir,
bu dunyo – Uning bir imtihonasi.
Olamni yaratdi yo‘qdan, guvohsiz,
tuproqqa jon berdi – jonni qarz qildi.
Dunyodan dil uzib mamnun, evohsiz,
ko‘z yumib ketmoqni bizga farz qildi.
Bizlar shakkoklarmiz, gunohkorlarmiz,
kim mol deb, kim ishqu rashkda yonadir.
Biz – nafsga sig‘ingan xoruzorlarmiz,
bu dunyo – biz uchun sinovxonadir.
Oqil – oxiratga, johil – dunyoga,
mayxo‘rlar safoga talpinar faqat.
Kim imon keltirsa yolg‘iz Ollohga,
u bo‘lgay mukarram sohibi jannat.
Ollohga itoat rizq bergay bizga,
qo‘shgay umrimizga umru barakat.
Ro‘z bergay, botiniy ko‘z bergay bizga,
Uning diydori deb qilsak harakat…
Uning fazli – jannat, adli – do‘zaxdir,
solih bandasiga rahmati – ukpar.
U kufru gunohdan behad yuksakdir,
Ollohu akbardir, Ollohu akbar!..»
1987
* * *
Daryo shaffof edi, ufq sof edi.
Dunyo jannat edi. Jannat lof edi.
Quyosh saxiy edi, noinsof edi,
meni tashlab, necha botiblar ketdi,
rayhon hidi meni tashlab ketmadi.
Qushlar dilim ovlab sayrovchi bo‘ldi,
ko‘nglim chah-chahlardan yayrovchi bo‘ldi,
ammo bu chah-chahlar chayqovchi bo‘ldi,
olamni sukutga sotiblar ketdi,
rayhon hidi meni tashlab ketmadi.
Daryo asov ekan, ko‘p otqin ekan,
o‘zin qirg‘og‘iga u tutqun ekan,
bahor jilvalari, oh, sotqin ekan,
bildirmay kuz tomon o‘tiblar ketdi,
rayhon hidi meni tashlab ketmadi.
Goho unutildim, goho unutdim,
kimnidir kutdirdim, kimnidir kutdim,
dunyo mendan o‘tdi, men undan o‘tdim,
diydalarim toshday qotiblar ketdi,
rayhon hidi meni tashlab ketmadi.
Goh qochib javobdan, gohi savoldan,
umr tulpori ham toymoqda holdan,
o‘zing asra, Tangrim, bevaqt zavoldan,
onam qulog‘iga qistirgan bir to‘p
rayhon hidi meni tashlab ketmadi…
1988
ADABIYoT NIMA?
Adabiyot nima? Juda jo‘n savol.
Kim bilmas, axir u odobiyotdir.
Bas, so‘rab qoldingmi, endi quloq sol,
u ruhdir, aqldir, hisdir, hayotdir…
Qay ko‘ngil agarda baytulahzandir,
bilki, u – shu ko‘ngil shiftidagi sha’m.
U – bashar yaratmish mulki mahzandir,
sig‘insang – Ka’ba u, simirsang – Zamzam.
U shunday hammomki, cho‘milgan ko‘ngil
ming qora bo‘lmasin oq bo‘lib chiqar.
G‘am ezgan yuraklar qush kabi yengil,
ko‘ngil – tog‘, dimog‘lar chog‘ bo‘lib chiqar.
U shunday daryoki, muqaddas, nodir,
eng nopok dilni ham pok qilib yuvgay.
U shunday shifobaxsh qutlug‘ olovdir,
ruhdagi bor zulmu zulmatni quvgay.
U shunday bir bog‘ki, semurg‘lari bor,
balodan qutqazar yozgancha qanot.
Mushkuling hal etar unda Boychibor,
unda murodingga yetkazar G‘irot.
Sen hali bilmaysan, bolam, hayotning
Abul Havl yecholmas so‘roqlari bor.
Yurtni yov bosganda, adabiyotning
senga yo‘l ko‘rsatar Shiroqlari bor.
U shunday bir yo‘lki, nomi – Diyonat,
u shunday bir uyki, Vijdondir oti.
Bir qo‘lki, bergani – elga ionat,
bir bolki, tilingni tilkalar toti…
U buyuk oshiqdir, ishqdan dars berar,
engilmas botir u – boshlaydi jangga.
