Shukur Qurbon (1951)

Shukur Qurbon (Olimjon o‘g‘li) 1951 yilda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. O‘zMUning filologiya fakultetini bitirib (1968—73), «Sharq yudduzi» jurnali tahririyatida ish faoliyatini boshlagan. Shundan keyin O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyat bo‘limida, O‘zbekiston teleradiokompaniyasida, «Sog‘lom avlod uchun» jurnali muharririyatida xizmat qilgan. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotining bo‘lim mudiri.
Ilk she’rlari Uzbekistan Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov nazariga tushgan, ustoz unga «Oq yo‘l» tilagan.
Shoir bitiklari darslik va qo‘llanmalardan o‘rin olgan. O‘zbekiston radiosi «Oltin fondi»da uning radiopostanovka va yuzga yaqin qo‘shikdari saqlanmoqda. Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi asarlari uchun 1989 yilda shoir Movarounnahr musulmonlari diniy boshqarmasi mukofoti sohibi.

VATAN HAQIDA BITIKLAR

1

Bobolardan qolgan ko‘hna aqida:
Har kimning so‘zi bor Vatan haqida.
Yozilib yashar u, toki tirikmiz,
Zarhal harflar-la qalb peshtoqida.

2

His etmoq lozimdir dardlarni dildan,
Aks holda xom so‘zlar chiqadi tildan.
Vatan to‘g‘risida gap ketganida
Fikrlab bo‘lmaydi oshqozon bilan.

3

Ortiqcha qiynamoq shart emas ongni,
Ezgu niyat bilan kutib har tongni
Va aylab mustahkam qalbda iymonni,
Sevmoq lozim xolos O‘zbekistonni.

4

Xalos ixlosdadir, ixlosda-xalos,
Yurtim qonunlarin odilligi soz!
Bilsin bilmaganlar: demokratiya
Bizda o‘ziga xos, o‘zimizga xos.

5

Xususiylashtirish bo‘lib, odamlar
Ko‘p narsaga ega chiqdi bu damlar,
Xususiy dardlarga ochildi keng yo‘l,
Yo‘qoldi qaygadir umumiy g‘amlar.

6

Tanim sog‘, dilim tog‘ damlar ham keldi,
Shodlikdan ko‘ksim tog‘ damlar ham keldi.
Ba’zi g‘arib do‘stlar men kabi goh- goh
Quvonsaydi, degan g‘amlar ham keldi.

7

El-yurt yillar bo‘yi kutgan hurlik bu,
Buni tan olmaslik o‘ta surlik bu.
Qur’oni Karimni nashr etib bergan
Zamondan nolimoq noshukurlik bu.

8

Vatan, sensiz netardim men,
Devonaday ketardim men.
Gulzoridan ayro bulbul
kabi faryod etardim men.
Onam, dedim, bolang bo‘ldim,
Ko‘ksingda oh-nolang bo‘ldim.
Muhabbating tuyib jondan,
Bu dunyoda odam bo‘ldim.
Ko‘z ochib ko‘rganim sensan,
Qizg‘onib yurganim sensan.
Vujudim yo‘q bo‘lib ketar,
Jonim sensan, jonim sensan.
O‘zbekiston, O‘zbekiston.
Baxtimga bo‘l doim omon.
Doim ozod, doim obod
Ko‘rsin seni jumla jahon.