Ustozdir, xalq ichra yetaklab kirar,
u Vatan neligin o‘rgatar sanga…
1989 yil 13 sentyabr
* * *
Ay, Sulaymon, Xudo bersa, Xudo degil,
g‘ashlik qilib, itlar hursa, Xudo degil,
tushlaringga Xudo kirsa, Xudo degil,
Xudosizni Xudo ursa, Xudo degil.
Xudo bersa, hovliqma hech, gupurma hech,
zolimlarga zolimlarcha gapirma hech,
vatan bo‘lmish bu tuproqqa tupurma hech,
ko‘rlik qilsang, Xudo degil, Xudo degil.
Vatan bizga Xudo bergan ehson axir,
yovga berib bo‘lmas uni – bizga mahr,
qiyomatda buning ajri behad taxir,
zorlik ko‘rsang, Xudo degil, Xudo degil.
Bir yurakda ishq yasholmas zillat bilan,
poklik turmas bir ko‘ngilda illat bilan,
millatingda yo‘ldan ozgan millat bilan
birlik ko‘rsang, Xudo degil, Xudo degil.
Ezgulikka chorla doim bo‘lib surchi,
nasling pok et, o‘z-o‘zingdan ko‘pay, urchi,
Xudo – odil, jazo bermoq uning burchi,
xo‘rlik ko‘rsang, Xudo degil, Xudo degil.
Xudo degil, so‘zing yovga xanjar bo‘lgay,
Xudo degil, ichingdagi ajdar o‘lgay,
Xudo degil, insof o‘zi tojdor bo‘lgay,
hurlik ko‘rsang, Xudo degil, Xudo degil.
Lafzing halol, luqmangni ham halol yegil,
mushtga musht bo‘l, tikilganga sen ham tikil,
nohaqqa hech bo‘yin egma, haqqa egil,
zo‘rlik ko‘rsang, Xudo degil, Xudo degil.
Qachon yiqib nafs atalmish koshonangni,
haqiqatga aylantirib afsonangni,
gunoh tegib, qaro bo‘lgan peshonangni
nurlik ko‘rsang, Xudo degil, Xudo degil.
Xudosizni Xudo ursa, Xudo degil,
ay, Sulaymon, Xudo bersa, Xudo degil…
1990
BAHOVUDDIN NAQShBAND:
«Xudoga dil bering. Xudoni seving.
Xudoni sevganlar odamni sevar.
Xudoni sevganlar olamni sevar.
Xudoga dil bering. Xudoni seving.
Oltinga dil bermang, pulga dil bermang.
Dil bermang tuproqqa. Dil bermang toshga.
Dil bermang g‘uncha lab har qalam qoshga.
Qasru saroy, bog‘u gulga dil bermang.
Dil bermang shaytoniy raqsu navoga.
Dil bermang hasadu kibru havoga.
Dil bermang har jodu, har noravoga.
Xudoga dil bering, Xudoni seving.
Xudoni sevganlar borini sevar.
Ota-ona, farzand, yorini sevar.
Mansabu martaba – ishga dil bermang.
Dil bermang nafsgayu izzat-ikromga.
Dil bermang ishratu qimoru jomga.
Otgayu itgayu qushga dil bermang.
Ma’yuslik, sho‘xlik ham Xudonikidir.
Ochlik ham, to‘qlik ham Xudonikidir.
Borliq ham, yo‘qliq ham Xudonikidir.
Xudoga dil bering. Xudoni seving.
Xudoga dil bering. Xudoni seving.
Xudoni sevganlar chamanni sevar.
Tuproqni, millatni, vatanni sevar.
Xudoga dil bering. Xudoni seving… »
1992
BOYaZID BASTOMIY:
1
«O‘zim o‘z fe’limga ta’mirchi bo‘ldim,
o‘n ikki nafsimga temirchi bo‘ldim.
Nafsim temirini sabru riyozat
ko‘rasiga soldim, so‘ng esa hayot
o‘tida qizdirdim, so‘ngra alomat
xorlik sandoniga qo‘yib, malomat
bolg‘asida urdim, to undan silliq
bir oyna yaralib, sochguncha yallig‘.
Amri ilohiyni bildimu men farz,
o‘zimdan bir ko‘zgu yasadim shu tarz.
Bahridan o‘tdim-da may ila xumning,
ko‘zgusi bo‘ldim men o‘z vujudimning.
Necha turli toat-ibodat ila,
farmoni oliyga itoat ila,
berdim ul oynaga sayqalu pardoz,
baribir gard qoldi ko‘zguda bir oz.