NAVRO‘Z

Tun bilan tong erur tashbehda udum.
Abdulla Oripov

Ko‘kda parcha-parcha yulduz,
Sirli-afsunli dunyo.
Bir yulduz bor jahonda
Tong yulduzi-purziyo.
Qo‘llarida nurdan qilich,
Tillarida nurdan so‘z.
Tunga qarshi jangga kirar
Osmon aro shu yulduz.
Zulmatliklar rangi o‘char,
Yuzlaridan qon qochib.
Bu yulduz yuksak uchar,
Qanotidan o‘t sochib.
To‘kilgan qon to‘kilar
Huv ufqlar ortiga
Va quyosh chiqib kelar
Minib kunduz otiga.
Tun uzunmi? Kun uzun?
Qay biri qadrliroq?
Albatta, kun! Albatta!..
Lekin… tun qahrliroq!
Mash’um yaldo tunida
Lahzalarga solar chang,
Onlarning ko‘kragiga
Surkab chiqar qora rang.
Shamollarning qo‘shig‘i,
Deysan, nahot sim-siyoh?
Sim-siyohmi daraxtlar?
Sim-siyoh maysa-giyoh?!
Qop-qora soy shovullar
Shundoqqina yoningda.
Nogahonda dovullar
Uyg‘onadi qoningda!
— Soy qorami? Qorami?..
Isyon jo‘shar qoningda.
— Yo‘q, lojuvard! —
Hayqirar
Boshingda tong yulduzi!
Tundan uzun bo‘lmoq shart
Bu dunyoning kunduzi!..
Yana jangga kirar u,
Qo‘llarida qilich-nur:
— Hey, zulmat, kuning bitdi,
Ming nola chek, ming oh ur!..
Qon to‘kilar, to‘kilar —
Huv ufqlar ortiga,
Va oftob chiqib kelar
Minib kunduz otiga!..
Bora-bora erta chiqib,
Kech botadi bu quyosh,
Yorug‘lik farzandlarin
Uyg‘otadi bu quyosh.
Bora-bora ko‘proq kular
Bog‘lar, bog‘lar havosi.
Bora-bora kengayadi
Yaxshiliklar safosi.
Bora-bora kichrayadi
Yolg‘onning bo‘y-basti ham.
Bora-bora uzayadi
Haqiqatning dasti ham.
Navro‘z, sen shu sarhadda
Dunyoga kelgan farzand.
Sen — farzand jamoliga
Yorug‘ dunyo ko‘ngli band.
Bugun kecha va kunduz
Teng kelgan ulug‘ kundir,
Dunyo yaxshi-yomonga
Keng kelgan ulug‘ kundir.
Bugun uzun, bugundan
Ertangi kunduz uzun.
Ertangi kunduz aro
Yongan to‘g‘ri so‘z uzun.
El-ulus shu boisdan
Ko‘targay seni boshda.
Uylarini tark etib,
Yayragay dala-dashtda.
Yuraklarning to‘rida
Bir-bir jo‘yak ochurlar,
Qadr, mehr-muhabbat
Urug‘larin sochurlar.
Eng anvoyi hislardan
Gulchambarlar to‘kilar,
Muhabbatning yam-yashil.
dostonlari o‘qilar.
Doshqozonlar osilib,
O‘yin-kulgu boshlanar,
buni ko‘rib, yomonlar
Jon-jahoni g‘ashlanar…
Navro‘z, navro‘z, ogoh o‘l,
Dunyoda dushmaning ko‘p.
Dushmaniga beparvo
Kimsaning pushmoni ko‘p.
Chorla g‘ofil gullarni,
Bog‘larni chorla, navro‘z.
Yuraklar peshtoqida
Tug‘ bo‘lib porla, navro‘z.

USTOZ ShOIR HIKMATLARIDAN

1
Bunda yolg‘on urchigan, quloqning keragi yo‘q,
Soxtaliklar behad, ko‘z-qaroqning keragi yo‘q.
Nafsning zo‘rligidan yurakning o‘rnini ham —
Oshqozon egallagan… Ko‘plarning keragi yo‘q.

2

Nafslar junbishga kelmishlar behad,
Ko‘zlar ko‘r, quloqlar tom bitgan, faqat —
Hamma bir-biriga og‘zini ochgan:
Ber, der, der, yeyman, der beun, beshafqat.

3

Ikkinchi basharang qolgach ochilib,
Xayollaring har yon ketdi sochilib,
Aytilgan eng yumshoq gap-so‘zlarim ham
U yer-bu yeringga o‘tdi sanchilib.

4

Mustabid davrda asab toblandi,
Aytilgan har so‘z, har oh hisoblandi.
Ko‘p shoirlar ko‘rib turib haqso‘zni
Aytmagani uchun mukofotlandi.

5
Turlanib, tuslanib yashaysan ildam,
Do‘stmi sen? Dushmanmi? Kimimsan, bilmam?
Boqib zamonaga qay yuzing-la, oh,
Aytursan bu so‘zni qayering bilan?

SONET

Oilani boshqara olmay qoldi u,
Bilmaydi: adashdi qayerda, qandoq.
Yurakda yurakni to‘ldirgan qayg‘u,
Yurakda yurakni sirqiratgan oh.

Xotin gap qaytarar, farzandlar qaysar,
Qo‘l ham ko‘tarishar unga ba’zida.
O‘zining uyida yot kabi yashar,
Har xil so‘zlar chiqib ketar og‘zidan.

Yo‘q, boylik, mol-dunyo emas, boshqa bir
Muammo bor bunda, butunlay boshqa.
“Sevib turmush qurgan edi-ku, axir…”
Durustroq bir fikr kelmaydi boshga.

His etmas xazonday tutayotganin,
Xudoni tanimay o‘tayotganin.

SOG‘INCh DARVOZASI

1

O‘g‘lim, sen borsan-u, nega yo‘qdaysan?
O‘g‘lim, kul ostida qolgan cho‘g‘daysan.
Bu kul nima, o‘g‘lim? Seni topmishdir,
Gul umring bamisli xazon yopmishdir.
Gul umr avvali, axir, g‘unchalik,
G‘unchaning qismati, nahot, shunchalik:
Sen sari borgali barcha yo‘llar berk,
Damlar bark, kunlar berk, oyu yillar berk.
Faqat yo‘llarida tikanlar sochiq
Sog‘inch darvozasi menga lang ochiq.
Taqdirdan qayga ham boarding qochib?
Hayhot, bu darvoza senga ham ochiq.
Unib-o‘smay turib, kulmay bir sho‘x-shan,
Sening ham ko‘ksingga sanchilar tikan.
Etimcha, deyishsa, seni o‘ylayman,
Seni qizg‘onaman, seni kuylayman.

2

Laylak keldi, yoz bo‘ldi,
Qanoti qog‘oz bo‘ldi.
Bolalik quvonchlari,
O‘g‘lim, senga oz bo‘ldi.
Dadang turib, dadasiz
Qolganliging rost bo‘ldi.

Sen bilmaysan, go‘daksan,
Unutasan dadangni.
Dadang, deb ko‘rsatarlar
Senga boshqa odamni.
Etti yot begonaga
Ergashasan “dada”lab.
Dadang bunda yuradir,
Ko‘ksiga g‘am qadalib.

Ko‘ksimga g‘am qadalsa,
Seni eslayman, o‘g‘lim.
Bor ekaning ham — davlat,
Qaddim rostlayman, o‘g‘lim.
La’natlayman o‘zimni,
La’natlayman onangni.
Va senga “dada” bo‘lgan
Etti yot begonani.

Sevgi bizni shu qattiq
Savdoga qo‘ydi, o‘g‘lim,
Boshimizni el aro
G‘avg‘oga qo‘ydi, o‘g‘lim.
Bu olamda ko‘zlar bor,
Ahvolimiz ko‘rarlar.
Bu olamda so‘zlar bor,
Masxaralab kularlar.

Kulgu bo‘lib har kimga,
Shu jahondan o‘tarmiz.
Yo‘l bo‘yiga chiqarmiz,
Yo‘llarga ko‘z tutarmiz.
Ko‘zlarimiz to‘rt bo‘lib,
Bir-birovni kutarmiz,
Shu jahondan o‘tguncha,
Qop-qora qon yutarmiz.

Laylak keldi, yoz bo‘ldi,
Qanoti qog‘oz bo‘ldi.
Bu dunyoning rohati,
O‘g‘lim, menga oz bo‘ldi.
O‘g‘lim turib, o‘g‘ilsiz
Qolganligim rost bo‘ldi.

3

Mayliga, seniki bo‘lsin shu yomg‘ir,
Boshingdan injuday sochilsin, o‘g‘lim.
Yomg‘irday ezildi sensiz bu bag‘ir,
Bu bag‘ir osmonday ochilsin, o‘g‘lim.

Ko‘z qoram sen eding, hamon o‘zingsan,
O‘ksib ulg‘ayursan xayollarimda.
Tik qaray olmasman balki ko‘zingga,
Yurak hovuchlarman savollaringdan.

Balki savol bo‘lib singarman faqat,
Mahzun tabassumli qorachug‘ingga.
Balki ikki jahon qilolmas toqat
Meni ko‘rging kelib, qilgan yig‘ingga.

O‘shanda uningni yupatgil o‘zing,
Ola qol, seniki bo‘lsin shu yomg‘ir.
Otalar hamisha jumboqdir, qo‘zim,
Qo‘zim, farzandlarga hamisha og‘ir.