Shunda bor kuchimni yig‘ib ko‘zimga,
e’tibor nigohin burdim o‘zimga.
Ko‘rdimki, qa’rimda sirli surur bor,
toat, e’tiqoddan kibru g‘urur bor.
Qisqasi, o‘zimdan ko‘p xursand edim,
ibodatda g‘oyat xudpisand edim.
Manmanlik va kibr meni to mahshar
chirmagan bir chilvir – zunnorga o‘xshar…
Yana besh yil qattiq jiddu jahd ila,
ichki bir intizom, ichki ahd ila
zunnorni ham uzdim, pok imon bo‘ldim,
el aro yolg‘iz men tirik jon bo‘ldim.
Xalq o‘ldi, bosh urib darvozasiga,
men bordim har birin janozasiga.
Har birin ruhiga tilovat qildim,
tilovat qilmoqni halovat bildim…»
2
«Yo meni Xudodan tilab ol, ona,
yo meni Xudoga beraqol, ona…
Garchi qo‘sh ko‘zim bor – bir holni ko‘rdim,
garchi oyog‘im juft – bir yo‘lda yurdim.
Bir ishni qiladir har ikki qo‘lim,
bir zotni tilaydir birgina tilim.
Bir so‘zni eshitar ikki qulog‘im,
Ollohim bir mening, birdir ilohim.
Dilim – bir, ikkiga bo‘la olmasman,
ikki zot xizmatin qila olmasman.
Ham sening, ham Uning izmida bo‘lmoq –
Eru Osmon aro muallaq qolmoq…
Yo meni Xudodan tilab ol, ona,
yo meni Xudoga beraqol, ona…»
1992
* * *
Istaklarim doim balandparvoz bo‘ldi,
janglar qildim, orzularim sarboz bo‘ldi,
jang maydoni faqat oppoq qog‘oz bo‘ldi,
men bu oppoq qog‘ozlarni tarqatmadim,
olam meni payqamadi, payqatmadim…
Bir sha’m bo‘lib ezgu ezgin nurlar sochdim,
shuhrat degan kasofatdan nari qochdim,
mo‘minlikka, xoksorlikka bag‘rim ochdim,
Ollohimga imonimni yo‘qotmadim,
olam meni payqamadi, payqatmadim.
Jaholatning jabridan ko‘p jafo tuydim,
razolatning makridan ham rosa to‘ydim,
adolatni bir qiz kabi jondan suydim,
suv ichgan o‘z bulog‘imni loyqatmadim,
olam meni payqamadi, payqatmadim.
Yovg‘on ichdim, umr bo‘yi yolg‘on ichdim,
katta-kichik mansablardan she’r deb kechdim,
yovuzlikni yanchaman deb o‘zni yanchdim,
lekin dinu diyonatga o‘q otmadim,
olam meni payqamadi, payqatmadim.
Sen malomat gulxanini yoqma, bolam,
yo‘q yerdagi gunohlarni taqma, bolam,
bir xoinga boqqan kabi boqma, bolam,
vijdonimga xilof biror bayt aytmadim,
olam meni payqamadi, payqatmadim.
Och bo‘lsam-da, sir bermadim, to‘qday o‘tdim,
bor bo‘lsam-da, ko‘rinmadim, yo‘qday o‘tdim,
balki noshud mergan otgan o‘qday o‘tdim?
Sokin zamon dengizini chayqatmadim,
olam meni payqamadi, payqatmadim…
1993
* * *
Sayrashlar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
qarashlar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
kurashlar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
men – o‘sha g‘amginman, men o‘sha – g‘amgin.
Tanishlar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
xonishlar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
yonishlar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
men – o‘sha yong‘inman, men – o‘sha yong‘in.
Sultonlar o‘zgardi, o‘zgarmadim men,
zamonlar o‘zgardi, o‘zgarmadim men,
jahonlar o‘zgardi, o‘zgarmadim men,
men – o‘sha jahonman, men – o‘sha jahon.
Shamollar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
a’mollar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
savollar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
men – o‘sha savolman, men – o‘sha savol.
Tavoblar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
savoblar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
javoblar o‘zgardi, men o‘zgarmadim,
men – o‘sha javobman, men – o‘sha javob.
1995
ABDULLA QODIRIY:
«Etdim deganimda dunyo mag‘ziga,
boshimdan mag‘zava ag‘dardi riyo.