BOTIR ZOKIROVNING ARMONI

Botir Zokirov kuylaganda qushlar tinardi,
Botir Zokirov qo‘shiqlarin tosh ham tinglardi.
Armon bilan ketdi, ammo buyuk bir hofiz,
Yuragini tuz sepganday bir g‘am tilardi:
“Navoiyni kuylolmadim estradada…”
Yangragani chog‘da yuksak arabiy tango,
Oq kiygan el xayolida ko‘kardi sahro.
Faranglar ham tan oldilar farangistonda,
Garmsellar ufurdi bu qaqragan jonga:
“Navoiyni kuylolmadim estradada…”

O‘lib ketar edi bevaqt, o‘lolmadi u,
“Shoshma, ajal”, dedi bir dard, yondi bir tuyg‘u,
“Omonati Xudo jonim olasan, axir,
Men tayyorman, bir orzuim ushalmadi-ku —
Navoiyni kuylolmadim estradada…”

Sharqu G‘arb, bu — ikki qutb, olam- ikki xil,
Bir qozonda pishmaydi hech, qaynatgil ming yil.
Bir-biriga rangi urib ketishi mumkin,
Lekin mazmun o‘sha qolur, qolur o‘sha dil:
“Navoiyni kuylolmadim estradada…”

Gap nimada? Naqldami? Mohiyatdami?
Ohang go‘zal, ijro go‘zal, qayerda kami?
Balki vatan?.. Qo‘shiqning ham vatani bordir?
Ming yillik chinorlarni ko‘chirib bo‘ladmi?..
“Navoiyni kuylolmadim estradada…”

HAYoT TAFTI

Sho‘rolar Xorazm kentlarin talab,
Buzgan-yiqitgani yetmaganiday,
Tasodif omon qolgan bir qal’a —
Ichonni ham muzeyga aylantirdi. “Hay!..
Afsonaviy kentda odatiy turmush?!
Es bormi bu xalqda? Nima degan gap?!
Kerak odamlarni tezroq ko‘chirish,
Eshik-teshiklarni qo‘ying tambalab!..”
Kunduz-ku, bir navi, sayyohlar ila
Shahar o‘z dardiga bo‘ldi andarmon.
Biroq mezbonlarni axtardi yellar
Bunda tun-kechalar sarson-sargardon.
Ajinalar kezdi ko‘cha-ko‘ylarda,
Egasiz qabrlar qoldi mung‘ayib.
Chiroqlari o‘chgan bo‘m-bo‘sh uylarda
Arvohlar sharpasi yurdi soch yoyib.
Unsiz nola chekdi har bitta minor,
Muazzinning azon toshiga tashna.
Chaqaloq yig‘isin qo‘msashib bedor,
Ranglar ko‘zlaridan oqizdi yoshlar.
Ravoqlar piyoz-dog‘ hidin sog‘inib,
Muzday o‘choqlarga ko‘z soldi mahzun.
Ko‘tarmoq osonmi hijron dog‘ini,
Ushladi shahar o‘z ko‘ksin-gumbazin.
Pahlavon Mahmud-chi? Pahlavonligin
Qo‘ydi, shoirligi tutdi va jo‘shdi.
O‘tkinchi zamonning bu nodonligin
O‘tkinchi tentaklik to‘piga qo‘shdi.
Sohiblari yo‘lin poylab nigoron,
Cho‘kdi madrasalar, devorlar g‘arib.
Uch oy o‘tar-o‘tmas esa, beomon
Ketdi shahar birdan yuz yilga qarib.
Har nechun kechikmay olindi oldi
Buyuk fojeaning, buyuk xatoning.
Qal’a sohiblari qal’aga keldi
Irodasi ila haq-taoloning.
Demak, sas-sado ham, nur ham, hovur ham
O‘ziga xosligin saqlar hayotning.
Yo‘q ekan ularsiz, demak, surur ham,
G‘urur ham qalbida odamiy zotning.
Bu hikmat mag‘zi ham bebaho, laziz,
Rivoyatlar so‘ylar turfa shevalar.
Odamlar bor ekan, bordir shubhasiz
Bu yorug‘ jahonda ko‘hna Xivalar.

* * *

Bizni bir-birovga qayrayotganlar,
O‘zlari bir chetda yayrayotganlar.
Ikkimizga ayri-ayri shaklda
Dunyoni qorong‘u aylayotganlar.

* * *

Yonar o‘ng yonimda yuksak bir olov,
Yonar so‘l yonimda yuksak bir olov,
Ortda ham. Qochurman olg‘a — sen tomon,
Shunda ham bu ishqqa ishonmas birov.

* * *

Yana sen, yana sening darding — bedavo,
Yana men, yana mening qalbim — benavo.
Bilaman Xudodan bari, hajr ham,
Lekin sendan, sendan deyman men tanho.

* * *

Hammasi Xudodan — Parvardigordan,
Uning hukmi ila dunyoda borman,
Yaxshiman, yomonman, senga do‘st-yorman.
Oshiqman, ojizman, mehringga zorman.