Tiqdi ajdahoning qonli og‘ziga,
meni men ishongan ul ahli ziyo…
Non izlab izg‘ir el do‘konma-do‘kon,
don izlab izg‘ir el bozorma-bozor.
Oqibat axtarib sarsondir inson,
men esa sarsonman topolmay mozor.
Zamona itqitgan tashlandiq vijdon,
pashshaga talanar axlatxonada.
Diyonat – pajmurda, majruh, chalajon,
hibsda saqlanar maxsus zonada…
Yaltoqlar zol, qattol nazar ostida
zolimga shukrona aytdilar, ko‘rdim.
Tazyiqlar, qiynoqlar, ozor ostida
odamlar Xudodan qaytdilar, ko‘rdim…
Men olqish aytmadim zolim zamonga,
qaytmadim Tangrim haq qilgan yo‘limdan.
Xiyonat qilmadim dinu imonga,
qo‘rqdilar, qo‘rqmadim zulmu o‘limdan…
Neki jafo ko‘rdim, ne illat ko‘rdim,
qahrim asramadim temir sandiqda.
Men o‘z timsolimda bir millat ko‘rdim,
qon ko‘rdim qamchidan qolgan chandiqda.
Yovga sochdim zahrim satrlar aro,
to‘kdim oq qog‘ozga shikoyatlarni.
Saboq bo‘lsin uchun elimga, «qaro»
moziydan keltirdim hikoyatlarni.
O‘zbegim, qalbingga muqaddas urug‘ –
millat muhabbati urug‘in tikdim.
Jallodlar yelkamga qadaganda o‘q,
go‘zal bir jannatni ko‘rib, entikdim…
Men tikkan bu bog‘ni so‘ldirolmaslar,
kesib olsalar ham agar tegimni.
Mening Kumushimni o‘ldirolmaslar,
o‘ldira olmaslar Otabegimni…»
1995
* * *
Qaytar meni. To‘xtat meni. Sovut meni.
Hayda meni. Alda meni. Ovut meni.
Entiktirma. Hansiratma.To‘liqtirma.
Yaqinlatma. Yovuqtirma. Yo‘liqtirma.
Esingni yig‘. Hushingni yig‘. Aqlli bo‘l.
Bu qing‘ir yo‘l, qorong‘i yo‘l, bu xato yo‘l.
Muz labimga labing bosib muzlamagil,
mendagi yo‘q o‘tni mendan izlamagil…
Hovliqma ko‘p, hali shunday sevgi kelar,
chaqmoqlari yuragingga chizar gullar.
Er yo‘qolar, osmon juda past bo‘ladi,
qiynog‘idan tuyg‘ularing mast bo‘ladi.
Parvo qilmay sening barcha parvoyingga,
oyni uzib tashlab qo‘yar u poyingga.
Lazzatlarga o‘xshab ketar hasratlari,
hasratlarga o‘xshab ketar lazzatlari…
Qaytar meni, to‘xtat meni, ovut meni,
qo‘rqit meni, alda meni, sovut meni…
To‘xtatolsang, to‘xtay olsam, javrmikan?
Qizib ketgan temir endi sovirmikan?
1999
QUR’ONDAN IQTIBOS
Ergashma sen, havas qilma, bo‘yin egma
Birubordan qo‘rqmay qasam ichganlarga,
yolg‘on to‘qib, tuhmatdan to‘n bichganlarga;
ig‘vo-g‘iybat sanamini quchganlarga
ergashma sen, havas qilma, bo‘yin egma.
Ergashma sen, havas qilma, bo‘yin egma
yaxshilikning yo‘liga g‘ov qo‘yganlarga,
so‘zi bilan inson dilin so‘yganlarga;
el haqqin yeb, el ko‘zini o‘yganlarga
ergashma sen, havas qilma, bo‘yin egma.
Ergashma sen, havas qilma, bo‘yin egma
gunohlarni gunoh bilmay qilganlarga,
chaqimchilik illatin kasb bilganlarga;
zino bilan bu dunyoga kelganlarga
ergashma sen, havas qilma, bo‘yin egma.
Ergashma sen, havas qilma, bo‘yin egma
mazax qilib do‘st ustidan kulganlarga,
o‘z qavmiga zulmu zug‘um qilganlarga;
oyatlarni afsona deb bilganlarga
ergashma sen, havas qilma, bo‘yin egma…
2000
* * *
Kimga chittak, kimga sorman,
men ham borman.
Kimdan bezor, kimga zorman,
men ham borman.
Do‘stga – darmon, yovga – dorman,
men ham borman.
Madadsizman, madadkorman,
men ham borman.
Kengga – kengman, torga – torman,
men ham borman.
Ezgulikka xizmatkorman,
men ham borman.
Kimdan zo‘rman, kimdan xorman,
men ham borman.
Dunyodorman ham nochorman,
men ham borman.
Tilim, tolma. Dilim, horma.
Men ham borman.
Lafzimga chin vafodorman,
men ham borman.
Qatordagi bitta norman,
men ham borman.
Maqsadimga mardikorman,
men ham borman…
2000
* * *
Meni tashlab ketdi men sevgan bahor,
bo‘ldi bu keng olam ko‘zlarimga tor,
Tangrim, hayotimga yog‘dular yubor,
quyosh ila oyga oshnolik bergin,
zimiston ko‘nglimga ro‘shnolik bergin.
Ko‘zlarim g‘arq bo‘lib xo‘rlik yoshiga,
bosh qo‘yib yotibman sabr toshiga,
yo kelsin, yo o‘zim boray qoshiga,
omad parisiga oshnolik bergin,
siqilgan dilimga ro‘shnolik bergin.
Malomatim yo‘qdir charxi gardunga,
goh kunga itqitar meni, goh tunga,
saodat ato et menday mahzunga,
yaxshi odamlarga oshnolik bergin,
zolimlar zulmidan ro‘shnolik bergin.
Do‘stman deganlardan yetdi ozorlar,
o‘ksitdi qadrimga yetmagan yorlar,
badbin xayolimga sepib iforlar,
ezgu umidlarga oshnolik bergin,
xo‘rlangan sevgimga ro‘shnolik bergin.
Bevafo dunyoning makridan to‘ydim,
senga qurbonliqqa ko‘nglimni so‘ydim,
boshimni besh mahal sajdaga qo‘ydim,
yo Tangrim, o‘zingga oshnolik bergin,
sig‘ingan ko‘nglimga ro‘shnolik bergin.
2007
* * *
Bugun bor, vovaylo, Erta bo‘larmi?
Bugun kulgan gullar erta kularmi?
Vijdon tugadimi, insof yitdimi?
Biz o‘tdikmi, bizdan dunyo o‘tdimi?
Endi kelmaydimi Rumiy, roziylar?
Haqning chegarasin buzar osiylar!
G‘oyalari buncha qo‘rqinchli, bujur,
davr qahramoni bo‘ldi fisq-fujur.
Ko‘paydi quyoshga tupurguvchilar –
qorani oq deya ko‘pirguvchilar.
Nohaqlar yo‘latmas haqni yoniga,
dunyo ketdi boylar jig‘ildoniga.
Kofir mafkuraning ilmlaridan,
dahriylarning dahshat filmlaridan
Bolalar ruhiga singar vahshiylik,
urchir fahsh, yo‘qolar mehru yaxshilik.
Qaylarda qoldi ul go‘zal oqibat?
Shafqatsiz farmonlar tug‘ar uqubat.
Shumi, Zamon, bizga nasib etgani,
ishq qani, jo‘mardlik, muruvvat qani?
Nahotki yaxshidan, o, yovuz ko‘pdir,
kufr ko‘p, imonga tajovuz ko‘pdir?
Bayrog‘ingni ko‘tar ey din, shariat,
Haq hukmiga bo‘ysun sen, bashariyat!
Odamzod quturdi, haddidan oshdi,
olam yo‘ldan ozdi, dunyo adashdi.
Ay Zamon, nahotki oxirlab qolding,
jon berish oldidan xir-xirlab qolding?
Er, nechun sarg‘aytding el bog‘larini,
odamzodning og‘ir gunohlarini
ko‘tarib, baloga yo‘liqdingmi yo,
qaridingmi, sen ham toliqdingmi yo?
Illatdan poklasa har kim o‘zini,
Asrab qolarmidik, ay Dunyo, seni?
Shu gul ertaga ham kulsin desang gar,
ertada ham Erta bo‘lsin desang gar,
Tavbalar qil buyuk Parvardigorga,
sajdalar qil yolg‘iz ul Biruborga.
Xudo nomin tildan qo‘ymagil zinhor,
Xudoning yo‘lidan toymagil zinhor!
Ahd qilki, qilgan ul ahding g‘animat,
shoshil, ay birodar, vaqting g‘animat!
2014